O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sudyalar va ularning oila a’zolari pensiya ta’minoti shartlari, me’yorlari hamda tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Sudyalar va ularning oila a’zolari pensiya ta’minoti shartlari, me’yorlari hamda tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, fuqarolar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud tomonidan himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirildi.
Sud hokimiyatining alohida mavqe va obro‘siga, sudyalar mustaqilligi prinsiplariga muvofiq sudyalar va ularning oila a’zolari pensiya ta’minoti shartlari, me’yorlari hamda tartibi belgilangan.
Bugungi kunda sudyalarga pensiya tayinlash amaliyotida yuzaga kelayotgan noaniqlik va muammolar tahlili sudyalar va ularning oila a’zolari pensiya ta’minoti shartlari, me’yorlari hamda tartibini yanada takomillashtirish zarurligini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023-yil 16-yanvardagi PF-11-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, sudyalarning pensiya ta’minoti shartlari, me’yorlari va tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-yanvardagi PF-11-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2023 — 2026-yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturining 27-bandiga muvofiq sudyalarga pensiya tayinlash amaliyotida yuzaga kelayotgan noaniqlik va muammolar tahlili asosida sudyalar va ularning oila a’zolari pensiya ta’minoti shartlari, me’yorlari hamda tartibini takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
sudyalik lavozimida pensiya olish huquqini ta’minlashda sudyaning pensiya yoshiga qadar benuqson obro‘-e’tibor bilan faoliyat ko‘rsatishi asosiy mezon hisoblanishini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan asoslar bo‘yicha sudyaning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda, sudyalik pensiyasini olish huquqini istisno etish;
sudyaning amaldagi vakolat muddati tugamasdan navbatdagi muddatga saylangan yoki tayinlangan hollarda, istisno tariqasida, olti oygacha bo‘lgan muddat sudya lavozimidagi ish stajiga qo‘shilishini aniqlashtirish;
pensioner vafot etgan oy uchun oxirigacha olinmay qolgan pensiya summasi ushbu oy uchun to‘liq to‘lanishini belgilash.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 28-noyabr,
630-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-noyabrdagi 630-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan Sudyalar va ularning oila a’zolari pensiya ta’minoti shartlari, me’yorlari hamda tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 3-bandda:
“a” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) yoshga doir pensiyani — sudya sifatida kamida 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan erkaklar — 60 yoshga to‘lganda hamda ayollar — 55 yoshga to‘lganda. Bunda sudyaning amaldagi vakolat muddati tugamasdan navbatdagi muddatga saylangan yoki tayinlangan hollarda, istisno tariqasida, olti oygacha bo‘lgan muddat sudya lavozimidagi ish stajiga qo‘shiladi”;
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni 79-moddasi birinchi qismining 1, 3, 5 va 10-bandlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha sudyaning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda, u ushbu Nizomga muvofiq pensiya olish huquqiga ega bo‘lmaydi”.
2. 6-bandning uchinchi xatboshisi “shuningdek,” so‘zidan keyin “1991-yil 12-iyundan 1992-yilning 8-dekabriga qadar hakamlik sudlari,” so‘zlari bilan to‘ldirilsin.
3. 30-bandda:
quyidagi mazmundagi to‘qqizinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Ushbu Nizom 30-bandining beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan shaxslarning ushbu Nizomga muvofiq pensiya tayinlash huquqini beradigan ish stajini hisoblash uchun ushbu shaxslar kamida 10 yil sudya lavozimida ishlagan bo‘lishi lozim”;
to‘qqizinchi xatboshi tegishincha o‘ninchi xatboshi deb hisoblansin.
4. 45-bandning beshinchi xatboshisi “xo‘jalik sudlari,” so‘zlaridan keyin “shuningdek, 1991-yil 12-iyundan 1992-yilning 8-dekabriga qadar hakamlik sudlari” so‘zlari bilan to‘ldirilsin.
5. 48-bandning to‘rtinchi xatboshisidagi “pensiyani hisoblashning eng kam miqdorining” so‘zlari “pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining” so‘zlari bilan almashtirilsin.
6. 100-bandning ikkinchi xatboshisidagi “uning vafotigacha ushbu oyning kunlari uchun” so‘zlari “ushbu oy uchun to‘liq” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2023-y., 09/23/630/0911-son)