O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining
qarori
Go‘sht va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash korxonalariga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablarini (0036-22-son SanQvaN) tasdiqlash to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 12-dekabrda hisobga olindi, hisob raqami 123]
O‘zbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi PF-6035-son “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati qaror qiladi:
1. Go‘sht va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash korxonalariga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablari (0036-22-son SanQvaN) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “Go‘shtni qayta ishlash korxonalariga qo‘yiladigan gigiyena talablari” (0301-12-son SanQvaN, 2012-yil 14-aprel) o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Savdo sanoat palatasi bilan kelishilgan.
4. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Boshliq B. YuSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 18-noyabr,
31-son
Kelishildi:
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2022-yil 11-noyabr
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining raisi B. NORQOBILOV
2022-yil 16-noyabr
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Sh. ShARAXMETOV
2022-yil 19-oktabr
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil D. KASIMOV
2022-yil 17-oktabr
O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining 2022-yil 18-noyabrdagi 31-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Go‘sht va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash korxonalariga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablari (0036-22-son SanQvaN)
Mazkur sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (bundan buyon matnda sanitariya qoidalari deb yuritiladi) go‘shtni qayta ishlash korxonalari faoliyatiga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi talablarni belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu sanitariya qoidalarida quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
go‘sht — suyak to‘qimasi qo‘shilgan yoki qo‘shilmagan holda mushak, yog‘, biriktiruvchi to‘qimalarning majmuidan tashkil topgan tana go‘shti yoki tana go‘shtining bir qismi ko‘rinishidagi so‘yish mahsuloti;
go‘sht mahsulotlari — qiymalangan, qaynatilgan, yarim dudlangan, qaynatilgan-dudlangan, pishloqli va dudlangan, o‘pka-jigarli va qonli kolbasalar, go‘shtli nonlar, sosiskalar, sardelkalar, pashtetlar, shuningdek, cho‘chqa, qoramol, qo‘y, parranda va boshqa so‘yiladigan hayvonlar go‘shtlardan tayyorlangan boshqa mahsulotlar.
2. Go‘shtni qayta ishlash korxonalarining sanitariya himoya mintaqasi SanQvaN 0350-17-son “O‘zbekiston Respublikasi aholi turar-joy atmosfera havosini muhofaza qilish sanitariya qoidalari va normalari”ning 6.1.8-bandiga muvofiq belgilanadi.
3. Go‘shtni qayta ishlash korxonalarining kirish va chiqish joylarida dezinfeksiyali gilamchalar to‘shalishi, shuningdek nobarqaror epizootik vaziyatlarda esa dezinfeksiyalovchi eritma bilan to‘ldirilgan maxsus dezinfeksiyali to‘siqlar ham tashkil etilishi lozim.
2-bob. Texnologik jarayon, uskuna va anjomlarga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablari
4. Go‘shtni qayta ishlash korxonalarining ishlab chiqarish va saqlash joylariga hasharotlar va kemiruvchilar kirishini oldini olish choralari (eshik panjaralari, maxsus tuynuklar, ventilatsiya tizimi teshiklari yopiq holatda bo‘lishi) ko‘rilishi kerak.
5. Go‘shtni qayta ishlash korxonalarining ishlab chiqarish binolari qo‘l yuvish uchun sovun, cho‘tka, dezinfeksiyalovchi eritma, bir martalik sochiq yoki boshqa quritish moslamalari bilan jihozlanishi lozim.
6. Go‘shtni qayta ishlash korxonalarining ishlab chiqarish binolaridagi javonlarning sirtlari silliq, yoriqlar va boshqa nuqsonlarsiz bo‘lishi kerak. Xom ashyoni qabul qilish stollarida ularni erga tushib ketishini oldini oluvchi to‘siqlar bo‘lishi lozim.
Go‘shtni suyakdan ajratish va kesish uchun qattiq yog‘ochdan tayyorlangan maxsus taxtakachlardan foydalanilishi lozim.
7. Go‘shtni qayta ishlash korxonalarida kichik buyumlarni (pichoqlar, pichoq uchun charx va boshqalar) sterilizatsiya jihozlarida sterilizatsiya qilish, katta inventarlarni esa yuvish va dezinfeksiya qilish sovuq va issiq suvli vannalarda amalga oshirish lozim.
8. Go‘shtni qayta ishlash korxonalaridagi har bir turdagi mahsulot uchun quyida ko‘rsatilgan alohida sovutish rejimiga rioya qilinishi kerak:
cho‘chqa go‘shti (mushaklarining qalinligi ham inobatga olinadi) — 10℃ haroratga yetguncha muzlatilishi, so‘ngra kamerada — 12℃ haroratda 10 kun davomida yoki — 13℃ haroratda 4 kun ushlab turilishi lozim. Mushaklar harorati chanoq son bo‘g‘imida 7 — 10 sm chuqurlikda o‘lchanishi kerak.
Boshqa go‘sht mahsulotlari (mol, qo‘y, ot, parranda va boshqalar) — 12℃ haroratda muzlatilishi yoki — 6℃ haroratdagi saqlash kameralarida kamida 24 soat ushlab turilishi lozim.
Kolbasa yoki go‘sht konservalari ishlab chiqarishning texnologik jarayonida uskunalardan ajralib chiqadigan issiqlik natijasida go‘sht mahsuloti buzilmasligi uchun muz yordamida sovutib turilishi kerak.
9. Cho‘chqa go‘shtini qayta ishlashga mo‘ljallangan kuydiruvchi pechlarning ishchi hududi havosidagi uglerod oksidining ruxsat etilgan maksimal miqdori 20 mg/m3 bo‘lishi lozim.
Ishchi hududdagi pechlarning tashqi yuzalarning maksimal harorati +45℃ bo‘lishi kerak. Agar bu haroratni ta’minlash imkoni bo‘lmasa, u holda ishchi hudud 600 kkal/m2 va undan yuqori zichlikdagi issiqlik nurlanishiga ega bo‘lgan havo purkagich va mahalliy ventilatsiya tizimi bilan ta’minlanishi lozim.
10. Korxonalarda hayvonlar sub mahsulotlarining har bir turi (ichak-chovoq, kalla-poycha, jigar, suyak, ichki yog‘lar, teri va boshqalar) alohida joyda saqlanishi lozim.
Ish joylariga sovuq va issiq suv yetkazib berish, ishlov berish vaqtiga qat’iy rioya qilish hamda chiqindilarni markirovkalangan idishlarda yig‘ish talab etiladi.
11. Chorva mollarining sub mahsulotlari birlamchi qayta ishlash sexidan o‘tkazilib, suv o‘tkazmaydigan konteynerlarga qiya qilib joylashtirilishi lozim.
Ichaklarni alohida qismlarga ajratish maxsus statsionar stolda yoki konveyerda amalga oshirilishi lozim.
12. Yog‘ini eritish mo‘ljallangan suyaklar alohida xonada maydalanishi lozim. Ozuqa yog‘larini ishlab chiqarish bilan bog‘liq boshqa jarayonlar bitta xonada bajarilishi mumkin.
Yog‘ eritish sexlari har kuni tozalanishi, ishqoriy eritmalar bilan yuvilishi, yog‘ uchun mo‘ljallangan barcha quvurlar bug‘ yordamida sterilizatsiya qilinishi lozim.
13. Go‘shtni qayta ishlash korxonalarida xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarni tashish yo‘llari bir-biri bilan kesishmasligi uchun quyida ko‘rsatilgan ishlar alohida sexlarda (yoki xonalarda) bajarilishi kerak:
go‘shtni tozalash (suv chiqarish uchun ariq o‘rnatilishi);
qonli (liver) kolbasalarni ishlab chiqarishda hom ashyoni muzdan tozalash va yuvish (muzdan tozalash kamerasida go‘sht eritilishi va go‘shtni tozalash xonasida yuvilishi);
kolbasa va ruletlar uchun ishlatiladigan qobiqlarni tayyorlash;
unni qabul qilish, saqlash va elakdan o‘tkazish;
ziravorlar, soya oqsili, sut kukuni va boshqa tarkibiy qismlarni tayyorlash va qadoqlash;
tuz, ziravorlar, kraxmal, soya oqsili, quruq sut kukuni va boshqa tarkibiy qismlarni vaqtincha saqlash (ishlab chiqarish korxonasida shkaflar, qutilarda saqlashga ruxsat beriladi).
Kolbasalar va konserva mahsulotlarini ishlab chiqarish alohida xonalarda yoki alohida smenada amalga oshiriladi. Xom ashyoni qayta ishlagandan keyin binolar, texnologik jihozlar, inventarlar, idishlar yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi lozim.
Go‘shtni qayta ishlash korxonalarining sexlari va binolarida xavf-xatarni (infeksiya tarqalishi, oziqa mahsulotlariga patogen mikroblarning tushishi) oldini olish maqsadida quyidagilar bilan ta’minlanishi lozim:
idishlarni qayta yuvish, sterilizatsiya qilish va quritish uchun qurilmalar;
yuvish uskunalari, issiq va sovuq suvli qo‘l yuvish uchun rakovinalar;
qo‘lni dezinfeksiyalovchi vositalar;
qo‘lni quritish vositalari;
asbob-anjomlarni sterilizatsiya qilish uchun sterilizatorlar;
yordamchi materiallarni, tozalash uskunalarini, yuvish va dezinfeksiyalash vositalarini saqlash uchun shkaflar.
Binolar va sexlarni dezinfeksiya qilishda foydalaniladigan eritmalar havo almashinadigan xonada (joyda) tayyorlanishi kerak.
3-bob. Kolbasa mahsulotlarini ishlab chiqarishga qo‘yiladigan sanitariya gigiyena talablari
14. Xavfni (infeksiya tarqalishi, oziqa mahsulotlariga patogen mikroblarning tushishi) oldini olish maqsadida kolbasa mahsulotlari boshqa (xom va yarimtayyor) mahsulotlardan alohida bo‘lgan sexlarda ishlab chiqariladi.
15. Xom ashyolar sexida (yoki bo‘limida) go‘shtini bo‘laklarga bo‘lish (tana go‘shti, yarim tana go‘shti yoki chorak qismlar belgilangan kesma sxema bo‘yicha qismlarga bo‘linadi), go‘shtni suyaksizlantirish (tana go‘shtining mushak, yog‘ va biriktiruvchi to‘qimasini suyaklardan ajratish) va go‘shtni kesish (suyaksiz go‘shtdan yog‘, tog‘ay, paylarni, yirik qon va limfa tomirlari, qon quyqalari va mayda suyaklarni olib tashlash) amalga oshirilishi lozim.
16. Go‘shtni qayta ishlash korxonalarida quyidagilarni amalga oshirish mumkin emas:
go‘sht bo‘laklarini pichoq yordamida uzatish;
pichoqlarni etiklarning yuqori qismlarida, kamar orqasida, qo‘llarda olib yurish;
pichoqlarni taxtalarga yopishtirish va stolda saqlash.
Kichik jihozlarni yuvish uchun issiq va sovuq suvli vanna hamda dezinfeksiya eritmasi uchun idish o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
17. Xom ashyo bo‘limidagi havo harorati 12℃ ni, havoning nisbiy namligi 70 foizni tashkil etishi lozim. Xodimlarning salomatligini ta’minlash maqsadida ish joylarida polda panjaralar yoki tirgaklar o‘rnatilishi lozim.
Muzlatilgan, muzdan tushirilgan va sovutilgan go‘shtning suyaklarini yo‘q qilish, kesish va saralash joylarida qo‘llarni isitish moslamalari bo‘lishi lozim.
18. Pishirilgan kolbasa uchun ishlatiladigan tuzlangan, maydalangan go‘sht chelak, tog‘ora va boshqa idishlarda, shuningdek uzluksiz pishirish qurilmalarida 20 — 40℃ haroratda saqlanishi lozim.
Cho‘chqa go‘shti mahsulotlari asosan go‘shtni namakob bilan aralashtirish orqali tuzlanishi, keyin uni tuzlangan aralashma bilan ishqalab bir necha kun ushlab turilishi lozim. Go‘shtni tuzlashda yoki maydalangan go‘shtni tayyorlashda unga texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar va go‘shtni qayta ishlash korxonalari tomonidan tasdiqlangan texnologik yo‘riqnomalarda ko‘rsatilgan natriy nitritni 2,5 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi eritmasi qo‘shilishi lozim.
19. Go‘sht mahsulotlariga quruq nitrit ishlatilishi mumkin emas. Quruq nitrit boshqa materiallardan alohida yopiq xonada yoki temir shkafda qulflangan holatda saqlanishi lozim.
Nitrit eritmasi go‘shtni qayta ishlash korxonalari laboratoriyalarida tayyorlanishi lozim. Nitrit eritmasi ishlab chiqarish sexlarida “natriy nitrit” yozuvi tushirilgan maxsus idishda qulflangan holatda saqlanishi, shuningdek ishlab chiqarish sexlarida ushbu mahsulotning to‘g‘ri saqlanishi va ishlatilishi uchun tegishli mas’ul shaxs belgilangan bo‘lishi lozim.
20. Go‘shtni qayta ishlash korxonalari laboratoriyalarida “Laboratoriyada natriy nitritni qabul qilish va iste’mol qilish jurnali”, ishlab chiqarish sexlarida esa “Natriy nitrit eritmasining sexda hisobga olish jurnali” yuritilishi lozim.
Tayyor go‘sht mahsulotlarida natriy nitrit miqdori 100 g mahsulot uchun 3 — 5 mg (yoki 0,003 — 0,005 foiz) oralig‘ida bo‘lishi kerak.
21. Maydalangan kolbasa mahsulotlari go‘shtni qayta ishlash korxonalari tomonidan tasdiqlangan texnologik yo‘riqnomalarda ko‘rsatilgan retsept bo‘yicha tuzlanishi va kesilishi (bir vaqtning o‘zida maydalash va aralashtirish) lozim.
Mexanik ishlov berish natijasida maydalangan go‘shtning harorati ko‘tarilishini oldini olish uchun sovutuvchi generatorlardan foydalanilishi lozim. Kesish oxirida maydalangan go‘shtning harorati 18℃, sexdagi harorat 12℃ bo‘lishi lozim.
22. Kolbasa batonlariga kamroq havo tushishi va kolbasalarning saqlash xususiyatini uzaytirish maqsadida vakuumli shpritslar ishlatilishi kerak. Bunda, sexdagi harorat — 12℃, havoning nisbiy namligi 70 foiz bo‘lishi lozim.
23. Termik ishlov berish statsionar qovurish va pishirish kameralarida, aralash kameralarda hamda havoning nisbiy namligini va haroratini avtomatik boshqarish termoagregatlarida amalga oshirilishi lozim. Kameralar haroratni va nisbiy namlikni boshqaruvchi moslamalar bilan jihozlangan bo‘lishi, termik ishlov berish jurnallarida termik ishlov rejimlari (harorat va ishlov berish vaqti) qayd etilishi, ish joylaridagi issiqlik harorati esa 35 — 45℃ bo‘lishi kerak.
24. Gigiyena talablaridan kelib chiqib, tutunni tozalash uchun tutun generatorlari va termokamera qurilmalari bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
25. Pishgan va yarim dudlangan kolbasalar, sosiskalar va sardelkalarni qovurish (issiq haroratda dudlash) va qaynatish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
qobiq diametriga qarab qovurish 80 — 110℃ haroratda 60 — 140 daqiqa davomida amalga oshirilishi, bunda batonning ichidagi harorat 40 — 45℃ ga yetishi lozim;
qaynatiladigan kolbasa, sosiska va sardelkalar 75 — 85℃ haroratda pishirilishi, bunda baton ichidagi harorat 70 — 72℃ ga yetishi lozim;
yarim dudlangan kolbasa, sosiska va sardelkalar 68 — 72℃, qaynatilgan va dudlanganlari esa 68℃, liverli kolbasalar 72℃ gacha bo‘lgan haroratda pishirilishi lozim.
26. Dudlash quyidagicha amalga oshiriladi:
xom dudlangan kolbasani to‘liq dudlash 75 — 78 foiz nisbiy namlikda, 18 — 22℃ haroratda 2-3 kun, 10 — 12℃ da 25 — 30 kun davomida;
yarim dudlangan va qaynatib-dudlangan kolbasalar uchun dudlashning yuqori issiqlik rejimlari bo‘lishi kerak (35 — 50℃ da 24 soatgacha va 70 — 80℃ — birlamchi, 40 — 45℃ — ikkilamchi dudlash).
Burishib qolmasligi, namlikni yo‘qotish va qoldiq mikrofloraning ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mahsulot pishganidan keyin tezda sovuq suvli dush ostida, so‘ngra kameralar yoki tunnellarda +10℃ haroratda sovutilishi lozim. Namlikni kamaytirish, zararli mikroblarni ko‘payishini oldini olish maqsadida kolbasalarni kameralarda sovutilishi yoki mahalliy sovuq havo haydovchi uskuna bilan jihozlanishi kerak.
27. Xom ashyolarni oqartirish qaynoq suvda 15 — 20 daqiqa davomida qaynatish va ochiq qozonlarda 3 — 5 soat yoki yopiq qozonlarda 1,5 — 2,5 soat davomida pishirish (submahsulot) orqali amalga oshirilishi lozim.
Submahsulotlar stol ustiga yoki javonlarga yupqa qatlam qilib yoyilib sovutilishi, qismlarga ajratilishi va suyak olib tashlanishi lozim. Qaynatilgan va oqartirilgan xomashyo maydalanib kolbasa ishlab chiqarish jarayoniga o‘tkazilishi lozim.
28. Dildiroq (xolodets) tayyorlash dastlabki (5-6 soat) va yakuniy (60 daqiqa) pishirish, qismlarga ajratish va maydalashdan ikkinchi pishirishgacha bo‘lgan vaqtni maksimal darajada qisqartirishni, to‘ldirish mashinalari va dildiroq (xolodets) uchun mo‘ljallangan qoliplarni tozalashni (qoliplarni sterilizatsiya qilish), sovutishni o‘z ichiga olishi lozim.
Suyilgan go‘sht mahsulotini dastlabki qayta ishlovsiz keyingi bosqichga o‘tkazish mumkin emas.
Go‘sht va go‘sht mahsulotlari 2 kg dan oshmaydigan, qalinligi 8 smgacha bo‘lgan bo‘laklarga bo‘lingan holda quyida ko‘rsatilgan tartibda zararsizlantirilishi lozim:
ochiq qozonlarda 3 soat;
yopiq qozonlarda esa 0,5 MPa dan ortiq bug‘ bosimida 2,5 soat davomida termik ishlov beriladi.
29. Go‘sht bo‘lagining ichidagi harorat kamida 80℃ bo‘lsa, go‘sht zararsizlantirilgan deb hisoblanadi.
4-bob. Maishiy xonalarga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablari
30. Go‘shtni qayta ishlash korxonalari hududida shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinishini ta’minlash maqsadida maishiy xo‘jalik binolari joylashtirilgan bo‘lishi lozim.
31. Dushlar kiyinish xonalari yonida joylashtirilishi lozim. Dush tarmoqlari va hojatxonalar eng uzoq smenada ishlaydigan odamlar sonidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
32. Xonalarni pardozlashda quyidagilar ko‘zda tutilishi kerak:
dush xonalarida devorlar — 1,8 m balandlikdagi sirlangan plitkalar bilan, kiyinish xonalari, choyshablar saqlanadigan xona, hojatxonalar — 1,5 m balandlikdagi panellar bilan, tutib turuvchi tuzilmani pastki qismigacha yuvilish imkonini beruvchi bo‘yoq va materiallar bilan qoplanishi;
barcha ishlab chiqarish xonalaridagi pollar keramik plitkalar yoki boshqa suv o‘tkazmaydigan vositalar bilan qoplanishi ta’minlanishi.
33. Hojatxonalar har smenada kamida ikki marta yuvilishi va dezinfeksiyalanishi lozim.
5-bob. Suv ta’minoti va kanalizatsiyaga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablari
34. Go‘shtni qayta ishlash korxonalari markazlashtirilgan yoki boshqa uzluksizligi ta’minlangan ichimlik suvi ta’minoti tizimiga ulangan bo‘lishi va uning sifati O‘z DSt 951 “Markazlashtirilgan xo‘jalik-ichimlik suvi bilan ta’minlash manbalari. Gigiyenik, texnikaviy talablar va tanlash qoidalari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
35. Shiftlar orasidagi sanoat drenajlari va quvurlari suv o‘tkazmaydigan bo‘lishi va ishlab chiqarish uskunalari ustida bo‘lmasligi kerak.
Bino ichidagi kanalizatsiya quvurlari ishlab chiqarish sexlar va mahsulotlarni saqlovchi omborlar orqali o‘tmasligi lozim.
36. Sanoat va maishiy chiqindi suvlarini chiqib ketishi uchun korxonada alohida kanalizatsiya tizimi va tozalash inshootlari bo‘lishi kerak. Sanoat va maishiy chiqindi suvlari ichki kanalizatsiya tizimiga tushirilishi va zararsizlantirilishi hamda umumiy kanalizatsiya tizimiga quyilishi kerak.
6-bob. Yoritish, isitish va sovutish tizimiga hamda havoning ventilatsiyasi tizimiga qo‘yilgan sanitariya-gigiyena talablari
37. Go‘shtni qayta ishlash korxonalari binolaridagi tabiiy va sun’iy yorug‘lik quvvati, koeffitsiyenti ishning turi va ko‘zning toliqishini hisobga olgan holda QMQ 2.01.05-19 “Tabiiy va sun’iy yoritish”ga muvofiq bo‘lishi lozim.
Tabiiy yorug‘lik yetarli bo‘lmagan hollarda esa sun’iy yorug‘likdan (maqbul lampalar) foydalanilishi kerak.
38. Mahsulotlar ichiga shisha parchalari tushishini oldini olish uchun ochiq texnologik jarayonga ega xonalardagi yoritgichlar texnologik uskunalar ustiga o‘rnatilishi mumkin emas.
39. Go‘shtni qayta ishlash korxonalarining ishlab chiqarish va yordamchi binolarida tabiiy, mexanik, aralash ventilatsiya yoki konditsionerlash SanQvaN 0324-16 “Ishlab chiqarish xonalari mikroiqlimining sanitariya-gigiyena normativlari”da o‘rnatilgan talablarga, havo oqimi parametrlari esa sanoat binolarida mikroiqlim uchun sanitariya qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
40. Maishiy xonalar, hojatxonalar, laboratoriyalar umumiy almashinuv va (yoki) mahalliy ventilatsiya tizimlariga ega bo‘lishi lozim.
41. Ishlab chiqarish binolariga yetkazib beriladigan havo changsiz bo‘lishi kerak.
42. Tabiiy ventilatsiya teshiklari va havoning aylanishini ta’minlab beruvchi ventilatsiya moslamalari hasharotlar kirishiga to‘sqinlik qiluvchi simli to‘rlar bilan himoyalangan bo‘lishi kerak.
43. Ventilatsiya kanallari ifloslanganda ichki yuzasi qismlarga ajratilgan holda tozalanishi lozim.
44. Dvigatel va jihozlar joylashgan xonalardagi tuzli chang, bug‘, gazlar bilan havoni ifloslanishini oldini olishda mazkur zararli omillarni sovutib cho‘ktirish uchun ammiakli sovutish moslamalari o‘rnatilishi kerak.
45. Mahsulotni saqlash uchun ishlab chiqarish xonalari, saqlash kameralari va omborxonalardagi havo harorati va nisbiy namlik SanQvaN 0324-16 “Ishlab chiqarish xonalari mikroiqlimining sanitariya-gigiyena normativlari”da o‘rnatilgan talablarga muvofiq bo‘lishi lozim.
7-bob. Omborxonalar, muzlatgichlar hamda go‘sht va go‘sht mahsulotlarini tashishga mo‘ljallangan transport vositalariga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablari
46. Go‘shtni qayta ishlash korxonalarida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda ishlatiladigan xomashyo, qadoqlash va yordamchi materiallarni saqlash uchun alohida omborxonalar bo‘lishi kerak.
47. Oziq-ovqat xomashyosi va yordamchi materiallarni saqlashda stellaj va javonlardan foydalanilishi lozim.
48. Barcha omborxonalar toza bo‘lishi, pollar, devorlar, shiftlar va javonlar yuvilib, zaruriyatga ko‘ra ularda dezinfeksiya hamda kemiruvchilarga qarshi kurashish bo‘yicha deratizatsiya ishlari o‘tkazilishi kerak.
49. Go‘shtni qayta ishlash korxonalariga olib kelinadigan tuz namlikka chidamli va yopiq omborxonalarga tushirilishi lozim.
50. Yoqilg‘i, konteynerlar, qurilish materiallari omborxonalarda, shiyponlar ostida yoki tegishli tomi yopiq maxsus ajratilgan joylarda saqlanishi lozim.
Suyaklar har tomondan to‘r bilan yopilgan ayvon ostida, suv o‘tkazmaydigan polda saqlanishi lozim.
51. Sovutgichlardan foydalanganda quyidagi gigiyena talablariga rioya qilinishi lozim:
sovutgichdagi texnik jarayonlar go‘shtni qayta ishlash korxonalarida go‘sht va go‘sht mahsulotlarini sovutish, muzlatish, muzdan tozalash va saqlash go‘shtni qayta ishlash korxonalari tomonidan tasdiqlangan texnologik yo‘riqnomalarga muvofiq amalga oshirilishi;
barcha yuklar (konteynerlar va konteynerda bo‘lmagan) muzlatgich kameralariga joylashtirilganda, poldan kamida 8 sm balandlikda tekis taxlangan yog‘och panjarali tagliklarga (shtabellar) qo‘yilishi;
shtabellar devorlardan va sovutish moslamalaridan 30 sm oraliq masofada hamda o‘rtasida o‘tish uchun joy qoldirilib joylashtirilishi kerak. Muzlatilgan go‘sht mahsulotlarini shtabellarga yig‘ishda va ularni shtabeldan olib chiqishda, ishchilar poyafzali ustidan himoya brezentli paypoq kiyishlari, shuningdek sovutilgan va muzlatilgan go‘sht mahsulotlari osilgan holatda saqlanishi;
yaroqli go‘sht mahsulotlari alohida kamerada yoki to‘r bilan o‘ralgan umumiy kamerada saqlanishi;
dezinfeksiya qilinmagan inventar va yog‘och panjarali tagliklardan foydalanilmasligi, shuningdek toza yog‘och panjaralar va yog‘och panjarali tagliklar zaxiralari alohida xonada saqlanishi;
kameralar mahsulotlardan bo‘shatilganidan keyin sovutadigan batareyalarning muz qatlami eritilishi, so‘ngra qirg‘ichlar yoki qattiq supurgi bilan tozalanishi;
yuklangan kameralarda batareyalarni muz qatlamidan mexanik ravishda tozalanishi, bunda saqlanayotgan yuklar toza brezent yoki kanopdan to‘qilgan qalin yopqich (parusina) bilan qoplanishi hamda tozalash tugagandan so‘ng, muz qatlami darhol kameralardan olib tashlanishi;
sovutgich kameralari yo‘laklarida va zinapoyalarida ifloslangan pollar va eshiklar muntazam ravishda ishqoriy sovun eritmasi bilan yuvilishi;
sovutgich kameralarida mog‘orlanishni o‘z vaqtida aniqlash uchun go‘sht ishlab chiqarish korxonalarining sovutish kameralari mikrobiologik nazoratdan o‘tkazilishi;
sovutgich kameralari mahsulotdan bo‘shatilgandan so‘ng, yangi mahsulotlar kelishidan oldin, shuningdek devorlar, shiftlar, kameralarning jihozlari mog‘or bilan zararlanganda yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi.
52. Go‘sht va go‘sht mahsulotlari avtomobillarda (sovitish tizimi mavjud avtorefrijeratorlarda) va sovutish tizimi mavjud temir yo‘l vagonlarida tashilishi lozim.
53. Go‘sht va go‘sht mahsulotlarini yetkazib beradigan avtomobillar (sovitish tizimi mavjud avtorefrijeratorlar) sanitar-gigiyenik jihatdan toza saqlanishi kerak.
54. Go‘sht mahsulotlari va xomashyolar tayyor go‘sht mahsulotlaridan alohida konteynerda tashilishi lozim. Tayyor go‘sht mahsulotlarini tashuvchi avtomashinalardan kun davomida qayta yuvmasdan foydalanishga ruxsat beriladi. Xom ashyoni tashishda esa avtomobillar har (reys) tashilgandan keyin yuvuvchi vositalar bilan tozalanishi lozim.
Tashish jarayonlari tugagandan so‘ng transport vositalariga tozalovchi vositalar yordamida sanitariya ishlovi berilishi lozim.
55. Qaytariladigan idishlar mahsulot oluvchilardan toza holda qabul qilinishi va go‘shtni qayta ishlash korxonalarida qaytadan tozalanishi shart.
8-bob. Dezinfeksiya hamda deratizatsiya tadbirlarini o‘tkazish
56. Go‘shtni qayta ishlash korxonalarida pashshalarga qarshi kurashish choralari quyidagicha amalga oshiriladi:
pashshalar paydo bo‘lishining oldini olish uchun, chiqindilar o‘z vaqtida olib tashlanishi kerak. Ushbu jarayon uchun mas’ul ishchilar haftasiga 1-2-marta geksaxloran kukuni, 2-3 foiz xlorofos eritmasi, 0,1 foiz suvli triklorometafos emulsiyasi bilan chiqindi qutilari, chiqindixonalar, hojatxonalarga ishlov berishlari kerak.
Suyuq chiqindilar dezinfeksiyalovchi modda yordamida tozalanishi lozim.
Xonalarni pashsha kirib kelishidan himoya qilish uchun derazalar, darchalar, eshiklar to‘r bilan (asosan issiq mavsumda) yopiladi.
Pashshalarni yo‘q qilish uchun xonalarda yopishqoq yelim qog‘oz ishlatilishi, shuningdek ishdan holi vaqtda kimyoviy preparatlar qo‘llanilishi mumkin. Bunda, mahsulotlar sexdan chiqarib qo‘yilishi, uskunalar usti yopilishi va xonalar 6 soat davomida shamollatilishi lozim.
57. Suvaraklarga qarshi kurashish uchun korxonalar dezinseksiya qilinishi kerak.
9-bob. Ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish va amalga oshirish
58. Go‘shtni qayta ishlash korxonalarida ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasining “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
59. Go‘shtni qayta ishlash korxonalarida ishlab chiqarishdagi ichki nazoratni tashkil etish dasturi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
hom ashyo, idishlar, jihozlar, inventarlar va texnologik jarayonlarni ifloslantirishi mumkin bo‘lgan xatarlarni nazorat qilish;
tayyor mahsulotni ifloslantirishi mumkin bo‘lgan xavfni aniqlash;
ishlab chiqarishning muhim nuqtalarini aniqlash va mahsulotlarning xavfsizligini ta’minlash;
mahsulot xavfsizligini ta’minlash maqsadida, sanitariya-gigiyena qoidalarini buzilishini oldini olish yuzasidan profilaktik choralarni ishlab chiqish;
mahsulot ishlab chiqarishning amaldagi sanitariya-gigiyenik talablarga muvofiqligini aniqlash;
ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish va o‘tkazish uchun mas’ul xodimlarga qo‘yiladigan talablarni belgilash.
60. Ishlab chiqarishdagi texnologik jarayonning quyidagi bosqichlarida ichki nazorat tashkil etiladi:
jarayonga tayyorgarlik ko‘rish;
texnologik ishlov berish;
mahsulotni qadoqlash va yetkazib berish.
10-bob. Go‘shtni qayta ishlash korxonalarida xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va shaxsiy gigiyena qoidalariga qo‘yiladigan talablar
61. Go‘shtni qayta ishlash korxonalari xodimlari Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida tibbiy ko‘rik va tekshiruvlardan o‘tishlari lozim.
62. Go‘shtni qayta ishlash korxonalarining har bir xodimi shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishi, ish joyida texnologik va sanitariya talablariga qat’iy rioya etishi lozim.
63. Go‘shtni qayta ishlash korxonalari hududiga kirishda xodimlar quyidagi sanitariya talablariga rioya qilishlari zarur:
ishlab chiqarish binosiga kirishdan oldin toza sanitariya kiyimlarni kiyish, bunda sanitariya kiyimlari to‘liq yopiq holatda, sochlar ro‘mol yoki qalpoq bilan berkitilishi, maxsus poyafzallarni kiyilishi;
hojatxonaga kirishdan oldin maxsus kiyim yechilishi.
64. Go‘shtni qayta ishlash korxonalari xodimlari quyidagi qo‘llarni yuvish va dezinfeksiya qilish talablariga rioya qilishlari lozim:
ish boshlashdan oldin;
ishdagi har bir tanaffusdan keyin;
bir jarayondan ikkinchisiga o‘tishda;
ifloslangan narsalar bilan aloqadan keyin;
hojatxonadan keyin ikki marta;
maxsus kiyim kiyishdan oldin va ish joyida (ish boshlashdan oldin).
65. Ish joyidagi gigiyena talablari quyidagilardan iborat:
ishlab chiqarish chiqindilarini maxsus konteynerlarga muntazam ravishda tashlash;
ish jihozlarini toza tutish;
ayni paytda foydalanilmayotgan buyumlar va asboblarni yig‘ishtirib qo‘yish.
Qadoqlash materiallari qadoqlash joyida, bir smenadagi ehtiyojdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, qat’iy belgilangan tartibda maxsus tagliklarda saqlanishi kerak.
Tozalash inventarlarini (cho‘tkalar, shvabralar) polda yoki texnologik jihozlarda qoldirish mumkin emas.
66. Ishlab chiqarish sexlari va maishiy xonalarda birinchi tibbiy yordam to‘plamlari bo‘lishi kerak. Birinchi tibbiy yordam to‘plamlarida o‘tkir hidli dori-darmon vositalari saqlanishi mumkin emas.
67. Mazkur sanitariya qoidalarini ishlab chiquvchilar ro‘yxati ilovada keltirilgan.
Go‘sht va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash korxonalariga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablariga
ILOVA
ILOVA
Ishlab chiquvchi muassasalar:
Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy tadqiqot instituti (SGKK ITI);
Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi.