O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosini ta’minlash, ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish orqali oilalarning mehnat qilish imkoniyatini cheklovchi sabablarni bartaraf etish va oila a’zolariga mehnat qilishiga sharoit yaratish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalarning oila qaramog‘ida qolishini ta’minlash va ijtimoiy yetimlikning oldini olish maqsadida:
1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2025-yil 1-martdan boshlab tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida, 2025-yil 1-oktabrga qadar respublikaning qolgan hududlarida 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati (keyingi o‘rinlarda — kunduzgi parvarish xizmati) yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda nogironligi bo‘lgan bolalar kunduzgi parvarish xizmatiga ularning ota-onalari (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) bilan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari o‘rtasida tuzilgan ijtimoiy shartnoma asosida hamda Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tomonidan belgilangan tartibda berilgan xulosaga muvofiq qabul qilinadi.
2. 2025-yil 1-martdan boshlab kunduzgi parvarish xizmatiga oid faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi joriy etilsin:
a) Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:
kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanilgan bir kun uchun 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan har bir bolaga bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida va 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan har bir bolaga — 27 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Bunda viloyatlar markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari uchun subsidiya miqdori 1,1 ko‘paytiruvchi koeffitsiyentni qo‘llash orqali aniqlanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning nogironligi bo‘lgan har bir bolasi uchun mazkur kichik bandning ikkinchi xatboshisida belgilangan subsidiya umumiy miqdorining 30 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘ to‘lab beriladi;
(2-bandning “a” kichik bandi uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
kunduzgi parvarish xizmati tashkil etilgan joydan 3 kilometr radiusdan ortiq masofada yashaydigan bolalarning kelib-ketishlari uchun xususiy sherik tomonidan transport xizmati yo‘lga qo‘yilganda, unga tarbiyalanuvchining haqiqatda qatnagan kunlari sonidan kelib chiqqan holda bir oy uchun bazaviy hisoblash miqdorining 75 foizigacha miqdorda kompensatsiya to‘lanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
b) 2027-yil 1-iyulga qadar kunduzgi parvarish xizmatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik subyektlariga davlat-xususiy sheriklik loyihasini tashkil qilish uchun oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida mebel va jihozlar xarid qilish maqsadida imtiyozli kredit ajratiladi.
(2-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-255-sonli Farmoni tahririda)
3. Belgilab qo‘yilsinki, ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishni tashkil etish jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida:
a) 2025-yil 1-martga qadar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida, jumladan, quyidagi imkoniyatlarga ega “Kunduzgi parvarish xizmatini boshqarish” axborot moduli hamda uning mobil ilovasi yaratiladi:
mobil ilova yordamida tarbiyalanuvchilarning davomatini shaxsni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi orqali yuritish;
Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratiladigan subsidiyalar miqdorini tarbiyalanuvchilarning davomati asosida avtomatik ravishda hisoblab chiqish;
b) 2025-yil 1-sentabrga qadar bolalarning rivojlanishida kuzatiladigan nuqsonlarni erta aniqlash va o‘z vaqtida kompleks ijtimoiy-tibbiy yordam bilan qamrab olish, ularda nogironlikning oldini olish hamda nogironligi bo‘lgan bolalarda muvaffaqiyatli ijtimoiylashuvni ta’minlashga ko‘maklashuvchi, jumladan, quyidagi imkoniyatlarga ega “Bolalar salomatligi” axborot tizimi joriy etiladi:
kompleks ijtimoiy-tibbiy yordam bilan qamrab olish uchun har bir bola kesimida qo‘yilgan tashxislarni tahlil qilish;
ro‘yxatga olingan bolalar uchun tibbiy, reabilitatsiya, ta’lim, ijtimoiy xizmatlar va to‘lovlarni o‘z ichiga olgan yaxlit ma’lumotlar asosida keng qamrovli xizmatlarni tashkil etish;
v) mazkur bandda nazarda tutilgan axborot tizimlarini ishga tushirish va ularni keyinchalik saqlab turish xarajatlari Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
4. Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorning 3-bandida nazarda tutilgan axborot tizimlarining o‘z vaqtida ishga tushirilishini hamda ishga tushgandan so‘ng bir oy muddatda ularning “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” va “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlasin.
5. Ijtimoiy himoya milliy agentligi:
a) uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Soliq kodeksiga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlarini 2030-yil 1-yanvarga qadar barcha turdagi soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno) to‘lashdan ozod qilish;
ota-ona (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ning kunduzgi parvarish xizmatlaridan foydalangani uchun oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlarini soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritish;
b) 2025-yil 1-oktabrga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda hududlarda nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmatlar qamrovini kengaytirish bo‘yicha takliflarni kiritsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazirning o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M.P. Olloyorov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 3-fevral,
PQ-41-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.02.2025-y., 07/25/41/0106-son; 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son)