O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
AHOLIGA SOTILADIGAN YoQILG‘I, ENERGIYA VA KO‘RSATILADIGAN XIZMATLAR ChAKANA NARXLARI HAMDA TARIFLARINI QAYTA KO‘RIB ChIQISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Aholiga sotiladigan yoqilg‘i, energiyani ishlab chiqarish va ko‘rsatiladigan xizmatlar xarajatlarining qimmatlashganligi munosabati bilan hamda xalq xo‘jaligi tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1992-yilning 17-avgustidan boshlab aholiga sotiladigan yoqilg‘i, energiyaning, suv bilan ta’minlash va kanalizatsiya xizmatlari ko‘rsatishning davlat chakana narxlari va tariflarini oshirishning cheklangan miqdorlari ilovaga muvofiq belgilansin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari o‘z huquq doiralariga muvofiq yoqilg‘i, energiya va ko‘rsatiladigan xizmatlarning yangi chakana narxlari va tariflarini tasdiqlasinlar hamda 1992-yilning 17-avgustidan boshlab joriy etsinlar, preyskurantlarni barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlarga o‘z vaqtida yetkazishni ta’minlasinlar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga aholiga ko‘rsatiladigan sanitariya-tozalash xizmati tariflarining cheklangan miqdorlarini tasdiqlash huquqi berilsin.
2. Gaz-ballonli avtomobillar uchun suyultirilgan uglevodorodli yoqilg‘i gaz bo‘yicha shartnomaviy (erkin) narxlarga o‘tish amalga oshirilsin.
3. “O‘zbeksavdo” davlat-aksionerlik uyushmasi, O‘zbekbirlashuv, vazirliklar hamda idoralarning ishchilar ta’minoti boshqarmalari va ishchilar ta’minoti bo‘limlari, chakana narxlarni oshirish koeffitsiyentidan kelib chiqqan holda, 1992-yilning 17-avgustigacha bo‘lgan holati bo‘yicha qolgan ko‘mirni ilovaga muvofiq qayta baholab chiqsinlar.
4. Yuqorida ko‘rsatilgan tovarlar va xizmatlar guruhiga Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 9-yanvardagi 4-son qarori bilan tasdiqlangan chakana narxlar darajasini oshirishning cheklangan narxlari bekor qilinsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 14-avgust,
381-son
AHOLIGA SOTILADIGAN YoQILG‘I, ENERGIYA VA KO‘RSATILADIGAN XIZMATLAR ChAKANA NARXLARI VA TARIFLARINING ChEKLANGAN MIQDORI
| | O‘lchov birligi | O‘lchov birligi uchun chakana narx (tarif), so‘m va tiyin hisobida |
| Shahar aholi punktlarida yashovchi aholi ehtiyojlari uchun beriladigan elektr energiyasi | 1 kVt | 0—20 |
| Qishloq aholi punktlarida yashaydigan aholi ehtiyojlari uchun beriladigan elektr energiyasi | 1 kVt | 0—15 |
| Elektr plitalari bilan jihozlangan uy-joylar aholisi ehtiyojlari uchun beriladigan elektr energiyasi | 1 kVt | 0—10 |
| Isitish va ovqat tayyorlash ehtiyojlar uchun foydalaniladigan tabiiy gaz | 1000 m3 | 100—00 |
| Suyultirilgan gaz | 1 kg | 3—00 |
| Suv bilan ta’minlash xizmati | 1m3 | 0—50 |
| Kanalizatsiya xizmatlari | 1m3 | 0—30 |
| | koeffitsentlar marta hisobida | |
| Ko‘mir | |
16,7 |