O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Turizm sohasi subyektlari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
Respublikada turizm sohasini jadal rivojlantirish, sohadagi tadbirkorlik subyektlari o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun davlat tomonidan qo‘shimcha ko‘mak berish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, yaratilgan imkoniyatlardan turizm sohasining subyektlari tomonidan foydalanish ko‘lamini kengaytirish va bu orqali aholi bandligini ta’minlash muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.
Turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish va tashrif buyuruvchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, turizm sohasi subyektlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 9-iyundagi PF-150-son va “Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 6-apreldagi PF-6199-son farmonlari, “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat’iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 19-iyundagi PQ-4755-son qaroriga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “2022-yilda normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 26-martdagi 140-son qaroriga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha loyihalarga ajratilgan kredit mablag‘larining 30 foizigacha bo‘lgan qismini qoplab berish;
investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish muddatini 2023-yil 31-dekabrga qadar uzaytirish;
turistik axborot markazlari faoliyatini tashkil etish nuqtalarini kengaytirish, ularning xizmatlaridan foydalanish uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilash.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 26-iyul,
407-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-iyuldagi 407-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-noyabrdagi 622-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.11.2023-y., 09/23/622/0897-son)
2. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-maydagi 433-son qarori bilan tasdiqlangan Investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing to‘g‘risidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan mablag‘ ajratish tartibi haqidagi nizomda:
a) 1-banddagi va 3-bandning ikkinchi xatboshisidagi “2022-yil 1-yanvarga” so‘zlari “2023-yil 31-dekabrga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) 2-bandi quyidagi mazmundagi to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“yangi qurilgan mehmonxona — tasdiqlangan loyiha asosida kapital bino va inshoot sifatida qurilgan yoki oxirgi o‘n yilda mehmonxona fondida mavjud bo‘lmagan holda qayta qurilgan yoxud qurilish jarayonida o‘zgartirilgan loyiha bo‘yicha (mehmonxonani rekonstruksiya va (yoki) renovatsiya qilish bundan mustasno) joylashtirish vositasi sifatida qurilib yangidan ishga tushirilgan obyekt.”.
v) 19-bandning birinchi xatboshisidagi “Turizmni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash” so‘zlari “Turizm, sport, madaniy meros, transport logistikasi va xizmatlar sohalarida davlat-xususiy sheriklik hamda raqamlashtirishni rivojlantirish masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash” so‘zlari bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 10-iyuldagi 433-son qarorida:
a) Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish va turistik industriya obyektlarini tasniflash tartibi to‘g‘risidagi nizomda:
2-bandning beshinchi xatboshisidagi “o‘tovli va chodirli oromgohlar” so‘zlari chiqarib tashlansin;
6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tovli va chodirli oromgohlar xizmatlarini sertifikatlashtirish soddalashtirilgan holda, oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tovli va chodirli oromgohlarni o‘rganish dalolatnomasi asosida ularni Oilaviy mehmon uylari va xostellar yagona reyestriga kiritish yo‘li bilan amalga oshiriladi.”
b) Turistik axborot markazlarini tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 27-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“27. Turistik axborot markazi turistlar uchun imkon qadar qulay joyda (shahar markazlari, yodgorliklar atrofi, transport bekatlari, chegara o‘tkazish punktlari, shuningdek, alohida turizm obyektlariga olib boradigan magistral yo‘llar) tashkil qilinadi.
Turistik axborot markazlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida bepul joylashtiriladi. Turistik axborot markazlari xodimlarining chegara o‘tkazish punktlariga kirib-chiqishi ularning ushbu axborot markazida faoliyat olib borishini tasdiqlovchi belgilangan namunadagi hujjat va O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tomonidan beriladigan ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
Turistik axborot markazini piyodalarning harakatlanishi cheklangan joylarda joylashtirish taqiqlanadi”.
4. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 13-oktabrdagi 625-F-sonli farmoyishining 7-bandi kuyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Jurnal Turizm va madaniy meros vazirligining Toshkent shahar, Oybek ko‘chasi, 18-uy manzilida joylashgan binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.”
5. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktabrdagi 649-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi to‘g‘risida nizomda:
a) 1, 5-bandlar, 22-bandning 25-kichik bandi, 23-bandning “g” kichik bandi to‘qqizinchi xatboshisi, 36 va 38-bandlardagi “sport” so‘zi “madaniy meros” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) 3-banddagi “vazirligiga hamda” so‘zlari “vaziriga hamda” so‘zlari bilan almashtirilsin;
v) 5-banddagi, 22-bandning 2 va 4-kichik bandlaridagi “vazirligining” so‘zi “vazirining” so‘zi bilan almashtirilsin;
g) 18-bandning 13-kichik bandi va 54-bandlaridagi “vazirligi” so‘zi “vaziri” so‘zi bilan almashtirilsin;
d) 22-bandning 28-kichik bandidagi “bo‘yicha takliflarni” so‘zlaridan keyin “Inspeksiya bilan kelishilgan holda” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
e) 53-banddagi “vazirligiga” so‘zi “vaziriga” so‘zi bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2022-y., 09/22/407/0679-son; 28.11.2023-y., 09/23/622/0897-son)