O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“O‘ZBEKNEFTGAZ” NEFT VA GAZ SANOATI MILLIY KORPORATSIYASI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh MASALALARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 15-dekabrdagi 523-sonli “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasini tashkil etish va uning faoliyati masalalari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
“O‘zbekiston davlat neft va gaz sanoati konsernini “O‘zbekneftgaz” neft va gaz sanoati milliy korporatsiyasiga aylantirish to‘g‘risida”gi Farmonni bajarish va respublika neft va gaz sanoatida bozor munosabatlarini rivojlantirish sharoitlarini aniq shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Respublika neft va gaz sanoati birlashmalari, korxonalari va tashkilotlarining quyidagi takliflari qabul qilinsin:
“O‘zbekgazsanoat” va “O‘zbekneft” ishlab chiqarish birlashmalarini tugatish haqida;
“O‘zbekgazsanoat” va “O‘zbekneft” ishlab chiqarish birlashmalarining korxona va tashkilotlari negizida “O‘zneftgazqazibchiqarish” davlat-aksionerlik birlashmasini tuzish, uning markaziy apparatini Toshkent shahrida joylashtirish haqida;
ilgari “O‘zbekneftgaz” konserni tarkibiga kirgan “O‘zbek-NIIPIneftgaz” va “O‘zNIIgaz” institutlari “O‘zgaztexnika” maxsus konstruktorlik-texnologik byurosi va normativ-tadqiqot stansiyasi negizida “Neftgazfan” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasini tuzish, uni Toshkent shahrida joylashtirish haqida;
“O‘zbekneftgazqurilish” ishlab chiqarish birlashmasini “O‘zneftgazqurilish” davlat-aksionerlik birlashmasiga aylantirish, uni Toshkent shahrida joylashtirish haqida;
“O‘zbekneftgaz” davlat konsernining savdo-ishlab chiqarish birlashmasini “Neftgazta’minot” savdo-ishlab chiqarish aksionerlik birlashmasiga aylantirish, uning markaziy apparatini Toshkent shahrida joylashtirish haqida;
“Farg‘onanefttorgsintez” ishlab chiqarish birlashmasini “O‘zneftniqaytaishlash” ishlab chiqarish birlashmasi deb qayta nomlash haqida.
Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 8-sentabrdagi 418-son va 1992-yil 23-dekabrdagi 585-son qarorlariga muvofiq O‘zbekiston neft mahsulotlari bilan ta’minlash davlat-aksionerlik birlashmasi (“O‘zdavneftmahsulot”) va O‘zbekiston tabiiy gazni tashish davlat birlashmasi (“O‘ztransgaz”) O‘zbekneftgaz korporatsiyasi tarkibiga kiradi.
“O‘zdavneftmahsulot” aksionerlik birlashmasining davlat neft inspeksiyasi bosh boshqarmasi va “O‘zbekgazsanoat” birlashmasining O‘rta Osiyoga gaz-texnika markazi O‘zbekiston neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish “O‘zneftgazinspeksiya” davlat inspeksiyasi bilan birlashtirilsin va u bevosita korporatsiyaga bo‘ysundirilsin.
“O‘zbekneftgaz” konserni tarkibiga kiruvchi birlashmalarning (“O‘zdavneftmahsulot” bundan mustasno) tashqi iqtisodiy aloqalar, shuningdek asbob-uskunalar bilan butlash va moddiy-texnika resurslari bilan ta’minlash masalalari bilan shug‘ullanuvchi tarkibiy bo‘linmalari tegishli ravishda “O‘ztashqineftgaz” va “O‘zneftgazkomplekt” birlashmalari bilan birlashtirilsin va ular bevosita korporatsiyaga bo‘ysundirilsin.
2. 1-ilovada* ko‘rsatilgan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar, davlat tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi “O‘zdavjamg‘arma” hamda respublika neft va gaz sanoatini rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan boshqa yuridik shaxslar, shu jumladan, xorijiy yuridik shaxslar ham “O‘zbekneftgaz” neft va gaz sanoati milliy korporatsiyasining a’zosi hisoblanishiga rozilik bildirilsin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zbekneftgaz” milliy korporatsiyasi:
o‘z faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi;
O‘zbekiston neft va gaz sanoati davlat konserni bilan tuzilgan shartnomalar va majburiyatlar bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi;
ishlab chiqarish-xo‘jalik faoliyatini Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda korporatsiyaning a’zolari yig‘ilishi tomonidan tasdiqlangan o‘z Ustavi asosida amalga oshiradi;
o‘ziga berilgan vakolatlardan kelib chiqqan holda tarmoqni rivojlantirish uchun markazlashtirilgan tartibda ajratiladigan kapital mablag‘lar limitlarining, moddiy-texnika resurslari va davlat ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar kvotalarining fond saqlovchisi vazifasini bajaradi;
belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshiradi, zarur bo‘lganda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlarida va xorijda filiallar va vakolatxonalar ochadi;
gaz bilan ishlaydigan obyektlarni qurish va ishlatish, gazoprovodlarni muhofaza qilish zonalarida uning hajmi va ishlar bo‘yicha xulosalar beradi;
xalq xo‘jaligida neft mahsulotlari va gazdan oqilona foydalanishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi, nazorat qilishni tashkil etadi.
“O‘zbekneftgaz” milliy korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi birlashmalarning neft, gaz, kondensat qazib chiqarish va neft mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlarini saqlash va rivojlantirish, umumtarmoq va boshqa xarajatlarni mahsulotlar tannarxi va korporatsiyaning birlashma va korxonalari ixtiyorida qoladigan foydadan ajratmalar hisobiga mablag‘ bilan ta’minlash maqsadida korporatsiyani baraqarorlashtirish va rivojlantirish yagona jamg‘armasini tuzish haqidagi takliflariga rozilik bildirilsin.
“O‘zbekneftgaz” korporatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda korporatsiyaning barqarorlashtirish va rivojlantirish yagona jamg‘armasiga mablag‘ ajratish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
davlat-aksionerlik birlashmalari yopiq turdagi aksionerlik jamiyati shaklida yuridik shaxs huquqlari bilan tuziladi va o‘z tarkibida amaldagi qonunchilikka muvofiq davlat tasarrufidan chiqarilmaydigan va xususiylashtirilmaydigan davlat korxonalariga (ishlab chiqarish birliklariga) ega bo‘ladi;
“O‘zdavjamg‘arma” orqali davlat, “O‘zbekneftgaz” korporatsiyasi, davlat tasarrufidan chiqarilgan korxonalar, birlashmalarning tarkibiy bo‘linmalari jamoalari, tarmoqlarning rivojlanishidan manfaatdor bo‘lgan respublika va xorijiy yuridik shaxslar davlat aksionerlik jamiyatining a’zolari hisoblanadilar;
“Neftgazta’minot” savdo-ishlab chiqarish birlashmasi yuridik shaxs huquqlariga ega bo‘lgan ochiq turdagi aksionerlik jamiyati hisoblanadi. “O‘zdavjamg‘arma” davlat nomidan, “O‘zbekneftgaz” korporatsiyasi va korporatsiya tarkibiga kiruvchi davlat aksionerlik birlashmalari va davlat yuridik shaxslari, savdo-ishlab chiqarish birlashmasining davlat tasarrufidan chiqariladigan va xususiylashtiriladigan korxonalari mehnat jamoalarining a’zolari, shuningdek boshqa manfaatdor yuridik shaxslar uning qatnashchilari bo‘lishi mumkin.
aksionerlik jamiyatining chiqarilayotgan aksiyalarning belgilangan qiymatiga mos keladigan dastlabki ustav sarmoyasi “O‘zbekneftgaz” davlat konserni tarkibiga kiruvchi birlashmalarning davlat tasarrufidan chiqariladigan korxonalari va tarkibiy bo‘linmalari davlat mulki asosida tashkil topadi;
aksionerlik birlashmalari “O‘zbekneftgaz” milliy korporatsiyasining a’zolari hisoblanadilar va o‘z faoliyatini to‘liq xo‘jalik hisobi prinsiplari asosida, birlashmaning Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda qatnashchilarning umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlangan Ustaviga muvofiq amalga oshiradilar;
tuzilayotgan aksionerlik va davlat birlashmalari, “O‘zbekneftgaz” korporatsiyasining belgilashiga binoan tegishli ravishda “O‘zbekgazsanoat”, “O‘zbekneft”, “O‘zbekneftgaz” qurilishi ishlab chiqarish birlashmalari hamda “O‘zbekneftgaz” konsernining savdo ishlab chiqarish birlashmasi bilan tuzilgan majburiyatlar va shartnomalar bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi.
5. Tarkibiy birliklar huquqlari bilan birlashmalar tarkibiga kirgan bo‘linmalarning davlat mulki to‘liq xo‘jalik yuritish huquqlari bilan davlat-aksionerlik birlashmalariga birkitib qo‘yilsin.
6. “O‘zbekneftgaz” korporatsiyasi, “O‘zneftgazqazibchiqarish”, “O‘zneftgazqurilish” davlat-aksionerlik birlashmalari, “Neftgazta’minot” savdo-ishlab chiqarish aksionerlik birlashmasi, “Neftgazfan” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi ta’sis etilgunga qadar qayta o‘zgartirilayotgan va tugatilayotgan konsernlar, birlashmalar zimmasida ilgari ularga yuklatilgan funksiyalarni amalga oshirish saqlab qolinsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi “O‘zbekneftgaz” korporatsiyasi birlashmalari va korxonalari bilan birgalikda ularni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish tadbirlarini belgilangan tartibda amalga oshirsin.
8. Davlat tasarrufidan chiqariladigan va xususiylashtiriladigan korxonalar va tashkilotlarining aksiyalaridagi davlat ulushi:
“O‘zneftgazqazibchiqarish” va “O‘zneftgaz” qurilish davlat-aksionerlik birlashmalari bo‘yicha kamida 51 foizdan;
Oldingi tahrirga qarang.
(8-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 30-iyundagi 272-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
Belgilab qo‘yilsinki, 2-ilovada* ko‘rsatilgan korxonalar sarmoyasining 100 foizi respublika mulki hisoblanadi.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat mulki jamg‘armasi o‘ziga berilgan huquqga muvofiq:
davlatga tegishli bo‘lgan aksiyalar paketlariga muvofiq aksionerlik birlashmalari boshqaruvlariga birlashmalar faoliyatiga rahbarlik qilish huquqlarini berishni;
davlatga tegishli bo‘lgan aksiyalar bo‘yicha dividendlarning bir qismini aksionerlik birlashmalariga ularni rivojlantirish uchun shartnoma asosida berishni amalda qo‘llasin.
10. Qatnashchilar yig‘ilishi “O‘zbekneftgaz” korporatsiyasining yuqori organi hisoblanadi, u boshqaruv ishchi apparati tuzilmasini, sonini, uni moddiy rag‘batlantirish tizimi va shartlarini tasdiqlaydi. Boshqaruv ijro etuvchi organ hisoblanadi, u muvofiqlashtirish boshqarish faoliyatini amalga oshiradi.
Korporatsiya markaziy apparati tuzilmasi 3-ilovaga* muvofiq tavsiya etilsin.
* 3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Oldingi tahrirga qarang.
Korporatsiya boshqaruv raisini va uning o‘rinbosarlarini korporatsiya qatnashchilarining yig‘ilishi saylaydi va Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi. Korporatsiyada raisning 8 nafar o‘rinbosarlari, shu jumladan, ayni bir vaqtda tegishli ravishda “O‘zneftgazqazibolish” va “O‘zneftgazfan” birlashmalarining bosh direktorlari hisoblanadigan 2-nafar birinchi o‘rinbosarlari; korporatsiya raisining 3-nafar o‘rinbosari — “O‘zdavneftmahsulot”, “O‘zneftgazqurilish”, “O‘ztransgaz” birlashmalarining bosh direktorlari; raisning iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va raisning moddiy-texnika ta’minoti masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, raisning neft va gaz qidirish Yer geologik-qidiruv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lishiga ruxsat etilsin.
(10-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 3-yanvardagi 2-son qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Korporatsiya boshqaruvi raisi o‘z maqomiga, maishiy ta’minot, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlariga ko‘ra — vazirga, raisning birinchi o‘rinbosarlari va o‘rinbosarlari tegishli ravishda vazirning birinchi o‘rinbosariga va vazir o‘rinbosariga tenglashtirilsin.
(10-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 21-sentabrdagi 398-son qarori tahririda)
Korporatsiya va uning birlashmalar xodimlarining maishiy, tibbiy va transport ta’minoti sharoitlari bo‘yicha oldingi ish joylaridagi huquqlari saqlab qolinsin.
11. “O‘zbekneftgaz” korporatsiyasi:
korporatsiya tarkibiga kiruvchi birlashmalarning tuzilmasi va Ustavini ko‘rib chiqish uchun 20 kun muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
bir oy muddat ichida korporatsiya Ustavini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda tasdiqlasin.
12. “O‘zshartnomasavdo” va “O‘zdavpaxtasanoatsotish” davlat uyushmalari 1993-yil va undan keyingi yillar uchun moddiy-texnika resurslariga kvotalarni ko‘rib chiqishda “O‘zbekneftgaz” korporatsiyasiga mahsulotlarning respublika Hukumati tomonidan boshqariladigan ro‘yxati bo‘yicha materiallar, asbob-uskunalar va buyumlar ajratishni nazarda tutsinlar.
13. O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi “O‘zbekneftgaz” korporatsiyasi uchun zarur aloqa vositalarini o‘rnatishni ta’minlasin.
14. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralar “O‘zbekneftgaz” korporatsiyasi birlashmalari, korxonalari va tashkilotlarni rivojlantirish hamda ularning faoliyati bo‘yicha o‘z huquqlari doirasida kiruvchi masalalarni o‘z vaqtida hal etishda yordam ko‘rsatsinlar.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston davlat neft va gaz sanoati (“O‘zbekneftgaz”) konserni faoliyati masalalari” nomli 1992-yil 13-maydagi 233-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
16. “O‘zbekneftgaz” korporatsiyasi apparati quyidagi manzilga joylashtirilsin: Toshkent sh., Oxunboboyev ko‘chasi, 21-uy.
17. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari o‘rtoq Q.J. Haqqulov zimmasiga yuklatilsin. Qarorning qanday bajarilayotganligi 1993-yil yanvar oyida vazirlar Mahkamasining Yoqilg‘i sanoati, energetika , kimyo va metallurgiya majmui majlisida ko‘rib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 14-yanvar,
31-son