Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 27-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2021-yil 27-avgustda maʼqullangan
Senat tomonidan 2021-yil 27-avgustda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan OʻRQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda, № 4, 294-modda, 4-songa ilova) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 18-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq toʻlovchilarning ayrim toifalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududida quyidagi maxsus soliq rejimlari belgilanadi:
1) aylanmadan olinadigan soliq;
2) mahsulot taqsimotiga oid bitimlar ishtirokchilariga soliq solishning alohida tartibi;
3) maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga va ayrim toifadagi soliq toʻlovchilarga soliq solishning alohida tartibi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hududlarida soliq solishning alohida tartibi”;
2) 131-moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Hisobga qoʻyilmagan joyda yer soligʻini, mol-mulk soligʻini yoki suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni toʻlash majburiyati oʻzida yuzaga kelgan soliq toʻlovchi mazkur majburiyat yuzaga kelgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida soliq solish obyektlarini ular joylashgan erda hisobga qoʻyish uchun davlat soliq xizmati organlariga qonunchilikda belgilangan tartibda murojaat qilishi kerak, bundan ushbu Kodeks 133-moddasining uchinchi va beshinchi qismlariga muvofiq soliq organlariga bunday maʼlumotlarni taqdim etish organlar, muassasalar va tashkilotlarning majburiyati boʻlgan hollar mustasno”;
3) 133-moddaning:
uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlar tegishli hududda joylashgan yer uchastkasi va boshqa koʻchmas mol-mulk, ularning mulkdorlari (egalari) toʻgʻrisidagi axborotni davlat soliq organlariga real vaqt rejimida elektron shaklda taqdim etishi shart”;
beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Suv resurslarini hisobga olishni amalga oshiruvchi organlar suvdan foydalanish yoki suvni isteʼmol qilish joyidagi soliq organlariga suvdan foydalanuvchi shaxslar va ular tomonidan foydalanilgan suv hajmlari toʻgʻrisida real vaqt rejimida elektron shaklda axborot taqdim etishi shart”;
oʻninchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Notarial harakatlarni amalga oshirishga vakolatli boʻlgan organlar (muassasalar) koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalari, mol-mulk ijarasi shartnomalari tasdiqlanganligi va ijara haqi miqdori haqida, merosga egalik qilish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomalar berilganligi hamda hadya etish shartnomalari notarial tarzda tasdiqlanganligi toʻgʻrisida soliq organlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida real vaqt rejimida xabar qilishi shart. Bunda hadya etish shartnomalari tasdiqlanganligi toʻgʻrisida taqdim etilayotgan axborotda hadya qiluvchi va hadya oluvchi shaxs oʻrtasidagi qarindoshlik darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak”;
4) 169-moddaning beshinchi qismidagi “kamida oʻn milliard soʻmni” degan soʻzlar “kamida besh milliard soʻmni” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
5) 237-moddaning toʻrtinchi qismidagi “Davlat soliq qoʻmitasi” degan soʻzlar “Vazirlar Mahkamasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
6) 369-modda ikkinchi qismi:
7-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7) xodim boshqa joyga ishga oʻtkazilganda yoxud koʻchib borganda koʻchish, mol-mulkini koʻchirib borishga, joy ijarasiga (yoʻl xarajatlari uchun beriladigan pul) oid xarajatlarni toʻlash yoki bu xarajatlarning oʻrnini qoplash xarajatlari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan aniqlanadigan olis va borish qiyin boʻlgan hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari orasidan bakalavriatni yoki magistraturani tamomlagandan soʻng uch yil ichida ishga qabul qilingan xodimlarga, shuningdek mazkur olis va borish qiyin boʻlgan hududlarda joylashgan oilaviy shifokorlik punktlariga va oilaviy poliklinikalarga hamda taʼlim muassasalariga ishga qabul qilingan, boshqa hududlarda yashaydigan oliy maʼlumotli shifokorlarga va mutaxassislarga toʻlanadigan boshlangʻich yordam puli”;
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan aniqlanadigan olis va borish qiyin boʻlgan hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari orasidan bakalavriatni yoki magistraturani tamomlagandan soʻng uch yil ichida ishga qabul qilingan xodimlarga, shuningdek mazkur olis va borish qiyin boʻlgan hududlarda joylashgan oilaviy shifokorlik punktlariga va oilaviy poliklinikalarga hamda taʼlim muassasalariga ishga qabul qilingan, boshqa hududda yashaydigan oliy maʼlumotli shifokorlarga va mutaxassislarga uy-joy ijarasi uchun har oylik pul kompensatsiyasi”;
beshinchi xatboshisi oltinchi xatboshi deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi 16-band bilan toʻldirilsin:
“16) soliq toʻlovchining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan belgilanadigan dasturlarda ishtirok etishi natijasida olingan bonuslar, pul mukofotlari tarzidagi pul toʻlovlaridan iborat daromadlari”;
7) 408-modda ikkinchi qismining birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mehnat staji hisoblanishi uchun oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar, mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan chet davlatlarda tashkil etilgan (ochilgan) savdo uylarida, vakolatxonalarda (shu jumladan yuridik shaxs tashkil etmasdan), tashkilotlarda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek ishlamaydigan eri (xotini) uchun soliq toʻlovini amalga oshiruvchi ishlayotgan fuqarolar tomonidan yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida ixtiyoriy tartibda, quyidagi soliq toʻlovchilar tomonidan esa majburiy tartibda toʻlanadi”;
8) 429-modda:
oʻn toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Konlar va karyerlar band etgan yerlar uchun soliq tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlari belgilagan soliq stavkalariga nisbatan 0,1 koeffitsiyent, lalmi-yaylov zonada joylashgan yerlar uchun esa — 0,05 koeffitsiyent qoʻllanilgan holda toʻlanadi”;
quyidagi mazmundagi oʻn beshinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Lalmi-yaylov zonada joylashgan yerlar uchun soliq tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlari belgilagan soliq stavkalariga nisbatan 0,3 koeffitsiyent qoʻllanilgan holda toʻlanadi, bundan ushbu moddaning oʻn toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno”;
9) 459-modda quyidagi mazmundagi 9-band bilan toʻldirilsin:
“9) faqat elektr dvigatel orqali harakatga keltiriladigan avtomototransport vositalarini sotib oluvchi va (yoki) ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha olib kirishni amalga oshiruvchi shaxslar”;
10) XXI boʻlimning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“XXI BOʻLIM.
SOLIQ TOʻLOVChILARNING AYRIM TOIFALARIGA VA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING AYRIM HUDUDLARIDA SOLIQ SOLIShNING OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI”;
SOLIQ TOʻLOVChILARNING AYRIM TOIFALARIGA VA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING AYRIM HUDUDLARIDA SOLIQ SOLIShNING OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI”;
11) quyidagi mazmundagi 711-bob bilan toʻldirilsin:
“711-bob. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hududlarida soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari
4801-modda. Umumiy qoidalar
Oʻzbekiston Respublikasining alohida hududlarida mazkur Kodeksning 4802-moddasida belgilangan maxsus soliq stavkalari qoʻllanilishini nazarda tutuvchi soliq solishning alohida tartibi belgilanishi mumkin.
Soliq solishning alohida tartibiga ega Oʻzbekiston Respublikasining alohida hududlari quyidagilardan iborat: Fargʻona viloyatining Soʻx tumani, Rishton tumanining Choʻngʻara mahallasi, shuningdek Fargʻona tumanining Shohimardon, Yordon mahallalari va Hosilot mahallasining Toshtepa — 2 koʻchasi.
4802-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hududlarida soliq stavkalarini qoʻllashning oʻziga xos xususiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hududlarida soliq stavkalari quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
1) foyda soligʻi boʻyicha — 1 foiz. Mazkur soliq stavkasi Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hududlarida soliq organida hisobda turgan va ayrim hududlarida amalga oshirilayotgan faoliyatdan daromadlar olayotgan soliq toʻlovchilarga nisbatan qoʻllaniladi;
2) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi boʻyicha — 1 foiz. Mazkur soliq stavkasi Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hududlarida mehnat faoliyatini amalga oshirish chogʻida qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hududlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan soliq toʻlovchilar uchun qatʼiy belgilangan miqdorlardagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi har chorakda yigirma besh ming soʻm miqdorida toʻlanadi;
3) ijtimoiy soliq boʻyicha:
yuridik shaxslar uchun (bundan budjet tashkilotlari mustasno) — 1 foiz. Mazkur soliq stavkasi Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hududlarida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxslarning mehnatiga haq toʻlash fondiga nisbatan qoʻllaniladi;
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hududlarida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun — yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida;
4) aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha — 1 foiz. Mazkur soliq stavkasi soliq toʻlovchilarga nisbatan ular tushumining Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hududlarida amalga oshirilayotgan faoliyatidan olinadigan qismiga nisbatan qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasining alohida hududlarida joylashgan koʻchmas mulk obyektlariga va yer uchastkalariga, shuningdek ushbu hududlarda foydalaniladigan suv resurslariga nisbatan mazkur Kodeksning 415, 422, 429, 437 va 445-moddalarida belgilangan mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga 0,1 koeffitsiyent qoʻllaniladi”;
12) 482-modda:
birinchi qismining uchinchi xatboshisidagi “1-oktabrga” degan soʻzlar “31-dekabrga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
beshinchi qismining birinchi xatboshisidagi “2020-yil 1-oktabrdan keyin” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq mol-mulk va yer soligʻining 2020-yil 31-dekabrdagi holatiga koʻra kechiktirilgan hamda toʻlanmagan summalarini toʻlash 2022-yil 1-yanvardan eʼtiboran amalga oshiriladi. Bunda mahalliy davlat hokimiyati organlari ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisiga muvofiq kechiktirilgan soliq summasi keyinchalik toʻlanadigan, biroq ikki yildan koʻp boʻlmagan muddatni mustaqil ravishda belgilashga haqli”;
oltinchi — toʻqqizinchi qismlari tegishincha yettinchi — oʻninchi qismlar deb hisoblansin;
13) 483-modda quyidagi mazmundagi toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“2022-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda 2020-yil 31-dekabrdagi holatga koʻra soliq qarzini majburiy ravishda undirish, shuningdek quyidagilar boʻyicha penya hisoblash choralari koʻrilmaydi:
faoliyatni turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohasida amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha;
2020-yilda hisoblangan va vaqtincha qiyinchiliklar munosabati bilan yuridik shaxslar tomonidan toʻlanmagan yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha;
2020-yil 15-maydagi holatga koʻra qarzdorligi mavjud boʻlgan mikrofirmalar va kichik korxonalarga soliqlar, penyalar va soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun hisoblangan jarimalar boʻyicha.
2021-yil 31-dekabrgacha boʻlgan davr uchun turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari:
foyda soligʻini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi;
ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi;
yuridik shaxslarning mol-mulkidan olinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi.
Quyidagilar mol-mulk soligʻini, yer soligʻini, aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashdan, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining qatʼiy belgilangan summalarini toʻlashdan ozod qilinadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida Qoraqalpogʻiston Respublikasining har bir shahari va tumani uchun “oʻsish nuqtasi” deb belgilangan faoliyat turlarini amalga oshirayotgan yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlari — 2024-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan muddatga;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Taxtakoʻpir, Boʻzatov va Shumanay tumanlarida joylashgan, yangidan tashkil etilgan sanoat sohasidagi tadbirkorlik subyektlari — 2024-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan muddatga. Soliq toʻlovchilarning mazkur toifasi foyda soligʻini va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni belgilangan soliq stavkasidan 50 foiz pasaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan aniqlangan roʻyxat boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmatlar koʻrsatishga ixtisoslashtirilgan va ogʻir sharoitlardagi 45 ta mahalla va ovullarda joylashgan, yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlari — 2026-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan muddatga. Tadbirkorlik subyektlarining mazkur toifasi foyda soligʻidan ham ozod qilinadi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun 1-moddasi 6-bandining qoidalari 2021-yil 1-iyundan eʼtiboran yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Ushbu Qonun 1-moddasi 7, 8, 11 va 12-bandlarining qoidalari 2021-yil 1-yanvardan eʼtiboran yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Ushbu Qonun 1-moddasi 9 va 10-bandlarining qoidalari 2021-yil 1-martdan eʼtiboran yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 14-sentabr,
OʻRQ-714-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2021-y., 03/21/714/0874-son)