Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oliy taʼlim muassasalarining iqtidorli talabalari uchun ayrim nomli davlat stipendiyalari joriy etilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 5-fevraldagi “Oʻzbekistonning oʻquvchi yoshlarini ragʻbatlantirish choralari toʻgʻrisida”gi PF-555-son Farmoniga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 3-noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-414-son hamda 2023-yil 25-yanvardagi “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi PQ-20-son qarorlariga muvofiq:
2. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
3. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.K. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 10-avgust,
PF-132-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-avgustdagi PF-132-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 5-fevraldagi “Oʻzbekistonning oʻquvchi yoshlarini ragʻbatlantirish choralari toʻgʻrisida”gi PF-555-son Farmoniga kiritilayotgan oʻzgartirish
2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Barcha fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichlari “aʼlo” (koʻpi bilan 25 foizi “yaxshi”) boʻlgan hamda ijodiy ishda qatnashadigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishida oʻqiyotgan oxirgi ikki kurs (keyingi oʻrinlarda — yuqori kurs) talabalari uchun quyidagi nomli davlat stipendiyalari taʼsis etilsin: texnika yoʻnalishlarida — Beruniy, tibbiyot yoʻnalishlarida — Ibn Sino, gumanitar yoʻnalishlarda — Navoiy, tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn yoʻnalishlarida — Kamoliddin Behzod, tabiiy yoʻnalishlarda — Ulugʻbek, kinematografiya yoʻnalishida — Xudoybergan Devonov, tarix va geografiya yoʻnalishlarida — Bobur, jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishlarida — Pahlavon Mahmud, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida — Imom al-Buxoriy, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi oliy taʼlim muassasalarida — Toʻlepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov, shuningdek, barcha yoʻnalishlarda — Islom Karimov nomli.
Belgilansinki:
Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Kamoliddin Behzod va Ulugʻbek nomli davlat stipendiyalari bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yuqori kurslarning har ming nafar talabasiga bittadan;
Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasi Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining uch nafar yuqori kurs talabasiga;
Xudoybergan Devonov nomli davlat stipendiyasi kinematografiya sohasi uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy taʼlim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
Bobur nomli davlat stipendiyasi tarix va geografiya yoʻnalishlari uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy taʼlim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishlari uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy taʼlim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
Toʻlepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi har bir oliy taʼlim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi har bir oliy taʼlim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga tayinlanadi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.08.2023-y., 06/23/132/0581-son)