Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
Xoʻjalik jamiyatlari boshqaruv organlarining yigʻilishlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda masofadan turib ishtirok etish va ovoz berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 24-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3613]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi va “Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida”gi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-sentabrdagi PQ-291-son “Kapital bozorini rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Xoʻjalik jamiyatlari boshqaruv organlarining yigʻilishlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda masofadan turib ishtirok etish va ovoz berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Markaziy bank, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2025-yil 25-fevral,
13-son
Kelishildi:
Markaziy bank raisi T. ISHMETOV
2025-yil 24-fevral
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2025-yil 20-fevral
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari O. UMAROV
2025-yil 17-fevral
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 12-fevral
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A. ORTIKOV
2025-yil 11-fevral
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2025-yil 25-fevraldagi 13-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Xoʻjalik jamiyatlari boshqaruv organlarining yigʻilishlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda masofadan turib ishtirok etish va ovoz berish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom aksiyadorlik jamiyatlari va masʼuliyati cheklangan jamiyatlar (bundan buyon matnda jamiyat deb yuritiladi) boshqaruv organlarining umumiy yigʻilishlari, navbatdan tashqari yigʻilishlari yoki majlislarida (bundan buyon matnda yigʻilish deb yuritiladi) aksiyadorlar, ishtirokchilar, muassislar, kuzatuv kengashi aʼzolari hamda kollegial ijro etuvchi organ aʼzolari (bundan buyon matnda ishtirokchilar deb yuritiladi) tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda masofadan turib ishtirok etish va ovoz berish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
masofadan turib ishtirok etish — jamiyat yigʻilishida ishtirokchilarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ishtirok etishi;
masofadan ovoz berish — jamiyat yigʻilishida kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish va ovozga qoʻyilgan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilishda ishtirokchilarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ovoz berishi;
platforma — jamiyat yigʻilishida ishtirokchilarga masofadan turib ishtirok etish va ovoz berish imkoniyatini beradigan maxsus elektron platforma.
2. Aksiyalari fond birjasining birja kotirovkasi varagʻiga kiritilgan aksiyadorlik jamiyatlari aksiyadorlar yigʻilishlarini bevosita (yuzma-yuz formatda) oʻtkazish bilan bir qatorda, aksiyadorlar uchun ushbu yigʻilishlarda mazkur Nizomda belgilangan tartibda masofadan turib ishtirok etish va ovoz berish imkoniyatini yaratib berishi lozim.
3. Mazkur Nizomning 2-bandida nazarda tutilmagan jamiyatlar oʻz xohishiga koʻra yoki ishtirokchilarning talablariga asosan masofadan turib ishtirok etish va ovoz berish imkoniyatini berishi mumkin. Bunda, jamiyat tomonidan yigʻilishlar masofadan turib ishtirok etish va ovoz berish orqali oʻtkazilganda, mazkur Nizomda belgilangan talablarga rioya etilishi lozim.
4. Yigʻilishlarda masofadan turib ishtirok etishda barcha ishtirokchilar teng huquqlarga ega boʻladilar. Bunda, bir ishtirokchiga masofadan turib ishtirok etish, boshqa ishtirokchiga esa bunday huquqni bermaslikka yoʻl qoʻyilmaydi.
5. Jamiyat yigʻilishlarda masofadan turib ishtirok etish va ovoz berishni taʼminlash maqsadida oʻz platformasini tashkil etishi yoki shartnoma asosida platformani taqdim etuvchi yuridik shaxsni (bundan buyon matnda platforma egasi deb yuritiladi) jalb qilishi mumkin.
2-bob. Masofadan turib ishtirok etish va ovoz berish tartibi
6. Jamiyat tomonidan yigʻilishlar Oʻzbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi va “Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda jamiyat boshqaruv organlarining qarorlarida belgilangan tartibda va muddatlarda oʻtkaziladi.
7. Jamiyat tomonidan ishtirokchilarga yuboriladigan yigʻilishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarda masofadan turib ishtirok etish va ovoz berish tartibi, shuningdek quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
yigʻilishda masofadan turib ishtirok etish va ovoz berish amalga oshiriladigan platformaning nomi va unga kirish uchun havola;
platformada identifikatsiyadan oʻtish uchun taqdim etiladigan maʼlumotlar;
platformadan foydalanishni taʼminlovchi texnik xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi va telefon raqamlari.
8. Ishtirokchi yigʻilish boshlangunga qadar platformadagi avtorizatsiya va identifikatsiyadan oʻtishni taʼminlovchi elektron kanallar orqali roʻyxatdan oʻtishi kerak.
Bunda, aksiyadorni aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ishtirok etish uchun roʻyxatga olishda uning elektron raqamli imzosidan foydalaniladi.
9. Platformada faqat yigʻilishda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan ishtirokchi yoki uning vakili roʻyxatdan oʻtkaziladi. Bunda, ishtirokchining yigʻilishda ishtirok etish huquqiga ega ekanligi jamiyat tomonidan taqdim etilgan ishtirokchilar roʻyxati asosida aniqlanadi.
Ishtirokchining vakili roʻyxatdan oʻtishi uchun uning vakolatini tasdiqlovchi hujjatni platformaga biriktirishi kerak.
10. Platformada ishtirokchining vakili tomonidan yigʻilish kun tartibida turgan masalalar boʻyicha ishtirokchining koʻrsatmasiga muvofiq ovoz berish, shuningdek vakil bir nechta ishtirokchi nomidan ishtirok etganda, har bir ishtirokchi nomidan alohida ovoz berish imkoniyati yaratiladi.
11. Ishtirokchi yoki uning vakili yigʻilish boshlangunga qadar hamda yigʻilish davomida platformaga joylashtirilgan quyidagi maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻladi:
yigʻilish oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy;
yigʻilishning kun tartibi;
yigʻilishni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilayotganda ishtirokchilarga taqdim etiladigan axborot (materiallar);
ishtirokchilarning yigʻilishda ishtirok etish va ovoz berish, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda masofadan turib ishtirok etish va ovoz berish tartibi;
qonunchilikka va jamiyat boshqaruv organining qaroriga muvofiq boshqa axborotlar.
12. Ishtirokchilar platformaning videokonferensaloqa rejimi orqali masofadan turib yigʻilishda ishtirok etadilar.
Yigʻilishda masofadan turib ishtirok etayotgan ishtirokchilar boshqa ishtirokchilar bilan videokonferensaloqa orqali videomuloqot qilishi hamda muhokamalarda qatnashishi mumkin.
13. Ishtirokchi yigʻilishda ovozga qoʻyilgan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilishda platformada kun tartibining xar bir masalasi yuzasidan bir vaqtning oʻzida “yoqlayman”, “qarshiman” yoki “betarafman” degan mazmundagi soʻzlar bilan ifodalangan ovoz berish variantlarini birini bosish orqali masofadan turib ovoz beradi.
Bunda, yigʻilish ishtirokchilariga masofadan turib ovoz berayotgan ishtirokchilarning ovoz berish natijalarini koʻrish imkoniyati yaratilishi kerak.
14. Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida kun tartibidagi masalalar boʻyicha axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda masofadan turib ovoz berilganda ovoz berish byulletenlaridan foydalanilmaydi.
15. Yigʻilishda barcha ishtirokchilar masofadan turib ishtirok etganda va ovoz berganda, yigʻilish bayonnomasi platformada elektron shaklda tuziladi hamda rasmiylashtiriladi.
16. Yigʻilishda ishtirokchilar bevosita va masofadan turib ishtirok etganda hamda ovoz berganda, yigʻilish bayonnomasi qogʻoz shaklda rasmiylashtiriladi. Bunda, yigʻilish bayonnomasida masofadan turib ishtirok etgan ishtirokchilar va uning ovoz berish natijalari koʻrsatiladi.
17. Masofadan turib ishtirok etgan va ovoz bergan ishtirokchilar tomonidan yigʻilish bayonnomasi platformada matrik shtrixli kod (QR-kod) qoʻyilgan holda imzolanadi.
Bunda, platformada masofadan turib ishtirok etgan va ovoz bergan ishtirokchilar tomonidan imzolangan yigʻilish bayonnomasining elektron faylini yuklab olish imkoniyati boʻlishi kerak.
18. Platformada roʻyxatdan oʻtib, yigʻilishda masofadan turib ishtirok etgan ishtirokchilar va ularning vakillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, ularning muhokamada ishtirok etishi va ovoz berishi hamda videokonferensaloqa orqali videomuloqot qilishi qayd etilgan tasvirlar, shuningdek imzolangan va rasmiylashtirilgan yigʻilish bayonnomalar elektron jismda jamiyat arxiviga saqlash uchun topshiriladi.
3-bob. Platformaga qoʻyiladigan talablar
19. Platformada mazkur Nizomning 2-bobida nazarda tutilgan masofadan turib ishtirok etish va ovoz berish tartib-taomillarini bajarish imkoniyati taʼminlanishi kerak.
20. Jamiyat masofadan turib ishtirok etish va ovoz berishni tashkil etish uchun platforma egasini jalb qilganda, jamiyat va platforma egasi oʻrtasida tuziladigan shartnomada quyidagilar belgilanishi lozim:
platformaning uzluksiz ishlashini taʼminlash;
ishtirokchilarni avtorizatsiya va identifikatsiyadan oʻtishni taʼminlovchi elektron kanallar orqali roʻyxatdan oʻtkazish;
maʼlumotlarni saqlashda maxfiylikni taʼminlash va ularni ruxsatsiz kirishdan himoya qilish;
ishtirokchilarni mazkur Nizom talablari asosida yigʻilishda ishtirok etish va ovoz berish imkoniyatini taʼminlash;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar.
21. Jamiyat va platforma egasi oʻrtasida platformaning quyidagi talablarga, jumladan:
texnik parametrlarga oid talablarga;
texnik va texnologik imkoniyatlarga oid talablarga;
axborotni va tegishli maʼlumotlarni saqlovchi asbob-uskunalarning joylashish yeriga oid talablarga;
axborot xavfsizligi usullari va shartlariga;
boshqa tashqi axborot tizimlari bilan hamkorlik imkoniyatlariga;
yigʻilishda ishtirok etish va ovoz berish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazishga oid talablarga;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa talablarga mos boʻlishiga oid shartlar belgilanishi mumkin.
4-bob. Yakuniy qoida
22. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.03.2025-y., 10/25/3613/0267-son)