Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibining takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 16-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 20-sentabrda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda yerga oid munosabatlarda tenglik va shaffoflikni taʼminlashga, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilishga hamda ularni bozor aktiviga aylantirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga ijaraga oluvchi tomonidan ijaraga olingan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalariga boʻlgan oʻz huquqlari va majburiyatlarini boshqa shaxsga oʻtkazishning (qayta ijaraga berishning) huquqiy asoslarini belgilash hamda yer uchastkalarini berish shartlarini yanada takomillashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga va boshqa qonunlariga ijaraga oluvchi tomonidan ijaraga olingan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalariga boʻlgan oʻz huquqlari va majburiyatlari yer uchastkasidan foydalanish maqsadlari oʻzgartirilmagan holda boshqa shaxsga oʻtkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkinligini, shuningdek qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishda ochiq elektron tanlov oʻrniga elektron onlayn-auksionlar joriy etilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari eng yaxshi taklifni tanlab olish yoʻli bilan aniqlanadigan yirik investitsiya loyihasini amalga oshiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berishda ijaraga oluvchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga mablagʻlar toʻlanishi nazarda tutilmoqda.
Mazkur Qonun yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlashga, shuningdek yer uchastkalarini ijaraga berish shartlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan 598-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5-6, 82-modda; 2003-yil, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 5, 90-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 12, 608-modda; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 12, 472-modda; 2011-yil, № 1, 1-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 9, 244-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda, № 4, 224-modda, № 7, 432-modda, № 12, 781-modda; 2019-yil, № 1, 1-modda, № 3, 161-modda, № 4, 199-modda, № 8, 469-modda, № 11, 792-modda; 2020-yil, № 9, 540-modda; 2021-yil, № 1, 3-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda; 2022-yil, № 6, 570, 577-moddalar; 2023-yil, № 10, 795-modda, № 11, 919-modda) quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 23-modda ikkinchi qismining 3-bandidagi “ochiq elektron tanlov va” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
2) 24-modda:
1-bandidagi “ochiq elektron tanlov” degan soʻzlar “elektron onlayn-auksion” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi xatboshisi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Qiymati kamida 10 million AQSh dollari ekvivalentida boʻlgan, eng yaxshi taklifni tanlab olish yoʻli bilan aniqlanadigan yirik investitsiya loyihasini amalga oshiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini ijaraga berishda ushbu yer uchastkalarini ijaraga olish huquqining baholovchi tashkilot tomonidan aniqlanadigan bozor qiymatiga nisbatan koeffitsiyentlarda belgilanadigan miqdordagi mablagʻ ijaraga oluvchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga toʻlanadi. Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;
uchinchi — oʻn yettinchi qismlari tegishincha toʻrtinchi — oʻn sakkizinchi qismlar deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Qiymati kamida 10 million AQSh dollari ekvivalentida boʻlgan, eng yaxshi taklifni tanlab olish yoʻli bilan aniqlanadigan yirik investitsiya loyihasini amalga oshiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi”;
beshinchi — oʻn sakkizinchi qismlari tegishincha oltinchi — oʻn toʻqqizinchi qismlar deb hisoblansin;
oltinchi qismining ikkinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur shaxslar (bundan xalqaro birlashmalar va tashkilotlar mustasno) yer uchastkasini ijaraga olish huquqining baholovchi tashkilot tomonidan aniqlanadigan bozor qiymatiga nisbatan koeffitsiyentlarda belgilanadigan miqdordagi mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga toʻlashi kerak”;
quyidagi mazmundagi yettinchi va sakkizinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Yer uchastkasiga ijara huquqining bozor qiymatiga nisbatan tegishli koeffitsiyentini belgilashda yer uchastkasining tuproq bonitirovkasi, maʼmuriy-hududiy tuzilishi va infratuzilma obyektlari mavjudligi inobatga olinadi.
Yer uchastkasini ijaraga olish huquqining bozor qiymatiga nisbatan koeffitsiyentlarda belgilangan miqdordagi mablagʻlar summasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yer uchastkasini berish toʻgʻrisidagi qarorida koʻrsatilishi shart”;
yettinchi — oʻn toʻqqizinchi qismlari tegishincha toʻqqizinchi — yigirma birinchi qismlar deb hisoblansin;
toʻqqizinchi qismidagi “ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida” degan soʻzlar “ikkinchi, toʻrtinchi va oltinchi qismlarida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
oʻn ikkinchi qismidagi “toʻqqizinchi qismida” degan soʻzlar “oʻn uchinchi va oʻn toʻrtinchi qismlarida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi oʻn toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasiga nisbatan huquqlar va majburiyatlar ushbu Kodeksning 245-moddasida belgilangan tartibda ijaraga oluvchi tomonidan boshqa shaxsga oʻtkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkin”;
oʻn toʻrtinchi — yigirma birinchi qismlari tegishincha oʻn beshinchi — yigirma ikkinchi qismlar deb hisoblansin;
3) quyidagi mazmundagi 245-modda bilan toʻldirilsin:
“245-modda. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasiga nisbatan huquqlar va majburiyatlarni boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish)
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasining ijarachisi ijaraga olish shartnomasi boʻyicha oʻz huquqlari va majburiyatlarini yer uchastkasidan asosiy foydalanish maqsadini oʻzgartirmagan holda, yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi muddati doirasida boshqa shaxsga oʻtkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkin, bundan ushbu Kodeks 24-moddasining oltinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Bunda:
ijaraga oluvchi yer uchastkasidan kamida uch yil oʻzi foydalangan boʻlishi shart, mazkur muddat yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran hisoblanadi;
yuridik shaxslarga elektron onlayn-auksion, ochiq elektron tanlov yoki tanlov oʻtkazmasdan davlat organlarining qarorlariga koʻra toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berilgan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar va majburiyatlarni boshqa shaxsga oʻtkazishga (qayta ijaraga berishga) yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran besh yildan keyin yoʻl qoʻyiladi;
ijaraga oluvchi ochiq elektron tanlov natijalariga koʻra ijara muddati boʻyicha teng taqsimlanadigan qoʻshimcha toʻlovlarni yoki elektron onlayn-auksion natijalariga koʻra boʻlib-boʻlib toʻlash nazarda tutilgan toʻlovlarni bir yoʻla toʻlashi shart.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasiga nisbatan huquqlar va majburiyatlarni boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish) belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan soʻng qayta ijaraga berish natijasida vujudga kelgan ijara huquqi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan yer uchastkasining ijaraga oluvchisi oʻzgarganligi toʻgʻrisidagi axborot (huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻlgan hujjat ilova qilingan holda) tegishli tuman (shahar) hokimligiga elektron tarzda yuboriladi.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan ijaraga olingan yer uchastkasiga nisbatan oʻz huquqlari va majburiyatlarini ijaraga oluvchi tomonidan boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish) tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;
4) 29-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi “24-moddasining toʻqqizinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno” degan soʻzlar “24-moddasining oʻn uchinchi qismida hamda 245-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
5) 305-moddaning oltinchi qismi quyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:
“Bunda ommaviy servitut maqsadlarida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun qonunchilikda belgilangan qurilish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish zarur”;
6) 36-moddaning:
7-bandidagi “bu qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun hosildorlik darajasi uch yil mobaynida normativdan (kadastr bahosiga koʻra) past boʻlishida ifodalanganda” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
12-bandi chiqarib tashlansin;
ikkinchi qismi chiqarib tashlansin;
uchinchi — sakkizinchi qismlari tegishincha ikkinchi — yettinchi qismlar deb hisoblansin;
uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini ushbu modda birinchi qismining 1, 2, 3 va 5-bandlarida koʻrsatilgan hollarda tugatish yerdan foydalanish hamda uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning taqdimnomasiga koʻra, huquqlar tugatilishining asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida tegishincha viloyatlar, Toshkent shahar hokimlarining qarorlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan amalga oshiriladi. Yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini ushbu modda birinchi qismining 6 — 11-bandlarida koʻrsatilgan hollarda tugatish ushbu Kodeksning 38-moddasida belgilangan tartibda sud tomonidan amalga oshiriladi. Jismoniy va yuridik shaxslar yer uchastkalariga egalik qilish huquqini, yer uchastkalaridan doimiy yoki vaqtincha foydalanish huquqini tugatish haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hamda koʻrsatilgan mansabdor shaxslarning qarorlaridan norozi boʻlgan taqdirda, ushbu qarorlar ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin”;
beshinchi qismidagi “Ushbu modda birinchi qismining 1, 2, 6 — 10, 12, 13-bandlarida” degan soʻzlar “Ushbu modda birinchi qismining 1, 2, 6 — 10, 13-bandlarida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
7) 39-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi 10-band bilan toʻldirilsin:
“10) yer uchastkasiga nisbatan ijara shartnomasidagi oʻz huquqlari va majburiyatlarini belgilangan tartibda boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish)”;
8) 49-moddaning oltinchi qismidagi “ochiq elektron tanlov” degan soʻzlar “elektron onlayn-auksion” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
9) 53-moddaning ikkinchi qismidagi “ochiq elektron tanlov” degan soʻzlar “elektron onlayn-auksion” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
10) 87-modda:
ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
uchinchi — yettinchi xatboshilari tegishincha ikkinchi — oltinchi xatboshilar deb hisoblansin;
toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻoriladigan yerlar uchun qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrni barcha hollarda barcha shaxslar tomonidan qoplanadi, bundan jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qoʻyish hollari mustasno”;
11) 90-moddaning:
birinchi qismidagi “shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqini garovga qoʻyish” degan soʻzlar “yer uchastkasini ijaraga olish huquqini garovga qoʻyish, shuningdek ijaraga berilgan yer uchastkasiga nisbatan huquqlar va majburiyatlarni belgilangan tartibda boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
ikkinchi qismi oʻn uchinchi xatboshisidagi “ochiq elektron tanlovlar va” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi 602-I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 26-avgustda qabul qilingan 662-II-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 9, 162-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 3, 119-modda; 2007-yil, № 12, 608-modda; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 12, 472-modda; 2011-yil, № 9, 248-modda; 2012-yil, № 9/1, 238-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2016-yil, № 12, 383, 385-moddalar; 2018-yil, № 4, 224-modda, № 12, 781-modda; 2019-yil, № 4, 199-modda, № 12, 886-modda; 2020-yil, № 1, 2-modda, № 9, 540-modda, № 11, 652-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 6, 570-modda) quyidagi oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin:
1) 4-modda ikkinchi qismining ikkinchi jumlasi chiqarib tashlansin;
2) 11-moddaning:
birinchi qismidagi “ochiq elektron tanlov” degan soʻzlar “elektron onlayn-auksion” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
uchinchi qismidagi “ochiq elektron tanlov” degan soʻzlar “elektron onlayn-auksion” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
3) 16-modda birinchi qismining:
beshinchi xatboshisi quyidagi mazmundagi beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan almashtirilsin:
“ixtisoslashuvni hisobga olgan holda va tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari asosida qishloq xoʻjalik ekinlarini joylashtirishni mustaqil ravishda amalga oshirish;
mahsulotni qayta ishlovchi korxonalarni va oʻz mahsulotlari (ishlari, xizmatlari) isteʼmolchilarini mustaqil ravishda tanlash”;
oltinchi — oʻn toʻqqizinchi xatboshilari tegishincha yettinchi — yigirmanchi xatboshilar deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi yigirmanchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga nisbatan huquqlari va majburiyatlarini yer uchastkasining asosiy moʻljallangan maqsadini saqlab qolgan holda, ijara shartnomasi amal qiladigan muddatga boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish)”;
yigirmanchi xatboshisi yigirma birinchi xatboshi deb hisoblansin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 20-mayda qabul qilingan “Yaylovlar toʻgʻrisida”gi OʻRQ-538-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 5, 263-modda; 2020-yil, № 9, 540-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 800-modda; 2022-yil, № 6, 577-modda) 13-moddasining ikkinchi qismidagi “ochiq elektron tanlov” degan soʻzlar “elektron onlayn-auksion” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 1-aprelda qabul qilingan “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-680-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 4, 286-modda; 2022-yil, № 11, 1061-modda; 2023-yil, № 11, 919-modda) 22-moddasining birinchi qismi quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“dehqon xoʻjaligiga ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasiga nisbatan huquqlar va majburiyatlarni yer uchastkasining asosiy moʻljallangan maqsadini saqlab qolgan holda, belgilangan tartibda boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish)”.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 29-iyunda qabul qilingan “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-781-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2022-yil, № 6, 576-modda) 23-moddasi birinchi qismining uchinchi xatboshisidagi “(bundan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalariga boʻlgan ijara huquqi mustasno)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 28-noyabrda qabul qilingan “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-803-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2022-yil, № 11, 1064-modda) quyidagi qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilsin:
1) 10-moddaning oltinchi xatboshisi “ijara huquqi” degan soʻzlardan keyin “shu jumladan ijaraga olingan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar va majburiyatlarni boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish) natijasida yuzaga keladigan ijara huquqi” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
2) 31-modda quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Yer uchastkasiga nisbatan huquqlar va majburiyatlarni boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish) natijasida yuzaga keladigan ijara huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun ushbu Qonunning 33-moddasida nazarda tutilgan hujjatlar asos boʻladi”;
3) 33-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“33-modda. Xususiylashtirilgan yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqlarning boshqa shaxsga oʻtishini belgilovchi hujjatlar va uning oʻziga xos xususiyatlari
Xususiylashtirilgan yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqlarning boshqa shaxsga oʻtishini belgilovchi hujjatlar quyidagilardan iborat:
xususiylashtirilgan boʻsh turgan yer uchastkasining yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqning notarial tartibda tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi;
xususiylashtirilgan boʻsh turgan yer uchastkasini yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqni hadya etishga oid notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma;
xususiylashtirilgan boʻsh turgan yer uchastkasini yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqni ayirboshlashga oid notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma;
xususiylashtirilgan boʻsh turgan yer uchastkasining yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqning boshqa shaxsga renta haqi toʻlanishi sharti bilan berilishi nazarda tutiladigan, notarial tartibda tasdiqlangan renta shartnomasi;
xususiylashtirilgan boʻsh turgan yer uchastkasini yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqni meros qilib olish huquqi toʻgʻrisidagi hamda er-xotinning umumiy mulkida boʻlgan xususiylashtirilgan boʻsh turgan yer uchastkasining tegishli qismiga boʻlgan mulk huquqi toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan guvohnoma;
xususiylashtirilgan yer uchastkasini unda joylashgan bino va inshoot bilan birga yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqni yuridik shaxslarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) ulush sifatida berish toʻgʻrisidagi (agar bu turar joy obyekti boʻlsa, notarial tartibda tasdiqlangan) shartnoma;
xususiylashtirilgan yer uchastkasini unda joylashgan bino va inshoot bilan birga yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqni muassisga qaytarib berish toʻgʻrisidagi (agar bu turar joy obyekti boʻlsa, notarial tartibda tasdiqlangan) shartnoma;
jismoniy va yuridik shaxslarning mulkida boʻlgan (xususiylashtirilgan), boʻsh turgan yer uchastkalarini yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqni realizatsiya qilish boʻyicha sud qarorlarini va boshqa organlarning qarorlarini ijro etish maqsadidagi savdolar yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnoma;
sudning qarori yoki davlat ijrochisining qarori yoxud xususiylashtirilgan boʻsh turgan yer uchastkasini, ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqni berish toʻgʻrisida undiruvchi va qarzdor oʻrtasida tuzilgan, davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlangan dalolatnoma”.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ushbu Qonun 1-moddasi 2-bandining sakkizinchi xatboshisida nazarda tutilgan Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish tartibini ushbu Qonun kuchga kirganidan keyin bir oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonun 1-moddasi 3-bandining toʻqqizinchi xatboshisida nazarda tutilgan Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan ijaraga olingan yer uchastkasiga nisbatan oʻz huquqlari va majburiyatlarini ijaraga oluvchi tomonidan boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish) tartibini ushbu Qonun kuchga kirganidan keyin bir oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
9-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 9-oktabr,
OʻRQ-973-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.10.2024-y., 03/24/973/0800-son)