Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qoʻshma qarori
Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlashni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi hamda 2021 — 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi ijrosini taʼminlash, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy foydali dasturlar samaradorligini oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy foydali dasturlar samaradorligini oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (bundan buyon matnda “Yoʻl xaritasi” deb yuritiladi) ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashiga va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashiga umumlashtirilgan maʼlumot kiritib borsin.
3. Ushbu Qoʻshma qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 17-sentabr,
4841-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2024-yil 17-sentabr,
KQ-815-IV