Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON NEFT MAHSULOTLARI BILAN TAʼMINLASh DAVLAT-AKSIONERLIK BIRLAShMASI (“OʻZDAVNEFTMAHSULOT”) FAOLIYATINI TAShKIL ETISh MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 15-dekabrdagi 523-sonli “Oʻzbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasini tashkil etish va uning faoliyati masalalari toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Neft mahsulotlarini sotishda tartib oʻrnatish va tarmoqni boshqarish tizimini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida” 1992-yil 7-sentabrdagi 470-son Farmonni bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzdavneftmahsulot” davlat-aksionerlik birlashmasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan iborat tarkibda tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston neft mahsulotlari bilan taʼminlash davlat aksionerlik birlashmasi (“Oʻzdavneftmahsulot”) yopiq xildagi aksionerlik jamiyati shaklida, mustaqil yuridik shaxs sifatida tashkil etiladi;
“Oʻzdavneftmahsulot” aksionerlik birlashmasining taʼsis etilayotgan paytdagi ustav jamgʻarmasini asosiy fondlari qiymati qayta hisoblab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasining tugatilgan neft mahsulotlari bilan taʼminlash davlat qoʻmitasi va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar, tashkilotlar balansida boʻlgan davlat mulki tashkil etadi;
“Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi aksiyalarining kamida 60 foizi davlatga tegishli boʻladi va saqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi davlat mulki jamgʻarmasiga oʻtkaziladi;
aksiyalarning 40 foizgachasi birlashmaning ishini taʼminlovchi yuridik shaxslar — “Oʻzbekneftgaz” konserni, Toshkent va Fargʻona neft mahsulotlarini tashish korxonalari, shuningdek, uning mahsulotlarining asosiy isteʼmolchilaridan boʻlgan birlashmaning boshqa muassasalari oʻrtasida joylashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi unga qonunchilik bilan berilgan huquqiga muvofiq, ishonch (trast) shartnomasi asosida mulkdorlik vakolatini davlatga tegishli boʻlgan aksiyalarning nazorat paketiga mos ulush doirasida amalga oshirishni “Oʻzdavneftmahsulot” aksionerlik birlashmasiga bersin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzdavneftmahsulot” aksionerlik birlashmasi:
Oʻzbekiston Respublikasining tugatilgan Neft mahsulotlari bilan taʼminlash davlat qoʻmitasi bilan tuzgan majburiyat va shartnomalar boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi va oʻzining xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisida “Oʻzbekneftgaz” konserniga hisob beradi;
moliyaviy iqtisodiy, xoʻjalik va ijtimoiy faoliyatga doir masalalarni mustaqil ravishda hal qiladi, belgilangan tartibda oʻziga qarashli korxona va tashkilotlarni tashkil etadi, qayta tashkil etadi va tugatadi;
kapital mablagʻlar, moddiy-texnika resurslari va moliya mablagʻlari, shu jumladan, davlat ehtiyojlari, respublika xalq xoʻjaligini va aholisini neft va neftni qayta ishlash mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash uchun buyurtmalarni bajarish maqsadida birlashmaga markazlashgan tartibda ajratiladigan valyuta mablagʻlarining fond saqlovchisi hisoblanadi;
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, “Oʻzdavzaxira” va Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar boʻyicha Komissiyasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda davlat hamda safarbarlik zaxiralari neft mahsulotlarini toʻplash, maxsus ajratib qoʻyish va toʻldirish topshiriqlari loyihalarini har yili ishlab chiqadi hamda tasdiqlash uchun respublika Hukumatiga taqdim etadi;
belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshiradi, zarur boʻlganda MDH aʼzolari boʻlgan davlatlarda filiallar va vakolatxonalar tashkil etadi, respublikaning oʻzida ham, boshqa mintaqalarda ham ishlab chiqaruvchi korxonalar va neft mahsulotlari bilan taʼminlovchi tashkilotlar bilan neft mahsulotlari yetkazib berish boʻyicha kontraktlar tuzadi.
4. “Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Xodimlarning cheklangan soni, mehnatga haq toʻlashning tegishli fondi bilan, 71 nafar etib va boshqaruv aʼzolarining soni 9 kishidan iborat qilib belgilansin.
5. Neft mahsulotlari bilan taʼminlash viloyat korxonasining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq hamda ularning boshqaruv apparati xodimlarining cheklangan soni 480 nafardan iborat qilib tasdiqlansin.
Belgilab qoʻyilsinki, shahar va nohiyalarda joylashgan korxonalarning rahbarlari neft mahsulotlari boʻyicha viloyat korxonalarining taqdimnomalari asosida “Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi buyrugʻi bilan tayinlanadilar.
“Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi boshqaruvi hamda viloyat korxonalari direktorlariga obroʻsini toʻkkan yoki ishonchni yoʻqotgan xodimlarni tegishli nomenklatura boʻyicha ishdan boʻshatish haqida uzil-kesil qaror chiqarish huquqi berilsin.
6. “Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi Ustavi va viloyat neft mahsulotlari korxonalari toʻgʻrisidagi namunaviy Nizom loyihalarini Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqish uchun 20 kun muddat ichida taqdim etsin.
7. Bir oy muddat ichida barcha joylarda “Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi tizimidagi rahbarlar va mutaxassislarni navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtkazish maqsadga muvofiq deb topilsin, ushbu sohada ishlash uchun kadrlarni puxta tanlash taʼminlansin, tarmoqda har qanday salbiy holatlarga qarshi kurash kuchaytirilsin. Attestatsiyani oʻtkazish “Oʻzbekneftgaz” konserni zimmasiga yuklatilsin.
8. “Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi apparati Oʻzbekiston Respublikasi Neft mahsulotlari bilan taʼminlash davlat qoʻmitasi egallab kelgan binoga — Toshkent shahri, Oxunboboyev koʻchasidagi 16-uyga joylashtirilsin.
9. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Avtotransport vazirligi, Aloqa vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi sobiq Neft mahsulotlari bilan taʼminlash davlat qoʻmitasi uchun belgilangan kapital mablagʻlar, moliya va transport vositalari limitlarini, oʻrnatilgan aloqa turlari va telefonlarni “Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasida saqlab qolsinlar.
10. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Oʻzbekiston SSR Neft mahsulotlari bilan taʼminlash Davlat komiteti toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash hamda Oʻzbekiston SSR xalq xoʻjaligida neft mahsulotlaridan foydalanishni nazorat qilish Davlat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizom haqida” 1988-yil 28-noyabrdagi 445-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari “Oʻzbekneftgaz” konserni raisi oʻrtoq Q. J. Haqqulov zimmasiga yuklatilsin.
Qarorning qanday bajarilayotgani 1992-yil noyabr oyida Vazirlar Mahkamasi majmui majlisida koʻrib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 8-sentabr,
418-son
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 8-sentabrdagi 418-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi markaziy apparatining
TUZILIShI
Rahbariyat
Balanslar, resurslar va statistika boʻlimi
Tezkor-dispetcherlik boʻlimi
Aholiga neft mahsulotlari yetkazib berish boʻlimi
Tashqi iqtisodiy aloqalar va kontraktlar boʻlimi
Iqtisodiyot, moliya va buxgalteriya hisobi boʻlimi
Nazorat-taftish boʻlimi
Ishlab chiqarish, foydalanish va yangi texnika boʻlimi
Kapital qurilish boʻlimi
Moddiy-texnika taʼminoti boʻlimi
Texnika xavfsizligi va tabiatni muhofaza qilish guruhi
Kadrlar boʻlimi
Yuridik boʻlim
Ikkinchi boʻlim va maxsus qism
Ishlar boshqarmasi
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 8-sentabrdagi 418-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar
ROʻYXATI
I. “Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasiga qarashli korxona, muassasa va tashkilotlar
Davlat neft inspeksiyasi Bosh boshqarmasi
Rahbarlar va mutaxassislar malakasini oshirish respublika kurslari
Axborot-hisoblash markazi
Moddiy-texnika taʼminoti respublika bazasi
Mexanika ustaxonalari
Ixtisoslashgan koʻchma mexanizatsiyalashgan kolonnalar
Toshkent tashish-taqsimlash korxonasi
Fargʻona neft mahsulotlari tashish korxonasi
Toshkent neft mahsulotlari tashish korxonasi
II. Neft mahsulotlari bilan taʼminlash viloyat korxonalari
Neft mahsulotlari bilan taʼminlash Qoraqalpogʻiston respublika korxonasi
Andijon viloyat neft mahsulotlari bilan taʼminlash korxonasi
Buxoro
Jizzax
Qashqadaryo
Navoiy
Namangan
Samarqand
Surxondaryo
Sirdaryo
Toshkent
Fargʻona
Xorazm
III. Respublika shahar va nohiyalarida joylashgan korxonalar
Neft va neft mahsulotlarini saqlash korxonalari — 74
Avtoyoqilgʻi quyish stansiyalari — 935
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 8-sentabrdagi 418-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
“Oʻzdavneftmahsulot” davlat-aksionerlik birlashmasi neft mahsulotlari bilan taʼminlash viloyat korxonasi boshqaruvining namunaviy tashkiliy tuzilishi