Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Qoraqalpogʻiston Respublikasida investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 2-mayda qabul qilingan
Senat tomonidan 2023-yil 1-iyunda maʼqullangan
Senat tomonidan 2023-yil 1-iyunda maʼqullangan
Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, uning iqtisodiyotini erkinlashtirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va yoshlar bandligini taʼminlash orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasining iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish zarurati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga Qoraqalpogʻiston Respublikasining tadbirkorlik subyektlari uchun foyda soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq, mol-mulk soligʻi va yer soligʻi 2028-yil 1-yanvarga qadar 50 foizga kamaytirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda. Bundan tashqari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanmoqda, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlanadigan ijtimoiy soliq esa shaharlar hududida faoliyatni amalga oshirayotgan shaxslar uchun 12 baravarga, tumanlar hududida faoliyatni amalga oshirayotgan shaxslar uchun 6 baravarga kamaytirilmoqda hamda yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida belgilanmoqda.
Bundan tashqari “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidagi nodavlat taʼlim tashkilotlarining oʻquv jarayoniga jalb etiladigan chet el mutaxassislari (oʻqituvchilari) 2027-yil 1-oktabrga qadar konsullik yigʻimini hamda doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun undiriladigan davlat bojini toʻlashdan ozod qilinishini nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun Qoraqalpogʻiston Respublikasining investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirishga, tadbirkorlikni rivojlantirishga, yangi ish oʻrinlarini yaratishga, nodavlat taʼlim tashkilotlaridagi taʼlim sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan OʻRQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda, № 4, 294-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 9, 901-modda, № 10, 968, 969, 972, 973-moddalar, № 12, 1199-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 215, 216-moddalar, № 5, 461, 464, 467-moddalar, № 6, 570-modda, № 7, 664, 666-moddalar, № 12, 1190-modda) 483-moddasi quyidagi mazmundagi oʻttiz toʻqqizinchi va qirqinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Qoraqalpogʻiston Respublikasining barcha tumanlarida joylashgan hamda mazkur hududda faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari (bundan yirik soliq toʻlovchilar, doimiy muassasalar, budjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorida va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar, ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortigʻi ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorida va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxsga tegishli yuridik shaxslar mustasno) 2023-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda:
foyda soligʻini, aylanmadan olinadigan soliqni, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi;
ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasi boʻyicha, yakka tartibdagi tadbirkorlar esa yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida toʻlaydi.
Agar soliq toʻlovchi ushbu moddaning oʻttiz toʻqqizinchi qismida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari bilan bir qatorda bir vaqtning oʻzida boshqa asoslar boʻyicha soliq imtiyozlariga doir huquqqa ega boʻlsa, bunday soliq toʻlovchi oʻz ixtiyoriga qoʻra eng qulay soliq imtiyozini tanlashga haqli”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvarda qabul qilingan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi OʻRQ-600-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 1, 1-modda, № 3, 201-modda, № 5, 298-modda, № 10, 593-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 13-modda, 4-songa ilova, № 7, 661-modda, № 8, 800, 803-moddalar, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 76-modda, № 3, 214, 216-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 463, 464, 467-moddalar, № 12, 1186-modda; 2023-yil, № 2, 103-modda) quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 14-modda quyidagi mazmundagi 92-band bilan toʻldirilsin:
“92) Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidagi nodavlat taʼlim tashkilotlarining oʻquv jarayoniga jalb etiladigan chet el mutaxassislari (oʻqituvchilari) 2022-yil 1-oktabrdan 2027-yil 1-oktabrga qadar boʻlgan davrda”;
2) 15-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidagi nodavlat taʼlim tashkilotlarining oʻquv jarayoniga jalb etiladigan chet el mutaxassislari (oʻqituvchilari) 2022-yil 1-oktabrdan 2027-yil 1-oktabrga qadar boʻlgan davrda”.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun 1-moddasining qoidalari 2023-yil 1-yanvardan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Ushbu Qonun 2-moddasining qoidalari 2022-yil 1-oktabrdan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 12-iyun,
OʻRQ-845-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 03/23/845/0360-son)