O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzurida Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazini tashkil etish to‘g‘risida
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2019-yil 14-yanvardagi PQ-4112-son qaroriga muvofiq, shuningdek, davlat aktivlarini boshqarish, korporativ boshqaruvni rivojlantirish, davlat ishtirokidagi iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, to‘lovga qobiliyatsizlik tizimini takomillashtirishning mustahkam ilmiy-metodologik va metodik bazasini yaratish, mamlakat iqtisodiyotini isloh qilishning bugungi bosqichidagi boshqa dolzarb vazifalarni hal etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-iyuldagi 304-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2023-y., 09/23/304/0510-son)
1. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Xususiylashtirish, raqobat va korporativ boshqaruvni rivojlantirish muammolarini tadqiq etish markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzurida Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazi (keyingi o‘rinlarda — Markaz) tashkil qilinsin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
xo‘jalik jamiyatlarida korporativ boshqaruvning zamonaviy xalqaro standartlari va usullarini hamda baholash tizimini joriy etish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;
xususiylashtirish, shu jumladan ko‘chmas mulk obyektlari va davlat ulushlarini sotish, shuningdek, korxonalarni xususiylashtirishdan oldin tayyorlashning ilmiy-metodologik asoslarini rivojlantirish hamda xususiylashtirish jarayonlari amalga oshirilishini monitoring qilish;
aksiya va obligatsiyalarni chiqarish hisobiga davlat ishtirokidagi korxonalarga investitsiyalarni jalb qilish muammolarini tadqiq etish;
davlatning, shu jumladan uning xorijdagi aktivlarini samarali boshqarish va davlat mulki obyektlarini ijaraga berish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
Oldingi tahrirga qarang.
iqtisodiy nochor bo‘lgan davlat ishtirokidagi korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillarini amalga oshirishning metodologik asoslari va mexanizmlarini takomillashtirish;
(2-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-iyuldagi 304-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2023-y., 09/23/304/0510-son)
baholash va rieltorlik faoliyatini tartibga solishning ilmiy-metodologik asoslarini rivojlantirish;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, tahliliy va uslubiy hujjatlarni tayyorlash, ilmiy ishlarni chop etish, Markazning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha davra suhbatlari va seminarlar o‘tkazish.
3. Belgilansinki, Markaz:
davlat muassasasi shaklidagi ilmiy tashkilot hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhr va blanklarga, mustaqil balansga, bank hisobvaraqlariga va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;
O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Xususiylashtirish, raqobat va korporativ boshqaruvni rivojlantirish muammolarini tadqiq etish markazining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-apreldagi 139-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2023-y., 09/23/139/0190-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning birinchi — to‘rtinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-apreldagi 139-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2023-y., 09/23/139/0190-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Markaz xodimlariga nisbatan, to‘lov manbalaridan qat’i nazar, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi markaziy apparati xodimlari uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya shartlari tatbiq etilishi belgilab qo‘yilsin. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan bazaviy moliyalashtirishga o‘tkazilmagan Markaz xodimlarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar qonunchilik hujjatlariga asosan mavjud shtat birliklari doirasida Markazning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan, ushbu pul mablag‘lari yetarli bo‘lmagan taqdirda, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi budjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 15-maydagi 282-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.05.2024-y., 09/24/282/0347-son)
6. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktoriga Markaz direktorini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish hamda zaruriyatga ko‘ra Markazning tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan cheklangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
7. Belgilab qo‘yilsinki, Markaz o‘z faoliyatini amalga oshirish doirasida quyidagi huquqlarga ega:
vazirliklar va idoralardan Markazga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan statistik, tahliliy va boshqa axborotni bepul olish;
davlat boshqaruvi organlari mutaxassislari, ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari, oliy ta’lim muassasalari professor va o‘qituvchilari, xorijiy mutaxassislarni belgilangan tartibda ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etishga tegishli shartnoma asosida jalb qilish;
ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan xalqaro va xorijiy bilan qo‘shma tadqiqotlarni o‘tkazish to‘g‘risida belgilangan tartibda tegishli shartnomalar tuzish;
o‘tkazilayotgan ilmiy tadqiqotlar to‘g‘risida xabardorlik darajasini oshirish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda foydalanish maqsadida davlat boshqaruvi organlariga axborot-tahliliy hisobotlarni va ma’lumotlarni taqdim qilish;
davlat boshqaruv organlariga, xo‘jalik birlashmalariga, xorijiy va xalqaro tashkilotlarga Markaz ustavida belgilangan tartibda ilmiy-tadqiqot xizmatlarini ko‘rsatish.
8. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi budjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasi mablag‘lari;
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida o‘tkaziladigan tanlov natijalari asosida ajratiladigan mablag‘lar;
Markaz faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha ishlarni bajarish uchun vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan tuzilgan xo‘jalik shartnomalari asosida olingan mablag‘lar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga qimmatli qog‘ozlar bozori, korporativ boshqaruvni rivojlantirish, monopoliyaga qarshi tartibga solish, raqobat muhitini rivojlantirish sohasida va o‘z faoliyatining boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish uchun budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan Markazga buyurtmalar berib borish tavsiya etilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:
bir oy muddatda Markazning ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin va uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
Markazni Toshkent shahri, Amir Temur ko‘chasi, 6-uy manzilidagi binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
12. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Xususiylashtirish, raqobat va korporativ boshqaruvni rivojlantirish muammolarini tadqiq etish markazini tashkil qilish to‘g‘risida” 2017-yil 22-dekabrdagi 1012-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J. Ortiqov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 28-aprel,
219-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-apreldagi 139-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2023-y., 09/23/139/0190-son)
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-apreldagi 219-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-maydagi 404-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi budjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 12-bandi yettinchi xatboshidagi “Agentlik xodimlarini” so‘zlari “Agentlik va uning idoraviy mansub tuzilmalari xodimlarini” so‘zlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Davlat ilmiy tashkilotlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy moliyalashtirishga o‘tkazish to‘g‘risida” 2021-yil 26-maydagi 326-son qaroriga 2-ilovaning “Tashkilot nomi” ustuni 24-pozitsiyasidagi “Xususiylashtirish, raqobat va korporativ boshqaruvni rivojlantirish muammolarini tadqiq etish markazi” so‘zlari “Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.04.2022-y., 09/22/219/0358-son; 04.04.2023-y., 09/23/139/0190-son; 22.07.2023-y., 09/23/304/0510-son; 15.05.2024-y., 09/24/282/0347-son)