Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda chorvachilik va parrandachilikni kompleks rivojlantirishda keng koʻlamli islohotlar va davlat dasturlari, shuningdek, epizootik osoyishtalik va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amaliy tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, isteʼmolchilarni xavfli va sifatsiz mahsulotlarni isteʼmol qilishdan himoya qilishning yetarli darajada samarali tizimi yaratilmaganligi oqibatida qator muammolar, shu jumladan, respublikada hayvonlar va isteʼmolchilar orasida yuqumli kasalliklar qoʻzgʻatuvchilarining tarqalish xavfi yuzaga kelmokda.
Respublika hududiga oʻta xavfli yuqumli kasalliklarni qoʻzgʻatuvchilar kirib kelishining oldini olish hamda tarqalishi xavfini bartaraf etishning xavfsiz muhofazaning samarali tizimini yaratish, shuningdek, davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni olib kirish tartib- taomillarini yanada soddalashtirish va takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2021-yil 1-yanvardan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Oldingi tahrirga qarang.
faqat Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni ishlab chiqaradigan, qayta ishlaydigan va saqlaydigan eksport qiluvchi tashkilotlar va shaxslar (xorijiy eksport qiluvchilar) reyestriga (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) kiritilgan eksport qiluvchi tashkilotlar va shaxslarning davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga ruxsat beriladi;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-apreldagi 148-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.04.2023-y., 09/23/148/0205-son)
davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni olib kirishga veterinariya ruxsatnomasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yigʻim undiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
ushbu tartib favqulodda vaziyatlarda, xalqaro koʻrgazmalarda qatnashishda, laboratoriya tahlillari uchun namunalarda, shuningdek, diplomatik korpus, oʻquv muassasalari, ilmiy va davlat maqsadlari hamda insonparvarlik (gumanitar) yordami uchun olib kelinadigan davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-apreldagi 148-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.04.2023-y., 09/23/148/0205-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi uch oy muddatda Reyestrni shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-apreldagi 148-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.04.2023-y., 09/23/148/0205-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi B.T. Norqobilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 11-may,
277-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-apreldagi 148-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.04.2023-y., 09/23/148/0205-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2020-y., 09/20/277/0573-son; 11.04.2023-y., 09/23/148/0205-son)