Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisidagi axborotini tasdiqlash haqida
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisidagi axboroti ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborilsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi
Toshkent sh.,
2023-yil 5-dekabr,
KSQ-7-son
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining 2023-yil 5-dekabrdagi KSQ-7-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisida
AXBOROTI
I. Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi va konstitutsiyaviy islohotlar
2023-yil 30-aprel kuni umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konstitutsiya) davlat va jamiyat hayotini modernizatsiya qilish va mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylik muhitini yanada mustahkamlash uchun huquqiy asos boʻldi.
Konstitutsiyaning referendum yoʻli bilan qabul qilinishi xalq hokimiyatchiligi prinsipining eng oliy koʻrinishi sifatida unga yuqori legitimlik bagʻishlaydi. Asosiy qonun davlat organlarining faoliyatini demokratlashtirishga, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarni yaratdi.
Konstitutsiya bilan milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirish hamda modernizatsiya qilishning ustuvor yoʻnalishlari, davlat hokimiyati, ijtimoiy-siyosiy institutlarning faoliyatini tashkil etish boʻyicha yangicha yondashuvlar belgilab berildi. Xususan, suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatchilik tamoyillari oʻzgarmas qoida sifatida mustahkamlandi.
Ijtimoiy davlat konstitutsiyaviy prinsipidan kelib chiqib, davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — ijtimoiy davlat qurish maqsadida davlatning ijtimoiy roli va majburiyatlari sezilarli darajada oshirildi, ijtimoiy adolat hamda birdamlik prinsiplari joriy etildi.
Konstitutsiyada huquqiy davlat prinsipidan kelib chiqib, “inson — jamiyat — davlat” tizimi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar bilan mustahkamlandi. Xususan, unda ilk marotaba insonlarning huquq va erkinliklarini cheklash bilan bogʻliq barcha harakatlarga faqat qonunga muvofiq va sud qarori asosida yoʻl qoʻyilishi, “sukut saqlash” huquqi, huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik, yetarlilik prinsiplariga asoslanishi, inson va davlat organlari oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi mustahkamlandi.
Insonning uy-joyga boʻlgan mulkiy huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlari ham kuchaytirildi. Xususan, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati va u koʻrgan zararlarning oʻrni oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi taʼminlanishi belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablagʻlarning erkin harakatlanishi davlat tomonidan Konstitutsiya darajasida kafolatlanishi fuqarolarning mustaqil konstitutsiyaviy huquqi hamda boshqa konstitutsiyaviy iqtisodiy huquqlarini amalga oshirish kafolati sifatida namoyon boʻladi.
Konstitutsiyada demokratik davlat prinsipini taʼminlash boʻyicha muhim qoidalar belgilandi. Xususan, unda oʻzaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining zamonaviy konsepsiyasini hisobga olgan holda, Oliy Majlis, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati oʻrtasida vakolatlar qayta taqsimlandi. Joylarda hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari ajratilishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modeli joriy etildi. Bu davlat hokimiyati samaradorligini yanada oshirish hamda hokimiyatlar boʻlinishi prinsipini hududiy darajada tatbiq etish imkonini beradi.
Konstitutsiyada fuqarolar va yuridik shaxslarga sud tomonidan oʻziga nisbatan qoʻllanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga (keyingi oʻrinlarda — Konstitutsiyaviy sud) shikoyat qilish (sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib boʻlingandan soʻng) hamda fuqarolarga inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etish (davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib boʻlingandan soʻng) konstitutsiyaviy huquqlarining taqdim etilishi davlat tomonidan fuqarolarni himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish masalasiga jiddiy munosabat bildirayotganligini koʻrsatadi.
Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi va huquqlari davlat tomonidan kafolatlanishi mamlakatda soʻz erkinligi muhitining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamladi. Shu bilan birga Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari oʻzi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgar ekanligi belgilanganligini inobatga olib, ommaviy axborot vositalarini ishonchli manbalardan tekshirilgan, xolis va toʻgʻri axborotni tarqatishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Konstitutsiya xalqimiz tafakkurining mahsuli sifatida fuqarolarning dunyoqarashi va huquqiy ongini sezilarli darajada yuksaltirdi, ayniqsa, uning toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllaniladigan huquqiy hujjat sifatida qabul qilinishi natijasida kundalik hayotda Konstitutsiyaga murojaat qilinishi oʻz navbatida davlat organlari va mansabdor shaxslarning masʼuliyatini yanada oshirdi.
Konstitutsiya global va mintaqaviy tahdidlarga javob berishi hamda mamlakatda roʻy berayotgan ijtimoiy-siyosiy modernizatsiya jarayonlari uchun mustahkam huquqiy asos boʻlishi bilan bir qatorda uning normalarini amalga oshirish davlat organlari oldiga keng koʻlamli va masʼuliyatli vazifalar qoʻyishini ham qayd etish zarur.
Yuqoridagilar asosida Konstitutsiyaviy sud:
1) Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazini vakolatli davlat organlari bilan birgalikda fuqarolarning inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga oid konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish mexanizmlarining mazmun-mohiyatini ochib berish boʻyicha zarur choralarni koʻrishga chaqiradi;
2) dunyoviy davlat konstitutsiyaviy prinsipining belgilanishi fuqarolarning vijdon erkinligini toʻlaqonli taʼminlashi uchun xizmat qilishini qayd etadi hamda ushbu prinsipning mazmun-mohiyatini ochib berishga qaratilgan targʻibot-tashviqot ishlarini kengaytirishni tavsiya etadi, shuningdek, dunyoviy davlatni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilishini qoʻllab-quvvatlaydi hamda uni umummilliy qadriyat sifatida qonun darajasida qabul qilish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.
II. Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini hayotga tatbiq etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar
Konstitutsiyani hayotga toʻlaqonli tatbiq etish va konstitutsiyaviy qonuniylikni taʼminlash uning normalarini amalga oshirishning aniq mexanizmlarini qonunchilikda aks ettirish boʻyicha huquq ijodkorligi faoliyatini uzluksiz va tizimli tarzda tashkil etishni taqozo etadi. Bu Konstitutsiyaning mamlakat Asosiy qonuni sifatida regulyativ (tartibga soluvchi) rolini toʻliq roʻyobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Konstitutsiyada belgilangan demokratiya, erkinlik, tenglik, qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik, inson, uning hayoti, shaʼni va qadr-qimmati kabi milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda prinsiplar qonunchilikni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari va mazmunini belgilab beradi.
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-67-sonli Farmonining qabul qilinishi, u bilan 89 banddan iborat chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanishi, Konstitutsiyaning ustuvor gʻoyalarini roʻyobga chiqarish va normalarini hayotga tatbiq etish boʻyicha Davlat komissiyasi hamda suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat prinsiplarini amalga oshirish boʻyicha 5 ta ekspertlik kengashlari tuzilganligi Konstitutsiyani realizatsiya qilishda tizimli yondashuvni taʼminlaganligini qayd etadi.
Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi uning qoida va normalari boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan ustuvorligini, davlat organlari va mansabdor shaxslar, fuqarolar va tashkilotlar uchun majburiy ekanligini hamda huquq ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyotida bosh mezon ekanligini anglatadi.
Konstitutsiyaning mamlakatning butun hududida toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi uning ijtimoiy munosabatlarni bevosita tartibga solishini, davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan tegishli qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishidan yoki mavjudligidan qatʼi nazar qoʻllanilishini anglatadi.
Konstitutsiyaviy sud davlat organlari, ayniqsa, sudlar tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyani bevosita qoʻllagan holda qarorlar qabul qilish amaliyotini har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi. Xususan, sud amaliyoti tahlili Konstitutsiya va uning moddalariga jinoyat ishlari boʻyicha sudlarning 15 152 ta, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarning 4 454 ta, iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlarning 2 225 ta hamda maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlarning 684 ta hujjatlarida toʻgʻridan-toʻgʻri havola qilganliklarini koʻrsatmoqda.
Xususan, sudlar tomonidan koʻproq Konstitutsiyaning 26, 27, 28, 29, 31 (jinoyat ishlari boʻyicha sudlar), 15, 20, 26, 29, 31, 33, 41, 42, 46, 47, 55, 60, 62 — 68, 76 — 78, 80 (fuqarolik ishlari sudlar), 15, 16, 55, 65 — 68, 99, 134, 138 (iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlar) hamda 15, 20, 21, 29, 30, 40, 41, 46, 54, 55, 65 — 67, 138-moddalariga (maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlar) murojaat etilmoqda.
Konstitutsiyaviy sud umumiy yurisdiksiya sudlari tomonidan Konstitutsiya normalarini toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllanilishi amaliyotining keng yoʻlga qoʻyilishiga Oliy sud Plenumining 2023-yil 23-iyundagi “Odil sudlovni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi muhim sharoit yaratganligini taʼkidlaydi.
Konstitutsiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi uning normalarini qonun va qonunosti hujjatlarda rivojlantirilishi zaruratini inkor etmaydi. Konstitutsiyada belgilangan normalar huquq ijodkorligi subyektlari tomonidan yangi qonunchilik hujjatlarini qabul qilish orqali yanada rivojlantirilishi lozim. Xususan, Konstitutsiya yangi tahrirda qabul qilingandan soʻng 30 dan ziyod qonun va qonunosti hujjatlari unga muvofiqlashtirildi. Konstitutsiyaviy sud bu qonunchilikni Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish boʻyicha dastlabki qadamlar ekanligini hamda ushbu jarayon izchil davom ettirilishi lozimligini, qayd etadi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-noyabrdagi “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi PF-188-sonli Farmoni bilan qonunosti hujjatlarni, shu jumladan, idoraviy hujjatlarni Konstitutsiyaga mazmunan muvofiqlashtirish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosini toʻliq taʼminlash muhim amaliy ahamiyatga ega.
Konstitutsiyaviy sud davlat organlari va mansabdor shaxslar eʼtiborini Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 1-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-837-son Konstitutsiyaviy Qonuniga muvofiq, Konstitutsiya normalari tegishli qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishidan yoki mavjudligidan qatʼi nazar bevosita amal qilishini inobatga olishlari lozimligiga qaratadi. Bunda u yoki bu masala boʻyicha normativ-huquqiy hujjatning qabul qilinmaganligi Konstitutsiyaning tegishli normasini qoʻllashni rad etish uchun asos boʻla olmaydi.
Ayni paytda Konstitutsiyani toʻlaqonli amalga oshirishning yana bir muhim sharti bu — konstitutsiyaviy huquq-tartibotga davlat organlari va mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar tomonidan har tomonlama rioya etishdir.
Konstitutsiya normalarining buzilishi holatlari jamoatchilikning Konstitutsiyaga ishonchi, undan kutgan orzu-umidlariga va shu orqali davlatga, amalga oshirilayotgan islohotlarga boʻlgan munosabatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu nuqtai nazardan Konstitutsiyani hayotga tatbiq etish yuqori darajadagi huquqiy ong va madaniyatni taqozo etadi hamda ushbu jarayon Konstitutsiyani ijtimoiy ongning, birinchi navbatda davlat xizmatchilari ongining bir qismiga aylanishi bilan chambarchas bogʻliq.
Konstitutsiyaviy sud bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan 2023-yil 15-mayda Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish boʻyicha “yoʻl xaritasi” qabul qilinganligini hamda uning doirasida 10 mingga yaqin targʻibot tadbirlari oʻtkazilganligi, bepul onlayn kurs yaratilganligini qoʻllab-quvvatlaydi.
Yuqoridagilar asosida Konstitutsiyaviy sud:
1) Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligidan kelib chiqib, Adliya vazirligi hamda boshqa huquq ijodkorligi subyektlariga normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazishda uning Konstitutsiyaga muvofiqligi nuqtai nazardan baholashni eng asosiy, birlamchi mezon sifatida alohida belgilab qoʻyishni muhim deb hisoblaydi;
2) Konstitutsiyani toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllash masalasini davlat xizmatchilarini, shu jumladan, huquqni qoʻllovchilar, sud va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini oʻqitish va malakasini oshirish tizimining muhim qismi sifatida mustahkamlashni tavsiya etadi;
3) vazirlik va idoralarning eʼtiborini qonunchilikni Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishda faqatgina unga zid boʻlgan normalarni qayta koʻrib chiqish emas, balki ularni Konstitutsiyaga mazmunan (mohiyatan) moslashtirish zarurligiga qaratadi. Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy sud vazirlik va idoralarni 2023-yil 6-noyabrda Oliy Majlis palatalari kengashlarining qoʻshma qarori bilan tasdiqlangan Qonunchilikni yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini toʻlaqonli amalga oshirishga chaqiradi;
4) Hukumatni, vazirlik va idoralarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-noyabrdagi “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi PF-188-sonli Farmonida belgilangan vazifalarni, xususan, inson huquq va erkinliklarini cheklash, mulkdor mol-mulkidan mahrum etilishi asoslari va tartibi faqat qonunlar bilan belgilanishi mumkinligi haqidagi Konstitutsiya talabidan kelib chiqib, qonunosti hujjatlardagi normalarni qonun darajasiga koʻtarishni jadallashtirishga daʼvat qiladi;
5) tegishli konstitutsiyaviy normalarni maqsadli auditoriyalarga moʻljallagan holda doimiy tushuntirib borish, fuqarolar, huquqni qoʻllovchilar, mansabdor shaxslar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining konstitutsiyaviy-huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, yoshlarni konstitutsiyaviy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash boʻyicha ishlarni davom ettirish lozim, deb hisoblaydi;
6) huquqshunoslik yoʻnalishida darsliklar va boshqa qoʻllanmalarni Konstitutsiya asosida yangilash boʻyicha ishlarni yakuniga yetkazishni jadallashtirish lozimligini qayd etadi;
7) Konstitutsiya kuni bayramini xalqqa yaqinlashtirish va uni keng nishonlash orqali aholida Konstitutsiyaga hurmat ruhini shakllantirish boʻyicha qilinayotgan ishlarni qoʻllab-quvvatlaydi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vazirlik va idoralarni ushbu bayram doirasida aholining huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha tadbirlarda faol ishtirok etish va shu orqali yurtimizda konstitutsiyaviy qonuniylik muhitini yanada mustahkamlashga chaqiradi.
III. Konstitutsiyaviy sud tomonidan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qoʻllash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar
Konstitutsiyaviy odil sudlov orqali huquqiy tizim sifati yaxshilanadi, demokratik-huquqiy davlat uchun muhim boʻlgan fundamental qadriyatlarni kafolatlovchi hamda toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi normativ-huquqiy hujjat sifatida Konstitutsiya ustuvorligi va huquqiy himoyasi sud tartibida taʼminlanadi.
Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaviy sud ish yurituvida Konstitutsiya ustuvorligini taʼminlash, fuqaro va yuridik shaxslarning murojaatlarida koʻtarilgan muammolarni har tomonlama va sifatli koʻrib chiqish kabi yondashuvlarga asoslanadi.
Konstitutsiyaviy sud qarorlarida qonunchilikni rivojlantirish uchun muhim huquqiy yondashuvlarni shakllantiradi hamda qonunchilikdagi Konstitutsiyaga zid normalarni bartaraf etish choralarini belgilaydi. Ushbu jarayonda vakolatli davlat organlarining fikri, ilmiy tadqiqotlar natijalari hamda olimlar, ekspert va mutaxassislarning xulosalari oʻrganiladi.
Konstitutsiyaviy sud tomonidan fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqishda ularning Konstitutsiya bilan kafolatlangan huquq va erkinliklariga bevosita taalluqli boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi tekshiriladi va baholanadi.
Har bir shaxsning konstitutsiyaviy shikoyat orqali konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish huquqining mustahkamlanishi ularning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilishning muhim omili boʻlmoqda.
Xususan, 2022-2023-yillarda jami 2 850 nafar fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilgan. Mazkur koʻrsatkich ham Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish institutining Konstitutsiyani amalga oshirishning taʼsirchan va samarali vositasi, qonunchilikning konstitutsiyaviy legitimligini mustahkamlashda fuqaroviy faollikning muhim shakli sifatida shakllanganligini koʻrsatmoqda.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlarida akkreditatsiyadan oʻtkazish, masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish, soliqqa oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish tartibi, yangi ochilgan holatlar boʻyicha sud hujjatlarini qayta koʻrish asoslari, fuqarolik protsessida isbotlash va dalillarni taqdim etish majburiyati, aholining bank muassasalarida omonatda turgan pul mablagʻlarini indeksatsiya qilish, homiylikni amalga oshirishga boʻlgan huquq, uy-joyga boʻlgan huquq bilan bogʻliq masalalarda normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish soʻralgan.
Murojaatlarning 14 ta maʼmuriy-hududiy birliklar kesimidagi tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, eng koʻp murojaat Toshkent shahri, Samarqand va Toshkent viloyatlaridan kelib tushgan.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi qonun chiqaruvchi tomonidan bunday murojaatga qoʻyilgan talablar, ularni roʻyxatga olish, koʻrib chiqish, dastlabki tarzda oʻrganish hamda koʻrib chiqish uchun qabul qilish tartibining “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunda aniq belgilab berish orqali taʼminlanadi.
Konstitutsiyaviy sudga “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonun talablariga muvofiq boʻlmagan shikoyatlar bilan murojaat etish holatlari saqlanib qolmoqda. Natijada 2022-yilda — 11 ta, 2023-yilda — 4 ta murojaatlar “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun talablariga zid rasmiylashtirilganligi sababli koʻrib chiqish rad qilingan.
Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy sud fuqarolarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat etish borasidagi huquqiy xabardorlik darajasini oshirishga koʻproq eʼtibor qaratmoqda. Xususan, bu borada tegishli tushuntirishlar, koʻrgazmali izohlar bilan birga Konstitutsiyaviy sudning rasmiy veb-saytiga joylashtirildi.
Konstitutsiyaviy sud tomonidan 2022-2023-yillarda konstitutsiyaviy nazorat tartibida 119 ta qonun va 1384 ta boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi tekshirildi.
Konstitutsiyaviy nazorat tartibida tekshirilgan normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha Konstitutsiyaviy sud hujjatlarida zamonaviy konstitutsionalizm amaliyotini hisobga olgan holda huquqiy tizimni takomillashtirish boʻyicha konstitutsiyaviy-doktrinal yondashuvlar bayon etilgan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning aniq yoʻnalishlari koʻrsatib berilgan, huquqiy normalarni qoʻllashning konstitutsiyaviy-huquqiy masalalariga eʼtibor qaratilgan.
Masalan, Konstitutsiyaviy sudning 2023-yil 13-martda boʻlib oʻtgan sud majlisida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2023-yil 10-martdagi 3017-IV-son “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazish toʻgʻrisida” qarorining Konstitutsiyaga muvofiqligi koʻrib chiqildi.
Konstitutsiyaviy sud murojaatni har tomonlama va toʻliq oʻrganib chiqish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qarorining mazmuni boʻyicha Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish uchun Qonunchilik palatasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini qabul qilish hamda referendumni tayinlash tartibiga rioya etilganligi, shuningdek, loyihada referendum predmeti boʻlishi mumkin boʻlmagan masalalar mavjudligiga aniqlik kiritishga eʼtibor qilgan. Konstitutsiyaviy sud tomonidan mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq deb topilgan.
Konstitutsiyaviy sud huzurida maslahat organi sifatida jamoatchilik asosida ilmiy-maslahat kengashi faoliyat koʻrsatib, u Konstitutsiyaviy sudning faoliyatiga oid masalalar, shu jumladan, Konstitutsiya ustuvorligini taʼminlash, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarni himoya qilish mexanizmlari samaradorligini oshirish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar kiritadi. Xususan, Ilmiy-maslahat kengashi 2022-2023-yillarda 9 ta masala boʻyicha takliflar kiritgan va ular Konstitutsiyaviy sud tomonidan qaror qabul qilishda inobatga olingan.
Yuqoridagilar asosida Konstitutsiyaviy sud:
1) fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish institutini fuqarolar uchun yanada qulay qilish, ularning konstitutsiyaviy-huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, konstitutsiyaviy sud ish yurituvi doirasida fuqarolarga malakali yuridik yordam koʻrsatish masalalari ustida ishlash ham ushbu institut orqali mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikni yanada mustahkamlashga koʻmaklashadi, deb hisoblaydi hamda vakolatli davlat organlari bilan bu boradagi hamkorlikni kuchaytiradi;
2) kelgusi yilda Ilmiy-maslahat kengashi tarkibiga kiritilgan olim va mutaxassislarning malakasini oshirish, ularning ishtirokida Konstitutsiyaga bagʻishlangan ilmiy tadbirlar oʻtkazish boʻyicha ishlarni yanada kuchaytirish boʻyicha choralar koʻradi.
IV. Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini toʻgʻridan toʻgʻri qoʻllash, uni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar va takliflar
Oʻtgan davrda konstitutsiyaviy sud ish yurituvi davomida, shuningdek, Ilmiy-maslahat kengashi tomonidan kiritilgan takliflarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish yuzasidan bir qator masalalar aniqlandi.
1. Konstitutsiya ustuvorligi, inson va fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan huquq va erkinliklarini taʼminlash oʻz navbatida qonuniylik va huquq ustuvorligiga taʼsir etayotgan omillarni vakolatli davlat organlari tomonidan oʻz vaqtida aniqlash va tezkor chora koʻrishni taqozo etadi.
Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy sud aholi murojaatlarida koʻtarilgan konstitutsiyaviy huquqlarni taʼminlash bilan bogʻliq quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratadi:
bola huquqlari buzilishi holatlari kuzatilayotganligini inobatga olib, bolalarni turli koʻrinishdagi zoʻravonliklardan himoya qilish, bu borada ota-onalar, taʼlim tashkilotlari, boshqa mutasaddi idoralar masʼuliyatini oshirish, tegishli qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq;
mulk huquqi kafolatlariga rioya etmaslik holatlari sezilarli kamaygan boʻlsa-da, hali bu sohada muammolar saqlanib qolayotganligini inobatga olib, mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillarining ushbu masalalarda huquqiy madaniyatini oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mulk huquqi buzilishi holatiga mutlaqo toqatsiz munosabatini shakllantirish, bu borada profilaktik choralarni kuchaytirish zarur;
baʼzi hududlarda tadbirkor oʻz mahsulotini viloyat hududidan erkin olib chiqib ketishda toʻsqinliklarga uchrashi holatlarini eʼtiborga olib, barcha masʼullardan tovar va xizmatlarning erkin harakatlanishi boʻyicha konstitutsiyaviy kafolatlarga soʻzsiz rioya etish talab etiladi.
Ushbu holatlar yuzasidan Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaviy huquqlarga rioya etmaslik holatlari vakolatli davlat organlari diqqat-eʼtibori markazida boʻlishi kerakligi, bu bilan bogʻliq har bir holat zudlik bilan oʻrganilishi hamda buzilgan huquqlarni tiklash boʻyicha zarur choralar koʻrilishi lozimligini taʼkidlaydi, shuningdek, Hukumatni va masʼul tashkilotlarni faqatgina aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tezkor choralar koʻrish bilan cheklanmasdan, ularni yuzaga keltirgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha tizimli choralar koʻrib borishga chaqiradi.
2. Konstitutsiyaviy sud sudlarga muayyan ishda qoʻllanilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisida Oliy sud orqali Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish vakolatining berilishini zamonaviy oʻzbek konstitutsionalizmini rivojlantirishning muhim yoʻnalishi sifatida baholaydi.
Ushbu institut sudlar faoliyatida u yoki bu normativ-huquqiy hujjatning konstitutsiyaviy-huquqiy mazmunini asossiz toraytirib yoki kengaytirib qoʻllash ehtimolining oldini oladi, shu orqali konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlaydi, fuqarolarning odil sudlovga erishish, sud himoyasida boʻlish kabi konstitutsiyaviy huquqlarining samarali amalga oshirilishini taʼminlaydi.
Shu bilan birga sudlar tomonidan ushbu vakolatdan hozirga qadar foydalanilmaganligi uning samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha choralarni koʻrish, xususan, ushbu vakolatni amalga oshirish tartibiga oid huquqiy asoslarni ishlab chiqish zaruratidan dalolat beradi.
Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy sud Oliy sudga ushbu muhim konstitutsiyaviy institutni amalga oshirish tartib-taomillarini batafsil tartibga soluvchi huquqiy asoslarni ishlab chiqish va shu orqali odil sudlovni amalga oshirishda konstitutsiyaviy qonuniylikni taʼminlash choralarini koʻrishni tavsiya etadi.
3. Konstitutsiyada belgilangan muhim normalardan biri bu — huquqiy taʼsir choralarini qoʻllashda mutanosiblik, yetarlilik konstitutsiyaviy prinsiplariga rioya etish hisoblanadi. Ushbu konstitutsiyaviy norma qonunchilik hujjatlaridagi huquqiy taʼsir choralarini toʻliq qayta koʻrib chiqishni taqozo etadi.
Har qanday huquqiy taʼsir chorasi shaxsning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari hamda davlat va jamiyatning ommaviy manfaatlari oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlashi lozim. Huquqiy taʼsir choralari asoslangan, adolatli, zarur va oʻz maqsadiga erishish uchun yetarli hajmda boʻlishi lozim. Huquqiy taʼsir choralari fuqarolarning huquq va erkinliklarini asossiz, yaʼni taʼsir chorasi maqsadiga erishish mumkin boʻlgan meʼyordan ortiqcha darajada cheklamasligi kerak.
Konstitutsiyaviy sud shu nuqtai nazardan jinoiy va maʼmuriy jazo choralari, moliyaviy sanksiyalar, neustoyka (penya, jarima) hamda boshqa huquqiy taʼsir choralarini qayta koʻrib chiqishni taklif qiladi.
Bu borada Konstitutsiyaviy sud Hukumat va Oliy Majlisning uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, oʻtkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish (JK 2444-moddasi) uchun jinoiy javobgarlikni yengillashtirish, shu jumladan, maʼmuriy preyuditsiya kiritish boʻyicha saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi hamda bu konstitutsiyaviy mutanosiblik va yetarlilik prinsiplarini roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi, deb hisoblaydi.
4. Konstitutsiyada odil sudlovni taʼminlovchi davlat hokimiyatining alohida tarmogʻi sifatida sud hokimiyatining roli va mustaqilligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu oʻz navbatida huquqiy davlatchilik, Konstitutsiya va huquq ustuvorligi, konstitutsiyaviy huquq-tartibotni taʼminlash va fuqarolarni sud himoyasida boʻlishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishning muhim sharti hisoblanadi.
Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy sud Konstitutsiyaning 136-moddasi talablaridan kelib chiqib, qonun hujjatlarida sud qayta tashkil etilganda yoki tugatilganda sudya oʻz lavozimini saqlab qolishi kafolatlarini belgilash va ushbu huquqni amalga oshirish tartibini aniqlashtirish lozimligini taʼkidlaydi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-300-sonli qarorida belgilangan tezkor-qidiruv va tergov harakatlariga sanksiya berish masalasini koʻrib chiquvchi alohida tergov sudyalari institutini joriy etish, ushbu jarayonni jadallashtirish hamda tergov sudyalarini oʻqitish va malakasini oshirib borish boʻyicha alohida tizim yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq.
Konstitutsiyaviy sud viloyat, tuman (shahar) sudyalarining tegishli xalq deputatlari Kengashlari oldida axborot berish amaliyoti sudyaning mustaqilligi va xolisligiga raxna solishi mumkinligini inobatga olib, vakolatli davlat organlarini ushbu amaliyotni bekor qilishga chaqiradi.
5. Konstitutsiyada ilk marotaba davlat jabrlanganlarga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilandi.
Aholidan kelib tushgan takliflardan kelib chiqib, alohida jinoyatlar, birinchi navbatda firibgarlik boʻyicha jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishda sudlanuvchi tomonidan jabrlanuvchiga yetkazilgan zararning qoplanilganligini inobatga olish talabini kiritish orqali jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha dastlabki qadamlarni tashlash maqsadga muvofiq.
6. Konstitutsiyaviy sud dastlabki (ex-ante) konstitutsiyaviy nazorat tartibida konstitutsiyaviy qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish vakolatiga ega.
Biroq, qonunchilikda ushbu institutni amalga oshirish tartibi va mexanizmlari belgilab berilmaganligini inobatga olib, shuningdek, qonunchilikda huquqiy boʻshliqqa yoʻl qoʻymaslik maqsadida Konstitutsiyaviy sud Oliy Majlis palatalariga ushbu institutni amalga oshirish tartibini belgilashni tavsiya etadi.
7. Konstitutsiyaviy sud xorijiy mamlakatlarda normativ-huquqiy hujjatlarni toʻgʻri qoʻllashning taʼsirchan va samarali vositasi sifatida keng qoʻllaniladigan Konstitutsiya, qonun va qonunosti hujjatlari normalariga sharh berish amaliyoti mamlakatimizda keng uchramasligiga eʼtibor qaratadi hamda bu koʻp jihatdan normativ-huquqiy hujjatlarga sharh berish uslubiyoti ishlab chiqilmaganligi bilan bogʻliq, deb hisoblaydi.
Shuni inobatga olib, Konstitutsiyaviy sud Adliya vazirligi, Oliy Majlis palatalari bilan birgalikda Konstitutsiya, qonun va qonunosti hujjatlari normalariga sharh berish uslubiyotini ishlab chiqishni taklif qiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Konstitutsiyaviy sud normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish vakolatiga ega boʻlgan davlat organlari eʼtiborini ular normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va qabul qilish jarayonida Konstitutsiya, uning normalari, prinsiplari va gʻoyalari ustunligidan kelib chiqishlari lozimligiga qaratadi.
Shu bilan birga Konstitutsiyaviy sud barcha davlat organlarini Konstitutsiyani amalga oshirish va mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikni taʼminlashda masʼuliyatni toʻlaqonli his qilishga, shu jumladan, oʻz faoliyatida Konstitutsiyada kafolatlangan huquq va erkinliklarning cheklanishiga yoʻl qoʻymaslikka, konstitutsiyaviy huquqlar buzilishining har qanday holatlari boʻyicha tezkor va qatʼiy choralarni koʻrib borishga chaqiradi.
Zero, faqat barcha davlat organlarining konstitutsiyaviy qonuniylikni taʼminlash boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlari mamlakatda inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekanligi toʻgʻrisidagi umuminsoniy prinsiplarning amalga oshirilishini kafolatlaydi.