Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining
qarori
“Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi rais B. Mirboboyev, sudyalar A. Gafurov, F. Kayumov, S. Koshayeva, B. Miralimov, G. Pirjanov va K. Uljayevdan iborat tarkibda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasi va “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 14-moddasiga amal qilgan holda “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish haqidagi ishni ochiq majlisda koʻrib chiqdi.
Konstitutsiyaviy sud mazkur masala yuzasidan maʼruzachi sudya S. Koshayevaning axborotini tinglab va ish boʻyicha mavjud hujjatlarni oʻrganib,
aniqladi:
Mazkur qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorida nazarda tutilgan tadbirlar va vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-avgustdagi “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5505-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 9-bandida fuqarolar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar, davlat organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjat yuzasidan shikoyat qilish va ushbu normativ-huquqiy hujjatni bekor qilish haqidagi talabning koʻrib chiqilishi tartib-taomillarini takomillashtirish, bunda Konstitutsiyaviy sudning rolini aniqlash nazarda tutilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4551-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Chora-tadbirlar dasturining 7-bandida Konstitutsiyaviy sud va Adliya vazirligiga “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuklangan:
Konstitutsiyaviy sudga masalalar kiritish huquqiga ega boʻlgan subyektlar doirasini Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, shuningdek, fuqarolar va yuridik shaxslarni kiritish orqali kengaytirish;
Konstitutsiyaviy sudda ish yuritishning protsessual xususiyatlarini (sudga masala kiritish tartibi, sud muhokamasi, muddatlari, sud qarorlarining ijrosi va boshqalarni) tartibga soluvchi normalarni kiritish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF-5953-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturi 14-bandida qonun normalarining Konstitutsiyaga muvofiqligini oʻrganish yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish tartibini soddalashtirish, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan subyektlar doirasini kengaytirish maqsadida Konstitutsiyaviy sud, Oliy Majlis palatalari (kelishuv asosida), Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutiga qonun loyihasini tayyorlash va unda Konstitutsiyaviy sudda qonunlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini koʻrib chiqishni soʻrab murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan subyektlar doirasiga fuqarolar va yuridik shaxslarni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazini kiritish nazarda tutilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-6012-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ning 22-bandida ham ushbu masala nazarda tutilgan.
Qonun loyihasi yuzasidan Oliy Majlis palatalari, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, Adliya vazirligi, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar, fikr-mulohazalar inobatga olingan.
Shuningdek, qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (www.regulation.gov.uz) da umumxalq muhokamasiga qoʻyilgan. Muhokama davomida 60 dan ziyod taklif va fikr-mulohazalar kelib tushdi. Kelib tushgan taklif va fikr-mulohazalarning barchasi tahlil qilinib, ularning aksariyat qismi qonun loyihasini takomillashtirishda hisobga olindi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yaxshilash, mamlakatimizda fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish, konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlash hamda Konstitutsiya va qonun ustunligi prinsipini taʼminlashga xizmat qiladi.
Yuqorida bayon qilinganlardan kelib chiqib va “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 14, 31, 32, 33-moddalariga, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Qonunning 5, 26-moddalariga amal qilgan holda, Konstitutsiyaviy sud
QAROR QILDI:
1. “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilsin (ilova qilinadi).
2. Konstitutsiyaviy sud raisining oʻrinbosari A. Gafurov va Konstitutsiyaviy sudning sudyasi S. Koshayeva ushbu qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida koʻrib chiqilayotganda ishtirok etish uchun oʻz vakillari etib tayinlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Ushbu qaror “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Axborotnomasi” va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida rasman eʼlon qilinsin.
Rais B. MIRBOBOYEV
Sudyalar A. GAFUROV
F. KAYuMOV
S. KOShAYEVA
B. MIRALIMOV
G. PIRJANOV
K. ULJAYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 9-iyul