O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qaroriga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish haqida
O‘zbekiston Respublikasining “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2023-yil 23-oktabrdagi O‘RQ-871-son va “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibining takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2024-yil 9-oktabrdagi O‘RQ-973-son qonunlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2024-yil 18-yanvardagi PF-15-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2024-yil 18-yanvardagi PF-15-son Farmoni bilan 2024-yil 1-martdan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga berilgan yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini yer uchastkasidan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ruxsat berilganligi;
Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qarorida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasini qayta ijaraga berish (boshqa shaxsga o‘tkazish) ko‘chmas mulkka oid bitimlarni rasmiylashtirish tartibida amalga oshirilishi va notarial tartibda tasdiqlanishi belgilaganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasining ijarachisi yerni ijaraga olish shartnomasi bo‘yicha o‘z huquqlari va majburiyatlarini yer uchastkasidan asosiy foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda, boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish) bo‘yicha bitimni rasmiylashtirish uchun notarial idoraga o‘zi kelib murojaat qilishi;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasi boshqa shaxsga faqat to‘liq hajmda qayta ijaraga berilishi hamda yerni ijaraga olish shartnomasi bo‘yicha huquq va majburiyatlar ijara muddatining qolgan davriga rasmiylashtirilishi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Adliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, yer uchastkasidan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasining bir qismiga nisbatan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish) bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 10-yanvar,
6-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-yanvardagi 6-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qaroriga kiritilayotgan qo‘shimchalar
1. Quyidagi mazmundagi 34-band bilan to‘ldirilsin:
“34. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasini yer uchastkasidan asosiy foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda boshqa shaxsga o‘tkazish bo‘yicha notarial idoraga murojaat qilish, bitimni rasmiylashtirish, yer uchastkasini boshqa shaxsga faqat to‘liq hajmda qayta ijaraga berish hamda yerni ijaraga olish shartnomasi bo‘yicha huquq va majburiyatlarni ijara muddatining qolgan davriga rasmiylashtirish tartibini nazarda tutuvchi Yer uchastkasiga bo‘lgan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish) tartibi to‘g‘risidagi nizom 33-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
2. Quyidagi mazmundagi 33-ilova bilan to‘ldirilsin:
“Yer uchastkasiga bo‘lgan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish) tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yer uchastkasiga bo‘lgan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish) tartibini belgilaydi.
2. Ushbu nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi;
yer uchastkasi — yer fondining qayd etilgan chegaraga, maydonga, joylashish manziliga, huquqiy rejimga hamda davlat yer kadastrida aks ettiriladigan boshqa xususiyatlariga ega bo‘lgan qismi;
ijaraga oluvchi — yer o‘ziga ijara huquqi asosida biriktirilgan va yer uchastkasi mavjud bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs (fermer xo‘jaligi, agroklaster, kooperatsiya, dehqon xo‘jaligi va boshqa tadbirkorlik subyektlari);
qayta ijaraga oluvchi — amaldagi ijaraga oluvchidan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini oluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs (fermer xo‘jaligi, agroklaster, kooperatsiya, dehqon xo‘jaligi va boshqa tadbirkorlik subyektlari);
UZKAD tizimi — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining Kadastr va ro‘yxatdan o‘tkazishning integratsiyalashgan axborot tizimi.
3. Yer uchastkasi qayta ijaraga oluvchiga ko‘chmas mulklarni boshqa shaxsga o‘tkazish haqidagi bitimlarni rasmiylashtirish tartibida o‘tkaziladi (qayta ijaraga beriladi).
2-bob. Yer uchastkasining ijara huquqini boshqa shaxsga o‘tkazishga doir asosiy talablar
4. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasi qayta ijaraga oluvchiga quyidagi talab asosida o‘tkaziladi (qayta ijaraga beriladi):
ijaraga oluvchi yer uchastkasidan kamida uch yil davomida, ushbu bandning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda esa, kamida besh yil davomida o‘zi foydalangan bo‘lishi shart. Ushbu muddat ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab hisoblanadi;
yuridik shaxslarga elektron onlayn-auksion savdolari, ochiq elektron tanlov yoki tanlov o‘tkazmasdan davlat organlarining qarorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berilgan yer uchastkalarini qayta ijaraga oluvchiga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab besh yildan keyin yo‘l qo‘yiladi;
ijaraga oluvchi ochiq elektron tanlov natijalariga ko‘ra yer uchastkasini ijara muddati bo‘yicha teng taqsimlanadigan qo‘shimcha to‘lovlarni yoki elektron onlayn-auksion savdolari natijalariga ko‘ra bo‘lib-bo‘lib to‘lash nazarda tutilgan to‘lovlarni bir yo‘la to‘liq to‘lashi shart;
yer uchastkasi hamda ushbu yer uchastkasi bo‘yicha ijaraga oluvchining o‘z huquq va majburiyatlari yer uchastkasidan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda to‘liq qayta ijaraga oluvchiga o‘tkaziladi;
ijaraga oluvchi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini qayta ijaraga oluvchiga o‘tkazishda (qayta ijaraga berishda), qayta ijaraga oluvchi yuridik shaxs bo‘lishi talab etiladi, dehqon xo‘jaligini yuritish uchun ajratilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bundan mustasno.
5. Jismoniy va yuridik shaxslar elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga olgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalariga nisbatan huquq va majburiyatlarni ijara muddatining qolgan muddatiga qayta ijaraga oluvchiga o‘tkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkin.
6. Ijaraga oluvchi tomonidan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar notarial idoraga (notariusga) taqdim etiladi.
7. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini qayta ijaraga berishda notarial idoraga (notariusga) yer uchastkasiga doir quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
yer uchastkasining ijaraga olish shartnomasi;
yer uchastkasining ijaraga olish shartnomasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjat (reyestrdan ko‘chirma, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi guvohnoma);
yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi tuzilishiga asos bo‘lgan ochiq elektron tanlov yoki elektron-onlayn auksion savdolari natijasida tuzilgan bayonnoma yoxud vakolatli davlat organlarining qarorlari;
yer uchastkasi qayta o‘lchovdan o‘tkazilib, o‘lchov natijasiga ko‘ra vakolatli organning ijobiy xulosasi (agar mavjud bo‘lsa).
8. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini qayta ijaraga berishda, notarius tomonidan qayta ijaraga oluvchiga yer uchastkasini qayta o‘lchovdan o‘tkazish yuzasidan davlat xizmatidan foydalanish hamda vakolatli organning ijobiy xulosasini olish tavsiya etiladi.
Bunda qayta ijaraga oluvchi ushbu taklifni rad etgan taqdirda, yer uchastkasini boshqa shaxsga o‘tkazishga doir notarial tasdiqlanadigan bitimga yer uchastkasining ijara shartnomasida ko‘rsatilgan yer uchastkasi maydoni va amaldagi maydonidan farq qilgan hamda ushbu yer uchastkasida noqonuniy qurilma (lar) qurilgan hollarda, javobgarlikni qayta ijaraga oluvchi o‘z zimmasiga olishi yuzasidan tegishli band kiritiladi.
9. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasini qayta ijaraga berishda, notarial idoraga (notariusga) yer uchastkasiga doir quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
yer uchastkasining ijaraga olish shartnomasi;
yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjat (reyestrdan ko‘chirma, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi guvohnoma);
yer uchastkasining ijaraga olish shartnomasi tuzilishiga asos bo‘lgan elektron-onlayn auksion savdolari natijasida tuzilgan bayonnoma.
3-bob. Qayta ijaraga oluvchining yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari
10. Yer uchastkasini qayta ijaraga oluvchiga o‘tkazishda (qayta ijaraga berishda) yer uchastkasining ijara shartnomasi davlat ro‘yxatidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibida o‘tkaziladi.
11. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasini qayta ijaraga oluvchiga o‘tkazish (qayta ijaraga berish) yuzasidan notarial tasdiqlangan bitimga muvofiq qayta ijaraga oluvchi jismoniy shaxs bo‘lsa, u shartnoma imzolash uchun berilgan o‘n ish kuni ichida o‘zining yagona ta’sischiligida tashkil etilgan fermer xo‘jaligi yoki boshqa yuridik shaxs to‘g‘risidagi axborotni yoxud dehqon xo‘jaligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida dehqon xo‘jaliklarining yagona davlat reyestridan ko‘chirmani davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi tegishli kadastr organiga bevosita yoki elektron shaklda yuboradi.
12. Qayta ijaraga oluvchi tomonidan mazkur Nizomning 11-bandiga muvofiq yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi axborot yoki dehqon xo‘jaliklarining yagona davlat reyestridan ko‘chirmani taqdim etgandan so‘ng kadastr organlari tomonidan qayta ijaraga oluvchining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi uch ish kuni ichida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Bunda qayta ijaraga oluvchi tomonidan mazkur Nizomning 11-bandida belgilangan talablar bajarilmagan taqdirda, kadastr organlari tomonidan qayta ijaraga oluvchining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etishga asos hisoblanadi.
13. Kadastr organlari tomonidan qayta ijaraga oluvchining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng yer uchastkasining ijaraga oluvchisi o‘zgarganligi to‘g‘risidagi axborot (huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos bo‘lgan hujjat ilova qilingan holda) tegishli tuman (shahar) hokimligiga elektron shaklda yuboriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
14. Ushbu Nizomni qo‘llashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
15. Mazkur nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2025-y., 09/25/6/0023-son)