Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Avtomobil transporti sohasida davlat ishtirokidagi korxonalarga xususiy sektorni jalb qilish toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Respublikada davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, avtomobil transporti sohasida samarali va raqobatbardosh muhitni shakllantirish, xususiy sektor rolini oshirish, islohotlar jarayonida xususiy kapital ishtiroki uchun kengroq imkoniyatlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 6-martdagi PQ-3589-son qaroriga muvofiq Namangan, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida Transport vazirligi huzurida yoʻlovchilarga sifatli avtotransport xizmatlari koʻrsatish uchun tashkilotlar tashkil qilinganligi va ushbu tashkilotlar istiqbolsiz, zarar bilan ishlayotganligi va ularning rentabelliligi pastligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borish uchun respublika hududidan transport orqali chet elga joʻnab ketish vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-martdagi PQ-3584-son qaroriga muvofiq “Oʻzmilliybank” aksiyadorlik jamiyatiga tashkil etilayotgan Avtobusda yoʻlovchilarni xalqaro tashish boʻyicha ixtisoslashtirilgan kompaniya ustav fondidagi ulushini keyinchalik bozor narxi boʻyicha boshqa investorga sotish huquqi berilganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 27-oktabrdagi PF-6096-son Farmoniga muvofiq davlat unitar korxonalari xoʻjalik jamiyatlariga oʻzgartirilgan holda ularning davlat aksiyalari paketi (ulushi) sotilishiga doir tartib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligining ilovada nazarda tutilgan Transport vazirligi huzuridagi avtomobil transporti sohasidagi korxonalarni masʼuliyati cheklangan jamiyatlarga oʻzgartirgan holda, ulardagi davlat ulushlarini investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan baholangan narxda ommaviy savdolar orqali xususiy sektorga sotish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Davlat ulushlari investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan baholangan narxda “E-auksion” elektron savdo platformasida sotiladigan korxonalar roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Davlat ulushlarini sotishda quyidagi investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar belgilansin:
ish faoliyatini kamida 5 yil davomida jamoat transporti sohasida amalga oshirish hamda birinchi navbatda qishloq hududlarini tuman va viloyat markazlari bilan bogʻlovchi yoʻnalishlarda faoliyat yuritish;
bir yil muddatda ish faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini (GPS qurilmalari, elektron toʻlov tizimlari) joriy etish.
5. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:
tanlab olingan investorlar bilan tegishli shartnoma tuzilishini hamda qabul qilingan investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar bajarilishi yuzasidan monitoring olib borilishini;
investitsiya majburiyatlari belgilangan tartibda toʻliq bajarilgan deb eʼtirof etilgandan soʻng, tashabbuskor investorlarga mazkur obyektlarga nisbatan “tasarruf etish huquqi” bilan mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi berilishini taʼminlasin.
6. Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga auksion savdolari haqida oʻz rasmiy veb-saytlari orqali eʼlonlar bergan holda investorlarni jalb qilish boʻyicha zaruriy choralarni koʻrish topshirilsin.
8. Transport vazirligi “Oʻzmilliybank” AJ bilan birgalikda shaharlararo (viloyatlararo) avtobus yoʻnalishlarida transport xizmatlari sifatini oshirish maqsadida, “Uzautotrans Service” MCHJning xalqaro yoʻnalishlarga jalb qilinmayotgan avtobuslari (biriktirilgan yoʻnalishlarini saqlagan holda) faoliyatiga xususiy sektorni jalb qilish choralarini koʻrsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 2-yanvar,
2-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-yanvardagi 2-son qaroriga
ILOVA
Davlat ulushlari investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan baholangan narxda “E-auksion” elektron savdo platformasida sotiladigan korxonalar
ROʻYXATI
| T/r | Nomi | Hudud | STIR |
| 1. | “Avtotrans Chimboy” DUK | Qoraqalpogʻiston Respublikasi | 305801748 |
| 2. | “Avtotrans Qarshi” DUK | Qashqadaryo viloyati | 305805504 |
| 3. | “Avtotrans Kosonsoy” DUK | Namangan viloyati | 305801945 |
| 4. | “Avtotrans Urgut” DUK | Samarqand viloyati | 305802793 |
| 5. | “Avtotrans Xorazm” DUK | Xorazm viloyati | 305908842 |
| 6. | “Avtotrans Angor” DUK | Surxondaryo viloyati | 305802169 |
| 7. | “Nurafshon Avtotrans Servis” DUK | Toshkent viloyati | 305424536 |
| 8. | “Trans avto qarshi” UK | Qashqadaryo viloyati | 307636247 |
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.01.2022-y., 09/22/2/0001-son)