Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Uzbekistan Airways Technics” MChJ erkin bojxona zonasi hududiga tovarlarni olib kirish, olib chiqish, havo kemalarini taʼmirlashda foydalanish, ularni tegishli rejimlarga rasmiylashtirish, shuningdek, ushbu tovarlar va xizmatlar uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 30-apreldagi PQ-5100-son qaroriga muvofiq, shuningdek, “Uzbekistan Airways Technics” MChJ tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar eksporti hajmini yanada oshirish hamda tashqi savdo infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 30-apreldagi PQ-5100-son qarorining 9-bandida Toshkent shahar, Sergeli tumani, Uchuvchilar shaharchasida joylashgan “Uzbekistan Airways Technics” MChJ hududida (maydoni 39 ga) erkin bojxona zonasini tashkil etish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Uzbekistan Airways Technics” MChJ erkin bojxona zonasi hududiga tovarlarni olib kirish, olib chiqish, havo kemalarini taʼmirlashda foydalanish, ularni tegishli rejimlarga rasmiylashtirish, shuningdek, ushbu tovarlar va xizmatlar uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
“Uzbekistan Airways Technics” MChJ erkin bojxona zonasi (keyingi oʻrinlarda — erkin bojxona zonasi) hududida bojxona nazoratini taʼminlash talablari va shartlari;
erkin bojxona zonasi hududida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlarining huquq va majburiyatlari;
erkin bojxona zonasi hududiga tovarlarni olib kirish va olib chiqish, tegishli bojxona rejimlariga rasmiylashtirish va havo kemalarini taʼmirlashda foydalanish tartibi;
erkin bojxona zonasi hududiga olib kirilgan va olib chiqilgan tovarlar va xizmatlar uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Davlat bojxona qoʻmitasi erkin bojxona zonasi faoliyatini doimiy monitoring qilib borsin.
4. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I. Maxkamov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 21-oktabr,
652-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-oktabrdagi 652-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Uzbekistan Airways Technics” MChJ erkin bojxona zonasi hududiga tovarlarni olib kirish, olib chiqish, havo kemalarini taʼmirlashda foydalanish, ularni tegishli rejimlarga rasmiylashtirish, shuningdek, ushbu tovarlar va xizmatlar uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Uzbekistan Airways Technics” MChJ hududida tashkil etilgan erkin bojxona zonasiga (keyingi oʻrinlarda — erkin bojxona zonasi) tovarlarni olib kirish, olib chiqish, havo kemalarini taʼmirlashda foydalanish, ularni tegishli bojxona rejimlariga rasmiylashtirish, shuningdek, ushbu tovarlar va xizmatlar uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom maqsadlari uchun bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikda foydalaniladigan tushunchalar qoʻllaniladi.
3. Erkin bojxona zonasining faoliyatini tashkil etish va boshqarish “Uzbekistan Airways Technics” MChJ tomonidan amalga oshiriladi.
Erkin bojxona zonasi hududidan va bino-inshootlaridan foydalanishga hamda havo kemalarini taʼmirlash va ularga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq ishlarga “Uzbekistan Airways Technics” MChJ bilan tuzilgan shartnoma asosida ruxsat etiladi.
4. “Uzbekistan Airways Technics” MChJning erkin bojxona zonasi boʻlgan maxsus (ajratuvchi) belgilar qoʻyilgan hududlari va binolari bojxona nazorati zonasi hisoblanadi. Bunda, erkin bojxona zonasi hududi bojxona hududida joylashgan deb qaraladi.
5. Erkin bojxona zonasi chegarasi orqali bojxona yuk deklaratsiyalari asosida olib oʻtiladigan tovarlar bojxona organlari tomonidan bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkaziladi hamda hisobga olinadi.
6. Erkin bojxona zonasi faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun foydalaniladigan mahalliy tovarlar bojxona rejimi ostida joylashtirilmaydi.
2-bob. Erkin bojxona zonasi hududida bojxona nazoratini taʼminlash talablari va shartlari
7. Erkin bojxona zonasining bojxona nazorati zonasi hisoblangan hudud, bino va inshootlari:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan texnik, sanitariya va yongʻinga qarshi talablarga javob berishi;
qoʻriqlash va yongʻin nazorati signalizatsiyalari, sodir boʻlayotgan voqealar boʻyicha har tomondan olingan video maʼlumotlarni uch oy davomida koʻrsatish imkoniga ega boʻlgan, texnik hujjat asosida davlat nazorati organlari tomonidan belgilangan joylarda oʻrnatilgan, vaqt boʻyicha uzluksiz ishlaydigan videokuzatuv vositalari bilan jihozlangan boʻlishi;
yongʻin xavfsizligi talablariga mos boʻlgan yongʻinni oʻchirish tizimi va vositalariga ega boʻlishi;
aviatsiya xavfsizligi nuqtai nazaridan qoʻriqlanishi;
inshootlarda erkin bojxona zonasiga oid maxsus (ajratuvchi) belgilar qoʻyilgan boʻlishi lozim.
8. Erkin bojxona zonasining normal faoliyat koʻrsatishi uchun doimiy ravishda quyidagilar boʻlishi zarur:
ortish-tushirish uskunalari va transport vositalari;
bojxona nazorati zonasi sifatida ishlatish uchun moʻljallangan, bino va inshootlarni, ochiq maydonchalarni, bojxona nazorati zonasiga bevosita tutashib ketgan butun hududni toʻliq nazorat qilish hamda bojxona organlariga video maʼlumotlarni uzatish, shuningdek, ushbu maʼlumotlarni uch oy davomida saqlash imkoniga ega boʻlgan vaqt boʻyicha uzluksiz ishlaydigan videokuzatuv tizimi;
aloqa vositalari (shu jumladan telefon, maʼlumot uzatish tarmogʻi, Internet jahon axborot tarmogʻi).
9. Erkin bojxona zonasi faoliyat koʻrsatadigan bino va inshootlardan bojxona organlari xodimlari normal xizmat olib borishlari uchun zarur jihozlar bilan taʼminlangan xizmat xonalari ajratiladi.
3-bob. Erkin bojxona zonasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlarining huquq va majburiyatlari
10. Erkin bojxona zonasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari quyidagi huquqlarga ega:
bino va inshootlarning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan texnik, sanitariya va yongʻinga qarshi talablarga javob berishini talab qilish;
oʻziga tegishli boʻlgan mulkdan foydalanishdan olingan sof foydani erkin tasarruf etish;
shartnoma doirasida ajratilgan bino va inshootlardan foydalanish;
tashqi muhandislik-texnik kommunikatsiyalarning barqaror ishlashini taʼminlashni talab etish;
aloqa vositalaridan (shu jumladan telefon, maʼlumot uzatish tarmogʻi, Internet jahon axborot tarmogʻi) foydalanish.
11. Erkin bojxona zonasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari quyidagilarga majbur:
bojxona organining talabiga muvofiq erkin bojxona zonasidagi tovarlarni bojxona organining mansabdor shaxsi ishtirokida xatlovdan oʻtkazish;
sanitariya, tovarlarning yonma-yon qoʻyilishi qoidalariga va saqlash rejimiga, davlat standartlarining majburiy talablariga rioya qilish;
erkin bojxona zonasiga kirish uchun ruxsat berilgan xodimlarning (F.I.O., lavozimi koʻrsatilgan holda) roʻyxati mavjudligini taʼminlash;
erkin bojxona zonasida saqlanayotgan tovarlar turgan joyga kirishi toʻgʻrisida bojxona organlari mansabdor shaxslarining talablarini bajarish;
bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish uchun erkin bojxona zonasidagi jihozlangan binolar va aloqa vositalarini bojxona organlari xodimlariga bepul taqdim etish.
4-bob. Tovarlarni erkin bojxona zonasiga olib kirish, undan olib chiqish, ularni tegishli bojxona rejimlariga rasmiylashtirish va havo kemalarini taʼmirlashda foydalanish hamda ushbu tovarlar va xizmatlar uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish
12. Erkin bojxona zonasiga havo kemalarini (shu jumladan, ularning qism va agregatlarini) taʼmirlash yoki ularga xizmat koʻrsatish maqsadida chetdan keltiriladigan aviatexnika ehtiyot qismlari va boshqa tovarlar “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimiga rasmiylashtirish orqali joylashtiriladi hamda sertifikatlar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar, istisno tariqasida, talab etilmaydi.
Bunda, taʼmirlash maqsadida erkin bojxona zonasiga olib kiriladigan havo kemalarining (shu jumladan, ularning qism va agregatlari) kirib-chiqishida bojxona nazorati ularni tegishli bojxona rejimlariga rasmiylashtirmagan holda amalga oshiriladi.
13. Chetdan keltiriladigan aviatexnika ehtiyot qismlari va boshqa tovarlarni “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimiga joylashtirish uchun deklarant bojxona organiga uch ish kunidan oshmagan muddatda bojxona yuk deklaratsiyasini hamda tovarning tijorat va transport hujjatlarini taqdim etadi.
14. Erkin bojxona zonasida chetdan keltirilib “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimida turgan tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilganda, tegishlicha “reeksport” bojxona rejimiga rasmiylashtiriladi.
15. Erkin bojxona zonasi hududiga havo kemalarini (shu jumladan, ularning qism va agregatlarini) taʼmirlash yoki ularga xizmat koʻrsatish maqsadida mahalliy tovarlar bojxona rejimiga rasmiylashtirmagan holda olib kirilishi mumkin.
Bunda, mahalliy tovarlar:
“erkin bojxona zonasi” bojxona rejimiga joylashtirilmagan holda alohida bino(lar)da saqlanadi;
Oʻzbekiston Respublikasidan xorijiy davlat hududiga, shuningdek xorijiy havo kemalariga (shu jumladan, ularning qism va agregatlariga) oʻrnatilgan holda olib chiqilganda “eksport” bojxona rejimiga rasmiylashtiriladi.
16. Erkin bojxona zonasi hududida mahalliy aviakompaniyalarning havo kemalarini hamda ularning qism va agregatlarini taʼmirlash uchun zarur boʻlgan chetdan keltirilgan aviatexnika ehtiyot qismlari erkin bojxona zonasi chegarasidan chiqmagan holda xarid qilinib, “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan holda foydalaniladi.
17. Erkin bojxona zonasida tovarlar va xizmatlar uchun valyuta operatsiyalari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda olib boriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Erkin bojxona zonasiga taʼmirlash maqsadida olib kiriladigan havo kemalarining (shu jumladan, ularning qism va agregatlari) hamda “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan tovarlarning hisobi “Uzbekistan Airways Technics” MChJ tomonidan yuritiladi hamda bu borada bojxona organlari oldida masʼul hisoblanadi.
Ushbu tovarlar yoʻqolganda yoki bojxona organlarining ruxsatisiz boshqa shaxslarga berib yuborilgan taqdirda, bojxona toʻlovlari toʻliq toʻlanadi.
19. Erkin bojxona zonasining faoliyati tugatilgan taqdirda, “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimida turgan tovarlar erkin bojxona zonasi tugatilgan kundan eʼtiboran oʻn besh kalendar kun mobaynida tovarlarga vakolati boʻlgan shaxs tomonidan boshqa bojxona rejimiga joylashtiriladi.
Ushbu muddat oʻtib boʻlgach, bojxona organlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq tegishli qonuniy choralarni koʻradi.
20. Mazkur Nizomning 19-bandida nazarda tutilgan muddat mobaynida koʻrsatib oʻtilgan tovarlar bojxona maqsadlari uchun “vaqtincha saqlash” bojxona rejimida turgan tovarlar hisoblanadi.
21. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2021-y., 09/21/652/0980-son)