Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Suv taʼminoti ogʻir boʻlgan hududlardagi aholi tomorqa yerlari va dehqon xoʻjaliklarini suv bilan kafolatli taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda kambagʻallikni qisqartirish uchun aholini qoʻshimcha daromad manbai bilan taʼminlash, aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish va narx-navo barqarorligini saqlash boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, aholining daromad topishga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish, meva-sabzavotchilik tarmogʻidagi imkoniyatlarni yanada kengaytirish maqsadida paxta va gʻalla maydonlari qisqartirilib, fuqarolarga dehqon xoʻjaligini yuritish uchun 0,15 gektardan 2 gektargacha boʻlgan oʻlchamlardagi yer maydonlarini ochiq elektron tanlov orqali 30 yilga ijaraga berish tizimi joriy etildi.
Suv taʼminoti ogʻir boʻlgan hududlarda joylashgan aholi tomorqa yerlari va dehqon xoʻjaliklarini suv bilan barqaror taʼminlash orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmlarini oshirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-dekabrdagi “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-54-son qaroriga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
suv taʼminoti ogʻir hududlardagi aholi tomorqa yerlari, dehqon xoʻjaliklari va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sugʻorish uchun vertikal sugʻorish quduqlarini burgʻilash, daryolar, kanallar va boshqa suv obyektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va oʻrnatish bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismini qoplash uchun Davlat budjetidan mablagʻ yoʻnaltirish tartibini 2026-yil 1-yanvarga qadar uzaytirish;
Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan ajratiladigan kreditlarni tashabbuskorlarga loyihabay shakllantirilgan buyurtmanomalar asosida tijorat banklari orqali oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish manbalarida nazarda tutilgan mablagʻlardan tashqari va navbatsiz rasmiylashtirish;
Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga 2022-yilda jami ajratilgan 100 mlrd soʻm mablagʻdan kelib chiqib, suv taʼminoti ogʻir hududlardagi aholi tomorqa yerlari va dehqon xoʻjaliklarini sugʻorish uchun vertikal sugʻorish quduqlarini ishga tushirishning prognoz koʻrsatkichlarini qayta tasdiqlash.
2. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (K.A. Yuldashev) Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (T.A. Sattarov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (O.A. Pekos) hamda Moliya vazirligi (A.Y. Xaydarov) bilan birgalikda 2022-yil 1-noyabrga qadar suv taʼminoti ogʻir boʻlgan hududlardagi aholi tomorqa yerlari va dehqon xoʻjaliklarini sugʻorish uchun vertikal sugʻorish quduqlarini burgʻilash, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv obyektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va oʻrnatish uchun subsidiya mablagʻlari ajratishning toʻliq jarayoni “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali amalga oshirilishini yoʻlga qoʻysin.
3. Moliya vazirligi tomonidan 2022-yilda suv taʼminoti ogʻir mahallalarda vertikal sugʻorish quduqlari qazish va nasos oʻrnatish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 2022-yilgi Davlat budjeti parametrlarida Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi uchun koʻzda tutilgan 50 mlrd soʻmga qoʻshimcha ravishda 50 mlrd soʻm mablagʻ ajratilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 12-oktabr,
PQ-394-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-oktabrdagi PQ-394-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-apreldagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3680-son qarorining 9-bandida:
ikkinchi xatboshidagi “Mikrokreditbank” ATB, “Agrobank” ATB, “Turonbank” ATB hamda AT “Xalq banki”ga” soʻzlari “tijorat banklariga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “Mikrokreditbank” ATB, “Agrobank” ATB, “Turonbank” ATB hamda Oʻzbekiston Respublikasi AT Xalq bankiga” soʻzlari “tijorat banklariga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oʻn beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Kreditlar tijorat banklari orqali bogʻdorchilik (koʻchatchilik), uzumchilik (tok soʻrisi) va limonchilikni tashkil etish, issiqxona qurish, qishloq xoʻjaligi texnikasi va asbob-uskunalarini xarid qilish hamda ularni joylashtirish uchun bino va inshootlar qurish, artezian quduqlarini qazish uchun 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga, chorvachilik (qoramol, qoʻy, echki), baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik, kurkachilik va parrandachilik, biogumus ishlab chiqarish, “dala doʻkonlari”ni qurish va koʻchma muzlatkichlarni oʻrnatish uchun 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga beriladi”;
quyidagi mazmundagi oʻn oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Jamgʻarma tomonidan aholining, dehqon xoʻjaliklari va fermer xoʻjaliklari rahbarlari va aʼzolarining hamda “Tomorqa xizmati” MChJlar va ishlab chiqarish kooperativlari xodimlarining bilim va koʻnikmalarini oshirish uchun oʻquv kurslarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun subsidiyalar ajratish hamda oʻquv markazlari faoliyatini moliyalashtirish tartibi Jamgʻarmaning Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanadi”;
b) “v” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan kreditlar hududiy fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari tavsiyanomasiga koʻra hamda har bir mahallaga mahallabay ishlash boʻyicha biriktirilgan hokim yordamchisi tomonidan beriladigan tavsiyalar asosida ajratiladi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4231-son qarorining 8-bandidan “2018-yil 26-apreldagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi PQ-3680-son,” soʻzlari chiqarib tashlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4767-son qarorining 7-bandida:
a) ikkinchi xatboshidagi “har yili 1-aprel va 1-avgustga qadar” soʻzlari “har yili 1-yanvar va 1-iyulga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“loyiha tashabbuskorlariga belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatga asosan ajratiladigan subsidiyalar 2026-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan, 2026-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-dekabrdagi “Tomorqalardan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-54-son qarorida:
a) 2-bandning “b” kichik bandi quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Mazkur garovsiz kreditlar qaytmasligi xavfi tashabbuskor hisobidan kredit olishdan oldin sugʻurtalanadi, tashabbuskor tomonidan kredit evaziga olingan asosiy vositalarga tijorat banki tomonidan taqiq qoʻyiladi.
Jamgʻarmaning Vasiylik kengashi qaroriga asosan “Tomorqa xizmati” MChJlarga 300 million soʻmgacha ajratilgan garovsiz kredit uchun Jamgʻarmaning tijorat banklari tomonidan garovga (depozit) olingan mablagʻlarining akseptsiz undirilgan qismini qoplash maqsadida, mablagʻlarni tijorat banklariga joylashtirishdan olinadigan Jamgʻarmaning daromadlari hisobidan zaxira yaratiladi hamda Jamgʻarmaning tijorat banklari tomonidan garovga (depozit) olingan mablagʻlarining akseptsiz undirilgan qismi mazkur zaxira mablagʻlari hisobidan qoplab boriladi”;
b) 3-bandda:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“joriy yilda burgʻilangan vertikal sugʻorish quduqlarini ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash boʻyicha tegishli hujjatlar keyingi yilning ikkinchi choragiga qadar qabul qilinadi hamda ushbu xarajatlar hujjatlar qabul qilingan yil mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi”;
toʻrtinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishincha beshinchi — toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
oltinchi xatboshidagi “50 milliard soʻm” soʻzlaridan keyin “, bundan tashqari suv taʼminoti ogʻir mahallalarda quduq qazish va nasos oʻrnatish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 50 milliard soʻm” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
v) 5-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2022-yilda suv taʼminoti ogʻir hududlardagi aholi tomorqa yerlari va dehqon xoʻjaliklarini sugʻorish uchun vertikal sugʻorish quduqlarini ishga tushirishning prognoz koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
g) 2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2022-yilda suv taʼminoti ogʻir hududlardagi aholi tomorqa yerlari va dehqon xoʻjaliklarini sugʻorish uchun vertikal sugʻorish quduqlarini ishga tushirishning
PROGNOZ KOʻRSATKIChLARI*
|
T/r |
Hududlar nomi |
Tumanlar soni |
Mahallalar soni |
Jami quduqlar soni |
Shundan: | |
|
kichik quduqlar soni |
katta quduqlar soni | |||||
|
1. |
Qoraqalpogʻiston Respublikasi |
15 |
89 |
337 |
331 |
6 |
|
2. |
Andijon viloyati |
10 |
37 |
54 |
17 |
37 |
|
3. |
Buxoro viloyati |
7 |
107 |
145 |
42 |
103 |
|
4. |
Jizzax viloyati |
9 |
64 |
207 |
134 |
73 |
|
5. |
Qashqadaryo viloyati |
7 |
104 |
333 |
268 |
65 |
|
6. |
Navoiy viloyati |
7 |
112 |
407 |
224 |
183 |
|
7. |
Namangan viloyati |
9 |
68 |
90 |
20 |
70 |
|
8. |
Samarqand viloyati |
12 |
72 |
128 |
11 |
117 |
|
9. |
Surxondaryo viloyati |
11 |
87 |
133 |
88 |
45 |
|
10. |
Sirdaryo viloyati |
4 |
18 |
29 |
|
29 |
|
11. |
Toshkent viloyati |
7 |
16 |
51 |
30 |
21 |
|
12. |
Fargʻona viloyati |
17 |
125 |
149 |
59 |
90 |
|
13. |
Xorazm viloyati |
7 |
49 |
100 |
|
100 |
|
Respublika boʻyicha: |
122 |
948 |
2 163 |
1 224 |
939 | |
* Mazkur prognoz koʻrsatkichlariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining takliflariga asosan Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda Suv xoʻjaligi vazirligi bilan kelishilgan holda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-55-son qarorida:
a) 1-bandda:
“b” kichik bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“chorvachilik (qoramol, qoʻy, echki), baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik, kurkachilik va parrandachilik, biogumus ishlab chiqarish, “dala doʻkonlari”ni qurish va koʻchma muzlatkichlarni oʻrnatish uchun — 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga;
bogʻdorchilik (koʻchatchilik), uzumchilik (tok soʻrisi) va limonchilikni tashkil etish, issiqxona qurish, qishloq xoʻjaligi texnikasi va asbob-uskunalarini xarid qilish hamda ularni joylashtirish uchun bino va inshootlar qurish, artezian quduqlarini qazish uchun — 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga”;
b) 2-band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan ajratiladigan kreditlar tashabbuskorlarga loyihabay shakllantirilgan buyurtmanomalar asosida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish manbalarida nazarda tutilgan mablagʻlardan tashqari va navbatsiz rasmiylashtirib beriladi.
Fermer, dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga, Jamgʻarma resurslarini tashabbuskorlarga tijorat banklari tomonidan Yagona elektron platforma orqali rasmiylashtirish jarayonlarini toʻliq muvofiqlashtirish vakolati beriladi”;
v) 5-bandning toʻrtinchi xatboshisi “toʻliq soʻndirilmagan” soʻzlaridan keyin “(Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan ajratiladigan kreditlar bundan mustasno)” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
g) 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va tijorat banklarining Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tijorat banklari tomonidan tashabbuskorlarga bogʻdorchilik (koʻchatchilik), uzumchilik (tok soʻrisi) va limonchilikni tashkil etish, issiqxona qurish, qishloq xoʻjaligi texnikasi va asbob-uskunalarini xarid qilish hamda ularni joylashtirish uchun bino va inshootlar qurish, artezian quduqlarini qazish uchun ajratilgan kreditlar muddatini hamda resurslarni Jamgʻarmaga qaytarish grafigidagi muddatlarni mazkur qarorning 1-bandi “b” kichik bandi toʻrtinchi xatboshisida belgilangan muddatlarga mos ravishda uzaytirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2022-y., 07/22/394/0920-son)