O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga sohalar va tarmoqlarda ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarida ekologik vaziyatni yaxshilash, muqobil energiya resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash va rag‘batlantirish, shuningdek, “Ekologik transport” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
quyosh fotoelektr stansiyalarini binolarning tom va fasad qismiga o‘rnatish bo‘yicha loyiha hujjatlarini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish talabini bekor qilish;
atrof-muhitga yuqori va o‘rta darajadagi ta’sir ko‘rsatuvchi sanoat korxonalari va ularga tutash hududlarda “yashil belbog‘lar” barpo etish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini amalga oshirishni belgilash;
“Ekologik transport” tizimini bosqichma-bosqich joriy etishning muddatlarini belgilash.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 3-iyul,
381-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 3-iyuldagi 381-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2020-yil 7-sentabrdagi 541-son qarorida:
a) 1-ilovaning “Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning III toifasiga kiradigan (past darajada xavfli) faoliyat turlari” bo‘limi 52-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“52. Quvvati 100 MVtgacha bo‘lgan issiqlik, shuningdek, foto, shamol elektr stansiyalari (binolarning tom va fasad qismida o‘rnatishga mo‘ljallangan quyosh fotoelektr stansiyalari bundan mustasno) va boshqa yondirish qurilmalari”;
b) 2-ilovaning 43-bandi quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub sanoat korxonalari loyiha hujjatlarida o‘z va tutash hududlarida “yashil belbog‘”lar barpo etilishi va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarining nazarda tutilganligi”;
beshinchi — oltinchi xatboshilar tegishlicha oltinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2024-yil 29-martdagi 166-son qarorida:
a) 1-bandda:
“a” kichik banddagi “2024-yil 1-iyundan” so‘zlari “2025-yil 1-martdan” so‘zlari bilan almashtirilsin;
“b” kichik bandning ikkinchi xatboshisidagi “2024” raqami “2025” raqami bilan almashtirilsin;
b) 2-bandning “a” kichik bandidagi “2024-yil 1-iyundan” so‘zlari “2025-yil 1-martdan” so‘zlari bilan almashtirilsin;
v) 5-bandda:
“a” kichik banddagi “2024-yil 1-iyunga” so‘zlari “2025-yil 1-aprelga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
“v” kichik banddagi “ikki oy muddatda” so‘zlari “2025-yil 1-yanvarga qadar” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.07.2024-y., 09/24/381/0474-son)