O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
2024-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida
2024-yilda fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida to‘liq dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratish, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish uchun dam olish va bayram kunlaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida:
1. 2024-yilda quyidagi qo‘shimcha dam olish kunlari belgilansin:
barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qat’i nazar): 22-mart — juma, 11-aprel — payshanba, 18-iyun — seshanba, 3-sentabr — seshanba, 31-dekabr — seshanba;
olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun: 2-yanvar — seshanba, 23-mart — shanba, 12-aprel — juma, 31-avgust — shanba, 30-dekabr — dushanba.
2. Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:
ishlanmaydigan bayram kunlari hisoblanuvchi “1-sentabr — O‘zbekiston Respublikasi mustaqillik kuni”, “8-dekabr — Konstitutsiya kuni” bayramlari 2024-yilda yakshanba — dam olish kunlariga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kunlari mos ravishda 2024-yil 2-sentabr va 9-dekabr — dushanba kunlariga ko‘chirilishi;
bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko‘rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko‘chirilmasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. 2024-yilda besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kunlari quyidagi tartibda ko‘chirilsin:
6-yanvar — shanba kunidan 2-yanvar — seshanba kuniga;
13-aprel — shanba kunidan 12-aprel — juma kuniga;
14-dekabr — shanba kunidan 30-dekabr — dushanba kuniga.
4. Bayram (ishlanmaydigan) kunlarining uzaytirilishini hisobga olgan holda, respublika aholisining maroqli dam olishi uchun:
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi va Madaniy meros agentligi turizm namoyishi obyektlari (madaniy meros obyektlari, muzeylar) va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar berilishi hamda aksiyalar o‘tkazilishini tashkil etsin;
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga Sog‘liqni saqlash vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda sanatoriylar va sog‘lomlashtirish muassasalari uchun chegirmalar berish hamda aksiyalar o‘tkazish tavsiya etilsin;
“Uzbekistan Airways” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga ichki transport qatnovlari uchun chegirmalar berish va aksiyalar o‘tkazish tavsiya etilsin.
5. O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga:
mehnat jamoalari o‘rtasida ushbu Farmonning maqsadi, mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
uzaytirilgan bayram (ishlanmaydigan) kunlarida xodimlar va ularning oila a’zolari maroqli dam olishini ta’minlash yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlarining ishini faollashtirish tavsiya etilsin.
6. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda bayram kunlari o‘tkaziladigan tadbirlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘i orqali aholining keng xabardor qilinishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlari ilovaga muvofiq 2024-yil 1-yanvardan e’tiboran o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. Belgilansinki, ushbu Farmon 2025-yil 1-yanvardan e’tiboran o‘z kuchini yo‘qotadi.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 22-dekabr,
PF-213-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 22-dekabrdagi PF-213-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-yanvardan e’tiboran o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etilayotgan ayrim farmonlari
RO‘YXATI
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-noyabrdagi “2020-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF-5875-son Farmoni.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi “2022-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF-35-son Farmoniga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi PF-131-son Farmoni.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi “2023-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF-270-son Farmoniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi PF-58-son Farmoni.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi “Yoshlar siyosati va sport vazirligi tashkil qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi PF-92-son Farmoniga 1-ilovaning 21-bandi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi “2023-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF-270-son Farmoniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi PF-100-son Farmoni.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.12.2023-y., 06/23/213/0956-son)