Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab yoki xatlab qoʻyilgan mol-mulklar elektron maʼlumotlar bankini shakllantirish, yuritish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 9-sentabrdagi PF-5816-son Farmoni hamda “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 11-maydagi PQ-240-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab yoki xatlab qoʻyilgan mol-mulklarning elektron maʼlumotlar bankini shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 9-sentabrdagi PF-5816-son Farmoni bilan koʻchmas mulk va avtomototransport vositalarini (keyingi oʻrinlarda — mol-mulk) boshqa shaxsga berish taqiqlanganligi va xatlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud (sudya) tomonidan “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga toʻgʻridan-toʻgʻri kiritish va taqiqni (xatlovni) yechish mexanizmini joriy etish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2022-yil 1-oktabrdan “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimida mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab (xatlab) qoʻyilganligi, shuningdek taqiqlab (xatlab) qoʻyish bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlar banki (keyingi oʻrinlarda — elektron maʼlumotlar banki) joriy etilsin.
3. Belgilansinki, mol-mulkni taqiqlab (xatlab) qoʻyish, uni bekor qilish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni elektron maʼlumotlar bankiga kiritishda:
jismoniy shaxsning shaxsiga oid va avtomototransport vositalariga oid maʼlumotlar — Ichki ishlar vazirligi;
yuridik shaxsga oid maʼlumotlar — Adliya vazirligi;
koʻchmas mulkka oid maʼlumotlar — Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi;
Oldingi tahrirga qarang.
qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalariga oid maʼlumotlar — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi;
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-apreldagi 197-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2025-y., 09/25/197/0299-son)
attraksionlar va koʻtarish inshootlari (minora kranlari)ga oid maʼlumotlar — Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi;
kemalarga oid maʼlumotlar — Transport vazirligi;
kichik hajmli kemalarga oid maʼlumotlar — Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspeksiyasining elektron axborot tizimlari orqali real vaqt rejimida amalga oshiriladi.
4. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab yoki xatlab qoʻyilgan mol-mulklar elektron maʼlumotlar bankini shakllantirish, yuritish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
elektron maʼlumotlar bankini shakllantirish;
elektron maʼlumotlar bankini yuritish;
elektron maʼlumotlar bankidan foydalanish;
mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab yoki xatlab qoʻyil(ma)ganligini elektron maʼlumotlar bankida tekshirish.
5. Adliya vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
uch oy muddatda oʻzlarining tegishli maʼlumotlar bazalaridagi mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlab yoki xatlab qoʻyish haqidagi maʼlumotlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazgan holda, oʻz kuchini saqlab qoladigan taqiq va xatlovlar roʻyxatini shakllantirsin;
2022-yil 1-oktabrga qadar mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlab yoki xatlab qoʻyish haqidagi maʼlumotlarni tezkor ravishda almashish maqsadida axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari oʻzaro integratsiya qilinishini taʼminlasin.
6. Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 22-avgust,
468-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 468-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab yoki xatlab qoʻyilgan mol-mulklar elektron maʼlumotlar bankini shakllantirish, yuritish va undan foydalanish toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimida (keyingi oʻrinlarda — tizim) boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab yoki xatlab qoʻyilgan mol-mulklarning elektron maʼlumotlar bankini shakllantirish, yuritish va undan foydalanishni belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab yoki xatlab qoʻyilgan mol-mulklar elektron maʼlumotlar banki (keyingi oʻrinlarda — elektron maʼlumotlar banki) — tizimning tarkibiy qismi hisoblanadigan mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab yoki xatlab qoʻyilganligi, uni bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasi;
mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab yoki xatlab qoʻyilganligi haqidagi maʼlumotlarni elektron maʼlumotlar bankida qayd etish — tegishli vakolatli organ yoki mansabdor shaxs tomonidan mulkdorga tegishli mol-mulkni tasarruf etish, zarur hollarda esa undan foydalanish man etilganligi yoki mol-mulk olib qoʻyilganligi yoxud uni saqlab turish uchun boshqa shaxsga topshirilganligi haqidagi maʼlumotlarni elektron maʼlumotlar bankiga kiritish.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Elektron maʼlumotlar banki Oliy sud, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Transport vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Milliy gvardiya, Davlat soliq qoʻmitasi, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi, Markaziy bank, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Majburiy ijro byurosi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Kichik hajmli kemalar inspeksiyasining elektron axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-apreldagi 197-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2025-y., 09/25/197/0299-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Elektron maʼlumotlar bankiga mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlab yoki xatlab qoʻyish, uni bekor qilish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, davlat ijrochisi, notarius, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi idoraviy notarial arxivlar (keyingi oʻrinlarda — notarial arxiv) mudirlari, soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari), Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining roʻyxatdan oʻtkazuvchilari, sugʻurta tashkilotlari, avtomototransport vositalarini realizatsiya qiluvchi rasmiy dilerlik korxonalari, bank va boshqa kredit tashkilotlarining rahbari yoki tegishli vakolat berilgan xodimlari tomonidan kiritiladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
5. Mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab yoki xatlab qoʻyish, uni bekor qilish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni elektron maʼlumotlar bankiga kiritishda:
jismoniy shaxsning shaxsiga oid va avtomototransport vositalariga oid maʼlumotlar — Ichki ishlar vazirligi;
yuridik shaxsga oid maʼlumotlar — Adliya vazirligi;
koʻchmas mulkka oid maʼlumotlar — Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi;
Oldingi tahrirga qarang.
qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalariga oid maʼlumotlar — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi;
(5-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-apreldagi 197-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2025-y., 09/25/197/0299-son)
attraksionlar va koʻtarish inshootlari (minora kranlari)ga oid maʼlumotlar — Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi;
kemalarga oid maʼlumotlar — Transport vazirligi;
kichik hajmli kemalarga oid maʼlumotlar — Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspeksiyasi;
boshqa mulklarga oid maʼlumotlar — tegishli vakolatli organlar (tashkilotlar)ning elektron axborot tizimlaridan onlayn ravishda real vaqt rejimida olinadi.
2-bob. Elektron maʼlumotlar bankini shakllantirish va yuritish
6. Elektron maʼlumotlar banki davlat tilida shakllantiriladi va yuritiladi.
7. Mol-mulkni xatlash yoki uni bekor qilish toʻgʻrisida sudning qonuniy kuchga kirgan qarori (ajrimi, hukmi), prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, davlat ijrochisi, soliq organi rahbari (rahbar oʻrinbosari) qarori (keyingi oʻrinlarda — qaror) darhol elektron shaklda — “PDF” formatda tizimga joylashtiriladi hamda idoralararo elektron hamkorlik doirasida elektron maʼlumotlar bankiga tegishli maʼlumotlar onlayn ravishda real vaqt rejimida kiritiladi.
Qaror elektron raqamli imzo orqali tasdiqlanganda, u elektron hujjat shaklida tizimga joylashtiriladi.
Elektron maʼlumotlar bankiga mol-mulk xatlanganligi yoki xatlov bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi tomonidan idoralararo elektron hamkorlik orqali tegishincha “E-XSUD” axborot tizimi yoki “Elektron surishtiruv va dastlabki tergov” yagona axborot tizimi orqali kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Notarius qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollarda, shuningdek, taraflarning kelishuviga asosan mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlab qoʻyadi va taqiqni bekor qiladi. Bunda notariusning mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlab qoʻyishi va taqiqni bekor qilishi elektron maʼlumotlar banki orqali amalga oshiriladi.
Notarius notarial arxiv saqlovida boʻlgan hujjatlar bilan bogʻliq taqiqni (xatlovni) bekor qilishi mumkin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-noyabrdagi 626-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2023-y., 09/23/626/0901-son)
9. Bank va boshqa kredit tashkilotlari berilgan kredit yoki qarz qaytarilishini taʼminlash uchun birlamchi bozordagi mol-mulk garovga (ipotekaga) qoʻyilgan boʻlsa, garov (ipoteka) shartnomasi tuzilganda mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlab qoʻyadi, shuningdek, majburiyatlar bajarilganda taqiqni bekor qiladi hamda bu haqdagi maʼlumotlarni elektron maʼlumotlar bankiga kiritadi.
Oldingi tahrirga qarang.
91. Avtomototransport vositalarini realizatsiya qiluvchi rasmiy dilerlik korxonalari avtomototransport vositalarini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan oldi-sotdi shartnomasi tuzgan taqdirda, ushbu shartnoma predmeti boʻlgan avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlab qoʻyadi, shuningdek, sotib oluvchi tomonidan majburiyatlar bajarilganda taqiqni bekor qiladi hamda bu haqidagi maʼlumotlarni elektron maʼlumotlar bankiga kiritadi.
92. Tegishli majburiyatlar bajarilishini taʼminlash uchun mol-mulk garovga qoʻyilgan boʻlsa, sugʻurta tashkilotlari ushbu mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlab qoʻyadi, shuningdek, majburiyatlar bajarilganda taqiqni bekor qiladi hamda bu haqidagi maʼlumotlarni elektron maʼlumotlar bankiga kiritadi.
(91 va 92-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Bank va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan berilgan kredit yoki qarz qaytarilishini taʼminlash maqsadida notarial tasdiqlangan garov (ipoteka) shartnomasi boʻyicha majburiyatlar toʻliq bajarilgan taqdirda mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishga taqiq:
2019-yil 1-yanvarga qadar qoʻyilgan boʻlsa, mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishga qoʻyilgan taqiq bekor qilinganligi haqidagi maʼlumotlar istalgan notarius yoki tegishli notarial arxiv mudiri tomonidan;
2019-yil 1-yanvar va undan keyin qoʻyilgan boʻlsa, mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishga qoʻyilgan taqiq bekor qilinganligi haqidagi maʼlumotlar tegishli bank yoki kredit tashkiloti tomonidan elektron maʼlumotlar bankiga kiritiladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-noyabrdagi 626-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2023-y., 09/23/626/0901-son)
Oldingi tahrirga qarang.
101. Mazkur Nizomning 10-bandi ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda bank va boshqa kredit tashkilotlarining notarial tasdiqlangan garov (ipoteka) shartnomasi boʻyicha majburiyat toʻliq bajarilganligi hamda mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishga qoʻyilgan taqiq bekor qilinishi lozimligi haqidagi xabarnomasi elektron maʼlumotlar bankiga elektron shaklda yuborilishi mumkin.
Bunda, ushbu xabarnomada mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishga taqiq qoʻyilishiga asos boʻlgan notarial tasdiqlangan bitimning reyestr raqami va sanasi, taqiq bekor qilinishi lozim boʻlgan mol-mulk haqidagi maʼlumotlar (identifikator) hamda bank yoki boshqa kredit tashkilotining soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami koʻrsatilishi zarur.
(101-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-noyabrdagi 626-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2023-y., 09/23/626/0901-son)
11. Notarial arxiv mudiri quyidagi hollarda taqiqni (xatlovni) bekor qilish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni elektron maʼlumotlar bankiga kiritadi:
sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, davlat ijrochisi, soliq organi rahbarining (rahbar oʻrinbosarining) xatlovni bekor qilish toʻgʻrisidagi 2022-yil 1-oktabrga qadar chiqarilgan qaroriga asosan;
mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab qoʻyilishiga asos boʻlgan hujjatlar notarial arxiv saqloviga topshirilgan boʻlsa.
Bunda, notarial arxiv mudiri mol-mulkka qoʻyilgan taqiq (xatlov) bekor qilinganligi haqidagi maʼlumotlarni quyidagi hujjatlar taqdim etilgan taqdirda elektron maʼlumotlar bankiga kiritadi:
sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, davlat ijrochisi, soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari)ning mol-mulkka qoʻyilgan xatlovni bekor qilish nazarda tutilgan qarori;
asosiy majburiyat bajarilganligi va (yoki) kreditor (qarz beruvchi) garov (ipoteka) shartnomasidagi mol-mulkni taqiqdan chiqarishga roziligi toʻgʻrisida xabarnoma (tilxat);
mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlab qoʻyishga sabab boʻlgan asosiy majburiyatlar bekor boʻlganligi toʻgʻrisida xabarnoma (tilxat);
taraflar oʻrtasida toʻlov majburiyatini kechiktirish sharti bilan tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan mablagʻlar toʻliq toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat. Bunda toʻlov majburiyatini kechiktirish muddati tugagandan soʻng toʻlov amalga oshirilgan boʻlsa, notarial arxiv mudiri sotuvchidan sotib oluvchi oʻz majburiyatlarini toʻliq bajarganligi va taqiqni bekor qilishga eʼtirozi mavjud emasligi haqida tilxatni talab etadi.
12. Mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlab yoki xatlab qoʻyish yoxud uni bekor qilish toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlar bankiga kiritilgan maʼlumotlar idoralararo elektron hamkorlik doirasida tizim orqali quyidagilarga yuboriladi:
koʻchmas mulklar boʻyicha — Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligiga;
transport vositalari boʻyicha — tegishlicha Ichki ishlar vazirligi, Transport vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligining Kichik hajmli kemalar inspeksiyasiga.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3149-son qarori bilan tasdiqlangan Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish boʻyicha elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq oʻtkazilgan auksion natijalari haqidagi bayonnoma oldi-sotdi shartnomasi kuchiga ega boʻlib, mazkur bayonnomadagi mulk bilan bogʻliq qoʻyilgan taqiqni (xatlovni) bekor qilish uchun asos hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlab yoki xatlab qoʻyish, shuningdek, uni bekor qilishda toʻlov undirilmaydi, notarius tomonidan taqiq (xatlov) bekor qilinadigan hollar bundan mustasno.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-noyabrdagi 626-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2023-y., 09/23/626/0901-son)
3-bob. Elektron maʼlumotlar bankidan maʼlumotlarni taqdim etish
15. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga asosan elektron maʼlumotlar bankida mavjud boʻlgan maʼlumotlar notarius va (yoki) notarial arxiv mudiri tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yoxud E-notarius.uz axborot portali orqali real vaqt rejimida “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasi talablariga rioya qilingan holda taqdim etiladi.
16. Elektron maʼlumotlar bankidan maʼlumot olish uchun jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
a) mol-mulk mulkdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar:
jismoniy shaxs uchun — familiyasi, ismi, otasining ismi, pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi maʼlumotlari va (yoki) JSHSHIR, doimiy yoki vaqtincha yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan manzili;
yuridik shaxs uchun — nomi, davlat roʻyxatidan oʻtgan joyi va soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
b) vakil orqali murojaat qilinganda vakilning vakolatini tasdiqlovchi hujjat;
v) koʻchmas mulkning kadastr raqami, joylashgan yeri;
g) transport vositasining rusumi, davlat raqami va transport vositasi yoki boshqa koʻchar mulkning roʻyxatga olinganligi (hisobda turganligi) haqida hujjat (guvohnoma) maʼlumotlari yoxud mulkiy huquqlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
17. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaati boʻyicha elektron maʼlumotlar bankidan maʼlumot berishda (maʼlumotnoma chop etishda) notarius yoki notarial arxiv mudiri tomonidan huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar amalga oshirilganligi uchun haq undiriladi.
4-bob. Mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab yoki xatlab qoʻyil(ma)ganligini tekshirish
Oldingi tahrirga qarang.
18. Mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab yoki xatlab qoʻyil(ma)ganligini tekshirish ushbu mol-mulk toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tizimga qisman va toʻliq kiritish orqali amalga oshiriladi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-noyabrdagi 626-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2023-y., 09/23/626/0901-son)
19. Koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq notarial harakatlarni amalga oshirishda, ushbu koʻchmas mulkka nisbatan taqiq yoki xatlov mavjudligi yoxud yoʻqligini tizimdan qisman tekshirishda quyidagi maʼlumotlardan har biri alohida kiritilishi lozim:
agar mulkdor jismoniy shaxs boʻlsa — familiyasi, ismi va otasining ismi, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar (pasport seriyasi yoki identifikatsiya ID-kartasi raqami, JSHSHIR);
agar mulkdor yuridik shaxs boʻlsa — toʻliq nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, davlat roʻyxatidan oʻtgan joyi va soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
koʻchmas mulkning kadastr raqami va joylashgan yeri.
20. Koʻchar mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq notarial harakatlarni amalga oshirishda, ushbu koʻchar mulkka nisbatan taqiq yoki xatlov mavjudligi yoxud yoʻqligini tizimdan qisman tekshirishda quyidagi maʼlumotlardan har biri alohida kiritilishi lozim:
agar mulkdor jismoniy shaxs boʻlsa — familiyasi, ismi va otasining ismi, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar (pasport seriyasi yoki identifikatsiya ID-kartasi raqami, JSH SHIR);
agar mulkdor yuridik shaxs boʻlsa — toʻliq nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, davlat roʻyxatidan oʻtgan joyi va soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
davlat raqam belgisi;
dvigatel raqami;
kuzov raqami;
zavod raqami va boshqalar.
21. Mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab yoki xatlab qoʻyil(ma)ganligini toʻliq tekshirish ushbu mulklarga oid maʼlumotlarning barchasini tizimga toʻliq kiritish orqali amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
22. Mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlab yoki xatlab qoʻyish haqidagi maʼlumotlar elektron maʼlumotlar bankiga ushbu Nizom talablari asosida kiritilganligini doimiy monitoring qilib borish notarial arxiv mudiri tomonidan amalga oshiriladi.
23. Mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlab yoki xatlab qoʻyish, shuningdek, uni bekor qilish bilan bogʻliq maʼlumotlarni elektron maʼlumotlar bankiga kiritishda yuzaga keladigan muammoli holatlar idoralararo kelishuv yoʻli bilan hal etiladi.
24. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2022-y., 09/22/468/0764-son; 28.11.2023-y., 09/23/626/0901-son; 13.12.2023-y., 09/23/653/0931-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son; 02.04.2025-y., 09/25/197/0299-son)