O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-6155-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, Davlat budjetining shakllanishi va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish loyihalarini ishlab chiqish jarayoniga aholini faol jalb etish hamda joylardagi dolzarb muammolarni hal etishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish maqsadida:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining:
2021-yil may oyidan boshlab ilovaga muvofiq tuman (shahar)larda, 2022-yil 1-yanvardan e’tiboran respublikaning barcha tuman (shahar)larida tegishli budjetlarning tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish bo‘yicha yangi tartibni bosqichma-bosqich joriy etish;
2021-yil 1-iyuldan boshlab jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman (shahar)lar budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining eng kam miqdorini 10 foizdan 30 foizga oshirish haqidagi takliflari ma’qullansin.
2. Moliya vazirligi bir hafta muddatda mazkur qaror ilovasiga muvofiq tanlab olingan tuman (shahar)lar budjetlariga qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobidan 92,7 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini ta’minlasin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
mazkur qarorning 1-bandida belgilangan bosqichlarni inobatga olgan holda tuman (shahar) budjetlari tasdiqlangan xarajatlarining 5 foizi, biroq kamida 6 milliard so‘m miqdordagi mablag‘lar jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-oktabrdagi PQ-409-son qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.10.2022-y., 07/22/409/0956-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tuman va shahar budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining kamida 30 foiz qismi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetida shakllangan qo‘shimcha mablag‘larning 30 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi;
(3-band O‘zbekiston O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-apreldagi PQ-117-son qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.04.2023-y., 07/23/117/0207-son)
jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar tuman (shahar) hokimliklarida budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari shaklida ochiladigan “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi” shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida jamlanadi va ushbu mablag‘larning boshqa maqsadlarga ishlatilishi qat’iyan taqiqlanadi.
4. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Oliy Majlis Senatiga tuman (shahar)lar budjetlari mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash uchun kiritsin.
Ushbu namunaviy nizom asosida tumanlar va shaharlar hokimliklari ikki hafta muddatda:
har bir tuman va shaharning alohida xususiyatidan kelib chiqib, tuman (shahar)lar budjetlari mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirish tartibini nazarda tutuvchi qaror loyihasini;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarining mas’ul xodimlaridan iborat Jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish, baholash, tanlab olish hamda ijrosini monitoring qilish bo‘yicha ishchi komissiya tarkibini tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga tasdiqlash uchun kiritsin.
5. Tumanlar va shaharlar hokimliklari tegishli mahalliy budjetlar mablag‘lari hisobidan jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorak yakunlari bo‘yicha keyingi oyning 25 sanasidan kechiktirmay o‘zlarining rasmiy veb-saytlariga va “Ochiq budjet” portaliga joylashtirsin.
Tuman va shaharlar hokimlariga jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga budjet mablag‘larining o‘z vaqtida ajratilishi va ularning amalga oshirilishi jarayonini yoritib borish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
6. Moliya vazirligiga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
jamoatchilik fikri asosida amalga oshiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan mablag‘larni shakllantirish tartibini takomillashtirish;
jamoatchilik fikri asosida amalga oshiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan mablag‘larning shakllantirilishi va sarflanishi yuzasidan o‘quv seminar va treninglar tashkil etish, mazkur jarayonning mohiyatini aks ettiruvchi o‘quv materiallarini tayyorlash;
jamoatchilik fikri asosida moliyalashtiriladigan tadbirlarga yo‘naltiriladigan mablag‘larning shakllanish va sarflanish jarayonlari monitoringini yuritish;
“Ochiq budjet” portalida jamoatchilik tomonidan taklif qoldirish va ovoz berish jarayonini uslubiy, texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda boshqarish.
7. Moliya vazirligi:
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-noyabrga qadar xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda fuqarolar ishtirokidagi tashabbusli budjetlashtirishni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda joylarda aholi o‘rtasida tashabbusli budjetlashtirishni amalga oshirish mexanizmini, uning mohiyatini keng yoritish maqsadida metodik hamda o‘quv materiallari tayyorlanishi va tarqatilishini ta’minlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov, moliya vaziri T.A. Ishmetov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 13-aprel,
PQ-5072-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi PQ-5072-son qaroriga
ILOVA2021-yil maydan boshlab budjet xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan tuman (shahar)lar
RO‘YXATI
| T/r | Hudud nomi | Tuman (shahar)lar nomi | Qo‘shimcha ajratiladigan mablag‘ (mln so‘m) |
| 1. | Qoraqalpog‘iston Respublikasi | Kegeyli tumani | 3 429 |
| 2. | Andijon viloyati | Asaka tumani | 10 052 |
| 3. | Buxoro viloyati | G‘ijduvon tumani | 9 754 |
| 4. | Jizzax viloyati | Do‘stlik tumani | 2 995 |
| 5. | Qashqadaryo viloyati | Qarshi tumani | 6 992 |
| 6. | Navoiy viloyati | Xatirchi tumani | 7 662 |
| 7. | Namangan viloyati | Chust tumani | 8 204 |
| 8. | Samarqand viloyati | Bulung‘ur tumani | 6 167 |
| 9. | Surxondaryo viloyati | Oltinsoy tumani | 7 165 |
| 10. | Sirdaryo viloyati | Xovos tumani | 3 825 |
| 11. | Toshkent viloyati | Quyi Chirchiq tumani | 3 913 |
| 12. | Farg‘ona viloyati | Farg‘ona shahri | 10 394 |
| 13. | Xorazm viloyati | Xonqa tumani | 6 507 |
| 14. | Toshkent shahri | Uchtepa tumani | 5 622 |
| Jami | 92 681 |
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.04.2021-y., 07/21/5072/0329-son; 26.10.2022-y., 07/22/409/0956-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.04.2023-y., 07/23/117/0207-son)