Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni ishlab chiqaradigan, qayta ishlaydigan va saqlaydigan eksport qiluvchi tashkilotlar va shaxslar (xorijiy eksport qiluvchilar) reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 29-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3365]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-maydagi 277-son “Davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni ishlab chiqaradigan, qayta ishlaydigan va saqlaydigan eksport qiluvchi tashkilotlar va shaxslar (xorijiy eksport qiluvchilar) reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror 2022-yil 1-sentabrdan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais B. NORKOBILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 12-mart,
12-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2022-yil 21-fevral
Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi B. YUSUPALIYEV
2022-yil 11-fevral
Monopoliyaga qarshi kurashish koʻmitasi raisi Sh. SHARAXMETOV
2022-yil 10-fevral
Texnik jixatdan tartibga solish agentligi Bosh direktori D. SATTAROV
2022-yil 17-fevral
Investitsiyalar va tashki savdo vaziri S. UMURZAKOV
2022-yil 11-mart
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2022-yil 12-martdagi 12-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni ishlab chiqaradigan, qayta ishlaydigan va saqlaydigan eksport qiluvchi tashkilotlar va shaxslar (xorijiy eksport qiluvchilar) reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni (bundan buyon matnda nazorat ostidagi tovarlar deb yuritiladi) ishlab chiqaradigan, qayta ishlaydigan va saqlaydigan eksport qiluvchi tashkilotlar va shaxslar (xorijiy eksport qiluvchilar) reyestrini shakllantirish va yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
audit — masʼul organning veterinariya nazorati xizmati tomonidan nazorat ostidagi tovarlarning veterinariya, veterinariya-sanitariya jihatdan xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshiriladigan faoliyatni baholash;
inspeksiya — xorijiy eksport qiluvchilar va ularning nazorat ostidagi tovarlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlash jarayonlarida ishtirok etuvchi barcha obyektlarini bevosita joyiga chiqqan holda hamda nazorat ostidagi tovarlardan namunalar olish yoʻli bilan tekshirish;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi;
Keyingi tahrirga qarang.
masʼul organ — xorijiy davlatning davlat veterinariya nazoratini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli organi;
xorijiy eksport qiluvchilar — Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan nazorat ostidagi tovarlarni ishlab chiqaruvchi, qayta ishlovchi va saqlovchi eksport qiluvchi tashkilotlar va shaxslar;
inspektor — vakolatli organ va uning hududiy boshqarmalaridagi davlat veterinariya inspektorlari;
ekspert — oliy maʼlumot va davlat veterinariya xizmatida kamida besh yillik ish stajiga ega boʻlgan vakolatli organ tizimidagi veterinariya mutaxassisi hamda vakolatli organ tomonidan kelishuv asosida jalb etiladigan, audit va inspeksiya oʻtkazish boʻyicha koʻnikmaga ega boʻlgan ekspert;
epizootiya — tegishli hududda hayvonlarning oʻta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklari tarqalishi;
nazorat ostidagi obyektlar — xorijiy eksport qiluvchilarning nazorat ostidagi tovarlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlash jarayonlarida ishtirok etuvchi barcha obyektlari;
nazorat ostidagi tovarlar — qonunchilik hujjatlarida belgilangan davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlar;
Reyestr — Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan nazorat ostidagi tovarlarni ishlab chiqaradigan, qayta ishlaydigan va saqlaydigan eksport qiluvchi tashkilotlar va shaxslarning (xorijiy eksport qiluvchilar) elektron reyestri;
Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi ariza — masʼul organning vakolatli organga xorijiy eksport qiluvchilarni Reyestrga kiritish haqidagi murojaati;
xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimi — masʼul organning nazorat ostidagi tovarlarni veterinariya, veterinariya-sanitariya jihatdan xavfsizligini taʼminlash boʻyicha veterinariya nazorati tizimi;
Oʻzbekiston Respublikasining talablari — veterinariya sohasidagi qonunchilik hujjatlari, shuningdek davlat organlari va boshqa organlar, yuridik hamda jismoniy shaxslar rioya etishi lozim boʻlgan veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalari.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-maydagi 277-son “Davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan nazorat ostidagi tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga Reyestrga kiritilgan xorijiy eksport qiluvchilarga ruxsat beriladi.
Ushbu Nizom talablari favqulodda vaziyatlarda, xalqaro koʻrgazmalarda qatnashishda, laboratoriya tahlillari uchun namunalarda, shuningdek diplomatik korpus, oʻquv muassasalari, ilmiy va davlat maqsadlari uchun olib kelinadigan nazorat ostidagi tovarlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Xorijiy davlatlardan nazorat ostidagi tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirishga veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga rioya etilgan holda yoʻl qoʻyiladi.
4. Boshqa davlatlar hududida hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklari, hayvonlarning kelib chiqish sabablari nomaʼlum boʻlgan yalpi kasalliklari va hayvonlarning ilgari qayd etilmagan yuqumli kasalliklari paydo boʻlgan taqdirda nazorat ostidagi tovarlarni olib oʻtishga taqiq (cheklov) joriy etish hamda ularni olib oʻtishni tiklash toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat veterinariya inspektori tomonidan qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Reyestrni shakllantirish va yuritishga doir umumiy talablar
5. Xorijiy eksport qiluvchilarni Reyestrga kiritish vakolatli organning inspektorlari va ekspertlari tomonidan joyiga chiqqan holda oʻtkaziladigan audit va inspeksiya natijalariga koʻra yoki masʼul organ tomonidan mazkur Nizomning 6-bobiga muvofiq beriladigan kafolat asosida amalga oshirilishi mumkin.
6. Audit va inspeksiya mazkur Nizom va veterinariya sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlari, shuningdek Butunjahon hayvonlar sogʻligʻini saqlash tashkilotining (bundan buyon matnda XEB deb yuritiladi) kodekslari, Kodeks Alimentarius komissiyasi standartlari hamda veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarining (bundan buyon matnda veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlari deb yuritiladi) talablari asosida oʻtkaziladi.
7. Xorijiy eksport qiluvchilarni Reyestrga kiritish boʻyicha audit va inspeksiya masʼul organning Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi arizasiga asosan oʻtkaziladi.
8. Xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimi va xorijiy eksport qiluvchilarning nazorat ostidagi obyektlari Oʻzbekiston Respublikasi talablari va veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi kafolat asosida xorijiy eksport qiluvchini Reyestrga kiritish haqida masʼul organ tomonidan vakolatli organga yoʻllanadigan murojaatlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida koʻrib chiqiladi.
9. Audit va inspeksiya natijalari xorijiy mamlakat hududidagi epizootik vaziyatga, veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlari talablariga, shuningdek epizootik monitoring maʼlumotlariga asoslanishi lozim.
10. Inspektor va ekspertlar audit va inspeksiyani oʻtkazish jarayonida mustaqil harakat qiladi.
11. Inspektor va ekspertlar audit va inspeksiya oʻtkazish jarayonida xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimi hamda xorijiy eksport qiluvchilar haqidagi maʼlumotlar uchinchi shaxslarga oshkor etilmasligini taʼminlashi lozim.
12. Masʼul organ oʻz davlatining qonunchiligida Reyestrga kiritilgan xorijiy eksport qiluvchilarning nazorat ostidagi tovarlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlash jarayonlari yoki xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimi bilan bogʻliq oʻzgarishlar haqida vakolatli organni doimiy ravishda xabardor qilib boradi.
3-bob. Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish, audit va inspeksiya tayinlash yoki ularni tayinlashni rad etish
13. Masʼul organ vakolatli organga xorijiy eksport qiluvchilarni Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi ariza bilan yozma yoki vakolatli organning rasmiy sayti orqali elektron shaklda murojaat qiladi.
14. Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi arizada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:
nazorat ostidagi tovarlarni eksport qiladigan xorijiy davlatning nomi;
masʼul organning rasmiy nomi, joylashgan manzili (pochta manzili, shu jumladan elektron pochta manzili), telefon va faks raqamlari;
nazorat ostidagi tovarning nomi va Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasi (bundan buyon matnda TIF TN deb yuritiladi) boʻyicha kodi;
nazorat ostidagi tovarning kelib chiqish joyi (alohida maʼmuriy-hududiy birlikni koʻrsatgan holda (masalan, viloyat, shtat, provinsiya);
xorijiy eksport qiluvchining rasmiy nomi, joylashgan manzili (pochta manzili, shu jumladan elektron pochta manzili), telefon va faks raqamlari, shuningdek unga xorijiy davlatning tegishli organi tomonidan berilgan identifikatsiya raqami (STIR).
15. Vakolatli organ masʼul organning Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi arizasini u kelib tushgan kundan boshlab 15 kalendar kun ichida koʻrib chiqadi.
Bunda, masʼul organning davlatidagi epizootik vaziyat barqaror hamda Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi arizada koʻrsatilgan nazorat ostidagi tovarni olib oʻtishga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat veterinariya inspektorining qaroriga asosan taqiq (cheklov) joriy etilmagan boʻlsa, vakolatli organ xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimini auditdan oʻtkazish yuzasidan savolnoma (bundan buyon matnda audit savolnomasi deb yuritiladi) tayyorlaydi hamda uni ariza kelib tushgan tartibda masʼul organga yuboradi.
16. Agar masʼul organning davlatidagi epizootik vaziyat murakkab yoki Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi arizada koʻrsatilgan nazorat ostidagi tovarni olib oʻtishga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat veterinariya inspektorining qaroriga asosan taqiq (cheklov) joriy etilgan boʻlsa, ushbu arizani koʻrib chiqish mazkur davlatda epizootik vaziyat barqarorlashgunga qadar yoki nazorat ostidagi tovarlar boʻyicha taqiq (cheklov) bekor qilingunga qadar toʻxtatib turiladi va bu haqda masʼul organga xabar beriladi.
17. Audit savolnomasida masʼul organ tomonidan taqdim etilishi lozim boʻlgan quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
masʼul organning tuzilmasi, vakolatlari, vazifa va funksiyalari hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq veterinariya nazorati tizimining ahvoli;
xorijiy davlatning sohaga oid qonunchilik hujjatlari, veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalari, reglamentlari hamda standartlari roʻyxati va ularning matni;
xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimining kadrlar bilan taʼminlanganlik holati;
xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimi epizootiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish uchun moliyaviy resurslar bilan taʼminlanganligi;
odamlar hamda hayvonlarning hayoti va sogʻligʻini ular uchun umumiy boʻlgan va boshqa yuqumli kasalliklardan muhofaza qilish tizimining mavjudligi;
veterinariya sohasida sifatni boshqarish siyosati hamda uni taʼminlash tizimining mavjudligi;
ishlab chiqarish tizimini veterinariya-sanitariya jihatidan baholash va nazorat qilish dasturining mavjudligi;
qonunchilik hujjatlariga asosan epizootik monitoring va hayvonlar identifikatsiyasi tizimining mavjudligi;
akkreditatsiyalangan tegishli laboratoriyalarning mavjudligi;
veterinariya sohasida xavfni tahlil qilish tizimining mavjudligi;
nazorat ostidagi tovarlarni sertifikatlash tizimining mavjudligi;
xorijiy davlatdagi hayvonlarning bosh soni (statistik tahlili);
XEBga xabar berilishi lozim boʻlgan hayvonlar kasalliklari va ular sogʻligʻining holati boʻyicha XEBga xabar berish tizimining mavjudligi.
18. Masʼul organ audit savolnomasini olgan kundan boshlab 30 kalendar kundan kechiktirmay vakolatli organga audit savolnomasida soʻralgan maʼlumotlarni kelishilgan shaklda (yozma yoki elektron) taqdim etishi lozim.
19. Vakolatli organ masʼul organ tomonidan audit savolnomasi asosida taqdim etilgan maʼlumotlarni 60 kalendar kundan kechiktirmay oʻrganib chiqadi hamda oʻrganish natijalariga koʻra quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimini auditdan va nazorat ostidagi obyektni inspeksiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida;
xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimini auditdan va nazorat ostidagi obyektni inspeksiyadan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida.
20. Quyidagilar vakolatli organ tomonidan xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimini auditdan va nazorat ostidagi obyektni inspeksiyadan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga asos boʻladi:
ushbu xorijiy davlat hududida hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklari, hayvonlarning kelib chiqish sabablari nomaʼlum boʻlgan yalpi kasalliklari va hayvonlarning ilgari qayd etilmagan yuqumli kasalliklari paydo boʻlganligi sababli epizootik vaziyatning murakkabligi;
Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi arizada koʻrsatilgan nazorat ostidagi tovarlarni olib oʻtishga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat veterinariya inspektorining qaroriga asosan taqiq (cheklov) joriy etilganligi;
masʼul organ tomonidan 30 kalendar kun ichida audit savolnomasida soʻralgan tegishli maʼlumotlar vakolatli organga taqdim etilmaganligi;
audit savolnomasiga javoban masʼul organ tomonidan tegishli maʼlumotlarning toʻliq hajmda taqdim qilinmaganligi;
masʼul organ tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar ishonchsiz yoki buzib koʻrsatilganligi yoxud ushbu maʼlumotlar xorijiy mamlakatdagi haqiqiy epizootik vaziyatni ifoda etmasligi;
XEBning Xalqaro veterinariya kodekslari talablariga muvofiq nazorat ostidagi tovarlarning xavf darajasini baholash natijasida ularning veterinariya xavfi darajasi oʻrta yoki yuqori deb belgilanganligi;
audit savolnomasi boʻyicha masʼul organ tomonidan taqdim qilingan tegishli maʼlumotlarni koʻrib chiqish natijasida xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimi Oʻzbekiston Respublikasi talablari va veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlariga muvofiq emas deb hisoblanganligi.
21. Vakolatli organ tomonidan audit va inspeksiya oʻtkazish yoki ular oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror, u qabul qilingan kundan eʼtiboran besh ish kunidan kechiktirmay masʼul organga yuborilishi lozim.
22. Vakolatli organ tomonidan masʼul organga audit va inspeksiya oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorga qoʻshimcha ravishda quyidagi maʼlumotlar yuboriladi:
audit va inspeksiyani oʻtkazish maqsadlari;
audit va inspeksiyani oʻtkazish uchun xorijiy davlatga yuboriladigan inspektor va ekspertlar roʻyxati;
masʼul organning audit oʻtkazilishi rejalashtirilgan tarkibiy boʻlinmalari va faoliyat yoʻnalishlari roʻyxati;
nazorat ostidagi tovardan kelib chiqib, inspeksiya doirasida kuzatish uchun tashrif buyurilishi mumkin boʻlgan xom ashyo yetkazib beruvchilar (xorijiy eksport qiluvchilarga) hamda nazorat ostidagi tovarni ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlashda ishtirok etuvchi boshqa korxonalar roʻyxati;
audit va inspeksiya oʻtkazilishi uchun inspektor hamda ekspertlarga kelishilgan tilda (oʻzbek, rus, ingliz yoki boshqa xorijiy tilda) masʼul organ tomonidan taqdim etilishi lozim boʻlgan hujjatlar roʻyxati.
23. Audit va inspeksiya oʻtkazishni boshlash muddatlari masʼul organ bilan kelishilgan holda belgilanadi.
24. Audit va inspeksiya oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar, agar xalqaro shartnomalarda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisiga xizmat safariga yuborilganda xizmat safari xarajatlari uchun mablagʻlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2730, 2015-yil 19-noyabr) muvofiq masʼul organ tomonidan qoplanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimini auditdan oʻtkazish
25. Nazorat ostidagi tovarlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlash bilan bogʻliq jarayonlarning veterinariya, veterinariya-sanitariya jihatdan xavfsizligi veterinariya nazorati ostida ekanligini oʻrganish, shuningdek xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimi Oʻzbekiston Respublikasi talablari va veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlariga muvofiqligini aniqlash maqsadida vakolatli organ tomonidan xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimida audit oʻtkaziladi.
26. Auditni oʻtkazish uchun vakolatli organ tomonidan xorijiy davlat hududiga inspektor va ekspertlardan iborat mutaxassislar guruhi (bundan buyon matnda mutaxassislar deb yuritiladi) yuboriladi.
27. Audit vakolatli organga audit savolnomasiga javoban masʼul organ tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi va ushbu maʼlumotlar xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimining haqiqiy ahvoliga mos yoki mos emasligini taqqoslash yoʻli bilan tekshirish orqali oʻtkaziladi.
28. Auditni oʻtkazish besh ish kuni ichida yakunlanishi lozim.
29. Audit natijasida masʼul organ tomonidan audit savolnomasiga javoban taqdim etilgan maʼlumotlar:
tasdiqlansa va xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimining haqiqiy holatiga mos deb hisoblansa, xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimi Oʻzbekiston Respublikasi talablari va veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlariga muvofiq deb topiladi;
tasdiqlanmasa va xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimining haqiqiy holatiga mos emas deb hisoblansa, xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimi Oʻzbekiston Respublikasi talablari va veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlariga muvofiq emas deb topiladi.
30. Xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimi Oʻzbekiston Respublikasi talablari va veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlariga muvofiq emas deb topilganda inspeksiya oʻtkazilmaydi.
31. Masʼul organ audit natijasida xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimini Oʻzbekiston Respublikasi talablari va veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlariga muvofiq emas deb topishga asos boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda ushbu kamchiliklar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar bilan birga vakolatli organga qaytadan murojaat qilishi mumkin. Bunda, ushbu murojaat vakolatli organ tomonidan mazkur Nizomning 3-bobiga muvofiq umumiy asoslarda koʻrib chiqiladi.
32. Bir turdagi nazorat ostidagi tovar boʻyicha avval oʻtkazilgan audit natijasida xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimi Oʻzbekiston Respublikasi talablari va veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlariga muvofiq deb topilgan boʻlsa, shu davlatda aynan ushbu turdagi nazorat ostidagi tovarni ishlab chiqaradigan, qayta ishlaydigan va saqlaydigan boshqa xorijiy eksport qiluvchilarni Reyestrga kiritishda xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimini qaytadan auditdan oʻtkazish talab etilmaydi.
5-bob. Xorijiy eksport qiluvchilarning nazorat ostidagi obyektlarini inspeksiyadan oʻtkazish
33. Audit natijasiga koʻra xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimi Oʻzbekiston Respublikasi talablari va veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlariga muvofiq deb topilganda masʼul organning Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi arizasida koʻrsatilgan xorijiy eksport qiluvchining nazorat ostidagi obyektlarida moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda inspeksiya oʻtkaziladi.
34. Inspeksiya xorijiy eksport qiluvchilarning nazorat ostidagi obyektlarida ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlash jarayonlari Oʻzbekiston Respublikasi talablari va veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishini aniqlash maqsadida oʻtkaziladi.
35. Inspeksiya boshlanishidan avval masʼul organ bilan kelishilgan xolda mutaxassislar tomonidan inspeksiya davomida oʻrganiladigan nazorat ostidagi obyektlar roʻyxati, nomi hamda inspeksiya oʻtkazish muddatlari koʻrsatiladigan inspeksiya oʻtkazish rejasi tasdiqlanishi va masʼul organga taqdim etilishi kerak.
36. Inspeksiya audit oʻtkazishda bevosita ishtirok etgan mutaxassislar tomonidan audit yakunlangan kundan keyingi ish kunidan boshlab besh ish kuni (agar inspeksiya oʻtkaziladigan xorijiy eksport qiluvchilar soni bittadan ortiq boʻlsa, har birida besh ish kuni) davomida oʻtkaziladi.
37. Inspeksiyani oʻtkazish davomida tekshiriladigan nazorat ostidagi obyektlardan tashqari xorijiy eksport qiluvchiga xom ashyo yetkazib beruvchi boshqa korxonalarga qarashli obyektlarga, agar bunday tashriflar inspeksiya oʻtkazish rejasida nazarda tutilgan boʻlsa, masʼul organ bilan kelishilgan holda va faqat kuzatish maqsadida tashrif buyurilishi mumkin.
38. Inspeksiya oʻtkazish davomida inspeksiya oʻtkazilayotgan xorijiy eksport qiluvchi ishlab chiqargan, qayta ishlagan yoki saqlagan nazorat ostidagi tovarlardan, shuningdek ularni ishlab chiqarishda foydalanilgan xom ashyolardan ushbu Nizomning 7-bobiga muvofiq tanlov asosida namunalar olinadi.
39. Inspeksiya davomida nazorat ostidagi obyektlarning Oʻzbekiston Respublikasi talablari va veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlariga nomuvofiqligi bilan bogʻliq va joyida bartaraf etilishi mumkin boʻlgan kamchiliklar aniqlangan taqdirda mutaxassislar mazkur kamchiliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni masʼul organ yoki xorijiy eksport qiluvchining soʻroviga koʻra inspeksiya yakunida taqdim etadi.
Bunda, xorijiy eksport qiluvchi ushbu kamchiliklar bartaraf etilganligi yoki ularni bartaraf etish choralari koʻrilayotganligi haqidagi maʼlumotlarni mutaxassislarga, ular ushbu xorijiy mamlakat hududidan chiqib ketishidan avval masʼul organ orqali taqdim qilishi mumkin. Mazkur maʼlumotlar mutaxassislar tomonidan inspeksiya natijalari boʻyicha hisobot tuzishda inobatga olinishi kerak.
40. Inspeksiya natijalari yuzasidan vakolatli organ tomonidan inspeksiya yakunlangan kundan eʼtiboran 90 kalendar kundan kechiktirmay ushbu inspeksiyani oʻtkazgan mutaxassislar ishtirokida dastlabki hisobot tayyorlanishi va masʼul organga yuborilishi lozim.
41. Masʼul organ vakolatli organning dastlabki hisobotini olgan kundan eʼtiboran 30 kalendar kundan kechiktirmay dastlabki hisobot yuzasidan oʻz taklif va eʼtirozlari (mavjud boʻlsa), shuningdek aniqlangan kamchiliklar (mavjud boʻlsa) bartaraf etilganligini yoki ularni bartaraf etish choralari koʻrilayotganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar koʻrsatilgan javob xatini vakolatli organga yuborishi mumkin. Masʼul organ tomonidan mazkur muddat ichida vakolatli organga javob xati yuborilmasligi masʼul organ dastlabki hisobotga toʻliq rozi deb hisoblashga asos boʻladi.
42. Vakolatli organ masʼul organning javob xatini olgan kundan eʼtiboran yoki masʼul organ javob xati yubormagan taqdirda, mazkur Nizomning 41-bandida belgilangan muddat yakunlangan kundan eʼtiboran 60 kalendar kun ichida masʼul organga audit va inspeksiya natijalari boʻyicha yakuniy hisobotni yuborishi lozim.
43. Yakuniy hisobotda audit hamda inspeksiyadan oʻtkazilgan har bir xorijiy eksport qiluvchi boʻyicha alohida xulosa, shuningdek, agar xorijiy eksport qiluvchining nazorat ostidagi obyektlarida kamchiliklar aniqlangan boʻlsa, ularni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilishi kerak boʻlgan choralar boʻyicha tavsiyalar koʻrsatilishi kerak.
44. Nazorat ostidagi tovarlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlash jarayonlari Oʻzbekiston Respublikasi talablari va veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlariga muvofiqligidan, shuningdek nazorat ostidagi tovarlar va ularni ishlab chiqarishda foydalanilgan xom ashyolardan tanlov asosida olingan namunalarning laboratoriya tekshiruvlari natijalaridan kelib chiqib, yakuniy hisobotda har bir xorijiy eksport qiluvchi boʻyicha alohida quyidagi qarorlardan biri koʻrsatiladi:
xorijiy eksport qiluvchini Reyestrga kiritish haqida;
xorijiy eksport qiluvchini Reyestrga kiritishni rad etish haqida.
45. Vakolatli organ yakuniy hisobotni oʻzining rasmiy saytida eʼlon qiladi. Bunda, eʼlon qilinadigan yakuniy hisobotda Reyestrga kiritilishi rad etilgan xorijiy eksport qiluvchilarni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi maʼlumotlar (masalan, nomi, manzili, xorijiy davlatning tegishli organi tomonida berilgan identifikatsiya raqami (STIR) koʻrsatilmaydi.
46. Vakolatli organ Reyestrga kiritilgan xorijiy eksport qiluvchilar boʻyicha xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimi hamda nazorat ostidagi obyektlarni Epizootik vaziyatni oʻrganish maqsadida mutaxassislarni xorijiy mamlakatlarga yuborish zaruratini aniqlash mezonlari va yuborish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda (roʻyxat raqami 3198, 2019-yil 29-noyabr) belgilangan tartibda oʻrganib borishi mumkin.
6-bob. Kafolat berish
47. Masʼul organ oʻz mamlakatidagi rasmiy nazorat tizimi va xorijiy eksport qiluvchilarning nazorat ostidagi obyektlari Oʻzbekiston Respublikasi talablari va veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlariga muvofiqligi toʻgʻrisida kafolat (bundan buyon matnda kafolat deb yuritiladi) bergan holda xorijiy eksport qiluvchilarini audit va inspeksiya oʻtkazmasdan Reyestrga kiritishni soʻrab vakolatli organga yozma yoki elektron shaklda murojaat (bundan buyon matnda kafolat berish haqidagi murojaat deb yuritiladi) qilishi mumkin.
48. Masʼul organning kafolati har bir xorijiy eksport qiluvchi uchun nazorat ostidagi tovarning TIF TN kodi boʻyicha alohida taqdim etilishi lozim.
49. Masʼul organning kafolat berish haqidagi murojaatida mazkur Nizomning 14 va 17-bandlariga muvofiq Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi ariza va audit savolnomasida soʻralgan barcha maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak.
50. Masʼul organning kafolat berish haqidagi murojaati u kelib tushgan kundan eʼtiboran 60 kalendar kundan kechiktirmay vakolatli organ tomonidan koʻrib chiqiladi.
51. Masʼul organning kafolat berish haqidagi murojaatini koʻrib chiqishda vakolatli organ tomonidan quyidagilar inobatga olinadi:
xorijiy davlatning sohaga oid qonunchilik hujjatlari, veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalari, reglamentlari hamda standartlarining mavjudligi;
masʼul organning tuzilmasi, vakolatlari, vazifa va funksiyalari hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq veterinariya nazorati tizimining ahvoli;
qonunchilik hujjatlariga asosan epizootik monitoring va hayvonlar identifikatsiyasi tizimining mavjudligi;
veterinariya sohasida xavfni tahlil qilish tizimining mavjudligi;
nazorat ostidagi tovarlarni sertifikatlash tizimining mavjudligi;
XEBga xabar berilishi lozim boʻlgan hayvonlar kasalliklari va ular sogʻligʻining holati boʻyicha XEBga xabar berish tizimining mavjudligi.
veterinariya sohasida sifatni boshqarish siyosati hamda uni taʼminlash tizimining mavjudligi;
ishlab chiqarish tizimini veterinariya-sanitariya jihatidan baholash va nazorat qilish dasturining mavjudligi;
masʼul organning avval taqdim etilgan kafolatlari boʻyicha Reyestrga kiritilgan xorijiy eksport qiluvchilar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi talablari va veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlariga rioya qilinganlik holati;
xorijiy davlat hududini hayvonlarning yuqumli kasalliklari olib kirilishidan muhofaza qilishning taʼminlanganligi;
xorijiy davlatdagi epizootik vaziyat;
kafolat berilayotgan xorijiy eksport qiluvchilarning nazorat ostidagi tovarlarini olib oʻtishga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat veterinariya inspektorining qaroriga asosan taqiq (cheklov) joriy etilganligi;
nazorat ostidagi tovarlarni ushbu xorijiy mamlakatdan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib oʻtish boʻyicha vakolatli organ tomonidan oʻtkazilgan monitoring natijalari (mavjud boʻlsa);
nazorat ostidagi tovarlar boʻyicha masʼul organ tomonidan oʻtkazilgan monitoring natijalari;
kafolat berilishi nazarda tutilayotgan xorijiy eksport qiluvchilar faoliyatida veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalari talablariga rioya etilishining holatini masʼul organ tomonidan doimiy ravishda nazorat qilish tizimining mavjudligi;
muqaddam ushbu xorijiy mamlakatdagi xorijiy eksport qiluvchilarni vakolatli organ tomonidan inspeksiyadan oʻtkazishning natijalari (mavjud boʻlsa);
xorijiy eksport qiluvchilarning Oʻzbekiston Respublikasi talablari va veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlariga muvofiqligini tasdiqlovchi boshqa maʼlumotlar (mavjud boʻlsa).
52. Masʼul organning kafolat berish haqidagi murojaatini mazkur Nizomning 51-bandiga muvofiq koʻrib chiqish natijasida vakolatli organ quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
masʼul organning kafolati asosida xorijiy eksport qiluvchini Reyestrga kiritish mumkinligi haqida;
masʼul organning kafolati asosida xorijiy eksport qiluvchini Reyestrga kiritishni rad etish haqida.
53. Quyidagilar masʼul organning kafolati asosida xorijiy eksport qiluvchini Reyestrga kiritishni rad etish haqida qaror qabul qilishga asos boʻladi:
ushbu xorijiy davlat hududida hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklari, hayvonlarning kelib chiqish sabablari nomaʼlum boʻlgan yalpi kasalliklari va hayvonlarning ilgari qayd etilmagan yuqumli kasalliklari paydo boʻlganligi sababli epizootik vaziyatning murakkabligi;
kafolat berish haqidagi murojaatda koʻrsatilgan nazorat ostidagi tovarlarni olib oʻtishga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat veterinariya inspektorining qaroriga asosan taqiq (cheklov) joriy etilganligi;
mazkur Nizomning 14 va 17-bandlariga muvofiq Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi ariza va audit savolnomasida soʻralgan tegishli maʼlumotlar masʼul organ tomonidan toʻliq hajmda taqdim qilinmaganligi;
masʼul organ tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar ishonchsiz yoki buzib koʻrsatilganligi yoxud ushbu maʼlumotlar xorijiy mamlakatdagi haqiqiy epizootik vaziyatni ifoda etmasligi;
XEBning Xalqaro veterinariya kodekslari talablariga muvofiq nazorat ostidagi tovarlarning xavf darajasini baholash natijasida ularning veterinariya xavfi darajasi oʻrta yoki yuqori deb belgilanganligi;
masʼul organ tomonidan taqdim qilingan maʼlumotlarni koʻrib chiqish natijasida xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimi va nazorat ostidagi obyektlar Oʻzbekiston Respublikasi talablari va veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlariga muvofiq emas deb topilganligi.
54. Kafolat berish haqidagi murojaat boʻyicha vakolatli organning qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran besh ish kunidan kechiktirmay masʼul organga yuborilishi kerak.
55. Masʼul organ vakolatli organning kafolat asosida xorijiy eksport qiluvchini Reyestrga kiritishni rad etish haqidagi qarorini olgan kundan eʼtiboran 30 kalendar kundan kechiktirmay ushbu qaror yuzasidan oʻz taklif va eʼtirozlari (mavjud boʻlsa), shuningdek, agar kamchiliklar aniqlangan boʻlsa, ularni bartaraf etish choralari koʻrilayotganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar koʻrsatilgan javob xatini yuborishi mumkin. Masʼul organ tomonidan ushbu muddat ichida vakolatli organga javob xati yuborilmasligi masʼul organ vakolatli organning kafolat berish haqidagi murojaat boʻyicha qaroriga toʻliq rozi deb hisoblashga asos boʻladi.
56. Masʼul organ vakolatli organning kafolat asosida xorijiy eksport qiluvchini Reyestrga kiritishni rad etish haqidagi qarori yuzasidan javob xati yuborganda ushbu javob xati vakolatli organ tomonidan 15 kalendar kun ichida koʻrib chiqilishi hamda agar vakolatli organning qarorida koʻrsatilgan kamchiliklar bartaraf etilgan boʻlsa, xorijiy eksport qiluvchini Reyestrga kiritishni rad etish haqidagi qaror oʻzgartirilishi lozim.
57. Vakolatli organ masʼul organning kafolat berish haqidagi murojaatini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha yakuniy qarorini u qabul qilingan kundan eʼtiboran besh ish kunidan kechiktirmay masʼul organga yuborishi kerak.
7-bob. Inspeksiya jarayonida nazorat ostidagi tovarlardan namunalar olish
58. Inspeksiyani oʻtkazish jarayonida nazorat ostidagi tovarlarning, shuningdek ularni ishlab chiqarishda foydalanilgan xom ashyoning veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalari talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida laboratoriya tekshiruvlari oʻtkazish uchun nazorat ostidagi tovarlar va ularni ishlab chiqarishda foydalanilgan xom ashyodan tanlov asosida namunalar olinadi.
59. Laboratoriya tekshiruvlari uchun namunalar olish inspeksiya oʻtkazayotgan mutaxassislarning soʻroviga koʻra amalga oshiriladi.
60. Nazorat ostidagi tovarlar va xom ashyodan namunalar olish kelishuv asosida mutaxassislar yoki masʼul organ xodimlari yoxud bevosita xorijiy eksport qiluvchilarning vakillari tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Bunda, ushbu shaxslar tovarlardan namunalar olish boʻyicha bilim va malakaga ega boʻlishlari talab etiladi.
61. Nazorat ostidagi tovarlar va xom ashyodan namunalar olish masʼul organ bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi yoki mazkur xorijiy davlatning qonunchiligi talablari asosida amalga oshirilishi mumkin.
62. Nazorat ostidagi tovarlar va xom ashyodan olingan namunalarda laboratoriya tekshiruvlarini oʻtkazish uchun tegishli laboratoriya masʼul organ bilan kelishuv asosida mazkur xorijiy davlatning akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalari orasidan tanlanadi.
63. Masʼul organ nazorat ostidagi tovarlar va xom ashyodan olingan namunalarda oʻtkazilgan laboratoriya tekshiruvlari natijalarini ular olingan kunning oʻzida mutaxassislarga taqdim etilishini taʼminlashi kerak.
64. Laboratoriya tekshiruvlari natijalari boʻyicha hujjatlar masʼul organ bilan kelishilgan tilda (oʻzbek, rus, ingliz yoki boshqa xorijiy tilda) rasmiylashtiriladi.
8-bob. Reyestrni shakllantirish va yuritish
65. Reyestr vakolatli organning rasmiy saytida elektron shaklda yuritiladi va foydalanish uchun ochiq hisoblanadi.
66. Vakolatli organ Reyestrni shakllantirish, yuritish va undagi axborotning yaxlitligi uchun masʼul hisoblanadi.
67. Reyestr xorijiy eksport qiluvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritiladigan yagona elektron baza hisoblanadi va unda xorijiy eksport qiluvchilarning quyidagi maʼlumotlari qayd etiladi:
toʻliq nomi (oʻzbek, rus, ingliz yoki boshqa tegishli xorijiy tilda);
joylashgan manzili (pochta manzili, shu jumladan elektron pochta manzili), faoliyatni amalga oshirish manzili (alohida maʼmuriy-hududiy birlikni koʻrsatgan holda (masalan, viloyat, shtat, provinsiya);
telefon va faks raqamlari, shuningdek xorijiy davlatning tegishli organi tomonida berilgan identifikatsiya raqami (STIR);
ishlab chiqaradigan, qayta ishlaydigan yoki saqlaydigan nazorat ostidagi tovarlari roʻyxati;
veterinariya, veterinariya-sanitariya jihatdan statusi (bundan buyon matnda status deb yuritiladi).
68. Xorijiy eksport qiluvchilar quyidagilardan biri asosida Reyestrga kiritiladi:
audit va inspeksiya natijalariga koʻra vakolatli organning tegishli qarori bilan xorijiy eksport qiluvchini Reyestrga kiritish mumkin deb topilganda;
vakolatli organning tegishli qarori bilan masʼul organning kafolati asosida xorijiy eksport qiluvchini Reyestrga kiritish mumkin deb topilganda.
69. Vakolatli organning inspeksiya natijalari yuzasidan tayyorlangan yakuniy hisoboti yoki kafolat berish haqidagi murojaat boʻyicha qabul qilingan qarori masʼul organga yuborilgan kundan boshlab 10 kalendar kun ichida vakolatli organ xorijiy eksport qiluvchini Reyestrga kiritadi hamda bu haqda ikki ish kuni ichida masʼul organga bildirishnoma yuboradi.
70. Reyestrga kiritilgan xorijiy eksport qiluvchi quyidagi statuslardan biriga ega boʻladi:
“cheklovlarsiz” — xorijiy eksport qiluvchining nazorat ostidagi tovarlari Oʻzbekiston Respublikasi hududiga taqiq va cheklovlarsiz belgilangan tartibda eksport qilinadi;
“vaqtincha cheklangan” — davlat veterinariya xizmati nazoratini amalga oshirishda veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarida belgilangan talablarga nomuvofiqlik aniqlanganligi sababli, xorijiy eksport qiluvchining nazorat ostidagi tovarlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga eksport qilish vaqtincha cheklanadi;
“kuchaytirilgan laboratoriya nazoratida” — xorijiy eksport qiluvchining mamlakatidagi epizootik vaziyat barqaror emasligi sababli, xorijiy eksport qiluvchining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga eksport qilingan nazorat ostidagi tovarlarining har bir partiyasidan laboratoriya tekshiruvi uchun namuna olish talab etiladi;
“ogohlantirilgan” — davlat veterinariya xizmati nazoratini amalga oshirish davomida xorijiy eksport qiluvchining nazorat ostidagi tovarlarida salbiy oʻzgarishlar aniqlanganda masʼul organ ushbu salbiy oʻzgarishlar bartaraf etilishi zarurligi haqida muddati koʻrsatilgan holda vakolatli organ tomonidan ogohlantiriladi. Bunda, salbiy oʻzgarishlar tegishli muddatda bartaraf etilmasa, xorijiy eksport qiluvchining statusi “vaqtincha cheklangan” yoki “kuchaytirilgan laboratoriya nazoratida” statusiga oʻzgartiriladi;
“maxsus shartlarda” — xorijiy eksport qiluvchining nazorat ostidagi tovarlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga tovarlarni tayyorlash, qayta ishlash yoki saqlash usulini (masalan, muzlatilgan, sovutilgan, qadoqlangan, vakuumda yoki boshqa) oʻzgartirgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi. Bunda, agar tegishli oʻzgartirish amalga oshirilmaydigan boʻlsa, xorijiy eksport qiluvchining statusi “vaqtincha cheklangan” statusiga oʻzgartiriladi.
71. Xorijiy eksport qiluvchining Reyestrdagi amaldagi statusi quyidagilar asosida oʻzgartirilishi mumkin:
masʼul organning soʻrovi asosida;
davlat veterinariya xizmati nazoratini amalga oshirishda xorijiy eksport qiluvchining nazorat ostidagi tovarlarida veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga nomuvofiqlik aniqlanganda;
xorijiy eksport qiluvchining mamlakatidagi epizootik vaziyat barqaror emas yoki aksincha barqaror deb topilganda;
xorijiy eksport qiluvchining nazorat ostidagi tovarlarida salbiy oʻzgarishlar aniqlanganda masʼul organ ushbu salbiy oʻzgarishlar bartaraf etilishi zarurligi haqida vakolatli organ tomonidan muddati koʻrsatilgan holda ogohlantirilganligiga qaramasdan, ushbu salbiy oʻzgarishlar tegishli muddat ichida bartaraf etilmagan boʻlsa;
xorijiy eksport qiluvchining nazorat ostidagi tovarlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish uchun tovarlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash yoki saqlash usulini oʻzgartirish zarurligiga qaramasdan, xorijiy eksport qiluvchi tegishli oʻzgartirishni amalga oshirmagan boʻlsa;
xorijiy davlat rasmiy nazorat tizimi va nazorat ostidagi obyektlarni Epizootik vaziyatni oʻrganish maqsadida mutaxassislarni xorijiy mamlakatlarga yuborish zaruratini aniqlash mezonlari va yuborish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda (roʻyxat raqami 3198, 2019-yil 29-noyabr) belgilangan tartibda oʻrganish natijasida ular Oʻzbekiston Respublikasi talablari yoki veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlariga muvofiq yoki muvofiq emas deb topilganda.
72. Masʼul organ Reyestrga kiritilgan xorijiy eksport qiluvchilar faoliyati bilan bogʻliq oʻzgarishlar (masalan, tugatilishi, qayta tashkil etilishi, nomining oʻzgarishi) haqida vakolatli organni doimiy ravishda xabardor qilib borishi lozim.
73. Reyestrda avval qayd etilgan maʼlumotlar oʻzgargan hollarda tegishli oʻzgartirishlar vakolatli organ tomonidan Reyestrga 10 kalendar kun ichida kiritilishi kerak.
74. Xorijiy eksport qiluvchining Reyestrdagi statusi oʻzgarganda, xorijiy eksport qiluvchi Oʻzbekiston Respublikasi va veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlari talablariga amal qilmaganda yoki nazorat ostidagi tovarlarda salbiy oʻzgarishlar aniqlanganda vakolatli organ bu haqda masʼul organni ikki ish kuni ichida xabardor qilishi lozim.
Bunda, masʼul organ vakolatli organning xabarida koʻrsatilgan holatni zudlik bilan oʻrganib chiqishi hamda ushbu holat tasdiqlangan taqdirda, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrishi, shuningdek kamchiliklar bartaraf etilganda bu haqda vakolatli organga tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga maʼlumot taqdim etishi kerak.
75. Reyestrga kiritilgan xorijiy eksport qiluvchi oʻzining yoki masʼul organning soʻrovi asosida, shuningdek nazorat ostidagi tovarlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash yoki saqlashda Oʻzbekiston Respublikasi va veterinariya sohasidagi nazorat hujjatlari talablariga amal qilinmagan taqdirda vakolatli organning tashabbusi bilan Reyestrdan chiqarilishi mumkin.
9-bob. Yakuniy qoidalar
76. Vakolatli organning qarorlari ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
77. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
78. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan kelishilgan.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2022-y., 10/22/3365/0370-son; 08.08.2024-y., 10/24/3365-1/0598-son; 28.04.2026-y., 10/26/3365-2/0424-son)