Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 15-apreldagi PQ-5076-son qarori)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 15-apreldagi PQ-5076-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 15-apreldagi PQ-5076-son qaroriga muvofiq:
Ichki ishlar vazirligining Malaka oshirish institutiga yuridik shaxs maqomi berilganligi, uning faoliyatining asosiy yoʻnalishlari belgilanganligi;
ichki ishlar organlari xodimlarini boshlangʻich tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlari tugatilib, ularning shtat birliklari va moddiy-texnika bazasi Malaka oshirish institutiga oʻtkazilganligi;
Malaka oshirish instituti tugatilayotgan oʻquv markazining Toshkent shahar, Bektemir tumani, H. Boyqaro koʻchasi, 27 A-uy manzilidagi binosiga joylashtirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 15-noyabr,
682-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-noyabrdagi 682-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 2-martdagi 36-son qarori bilan tasdiqlangan Magistratura toʻgʻrisidagi nizomda:
1-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabiga”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Malaka oshirish instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 27-dekabrdagi 1052-son qarorida:
a) 3-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Malaka oshirish instituti ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash faoliyati uchun serjantlar tarkibi xodimlarini maxsus kasbiy tayyorlash, safdor va ofitserlar tarkibidagi lavozimlarga birinchi marta tayinlangan xodimlarni boshlangʻich kasbiy tayyorlash, shuningdek, “Oʻquv-karyera jarayoni” tizimi asosida xodimlarni uzluksiz qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan taʼlim muassasasi hisoblanadi”.
b) 4-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutini Toshkent shahar, Bektemir tumani, H. Boyqaro koʻchasi, 27 A-uy manzilidagi bino va inshootlar korpuslariga joylashtirsin”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.11.2021-y., 09/21/682/1050-son)