Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oltin davr” xalqaro musiqa yarmarkasini tashkil etish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 26-maydagi PF-6000-son Farmoni ijrosini taʼminlash, dunyo musiqa sanʼati sohasida erishilayotgan yutuqlar, yangi ijod namunalari, musiqa uskunalari va cholgʻu asboblarini mutaxassislar, sanʼatkorlar, sanʼatshunoslar va keng omma eʼtiboriga havola etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining:
2021-yildan boshlab respublikada tashkil etiladigan xalqaro musiqa anjumanlari va festivallari doirasida “Oltin davr” xalqaro musiqa yarmarkasini (keyingi oʻrinlarda — Yarmarka) oʻtkazish;
Yarmarkani tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. “Oltin davr” xalqaro musiqa yarmarkasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga Yarmarkani tashkil etish va oʻtkazish doirasida:
tashkilotchi sifatida manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda barcha tashkiliy va ijodiy ishlarni muvofiqlashtirib borish;
Yarmarkada qatnashish istagini bildirgan ishtirokchilar, xorijdan taklif etiladigan mutaxassislar, sanʼatkorlar va sanʼatshunoslarning roʻyxatini shakllantirish hamda ularni Yarmarkaga jalb etish;
Yarmarkani zamonaviy texnologiyalardan keng foydalangan holda yuqori badiiy saviyada oʻtkazish chora-tadbirlarini amalga oshirish vazifalari yuklansin.
4. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Dunyo” axborot agentligiga Yarmarkani targʻib etishga qaratilgan ijtimoiy reklama roliklarini tayyorlash, namoyish qilish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni yoritib borish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-noyabr,
692-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-noyabrdagi 692-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Oltin davr” xalqaro musiqa yarmarkasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Oltin davr” xalqaro musiqa yarmarkasini (keyingi oʻrinlarda — Yarmarka) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Yarmarka quyidagilarni nazarda tutgan holda oʻtkaziladi:
Oʻzbekiston va xorijiy mamlakatlar oʻrtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash va soha boʻyicha xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish;
oʻzbek milliy musiqa sanʼatining noyob durdonalarini dunyo miqyosida yanada keng targʻib etish;
sanʼat sohasidagi yetuk mutaxassislarni milliy musiqa va zamonaviy sanʼat asarlari hamda ijrochilarning mahorati bilan tanishtirish;
xorijiy mamlakatlarning musiqa asbob-uskunalarini ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalarining texnik uskunalari va moslamalari, oʻzbek hunarmand ustalari tomonidan tayyorlangan cholgʻu sozlari namoyishini tashkil etish va bu borada oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
ishlab chiqaruvchilar tomonidan oʻz mahsulotlarini hamda xizmat koʻrsatuvchilar tomonidan taklif etilayotgan xizmatlarni namoyish etish, savdo hamda boshqa bitimlarni tuzish uchun shart-sharoitlar yaratish;
yangi yutuqlar hamda boshqa mahsulotlarni namoyish etish uchun imkoniyat yaratish;
qoʻshma ijodiy loyihalarni amalga oshirishda xalqaro sheriklik munosabatlarini shakllantirish.
3. Yarmarka 2021-yildan boshlab mamlakatimizda oʻtkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, Xalqaro maqom sanʼati anjumani, Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali hamda kelgusida tashkil etiladigan boshqa musiqa anjumanlari va festivallari doirasida oʻtkaziladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Yarmarka tashkilotchisi (keyingi oʻrinlarda — Tashkilotchi) hisoblanadi.
Yarmarka Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda tashkil etiladi hamda oʻtkaziladi.
2-bob. Yarmarkani oʻtkazish tartibi
5. Yarmarka doirasida quyidagi tadbirlar oʻtkaziladi:
Yarmarkaning tantanali ochilishi marosimi;
xorijdan taklif etilgan prodyusyerlar, promoutyerlar, sanʼatkorlar, mutaxassislarning taqdimotlari, davra suhbatlari va mahorat darslari;
musiqa sanʼati savdo yarmarkasi;
sanʼatkorlarning konsert dasturlari;
Yarmarkaning tantanali yopilishi marosimi.
6. Yarmarkada ishtirok etuvchilar quyidagilar hisoblanadi:
ishtirokchilar — ishlab chiqarish kompaniyalari va korxonalari, oʻquv va PR-markazlari, taʼlim muassasalari, audio va video mahsulotlar tayyorlash boʻyicha studiyalar, sanʼat va musiqa laboratoriyalari, milliy sozlar ustaxonalari va hunarmandlar, musiqa sanʼatining barcha yoʻnalishlarida ijod qilayotgan xorijiy va mahalliy sanʼatkorlar, bastakorlar, sozanda va xonandalar jamoalari, turli tanlov, festival, koʻrgazma va loyihalarning rahbarlari, tasviriy va amaliy sanʼat ustalari, raqqos va raqqosalar, turli tadbirlar tashkilotchilari;
buyurtmachi — taniqli prodyusyerlar va promoutyerlar, sanʼat sohasidagi xalqaro tashkilotlar vakillari.
7. Yarmarkaning ishchi tillari etib oʻzbek, rus va ingliz tillari belgilanadi.
3-bob. Yarmarkada ishtirok etish tartibi
8. Yarmarkada ishtirok etish istagini bildirgan ishtirokchilar Tashkilotchiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) ishtirokchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport) nusxasi;
b) ishtirokchi haqida maʼlumotnoma (rezyume);
v) 4 dona (2 dona 3x4 sm va 2 dona 9x12 sm hajmda) rangli fotosurat;
g) ijod namunasi haqida maʼlumotlar (ijodiy faoliyat yuzasidan foto va video materiallar).
9. Barcha ishtirokchilarga Tashkilotchi tomonidan maxsus qayd raqamiga ega boʻlgan “Xalqaro musiqa yarmarkasi ishtirokchisi” sertifikati taqdim etiladi.
10. Yarmarka xalqaro miqyosda oʻtkaziladigan turli yarmarkalar va muzokaralar tajribalariga tayangan holda ishbilarmonlarning oʻzaro kelishuvi (B2B), ishbilarmon va isteʼmolchi (B2C) hamda boshqa muloqot formatlarida tashkil etiladi va buning uchun Tashkilotchi tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratiladi.
11. Ishtirokchilarga Tashkilotchi tomonidan Yarmarka boʻlib oʻtadigan hududdan 3,5 x 4 metr oʻlchamdagi maydon ajratiladi.
12. Ishtirokchilar oʻzlariga ajratilgan hududda oʻz xizmatlari va mahsulotlarini turli stendlar, fotoalbomlar, audio-, video-, fototaqdimotlar, roliklar, banner va flayyerlar orqali targʻib etishlari mumkin.
13. Yarmarkada odob-axloq normalariga zid boʻlgan mahsulot va xizmatlarning taqdimotiga yoʻl qoʻyilmaydi.
14. Yarmarkaning har bir ishtirokchisi oʻz tibbiy sugʻurtasiga ega boʻlishi lozim.
4-bob. Tashkilotchining huquqlari
15.Tashkilotchi quyidagi huquqlarga ega boʻladi:
ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda targʻibot materiallarini tayyorlashda Yarmarka ishtirokchilari tomonidan taqdim etiladigan materiallardan foydalanish;
Yarmarkani televideniye, radio, boshqa ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda translatsiya qilish uchun ruxsat berish.
5-bob. Yarmarkani moliyalashtirish tartibi
16. Yarmarkada ishtirok etish istagini bildirgan:
xorijiy ishtirokchilarning Oʻzbekistonga kelib-ketishi, ovqatlanishi va yashash xarajatlari ishtirokchi hisobidan;
mahalliy ishtirokchilarning ichki transport, ovqatlanish, mehmonxona xarajatlari Tashkilotchi tomonidan qoplanadi.
17. Xorijiy prodyuser va promoutyerlar, sanʼat sohasidagi xalqaro tashkilotlar vakillarining nufuzi, tajribasi, xalqaro maydondagi madaniyat va sanʼat sohasidagi mavqeyini inobatga olgan holda Tashkilotchining taklifiga binoan ularning Yarmarkada ishtirok etishi bilan bogʻliq barcha xarajatlar Tashkilotchi tomonidan qoplanishi mumkin.
18. Yarmarkani tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2020-y., 09/20/692/1475-son)