O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Soliqqa oid ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini maqbullashtirish to‘g‘risida
2023-yil 18-avgust kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, soliq qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlikni liberallashtirish maqsadida:
1. Soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzganlik, shuningdek, tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik (keyingi o‘rinlarda — fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar) uchun moliyaviy jarima miqdorini:
huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilganda — realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizi;
huquqbuzarlik moliyaviy jarima qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilganda — realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 20 foizi miqdorida o‘rnatish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Belgilansinki, mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun qo‘llanilgan moliyaviy jarimalar bo‘yicha mavjud qarzdorlikning 98 foizi hisobdan chiqariladi va hisobdan chiqarilgan qarzdorlikni undirish bilan bog‘liq sud va ijro ishlari tugatiladi.
3. Soliq kodeksiga mazkur Farmondan kelib chiqib, tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun moliyaviy jarimalar va ma’muriy jazo choralari qo‘llanilmasin.
4. Soliq qo‘mitasi bir oy muddatda:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan birgalikda ushbu Farmonning 1-bandidan kelib chiqib, Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritishga qaratilgan qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarima summalarining 98 foizi kelgusi to‘lovlar hisobiga belgilangan tartibda tegishli tadbirkorlik subyektlariga qaytarilishini ta’minlasin.
5. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Soliq qo‘mitasi raisi Sh.D. Kudbiyev belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 26-fevral,
PF-39-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.02.2024-y., 06/24/39/0155-son)