Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Surxondaryo viloyatida quvvati 1500 — 1600 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasi qurilishiga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Surxondaryo viloyatida qurilayotgan issiqlik elektr stansiyasining qurilishini jadallashtirish hamda aholini va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) “Stone City Energy” kompaniyasi (Niderlandiya) (keyingi oʻrinlarda — Investor) tomonidan “Surxondaryo viloyatida quvvati 1 500 — 1 600 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasi (keyingi oʻrinlarda — Investitsiya loyihasi) toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilayotganligi;
b) Investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsadida Investor tomonidan “SCE Quvvat” MChJ (keyingi oʻrinlarda — Loyiha kompaniyasi) tashkil etilganligi;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Investor va Loyiha kompaniyasi oʻrtasida 2021-yil 22-aprelda investitsiya bitimi (keyingi oʻrinlarda — Investitsiya bitimi) imzolanganligi;
g) “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Loyiha kompaniyasi oʻrtasida 2021-yil 22-aprelda Investitsiya loyihasi doirasida Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim (keyingi oʻrinlarda — Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim) imzolanganligi;
d) Investitsiya loyihasini moliyalashtirishda Islom taraqqiyot banki (IDB) va Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasi (ICD) hamda boshqa kreditorlar ishtirok etishi;
e) kreditorlar talablariga muvofiq Investitsiya bitimi va Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
Investitsiya bitimiga 2023-yil 29-iyunda kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar tasdiqlansin;
Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimga 2023-yil 8-mayda kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar maʼqullansin.
3. Belgilansinki, Investitsiya loyihasini moliyalashtirish doirasida:
a) Islom taraqqiyot banki va Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga zid boʻlmagan tegishli Islom moliyalashtirish tuzilmalari va kelishuvlaridan foydalaniladi.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Qirolligi oʻrtasida Soliq shartnomasi, shuningdek, Islom taraqqiyot banki va Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasi bilan shartnomalar tuzilgan boʻlib, ular ushbu Islom moliyalashtirish tuzilmalari va kelishuvlariga nisbatan qoʻllaniladi;
b) quyidagi Islom moliyalashtirish tuzilmalari va kelishuvlaridan foydalaniladi:
Islom taraqqiyot banki tomonidan, shu jumladan boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisidagi asosiy kelishuv, agentlik shartnomasi (sotib olish majburiyati), anglashuv memorandumi, toʻlovni amalga oshirish toʻgʻrisidagi murojaat, ushbu moliyalashtirish usulining bir qismi sifatida talab qilinadigan toʻlovlar va boshqa tegishli shartnomalar va vositalarga nisbatan tuziladigan har qanday transfer akti (sertifikat);
Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasi tomonidan “Istisna” xarid shartnomasi, “forvard” ijara shartnomasi, sotib olish va sotish majburiyati, xizmat koʻrsatish agentligi shartnomasi (investitsiya agentligi shartnomasi), toʻlovni amalga oshirish toʻgʻrisidagi murojaat, ushbu moliyalashtirish usulining bir qismi sifatida talab qilinadigan toʻlovlar va boshqa tegishli shartnomalar va vositalarga nisbatan tuziladigan har qanday transfer akti (sertifikat).
Bunda moliyalashtirish shartnomalari sifatida Islom moliyalashtirish tuzilmalari va Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasi tomonidan qoʻllaniladigan shartnomalar moliyaviy ijara hisoblanadi;
v) Islom taraqqiyot banki va Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasi tomonidan ajratilayotgan mablagʻlar kapital harakati operatsiyasi sifatida tasniflanadi hamda tashqi savdo operatsiyalariga nisbatan qoʻllaniladigan roʻyxatdan oʻtish talabidan ozod etiladi.
4. Adliya vazirligi Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Investitsiya bitimi qoidalariga muvofiq imzolangan bitimlar yuzasidan yuridik xulosalar bersin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 5-iyul,
PQ-215-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-iyuldagi PQ-215-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-fevraldagi “Buxoro viloyatining Peshku tumanida quvvati 300 — 500 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5001-son qarorining 7-bandi quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“uchuvchisiz uchish apparatlarini (dron) xarid qilish va belgilangan tartibda ular orqali qurilish ishlarining monitoringini olib borish”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-fevraldagi “Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumanida quvvati 500 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5003-son qarorining 7-bandi quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“uchuvchisiz uchish apparatlarini (dron) xarid qilish va belgilangan tartibda ular orqali qurilish ishlarining monitoringini olib borish”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi “Surxondaryo viloyatida quvvati 1500 — 1600 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5193-son qarorida:
a) 4-banddagi “Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Surxondaryo viloyati hokimligiga” soʻzlari “Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Surxondaryo viloyati hokimligiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 9-band quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Loyiha doirasida ijaraga beriladigan yer uchastkasi uchun toʻlov Loyiha kompaniyasi tomonidan amalga oshirilib, toʻlov qiymati yer soligʻi qiymatiga tenglashtirilsin”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoraoʻzak tumanida quvvati 100 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyasini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish va boshqarish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-169-son qarorining 6-bandi quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“uchuvchisiz uchish apparatlarini (dron) xarid qilish va belgilangan tartibda ular orqali qurilish ishlarining monitoringini olib borish”.
Ilovaning 5-bandi eʼlon qilinmaydi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 07/23/215/0459-son)