Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Mahalla tizimi xodimlari kuni belgilanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-iyuldagi “Mahalla iftixori” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi PQ-3132-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish haqida
Soʻnggi yillarda mahallaning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga aloqadorligini yanada kuchaytirish, xususan bandlikni taʼminlash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga yordam koʻrsatish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Mahallada mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli beshligining oʻzaro muvofiqlashtirilgan faoliyati yoʻlga qoʻyilib, joylardagi muammolarni mahallaning oʻzida aniqlab, ularni kompleks yondashuv asosida hal etish amaliyoti joriy etildi.
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish hamda mahalla xodimlarini ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish orqali ularning faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida:
koʻkrak nishonini topshirish vaqtini 1-sentabr — Mustaqillik kuni arafasidan 22-mart — Mahalla tizimi xodimlari kuni arafasiga koʻchirish;
koʻkrak nishonini topshirish vazifasini Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligidan Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi zimmasiga oʻtkazish.
2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-mart,
PQ-93-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-martdagi PQ-93-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-iyuldagi “Mahalla iftixori” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi PQ-3132-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-ilovada:
a) 2-banddagi “mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash” soʻzlari “kambagʻallikni qisqartirish va bandlik” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimlarining koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari tomonidan koʻrib chiqilib, har yilning 3-yanvar sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) taqdim etiladi”;
v) 4 — 6-bandlardagi “mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash” soʻzlari “kambagʻallikni qisqartirish va bandlik” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 8-9-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Koʻkrak nishoni, uning guvohnomasi va pul mukofoti Mahalla tizimi xodimlari kuni arafasida kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.
9. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarning mahalla tizimi rivojiga qoʻshgan munosib hissasi va ibratli faoliyatini keng targʻib qilish maqsadida mahalla fuqarolar yigʻinlari hamda tuman (shahar) markazlaridagi “Mahalla markazi” majmualari binolariga oʻrnatiladigan “Mahallamiz iftixorlari” axborot peshlavhasining namunaviy shakli kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri tomonidan tasdiqlanadi”.
2. 3-ilovada:
a) toʻqqizinchi xatboshidagi “Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash” soʻzlari “Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) oʻn ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soʻnggi soʻzlardan 9 millimetr pastda, chap tomonda oraligʻi 2 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “Kambagʻallikni qisqartirish”, ikkinchi satrda “va bandlik vaziri” (“Times new Roman Bold” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2023-y., 07/23/93/0149-son)