Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent shahar bolalar koʻp tarmoqli shifoxonasini tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 890-sonli “Toshkent shahar koʻp tarmoqli shifoxonasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga moʻljallangan maxsus Zangiota 2-son shifoxonasining boʻsh turgan bino va inshootlaridan samarali foydalanish hamda 18 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun zamonaviy, yuqori texnologik, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, koronavirus boʻyicha epidemiologik vaziyatning yomonlashish ehtimoli belgilarini oʻz vaqtida aniqlash va kasallanish xavfini kamaytirish, bemorlarga malakali tibbiy yordam koʻrsatishga qaratilgan profilaktik hamda epidemiyaga qarshi kechiktirib boʻlmaydigan zarur tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga moʻljallangan maxsus Zangiota 2-son shifoxonasi (keyingi oʻrinlarda — “Zangiota-2” shifoxonasi) tashkil etilganligi;
epidemiologik vaziyatning barqarorlashuvi munosabati bilan “Zangiota-2” shifoxonasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni qabul qilish toʻxtatilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligining “Toshkent” MFY Yangi aylanma yoʻli manzilida joylashgan “Zangiota-2” shifoxonasi faoliyatini tugatish va uning oʻrnida Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan davlat muassasasi shaklidagi 500 oʻrniga moʻljallangan Toshkent shahar bolalar koʻp tarmoqli shifoxonasini (keyingi oʻrinlarda — Bolalar shifoxonasi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bunda “Zangiota-2” shifoxonasining bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda Bolalar shifoxonasiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladi.
3. Kuyidagilar Bolalar shifoxonasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
18 yoshgacha boʻlgan bolalarda zarur tibbiy tekshiruvlarni oʻtkazish, ularga yuqori malakali tibbiy-konsultativ hamda ixtisoslashtirilgan statsionar yordamini koʻrsatish;
tuman tibbiyot birlashmalariga amaliy-metodik yordam berish;
Toshkent shahar tibbiyot muassasalari amaliyotiga zamonaviy tibbiyot texnologiyalari va boshqaruv usullarini joriy etishda koʻmaklashish;
tibbiyot xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda ishtirok etish.
4. Quyidagilar Bolalar shifoxonasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
pulli (tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari roʻyxatiga kiritilmagan) tibbiy xizmat koʻrsatishdan olinadigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
a) ikki hafta muddatda:
Bolalar shifoxonasining ustavini tasdiqlasin va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Bolalar shifoxonasining tuzilmasi hamda uni jihozlash tabelini ishlab chiqib, tasdiqlasin;
b) bir oy muddatda:
Bolalar shifoxonasining faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun zarur boʻladigan jihozlar hamda tibbiy texnika bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda Bolalar shifoxonasining tibbiyot hamda boshqa xodimlari shtat meʼyorlarini tasdiqlasin.
6. Belgilansinki, Bolalar shifoxonasini saqlash bilan bogʻliq xarajatlar 2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
Bunda mazkur mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasiga oʻtkazib beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yildan boshlab Bolalar shifoxonasini saqlash faoliyati hamda ehtiyojdan kelib chiqib, Sogʻliqni saqlash vazirligining takliflari asosida qoʻshimcha shifo oʻrinlarini tashkil etish bilan bogʻliq zarur mablagʻlarni Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda nazarda tutsin.
7. Toshkent shahar hokimligi 2024-yil 1-sentabrga qadar Bolalar shifoxonasining bino va inshootlarida zarur qurilish hamda taʼmirlash ishlarini oʻtkazish orqali uni bolalarga tibbiy yordam koʻrsatishga moslashtirish choralarini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Zangiota maxsus shifoxonalari bino va inshootlaridan foydalanish direksiyasini tugatish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bunda Direksiyada saqlanayotgan shtat birliklarini, zaruratga koʻra, koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga moʻljallangan maxsus Zangiota 1-son shifoxonasiga ajratish yoʻli bilan faoliyat koʻrsatayotgan xodimlar ish bilan taʼminlanadi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri v.b. A.A. Xudayarov hamda Toshkent shahar hokimi Sh.B. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 24-iyul,
446-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-iyuldagi 446-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 4-avgustdagi 461-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 2-banddagi “va “2-son Zangiota” shifoxonalarini (keyingi oʻrinlarda — maxsus shifoxonalar)” soʻzlari “shifoxonasini (keyingi oʻrinlarda — maxsus shifoxona)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. 3-bandning ikkinchi xatboshisidagi “va “2-son Zangiota” shifoxonalari” soʻzlari “shifoxonasi” soʻzi bilan almashtirilsin.
3. 4-bandning birinchi xatboshisidagi, 7-bandning “v” kichik bandidagi, 14-bandning birinchi xatboshisidagi va 17-banddagi “shifoxonalar” soʻzi “shifoxona” soʻzi bilan almashtirilsin.
4. 19-bandning ikkinchi xatboshisidagi “shifoxonalarni” soʻzi “shifoxonani” soʻzi bilan almashtirilsin.
5. 20-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “shifoxonalarni” soʻzi “shifoxonani” soʻzi bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “shifoxonalarda” soʻzi “shifoxonada” soʻzi bilan almashtiril sin.
6. 1-ilovaning nomidagi “va “2-son Zangiota” shifoxonalarining” soʻzlari “shifoxonasining” soʻzi bilan almashtirilsin.
7. 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-iyuldagi 446-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatning oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga moʻljallangan maxsus “1-son Zangiota” va “2-son Zangiota” shifoxonalari bino va inshootlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 3-avgustdagi 491-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahar bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazini tashkil etish toʻgʻrisida” 2022-yil 4-maydagi 232-son qarori.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2024-y., 09/24/446/0547-son)