Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika velosport mahorat maktab-internati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Velosportni rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 24-sentabrdagi PQ-5251-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Velosportni rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 24-sentabrdagi PQ-5251-son qaroriga muvofiq:
Toshkent shahri Olmazor tumani Muxbir koʻchasi 12-uy manzilida Respublika velosport mahorat maktab-internati (keyingi oʻrinlarda — maktab-internat) tashkil etilganligi;
maktab-internat oʻquvchilarining umumiy kontingenti 100 nafar etib belgilanganligi;
Oldingi tahrirga qarang.
maktab-internat oʻquvchilariga Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari oʻquvchilari uchun belgilangan sutkalik oziq-ovqat normasi tatbiq etilishi;
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-dekabrdagi 731-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 09/22/731/1141-son)
Oldingi tahrirga qarang.
maktab-internatga velosport turlari boʻyicha belgilangan sinov imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquvchilar 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab har yili 6 — 11-sinflarga qabul qilinishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
2. Quyidagilar maktab-internatning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Oldingi tahrirga qarang.
sport maktablari, sport klublari yoki boshqa sport-taʼlim tashkilotlarida sport tayyorgarligi oʻquv-mashq bosqichining birinchi yil tayyorgarligidan oʻtgan hamda sport bilan shugʻullanishga iqtidori boʻlgan oʻquvchilar oʻrtasida tanlov asosida maktab-internatda oʻqishni davom ettirish uchun tanlab olish;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
respublika va xalqaro musobaqalarda qatnashish uchun sport zaxirasini terma jamoalar tarkibiga tayyorlash;
oʻquvchilarning respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun zarur boʻlgan mahorati va koʻnikmalari chuqur rivojlantirilishini taʼminlash;
sport zaxirasini sifatli tayyorlash uchun zarur tashkiliy, oʻquv-metodik, psixologik-pedagogik, mediko-biologik va moddiy-texnik shart-sharoitlarni taʼminlash.
3. Respublika velosport mahorat maktab-internati boshqaruv, texnik, xizmat koʻrsatuvchi va oʻquv-yordamchi xodimlarining shtatlar jadvali ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
a) maktab-internat oʻquvchilarining taʼlim olishi maktab-internatga yaqin joyda joylashgan umumtaʼlim maktablarida tashkil etiladi;
maktab-internat oʻz faoliyatini, Vazirlar Mahkamasining “Sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2018-yil 2-iyundagi 410-son qarorida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiradi, shu jumladan yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim davlat sport-taʼlim muassasasi hisoblanadi;
b) maktab-internat direktori, direktor oʻrinbosarlari, trener-oʻqituvchilar, yoʻriqchi-uslubchilar, tarbiyachilar mehnatiga haq toʻlash hamda maktab-internat direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, tarbiyachilar mehnatini ragʻbatlantirish Vazirlar Mahkamasining “Xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qaroriga muvofiq;
maktab-internat direktori, maktab-internat direktorining oʻquv va sport ishlari boʻyicha oʻrinbosari, trener-oʻqituvchilar, yoʻriqchi-uslubchilar, tibbiyot xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish (ustama haq toʻlash) Vazirlar Mahkamasining “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2010-yil 23-sentabrdagi 211-son qaroriga muvofiq;
maktab-internat tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlash Vazirlar Mahkamasining “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2005-yil 21-dekabrdagi 276-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Quyidagilar maktab-internat faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
faoliyat ixtisosligi boʻyicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan va maktab-internatning ustavidagi vazifalariga muvofiq boʻlgan boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;
maktab-internatda oziq-ovqat bilan taʼminlash xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar toʻlovi;
asosiy mashgʻulotlar oʻtkaziladigan vaqtda boʻsh boʻlgan mol-mulkni ijaraga berishdan tushgan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning farzandlari boʻlgan, yetim bola va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoki nogironligi boʻlgan oʻquvchi-sportchilar oziq-ovqat bilan taʼminlash xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar toʻlovidan ozod qilinadilar.
(5-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
maktab-internat faoliyatini yuritish uchun zarur mablagʻlarni 2022-yil Davlat budjetida Sportni rivojlantirish vazirligi uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida, 2023-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlasin;
Oldingi tahrirga qarang.
maktab-internatga 4 ta, shu jumladan, 1 ta navbatchi avtotransport vositasi va 3 ta “DAMAS” rusumli yengil avtomobil xarid qilish uchun belgilangan tartibda zarur mablagʻ hamda ularni saqlashga limit ajratsin.
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi:
a) bir oy muddatda maktab-internatning ustavini tasdiqlasin va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
b) 2022-yil 1-sentabrga qadar:
maktab-internatni zamonaviy pedagogik texnologiyalarini egallagan malakali pedagog kadrlar hamda trenerlar bilan toʻldirish yuzasidan zarur choralarni koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 22-yanvardagi PQ-98-son qaroriga muvofiq Toshkent shahar Olmazor tumani Muxbir koʻchasi 12-uy manzilida maktab-internat uchun xalqaro standartlarga javob beradigan 100 oʻrinli yotoqxona, 100 oʻrinli oshxona va 100 oʻrinli oʻquv binosi qurilishini yakuniga yetkazsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vaziri A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 1-iyun,
294-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-iyundagi 294-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Respublika velosport mahorat maktab-internati boshqaruv, texnik, xizmat koʻrsatuvchi va oʻquv-yordamchi xodimlarining
SHTATLAR JADVALI
|
T/r |
Lavozimlar nomi |
Shtat birligi soni |
|
1. |
Direktor |
1 |
|
2. |
Direktorning oʻquv va sport ishlari boʻyicha oʻrinbosari |
1 |
|
3. |
Direktorning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari |
1 |
|
4. |
Xoʻjalik mudiri |
1 |
|
5. |
Psixolog (sport psixologi) |
1 |
|
6. |
Vrach |
1 |
|
7. |
Tibbiyot hamshirasi |
1 |
|
8. |
Buxgalter |
1 |
|
9. |
Kotib-ish yurituvchi |
1 |
|
10. |
Bosh oshpaz |
1 |
|
11. |
Oshpaz |
1 |
|
12. |
Oshxona ishchisi |
2 |
|
13. |
Kir yuvuvchi |
1 |
|
14. |
Gʻaznachi |
0,5 |
|
15. |
Xoʻjalik bekasi |
0,5 |
Izoh. Respublika velosport mahorat maktab-internati boshqaruv, texnik, xizmat koʻrsatuvchi va oʻquv-yordamchi xodimlari uchun alohida lavozimlarni kiritish normalari ushbu namunaviy shtatlar ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Respublika velosport mahorat maktab-internatining boshqaruv, texnik, xizmat koʻrsatuvchi va oʻquv-yordamchi xodimlarining shtatlar jadvaliga
ILOVA
ILOVA
Respublika velosport mahorat maktab-internati boshqaruv, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlari uchun alohida lavozimlarni kiritish
MEʼYORLARI
1. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 23-sentabrdagi 211-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan sport maktablari toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, trener-oʻqituvchi (trener)lar tarkibi Respublika velosport mahorat maktab-internatidagi (keyingi oʻrinlarda — maktab-internat) guruhlar soni va oʻquv rejasiga asosan aniqlanadi.
2. Maktab-internatda trener-oʻqituvchi (trener)lar soni 0,5 lavozim birligidan kam boʻlmagan holatlarda 1,0 birlik, keyingi har 8,0 birlik trener-oʻqituvchi (trener) lavozimi uchun qoʻshimcha 1,0 birlikdan yoʻriqchi-uslubchi lavozimi kiritiladi (jami 2,0 birlikdan oshmagan holda).
3. Maktab-internatda tarbiyachi lavozimi dam olish va bayram kunlarida har bir oʻrin almashish ish vaqti hisobga olingan holda, maktab-internatning oʻquvchilar turar joyida yashovchi har 25 nafar oʻquvchiga 1,0 birlik hisobidan kiritiladi.
4. Tungi navbatchilik uchun tarbiyachi yordamchisi lavozimi bola soni 100 nafargacha boʻlgan yotoqxona binosi uchun 2 shtat birlik kiritiladi.
5. Maktab-internatning har 2 500 kv. m supuriladigan maydoni uchun 1,0 birlik hovli supuruvchi lavozimi kiritiladi. Biroq maktab-internatda 0,5 birlikdan kam boʻlmagan miqdorda hovli supuruvchi lavozimi kiritiladi.
6. Maktab-internatning mevali bogʻ, gulzor va koʻkalamzorlashtirilgan 0,5 ga dan 2,0 ga gacha maydoni uchun 1,0 birlik, keyingi har 2,0 ga maydon uchun 1,0 birlik bogʻbon lavozimi kiritiladi, maktab-internatning ijaraga berilgan maydoni bundan mustasno.
7. Maktab-internatni kecha-kunduz qoʻriqlash uchun dam olish va bayram kunlari hamda taʼtil davrida har bir oʻrin almashish ish vaqti hisobga olingan holda, 3,0 birlik qorovul lavozimi kiritiladi.
8. Bino va inshootlar, shuningdek jihozlarni joriy taʼmirlovchi va xizmat koʻrsatuvchi:
a) elektromontyor lavozimi 700 tagacha yoritish nuqtalari (viklyuchatel, rozetka va karoba) (maktab-internatning koʻcha yoritish nuqtalari ham hisoblanadi) uchun 0,5 birlik, yoritish nuqtalari 700 dan ortiq boʻlsa, 1,0 birlik;
b) chilangar (santexnik) lavozimi — suv quvurlari, kanalizatsiya va issiqlik quvvati bilan jihozlangan har 2800 kv. m maydon uchun 1,0 birlik (biroq, tashkilotda 2,0 birlikdan ortiq boʻlmagan holda);
v) maktab-internatda 0,5 birlik duradgor lavozimi kiritiladi;
g) maktab-internat binolarini ekspluatatsiya ishlari ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan shartnoma asosida amalga oshirilganda, bino va inshootlar, shuningdek jihozlarni joriy taʼmirlovchi va xizmat koʻrsatuvchi ishchilar lavozimlari kiritilmaydi.
9. Maktab-internat binolarining ichki qismi, shu jumladan xizmat xonalari, yoʻlaklari, zinapoyalari, faollar zali va sport zal hamda oʻquv-auditoriya (yotoqxonaning oʻquvchilar yotadigan xonalari bundan mustasno) maydonini tozalovchi farrosh lavozimi har 700 kv. m tozalash maydoni uchun 1,0 birlik hisobidan kelib chiqqan holda kiritiladi.
10. Uy-joy kommunal xoʻjalik tizimiga oʻtkazilmagan maktab-internatda isitish mavsumida oʻt yoquvchi lavozimi:
a) lokal isitish tizimida koʻmir, torf, mazut va shu kabilar bilan isitiladigan har bir qozonxonaga har bir oʻrin almashish ish vaqti uchun 2.0 birlikdan, tabiiy gaz yoqilgʻisi bilan ishlaydigan har bir qozonxonalarda (qozonxona hajmidan qatʼi nazar) har bir oʻrin almashish ish vaqti uchun 1.0 birlikdan;
b) alohida kichik qozonlari bilan isitiladigan har bir alohida manzilda joylashgan binolar majmuasiga har bir oʻrin almashish ish vaqti uchun qozonlar soni 6 tagacha boʻlsa, 1,0 birlikdan, 6 ta va undan ortiq boʻlsa, 2,0 birlikdan;
v) isitish pechlari orqali isitiladigan binolarda har 10 dona pech uchun 1,0 birlikdan va keyingi har 5 — 9 dona pech uchun qoʻshimcha 0,5 birlikdan (lekin maktab-internat uchun 0,5 birlikdan kam boʻlmagan holda) kiritiladi.
11. Maktab-internatning soz holatdagi har bir avtotransport vositasi uchun 1,0 birlik haydovchi lavozimi kiritiladi.
12. Maktab-internatning har 3000 kv. m tabiiy yoki sunʼiy qoplamali ochiq sport maydonchalariga xizmat koʻrsatish (stadiondagi chim oʻtlarini oʻstirish, drenaj ustasi) va taʼmirlash ustasi 1,0 birlik ishchi lavozimi kiritiladi.
13. Maktab-internatda mavjud velosipedlar soni 40 tagacha boʻlsa 1 birlik, 40 ta va undan ortiq boʻlsa 1 birlikdan texnika sport turi boʻyicha mexanik lavozimi kiritiladi (biroq, tashkilotda 2,0 birlikdan ortiq boʻlmagan holda).
14. Shtat jadvalini tuzishda maktab-internatning yilning 1-yanvar holatidagi roʻyxatda mavjud boʻlgan oʻquvchilar soni hisobga olinadi va ushbu oʻquvchilar soni oʻzgarishi bilan yilning 1-sentabr holatiga qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2022-y., 09/22/294/0469-son; 31.12.2022-y., 09/22/731/1141-son; 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son; 19.06.2025-y., 09/25/378/0518-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)