O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
“O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat bankining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
“O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat bankining (keyingi o‘rinlarda — “O‘zsanoatqurilishbank” ATB) moliyaviy barqarorligi va investitsion jozibadorligini hamda operatsion samaradorligini oshirish, xususiylashtirishga tayyorlash va bank tizimiga strategik investorlarni jalb qilish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Xalqaro moliya korporatsiyasi (keyingi o‘rinlarda — XMK) hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan (keyingi o‘rinlarda — YETTB) jami 125 million AQSH dollari miqdoridagi “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning qo‘shimcha chiqarilgan oddiy aksiyalariga konvertatsiya qilish imkoniyati bilan kredit liniyalari jalb qilinganligi;
XMK, Osiyo taraqqiyot banki (keyingi o‘rinlarda — OTB) va YETTBning “O‘zsanoatqurilishbank” ATBni transformatsiya qilish va xususiylashtirish masalalari bo‘yicha qo‘shma tavsiyalari taqdim etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan quyidagi takliflari ma’qullansin:
a) “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Kuzatuv kengashi tomonidan Bank boshqaruv raisi va uning a’zolarini mustaqil ravishda tayinlash va lavozimidan ozod qilish amaliyotini to‘laqonli joriy etish hamda bu borada tayinlash va rag‘batlantirish qo‘mitasi rolini kuchaytirish;
b) “O‘zsanoatqurilishbank” ATB xususiylashtirilgunga qadar bank oddiy aksiyalari bo‘yicha dividend to‘lanmagan holda uning sof foydasini taqsimlamaslik;
v) 2023-yilning yakuniga qadar:
OTB bilan 50 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘larini “O‘zsanoatqurilishbank” ATBga jalb qilish hamda mazkur kredit mablag‘larini bank aksiyalariga konvertatsiya qilish imkoniyatini berish bo‘yicha bitimni imzolash;
XMKning 40 million AQSH dollari miqdoridagi subordinar qarz mablag‘larini jalb qilish;
bankning rahbarlik lavozimlariga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;
YETTB, XMK va OTB bilan hamkorlikda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy etish;
xalqaro moliya institutlari va ekspertlarni jalb etgan holda “O‘zsanoatqurilishbank” ATBni uch yillik rivojlantirish va raqamli transformatsiya qilish strategiyasini ishlab chiqish;
XMK ko‘magida 100 million AQSH dollari miqdorida “yashil” obligatsiyalarni mahalliy va xalqaro kapital bozorlarida muomalaga chiqarish;
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning “g” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi PQ-289-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.09.2025-y., 07/25/289/0859-son)
3. Agentlik bosh direktoriga O‘zbekiston Respublikasi nomidan “O‘zsanoatqurilishbank” ATB kapitaliga xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borish hamda tegishli hujjatlarni imzolash vakolati berilsin.
4. “O‘zsanoatqurilishbank” ATBga bankni xususiylashtirish va transformatsiya qilish jarayonida, Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan nizomga muvofiq malakali mutaxassislardan iborat tanlov komissiyasi tomonidan mustaqil ravishda quyidagi xarid jarayonlarini amalga oshirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish huquqi berilsin:
xalqaro yuridik, auditorlik kompaniyalari, investitsiya maslahatchilari va investitsiya banklari, ilg‘or xorijiy va mahalliy ta’lim muassasalari, yuqori malakali xorijiy ekspert va konsultantlarni jalb etish;
axborotlashtirish qurilmalari, dasturiy ta’minotlar va bankomatlarni yetkazib beruvchi kompaniyalar bilan shartnomalar tuzish.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda “O‘zsanoatqurilishbank” ATBga ajratilgan umumiy qiymati 1 280,12 milliard so‘m miqdoridagi kredit liniyasi mablag‘lari dastlabki shartlarni o‘zgarishsiz qoldirgan holda subordinar qarz sifatida qayta rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi bosh direktori Sh.A. Vafayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 31-iyul,
PQ-253-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-iyuldagi PQ-253-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-168-son qarorining 7-bandida:
a) birinchi xatboshidagi “Moliya vazirligi” so‘zlari “Strategik islohotlar agentligi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) ikkinchi xatboshidagi “2022-yil 1-oktabrga qadar” so‘zlari “2024-yil 1-martga qadar” so‘zlari bilan almashtirilsin;
v) uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot bankini jalb qilgan holda 2024-yil yakuniga qadar “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va 2025-yil yakuniga qadar “Asakabank” ATBning davlat ulushlari xususiylashtirilishini ta’minlasin”;
g) to‘rtinchi xatboshidagi “2023-yil 1-iyulga qadar” so‘zlari “2025-yil 1-yanvarga qadar” so‘zlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-martdagi “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat bankini xalqaro moliya institutlari ishtirokida xususiylashtirish va transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 161-son qarorida:
a) quyidagi mazmundagi 21-band bilan to‘ldirilsin:
“21. Bankni xususiylashtirish va transformatsiya qilish ishlarini jadallashtirish maqsadida:
Bank tomonidan yangi beriladigan kreditlar bozor tamoyillari va xatarlarni boshqarish tizimidan kelib chiqqan holda bank siyosati asosida ajratiladi;
Bankning Kuzatuv kengashi raisi 2023-yil 31-avgustga qadar uning mustaqil a’zolari orasidan saylanadi”;
b) 3-bandning uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
v) 6-bandning ikkinchi xatboshisidagi “2023” raqami “2024” raqami bilan almashtirilsin;
g) 8-bandning to‘rtinchi xatboshisidagi “XMKga” qisqartmasi “xalqaro moliya institutlariga” so‘zlari bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-dekabrdagi 778-son qarori bilan tasdiqlangan 2023-yil yakuniga qadar “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat bankini xususiylashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da:
a) 6-pozitsiyada:
“Chora-tadbirlar” ustuni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mustaqil a’zolar orasidan Bank Kuzatuv kengashi raisini saylash”;
“Ijro muddati” ustunidagi “Xalqaro moliya institutidan kredit liniyasini konvertatsiya qilish to‘g‘risidagi xabarnoma olingandan keyin 90 kun muddatda” so‘zlari “2023-yil 31-avgustga qadar” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) 38-pozitsiyaning “Amalga oshirish mexanizmi” ustunidagi 1-band chiqarib tashlansin;
v) 41-pozitsiyada:
“Chora-tadbirlar” ustunidan “2023-yil yakuniga qadar” so‘zlari chiqarib tashlansin;
“Ijro muddati” ustunidagi “2023” raqami “2024” raqami bilan almashtirilsin;
“Mas’ullar” ustunidagi “Moliya vazirligi” so‘zlari “Strategik islohotlar agentligi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2023-y., 07/23/253/0548-son; 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son; 22.09.2025-y., 07/25/289/0859-son)