Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat qarzi hisobiga amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining natijadorligini taʼminlash toʻgʻrisida” 2020-yil 6-noyabrdagi PQ-4883-son qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat qarzi hisobiga amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining natijadorligini taʼminlash toʻgʻrisida” 2020-yil 6-noyabrdagi PQ-4883-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 49 shtat birligidan iborat boʻlgan Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tashkil etilganligi hamda Agentlik faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
loyiha tashabbuskorlari tomonidan taqdim etilgan takliflarni malakali konsultant va ekspertlarni jalb qilgan holda loyihaoldi baholash (shu jumladan, muqobil ssenariylar ishlab chiqish);
davlat tashqi qarzi hisobiga moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari doirasida loyiha tashabbuskorlariga texnik topshiriq va texnik-iqtisodiy asoslarni mukammal ishlab chiqishda koʻmaklashish;
loyihani tayyorlash va amalga oshirishning har bir bosqichida loyiha xarajatlarini boshqarish tizimini joriy qilish;
loyihaning maqsadli koʻrsatkichlari matritsasini shakllantirish, ularni monitoring qilish va baholash tizimini joriy etish;
investitsiya loyihasini amalga oshirishda muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini koʻrish;
loyihalar doirasida shaffof va xolis tender hamda boshqa xarid jarayonlarini tashkil etish, shu jumladan, xaridlar boʻyicha mustaqil ekspert va professional kompaniyalarni jalb qilish;
loyihalarni amalga oshirish doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va pudratchilarni keng jalb qilish maqsadida ular uchun tegishli trening va seminarlar oʻtkazilishini doimiy asosda taʼminlab borish;
loyihalarni boshqarish doirasida raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda ilgʻor xalqaro tajribani qoʻllash;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish samaradorligini va texnik-iqtisodiy asoslarda nazarda tutilgan natijalarga erishilganligini baholash tizimini joriy etish, shu jumladan, loyiha natijalarini baholash hisobotlarini umumlashtirish va tahlil qilish;
loyihalarni boshqarish guruhlari va loyiha tashabbuskorlarining tegishli boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularning samaradorligini baholash.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi tuzilmasiga tasdiqlangan shtat birliklari soni doirasida oʻzgartirish kiritish vakolatiga ega ekanligi belgilab qoʻyilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat qarzi hisobiga amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining natijadorligini taʼminlash toʻgʻrisida” 2020-yil 6-noyabrdagi PQ-4883-son qarori doirasida tugatilayotgan “Kommunxizmat” agentligi, Suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi hamda Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligining huquq, majburiyat va shartnomalari boʻyicha huquqiy voris etib tegishli ravishda quyidagilar belgilansin:
a) “Kommunxizmat” agentligi loyihalari doirasida:
issiqlik taʼminoti yoʻnalishida — Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi;
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimi yoʻnalishida — “Oʻzsuvtaʼminot” AJ;
b) Suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi loyihalari doirasida — Suv xoʻjaligi vazirligi;
v) Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi loyihalari doirasida:
barcha loyihalar boʻyicha chorvachilik yoʻnalishidan tashqari — Qishloq xoʻjaligi vazirligi;
chorvachilik yoʻnalishidagi loyihalar boʻyicha — Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ikki hafta muddatda Agentlikni zarur mebel, texnika vositalari va tegishli aloqa turlari bilan jihozlash choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qarorni amalga oshirish doirasida Agentlikning asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan boʻyicha zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ikki oy muddatda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlarini jalb etish hisobiga moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari doirasida imzolangan xalqaro shartnomalarga ushbu qarordan kelib chiqib, tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
7. Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi har chorak yakuni boʻyicha xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlarini jalb etish hisobiga moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini amalga oshirilishi holatini va ishga tushgan loyihalarni tahlil qilsin hamda umumlashtirilgan hisobotni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi malakali konsultant va ekspertlarni jalb etish hamda davlat tashqi qarzi hisobiga moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarining loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grantlarini jalb etsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 30-mart,
169-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-martdagi 169-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 49 nafar.
Texnik va yordamchi xodimlar soni tasdiqlangan meʼyorlarga muvofiq belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-martdagi 169-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq-vakolatlari, javobgarligi, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini, shuningdek, uning rahbarlarining funksional vazifalari va javobgarligini belgilaydi.
2. Agentlik oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi)ning qarorlari hamda buyruqlariga asosan va muvofiq ravishda amalga oshiradi.
3. Agentlikning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
4. Agentlik davlat muassasasi shaklida tashkil etilgan mustaqil yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blank varaqalariga, mustaqil balansga, oʻzining gʻazna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi bank hisobvaraqlariga egadir.
5. Agentlikning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi;
qisqartirilgan nomi — Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi;
b) ingliz tilida:
toʻliq nomi — The Agency for international cooperation and development under the Ministry of investments and foreign trade of the Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — The Agency for international cooperation and development;
v) pyc tilida:
toʻliq nomi — Agentstvo po mejdunarodnomu sotrudnichestvu i razvitiyu pri Ministerstve investitsiy i vneshney torgovli Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Agentstvo po mejdunarodnomu sotrudnichestvu i razvitiyu.
6. Agentlikning joylashgan manzili (pochta manzili): Toshkent shahri, Taras Shevchenko koʻchasi, 34-uy.
2-bob. Agentlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
loyiha tashabbuskorlari tomonidan taqdim etilgan takliflarni malakali konsultant va ekspertlarni jalb qilgan holda loyihaoldi baholash (shu jumladan, muqobil ssenariylar ishlab chiqish) ishlarini amalga oshirish;
davlat tashqi qarzi hisobiga moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari doirasida loyiha tashabbuskorlariga texnik topshiriq va texnik-iqtisodiy asoslarni mukammal ishlab chiqishda koʻmaklashish;
loyihani tayyorlash va amalga oshirishning har bir bosqichida loyiha xarajatlarini boshqarish tizimini joriy qilish;
loyihaning maqsadli koʻrsatkichlari matritsasini shakllantirish, ular boʻyicha monitoring olib borish va baholash tizimini joriy etish;
investitsiya loyihasini amalga oshirishda muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini koʻrish;
loyihalar doirasida shaffof va xolis tender hamda boshqa xarid jarayonlarini tashkil etish, shu jumladan, xaridlar boʻyicha mustaqil ekspert va professional kompaniyalarni jalb qilish;
loyihalar doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va pudratchilarni keng jalb qilish maqsadida ular uchun tegishli trening va seminarlar oʻtkazilishini doimiy ravishda taʼminlash;
loyihalarni boshqarishda raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda ilgʻor xalqaro tajribani qoʻllash;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish samaradorligini va texnik-iqtisodiy asoslarda nazarda tutilgan natijalarga erishilganligini baholash tizimini joriy etish, shu jumladan, loyiha natijalarini baholash hisobotlarini umumlashtirish va tahlil qilish;
loyihalarni boshqarish guruhlari va loyiha tashabbuskorlarining tegishli boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda samaradorligini baholash.
8. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — XMI/XHMT) bilan hamkorlikda investitsiya loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish jarayonlarida quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) loyiha tashabbuskorlari tomonidan taqdim etilgan takliflarni malakali konsulʼtant va ekspertlarni jalb qilgan holda loyihaoldi baholash (shu jumladan, muqobil ssenariylar ishlab chiqish) sohasida:
loyiha tashabbuskorlari tomonidan taqdim etilgan istiqbolli investitsiya loyihalariga doir takliflarni ular boʻyicha ishlab chiqilgan belgilangan shakldagi konsepsiyalar asosida koʻrib chiqadi;
istiqbolli investitsiya loyihalarining ijtimoiy-iqtisodiy va strategik ahamiyatidan kelib chiqib, ustuvorligini baholaydi va ularni amalga oshirish ketma-ketligi roʻyxatini shakllantiradi;
hududlarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini tegishli hudud xalq deputatlari Kengashlari bilan koʻrib chiqish jarayonlarida loyiha tashabbuskorlari bilan birga qatnashadi va muvofiqlashtiradi;
shakllantirilgan davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan istiqbolli investitsiya loyihalari roʻyxatini Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlash va XMI/XHMT bilan hamkorlik dasturlarini tayyorlash uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga kiritadi;
XMI/XHMTlarning loyihalarni tayyorlash va baholash missiyalarida qatnashadi, ularga loyiha hujjatlarini tayyorlash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarning loyiha tashabbuskori va boshqa davlat organlari orqali taqdim etilishini taʼminlaydi;
b) davlat tashqi qarzi hisobiga moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari doirasida loyiha tashabbuskorlariga texnik topshiriq va texnik-iqtisodiy asoslarni mukammal ishlab chiqishda koʻmaklashish sohasida:
loyiha tashabbuskorlari tomonidan taqdim etilgan davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarining loyihaoldi hujjatlariga oid texnik topshiriqlarni kelishadi;
loyiha institutlari tomonidan davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslarini tarmoq jadvallarida belgilangan muddatlarda va mukammal ishlab chiqish boʻyicha ishlarni tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishda variantlarni koʻrib chiqish orqali loyihani oqilona joylashtirish va amalga oshirishning eng samarali texnik, tashkiliy va iqtisodiy yechimlarini tanlashi va belgilab olishi uchun loyiha tashabbuskoriga Agentlikning tegishli xulosasi va takliflarini taqdim etadi;
loyihaoldi hujjatlarini raqobatbardosh mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar)dan foydalanishni eʼtiborga olgan holda ishlab chiqish uchun oʻzining xulosa va takliflarini taqdim etadi;
v) loyihani tayyorlash va amalga oshirishning har bir bosqichida loyiha xarajatlarini boshqarish tizimini joriy qilish sohasida:
loyihaoldi hujjatlaridagi xarajatlar hisobini XMI/XHMTlar bilan kelishilgan metodologiya asosida tahlil qiladi;
loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda loyiha qiymatini maqbullashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
loyihani amalga oshirish davomida xarajatlar miqdorini nazorat va tahlil qilib boradi, ular asossiz oshib ketishining oldini oladi;
davlat tashqi qarzi hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida imzolangan asosiy shartnomalarga qoʻshimcha kelishuvlarni loyihaning tasdiqlangan texnik-iqtisodiy asosi, tender hujjatlarini inobatga olgan holda koʻrib chiqadi, kelishadi, ijobiy xulosali kelishish mazkur qoʻshimcha shartnomalarning Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida roʻyxatdan oʻtkazilishiga asos boʻladi;
g) loyihaning maqsadli koʻrsatkichlari matritsasini shakllantirish, ular boʻyicha monitoring olib borish va baholash tizimini joriy etish sohasida:
XMI/XHMT ning loyihani baholash missiyalari tomonidan maqsadli koʻrsatkichlar matritsasini shakllantirish jarayonida ishtirok etadi va oʻzining xulosasini taqdim etadi;
investitsiya loyihasi amalga oshirilganidan keyingi 5 yil davomida loyihaning maqsadli koʻrsatkichlarini baholab boradi, maqsadli koʻrsatkichlarga erishilmaganligining sabablarini tahlil qiladi;
XMI/XHMT tomonidan amalga oshiriladigan loyiha natijalarini mustaqil baholashda bevosita ishtirok etadi;
d) investitsiya loyihasini amalga oshirishda muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini qurish sohasida:
davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etishda loyiha tashabbuskorlariga oʻzining xulosa va takliflarini taqdim etadi, zarur hollarda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ushbu masalalarni hal etish boʻyicha tegishli choralar koʻradi;
loyihani amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan muammoli masalalar toʻgʻrisida axborot va ularni hal etish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga kiritib boradi;
davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari doirasida imzolangan shartnomalarda nazarda tutilgan chora-tadbirlar oʻz muddatida va sifatli bajarilishini oʻrganib boradi;
belgilangan tartibda loyihalar doirasida ajratilgan mablagʻlarning maqsadli oʻzlashtirilishini tahlil qiladi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
e) loyihalar doirasida shaffof va xolis tender hamda boshqa xarid jarayonlarini tashkil etish, shu jumladan, xaridlar boʻyicha mustaqil ekspert va professional kompaniyalarni jalb qilish sohasida:
loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda xaridlar rejasini va strategiyasini ishlab chiqadi va XMI/XHMT bilan kelishish jarayonini tashkillashtiradi;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadigan davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari boʻyicha ishchi organ sifatida xarid jarayonlarini tashkil etadi va ularni oʻtkazishda loyiha tashabbuskoriga koʻmaklashadi;
davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari doirasida qiymati 5000 bazaviy hisoblash miqdoridan yuqori boʻlgan tender savdolarining hujjatlarini, zarurat boʻlganda malakali konsultant va ekspertlarni jalb qilgan holda, shakllantirishda va ishlab chiqishda loyiha tashabbuskoriga koʻmaklashadi hamda keyinchalik Xarid komissiyaga tasdiqlash uchun taqdim etadi;
loyiha tashabbuskori tomonidan tender savdolari eʼlon qilinishini muvofiqlashtiradi;
tender savdolari doirasida tushgan xarid takliflarini va boshqa hujjatlarni baholash komissiyalari tomonidan XMI/XHMTning talablarini inobatga olgan holda, zarurat boʻlganda mustaqil ekspert va professional kompaniyalarni jalb qilib baholashni va hisobotlar tuzishni tashkil etadi hamda loyiha tashabbuskorlari va xarid komissiyasining ishini muvofiqlashtiradi;
tender hujjatlarini, baholash hisobotlarini va xarid jarayonlariga tegishli boshqa hujjatlarni xarid komissiyalari va XMI/XHMT bilan kelishish jarayonlarini muvofiqlashtiradi;
tender savdolari doirasida raqobatni kuchaytirish maqsadida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va pudratchilarni, xalqaro kompaniyalarni, jamoatchilikni keng jalb etish uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi va xaridlar toʻgʻrisidagi axborotdan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda toʻliq, oʻz vaqtida, erkin foydalanish imkoniyatini taʼminlagan holda uni axborot portaliga joylashtiradi, bundan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
j) loyihalar doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va pudratchilarni keng jalb qilish maqsadida ular uchun tegishli trening va seminarlar oʻtkazilishini doimiy asosda taʼminlash sohasida:
loyihalar doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va pudratchilarni keng jalb qilish, tender hujjatlarini XMI/XHMT talablariga mos holda tayyorlash maqsadida ular uchun malakalarini oshirish boʻyicha trening va seminarlar tashkil etadi;
tender savdolarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va pudratchilarni ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boshqa ishlarni amalga oshiradi;
z) loyihalarni boshqarishda raqamli texnologiyalarni hamda ilgʻor xalqaro tajribani qoʻllash sohasida:
davlat tashqi qarzi hisobiga moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari doirasida loyihaoldi hujjatlarini elektron tarzda tayyorlash, idoralararo ekspertizadan oʻtkazish, monitoring va natijadorligini baholash jarayonlarining toʻliq raqamlashtirish tizimida amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi;
XMI/XHMT bilan birgalikda ilgʻor xalqaro tajribani qoʻllagan holda davlat tashqi qarzi hisobiga moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari doirasida qiymati 5000 bazaviy hisoblash miqdoridan yuqori boʻlgan tender savdolari jarayonlarining shaffofligini taʼminlashga qaratilgan raqamlashtirish tizimi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
XMI/XHMT bilan loyihalarni boshqarish doirasida raqamli texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha muzokaralar olib boradi;
i) investitsiya loyihalarini amalga oshirish samaradorligini va texnik-iqtisodiy asoslarda nazarda tutilgan natijalarga erishilganligini baholash tizimini joriy etish, shu jumladan loyiha natijalarini baholash hisobotlarini umumlashtirish va tahlil qilish sohasida:
loyiha foydalanishga topshirilganidan keyin 5 yil davomida kamida yilda bir marotaba loyiha hududiga chiqib, tasdiqlangan texnik-iqtisodiy parametrlarning bajarilishi yuzasidan monitoring va baholash ishlarini amalga oshiradi;
loyiha natijalarini baholash boʻyicha hisobotlarni umumlashtiradi va tahlil qiladi, tahlil natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etadi;
loyiha tashabbuskorlari tomonidan amalga oshirilayotgan va yakunlangan loyihalar boʻyicha oʻzlashtirilgan mablagʻlar hamda erishilgan natijalar yuzasidan maʼlumotlarni muntazam ravishda oʻzlarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinishini muvofiqlashtirib boradi;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda belgilangan tadbirlarni asossiz ravishda oʻz vaqtida bajarmagan hamda loyihaning maqsadli koʻrsatkichlari matritsasi monitoringi va baholash natijalariga koʻra Vazirlar Mahkamasiga qarz oluvchi tashkilotlarning birinchi rahbarlariga nisbatan ular oylik ish haqining 30 foizigacha miqdorda ushlab qolish koʻrinishida yoki boshqa intizomiy choralar koʻllash hamda loyihalarning bajarilishida alohida oʻrnak koʻrsatgan loyiha tashabbuskorlarini ragʻbatlantirish yuzasidan takliflar kiritadi;
k) loyihalarni boshqarish guruhlari va loyiha tashabbuskorlarining tegishli boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda samaradorligini baholash sohasida:
ijro agentliklarning masʼul rahbarlari, ularning investitsiya boʻlinmalari xodimlari hamda loyihalarni amalga oshirish guruhlari mutaxassislari uchun loyihalarni tayyorlash, boshqarish va xaridlarni tashkil etish boʻyicha oʻquv kurslarini doimiy asosda tashkil etadi, oʻquv kurslari natijalariga koʻra maxsus sertifikatlar berilishini taʼminlaydi;
loyihalarni amalga oshirish guruhlarining ish samaradorligini loyihaning tasdiqlangan texnik-iqtisodiy parametrlari bajarilishi va kredit mablagʻlari maqsadli ishlatilishi boʻyicha erishilgan natijalarga asoslanib baholaydi va masʼul xodimlarga nisbatan intizomiy javobgarlik choralarini qoʻllash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga taklif kiritadi;
loyihalarni amalga oshirish guruhlari rahbari, xarid qilish, monitoring qilish va moliya masalalari boʻyicha mutaxassislarini lavozimga tayinlash masalalari kelishilishini taʼminlaydi.
3-bob. Agentlikning huquq-vakolatlari va javobgarligi
9. Agentlik unga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida quyidagi huquqlarga ega:
respublikaga davlat tashqi qarzlarini jalb etish va oʻzlashtirishga oid statistik maʼlumotlar, takliflar, xulosalar va boshqa zarur maʼlumotlarni belgilangan tartibda olish, shuningdek, Agentlik zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha yozishmalar olib borish;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan kelishgan holda xorijiy agentliklar va tashkilotlar bilan texnik va iqtisodiy axborot almashish, shuningdek, yozishmalar olib borish;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida mahalliy, xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, muzokaralar olib borish va belgilangan tartibda shartnomalar imzolash;
Zarur hollarda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyatiga Agentlik zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirishga mahalliy ekspertlarni va Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri bilan kelishgan holda xorijiy ekspertlarni jalb etish boʻyicha, shuningdek, amaliyotda yuzaga keladigan boshqa masalalar yuzasidan takliflarni belgilangan tartibda kiritish;
Agentlik zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish, pul oʻtkazmalarini amalga oshirish;
XMI/XHMT ishtirokidagi investitsiya loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish doirasida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish uchun davlat organlari va tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, shuningdek, boshqa mutaxassislar va mustaqil ekspertlardan iborat ishchi va ekspert guruhlarini tashkil etish;
Agentlik zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiqib, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi nomidan belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
Agentlik vakolatlariga taalluqli masalalar boʻyicha davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini belgilangan tartibda muvofiqlashtirish choralarini koʻrish;
davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan Agentlik zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun zarur boʻlgan axborotni belgilangan tartibda olish;
davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslariga XMI/XHMT ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish sohasida qonunchilik hujjatlariga rioya etmaslik holatlari aniqlanganda ularni taftish etish, bunday holatlar yuzaga kelishiga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalarni kiritish;
Agentlikning vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini ishlab chiqishda belgilangan tartibda ishtirok etish;
XMI/XHMT ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish sohasini tartibga solish masalalarini muhokama qilish maqsadida ekspertlarni jalb qilish;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan manbalar hamda budjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga jamgʻarmalar, shu jumladan, moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmalarini tashkil etish.
Agentlik qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi mumkin.
10. Agentlik:
XMI/XHMT ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish sohasida yagona siyosat samarali amalga oshirilishi;
Agentlik zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning oʻz vaqtida hamda samarali bajarilishi;
Agentlik tarkibiy boʻlinmalarining Agentlik faoliyati bilan bogʻliq koʻrsatkichlarga erishishni taʼminlash borasidagi ishlarining samarali tashkil etilishi;
Agentlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining oʻz vaqtida va sifatli tayyorlanishi;
XMI/XHMT ishtirokidagi investitsiya loyihalari boʻyicha dasturlar, chora-tadbirlar rejalari, “yoʻl xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarda belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi;
XMI/XHMT ishtirokidagi investitsiya loyihalari tashabbuskorlarining huquqlari himoya qilinishi uchun javobgar hisoblanadi.
4-bob. Agentlik rahbariyatining asosiy funksional vazifalari
11. Quyidagilar Agentlik direktorining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining qarorlari bilan tasdiqlangan Agentlik faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha kompleks dasturlar va chora-tadbirlar ijrosini taʼminlash, chuqur va tanqidiy tahlil qilish;
Agentlik mansabdor shaxslarining vakolatlarini hamda ularning shaxsiy javobgarligi darajasini belgilash;
Agentlik faoliyati rejalashtirilishini tashkil etish, Agentlik va uning mansabdor shaxslarining har choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlash;
Qonunchilik hujjatlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari hamda topshiriqlari ijrosini taʼminlashda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoni talablariga qatʼiy rioya etish;
Agentlik faoliyati doirasida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Agentlikda xodimlarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish hamda kadrlar zaxirasini shakllantirish;
Agentlik xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini va uning faoliyatini tashkil etish;
ishni tashkil etishning zamonaviy shakllari Agentlik faoliyatiga joriy etilishini taʼminlash;
Agentlik rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida boʻlish samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy masʼuliyatini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga muvofiq tashkil etish va amalga oshirish, xizmat safarlarining asosliligini, samaradorligi va natijadorligini, xizmat safari sarf-xarajatlari uchun ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli va oqilona foydalanilishini taʼminlash;
Agentlik tizimida “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining talablariga muvofiq korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yoʻli bilan bunday salbiy holatlarni aniqlash, tahlil qilish, ularning sodir etilishi sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish;
Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini ijro etish, elektron hujjatlar aylanishi tizimini keng joriy etish va undan samarali foydalanish, yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantirish boʻyicha ishlarni tashkil etish, nazorat qilish va muvofiqlashtirish, ularni koʻrib chiqish natijalari hisobga olinishini taʼminlash;
Agentlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishda Agentlik xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqarish va koʻrsatmalar berish;
Agentlik xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etish, shu jumladan, ularning egallab turgan lavozimiga loyiq yoki noloyiqligi toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqish, ularning shaxsiy javobgarligini belgilash chora-tadbirlarini amalga oshirish;
Agentlikning tuzilmasini va shtatdagi xodimlari sonini oʻzgartirish toʻgʻrisida, Agentlik faoliyatining samaradorligini taʼminlashga qaratilgan takliflarni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan kelishgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
mehnat intizomini buzganlik holatlari boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida xizmat surishtiruvlari oʻtkazilishini tayinlash;
Agentlikning mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilash, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlash, Agentlik faoliyatining alohida sohalariga rahbarlik qilish masalalarida oʻz oʻrinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy masʼuliyati darajasini belgilash;
Agentlikning mol-mulkini qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqarish va tasarruf etish.
12. Quyidagilar Agentlik direktori oʻrinbosarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
Agentlikning tegishli tarkibiy boʻlinmalari xodimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, mazkur Nizomga shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishini taʼminlash;
Agentlikning tarkibiy boʻlinmalari faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish, ushbu boʻlinmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining, shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyatining hujjatlari va topshiriqlari ijrosini taʼminlash;
ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, topshiriqlar oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishi uchun tarkibiy boʻlinmalar xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni koʻrish;
Agentlik direktorining buyruqlari va topshiriqlari oʻz vaqtida, sifatli ijro etilishini taʼminlash;
Agentlik tarkibiy boʻlinmalarining har choraklik ish rejalari ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini taʼminlash, ularda koʻrsatilgan vazifalar va tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
Agentlik tarkibiy boʻlinmalariga yuklangan vazifalar bajarilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish
Agentlik tarkibiy boʻlinmalari faoliyatini samarali tashkil etishda qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va ularni koʻrib chiqish uchun Agentlik direktoriga hamda keyinchalik Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga kiritish;
Agentlik direktoriga Agentlik tarkibiy boʻlinmalari kesimida kadrlarni tanlash boʻyicha takliflarni taqdim etish, xodimlarning kasbiy mahorati, bilim va koʻnikmalarini oshirish boʻyicha tegishli choralar koʻrish;
Agentlik rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida boʻlish samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy masʼuliyatini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga muvofiq amalga oshirish, xizmat safarlarining asosliligini, samaradorligi va natijadorligini, xizmat safari sarf-xarajatlari uchun ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli va oqilona foydalanilishini taʼminlash;
Agentlik tarkibiy boʻlinmalari xodimlari va rahbarlari faoliyati samaradorligi hamda natijadorligini tanqidiy tahlil qilish, yigʻilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, yakunlari boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrish;
Agentlik xodimlari tomonidan odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini taʼminlash;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni talablariga muvofiq Agentlikning tarkibiy boʻlinmalarida korrupsiya va boshqa huquqbuzarlik holatlarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish yoʻli bilan korrupsiya va boshqa huquqbuzarlik holatlarini aniqlash, tahlil qilish, ularning sodir etilishiga koʻmaklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish;
davlat sirlariga va maxfiy axborotga taalluqli maʼlumotlar bilan ishlashda qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy rioya etish.
5-bob. Agentlik rahbariyatining javobgarligi
13. Agentlik direktori:
Agentlik zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun;
ushbu Nizomning 10-bandida nazarda tutilgan Agentlikning javobgarlik sohalari boʻyicha;
ushbu Nizomning 11-bandida koʻrsatilgan oʻz funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan masʼuldir.
14. Agentlik direktori oʻrinbosarlari:
mutasaddilik qilinadigan Agentlik tarkibiy boʻlinmalarida Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun;
Agentlik mutasaddiligidagi masalalar yuzasidan ushbu Nizomning 10-bandida nazarda tutilgan javobgarlik sohalari boʻyicha;
ushbu Nizomning 12-bandida belgilangan oʻz funksional vazifalarining bajarilishi uchun shaxsan masʼuldir.
6-bob. Agentlik faoliyatini tashkil etish
15. Agentlik direktori Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining tavsiyasi asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
16. Agentlik direktori oʻrinbosarlari Agentlik direktorining tavsiyasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
17. Direktor Agentlik ishini tashkil etilishini taʼminlaydi va Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, shuningdek, Agentlik faoliyatining sifati va samaradorligi, shuningdek pirovard natijalari uchun javob beradi va Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri bilan kelishgan holda Agentlik nomidan xalqaro munosabatlar doirasida vakillik qiladi.
18. Agentlik direktori oʻrnida boʻlmagan hollarda uning vakolatlari direktorning buyrugʻi bilan uning oʻrinbosarlaridan biriga yuklanadi.
7-bob. Agentlikning Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi markaziy apparati, uning hududiy boshqarmalari, shuningdek, tizimidagi tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi
19. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi markaziy apparati, uning hududiy boshqarmalari hamda tizimidagi tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
20. Agentlikning Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi markaziy apparati, uning hududiy boshqarmalari, shuningdek, tizimidagi tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi bevosita Agentlik direktori va uning oʻrinbosarlari tomonidan taʼminlanadi.
8-bob. Agentlikning maslahat kengashlari
21. Agentlik direktorining buyrugʻi bilan Agentlikda uning asosiy faoliyat yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi direktor oʻrinbosari (kengash raisi), Agentlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va mutaxassislaridan iborat tarmoqlar boʻyicha tegishli kengashlar tashkil etiladi.
22. Tarmoq kengashlarining nizomi va ularning shaxsiy tarkibi Agentlik direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
23. Agentlikda direktor buyrugʻi bilan tarmoq kengashlarining ishchi organlari tuzilishi mumkin.
Agentlikda tuziladigan kengashlarning ishchi organlari tarkibi va ular toʻgʻrisidagi nizomlar Agentlik direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
9-bob. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari hamda ish indikatorlari
24. Agentlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligi muntazam baholanib boriladi.
25. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri tomonidan tasdiqlanadigan Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ishchi indikatorlar asosida amalga oshiriladi.
26. Agentlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari boʻyicha:
Agentlik rahbarlari va xodimlariga nisbatan ragʻbatlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlik choralari;
Agentlik faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari belgilanadi.
Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash tartibi va uslubi Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri tomonidan belgilanadi.
10-bob. Agentlik faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash, xodimlar mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish
27. Quyidagilar Agentlik faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, XMI/XHMT va boshqa donorlarning grantlari va kreditlari (qarzlari);
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari;
tijorat banklarining depozitlariga belgilangan tartibda joylashtirilgan vaqtincha boʻsh turgan budjetdan tashqari mablagʻlardan olingan daromadlar, xizmat koʻrsatishdan, shartnomaviy munosabatlardan olingan daromadlar;
shartnoma asosida koʻrsatiladigan xizmatlardan olinadigan daromadlar;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
28. Agentlik xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qoʻshimcha haqlar, ustamalar va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan iborat.
Agentlik xodimlariga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi markaziy apparati xodimlari uchun belgilangan Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash razryadlari tatbiq etiladi.
29. Agentlik xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
30. Agentlik xodimlariga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq uzoq yillik xizmati uchun ustama haq toʻlanadi.
31. Agentlikning qarzlar va tijorat banklari depozitlarida Agentlikning boʻsh mablagʻlarini joylashtirishdan hosil boʻladigan jami daromadlar hisobidan shakllantiriladigan budjetdan tashqari mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
Investitsiya va tashqi savdo vazirligi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq investitsiya loyihalarining tashabbuskorlari tomonidan taqdim etilgan takliflarini loyihaoldi baholash, muqobil ssenariylar ishlab chiqish;
loyihaning maqsadli koʻrsatkichlari va matritsasini shakllantirish, uni amalga oshirish samaradorligi va natijalari monitoringini olib borish va baholash tizimini joriy qilish;
loyihalarni boshqarishda raqamli texnologiyalarni va ilgʻor xalqaro tajribani koʻllash;
xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va ularning stajirovka oʻtashi, Agentlik faoliyatini rivojlantirish va salohiyatini oshirish bilan bogʻliq konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlar, shu jumladan, xorijda oʻtkaziladigan tadbirlarni tashkil etish va ishtirok etish;
shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatish uchun jalb etilgan yuqori malakali xorijiy mutaxassislar xarajatlarini moliyalashtirish (mehnatga haq toʻlash, yashash xarajatlari, transport va boshqa xarajatlar);
Agentlik xodimlari uchun ijtimoiy himoya va moddiy ragʻbatlantirish choralarini amalga oshirish xarajatlarini moliyalashtirish.
11-bob. Yakunlovchi qoida
32. Agentlikni qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.03.2021-y., 09/21/169/0261-son)