Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Oʻmon Sultonligi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Havo qatnovi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Oʻmon Sultonligi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
1944-yil 7-dekabrda Chikago shahrida imzolash uchun ochiq deb eʼlon qilingan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisida Konvensiyaning ishtirokchilari boʻlgan holda,
oʻz davlatlari hududlari va tashqari hududlar oʻrtasida havo qatnovlarini oʻrnatish maqsadida yuqorida koʻrsatilgan Konvensiyaga qoʻshimcha ravishda Bitim tuzish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda. Atamalar
1. Ushbu Bitimning maqsadlari uchun, agar matn boshqa izoh talab qilmasa:
a) “Konvensiya” atamasi 1944-yil 7-dekabrda Chikago shahrida imzolash uchun ochiq deb eʼlon qilingan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisida Konvensiyani anglatadi va ikkala Ahdlashuvchi Tomon qay darajada ratifikatsiya etgani hamda kuchga kirganiga qarab, Konvensiyaning 90-moddasiga muvofiq qabul qilingan har qanday Ilovalar, shuningdek Konvensiyaning 90 va 94-moddalariga muvofiq Konvensiyaga yoki uning Ilovalariga kiritilgan har qanday oʻzgartirishlarni oʻz ichiga oladi;
b) “aviatsiya maʼmuriyatlari” atamasi Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasini yoki yuqorida qayd etilgan aviatsiya maʼmuriyatlari tomonidan hozirgi vaqtda bajarilayotgan vazifalar va oʻxshash funksiyalarni amalga oshirish vakolati berilgan har qanday shaxs yoki tashkilotni anglatadi va Oʻmon Sultonligiga nisbatan Transport va kommunikatsiya vazirini yoki qayd etilgan vazir tomonidan hozirgi vaqtda bajarilayotgan vazifalar va oʻxshash funksiyalarni amalga oshirish vakolati berilgan har qanday shaxs yoki tashkilotni anglatadi;
s) “kelishilgan qatnovlar” atamasi yoʻlovchi, yuk va pochta tashuvlarini alohida yoki birgalikda bajarish uchun mazkur Bitimning Ilovasida tasdiqlangan yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshiriladigan muntazam havo qatnovlarini anglatadi;
d) “Bitim” atamasi mazkur Bitimni, uning Ilovasini va ularga kiritilgan har qanday oʻzgartirishlarni anglatadi;
e) “tayinlangan aviakorxona” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonni xabardor qilgan holda tayinlagan mazkur Bitimning Ilovasida koʻrsatilgan tasdiqlangan yoʻnalish yoki yoʻnalishlar boʻyicha parvozlarni amalga oshiradigan aviakorxonani anglatadi;
f) “hudud”, “havo qatnovi”, “xalqaro havo qatnovi”, “aviakorxona” va “notijoriy maqsadlarda toʻxtash” atamalari Konvensiyaning 2 va 96-moddalarida mazkur atamalar uchun koʻrsatilgan maʼnolarni anglatadi;
g) “tarif” atamasi agentliklar xizmati uchun toʻlanadigan haq va shartlarni oʻz ichiga olgani holda yoʻlovchilar, yoʻlovchilarning yuki va yuklarni tashish uchun toʻlanadigan qiymatni hamda ana shu qiymatlarni qoʻllash shartlarini, jumladan shu havo tashuvlarini amalga oshirish chogʻida tashuvchi tomonidan koʻrsatiladigan barcha boshqa yordamchi xizmatlar uchun belgilangan qiymat va shartlarni anglatadi; pochtani tashish shartlari va unga toʻlanadigan vositachilik haqlari bundan mustasno;
h) “yigʻimlar” atamasi aeroport yoki aeronavigatsiya jihozlari, havo kemalari, ularning ekipaj aʼzolari, yoʻlovchilar va ularning yuklariga xizmat koʻrsatish vositalaridan foydalanish uchun aviakorxonalarga nisbatan vakolatli maʼmuriyatlar tomonidan qoʻllaniladigan toʻlovni anglatadi;
i) “hajm” atamasi havo kemasiga nisbatan mazkur havo kemasining butun yoʻnalish boʻylab yoki yoʻnalishning maʼlum bir qismidagi tijoriy yuk olishini anglatadi va “kelishilgan qatnovga” nisbatan belgilangan yoʻnalish yoki uning maʼlum bir qismi boʻyicha belgilangan vaqt mobaynida amalga oshirgan parvozlar soniga koʻpaytirilgan ushbu qatnovda foydalanilayotgan havo kemasi hajmini anglatadi;
j) “toʻgʻri tranzit” atamasi yagona aviachipta yoki yuk tashish hujjati asosida uzluksiz tashuvning oraliq manzilida toʻxtaydigan yoki u erdan joʻnab ketadigan qatnovni anglatadi. Bu qatnov uzluksiz qatnovning bir qismi boʻlib, yoʻlda atayin toʻxtash (stopover) hollarini istisno etgan holda aviakompaniya belgilagan bitta qatnov bilan oʻsha yoki boshqa havo kemasi tomonidan amalga oshiriladi;
k) “Mazkur Bitimning Ilovasi” atamasi mazkur Bitimga ilova qilingan yoki mazkur Bitimning 21-moddasiga asosan oʻzgartirilgan “Yoʻnalishlar jadvalini” anglatadi. “Mazkur Bitimning Ilovasi” mazkur Bitimning ajralmas qismini tashkil qiladi va boshqa maxsus kelishuv boʻlmasa, ushbu Bitimga murojaat etilgan barcha hollarda Ilova ham nazarda tutiladi.
2-modda. Huquqlarni berish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga mazkur Bitimning Yoʻnalishlar jadvalida belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha muntazam xalqaro havo qatnovlarini belgilash va amalga oshirish maqsadida mazkur Bitimda koʻrsatib oʻtilgan huquqlarni beradi hamda bunday qatnov va yoʻnalishlar keyingi oʻrinlarda “kelishilgan qatnovlar” va “belgilangan yoʻnalishlar” deb ataladi.
2. Mazkur Bitimning qoidalariga asosan har bir Ahdlashuvchi Tomondan tayinlangan aviakorxona quyidagi imtiyozlardan foydalanadi:
a) boshqa Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududidan qoʻnmasdan uchib oʻtish;
b) boshqa Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududida notijoriy maqsadlarda toʻxtash;
s) Ahdlashuvchi Tomonlar davlat hududlari oraligʻida qatnayotgan yoʻlovchilar, pochta va yukni tushirish va olish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidagi ushbu Bitimga ilova qilingan Yoʻnalishlar jadvalida koʻrsatilgan manzillarda toʻxtash.
3. Mazkur moddaning 2-bandidagi biror-bir qoida bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga/aviakorxonalariga haq evaziga yoki yollanish yoʻli bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidagi bir manzildan ikkinchi manzilga boruvchi yoʻlovchilar, yuk va pochtani havo kemasiga olish huquqini beradi deb hisoblanmaydi.
3-modda. Aviakorxonani tayinlash
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilgan holda belgilangan yoʻnalishlarda kelishilgan qatnovlarni amalga oshirish maqsadida bir yoki bir necha aviakorxonani tayinlash huquqiga ega.
2. Boshqa Ahdlashuvchi Tomon bunday xabarnomani olganidan soʻng mazkur moddaning 3 va 4-bandlari qoidalariga muvofiq tayinlangan aviakorxonaga faoliyat koʻrsatish uchun tegishli ekspluatatsiya ruxsatnomalarini beradi.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlari boshqa Axdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonadan u xalqaro havo qatnovini amalga oshirishda Ahdlashuvchi Tomonlarining davlatlari milliy qonunchiligi tomonidan Konvensiya qoidalariga muvofiq oʻrnatilgan shartlarni bajara olishga qodir ekanligini asoslantirishini talab qilishi mumkin.
4. Har bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonani eʼtirof etishni rad etishi hamda shu tayinlangan aviakorxonaga mazkur Bitimning 2-moddasi 2-bandida koʻrsatilgan parvozlarni bajarishga ruxsatnoma berishni rad etish yoki qayd etilgan Ahdlashuvchi Tomon mazkur aviakorxona ustidan ustun egalik va haqiqiy nazorat qilish ushbu aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki ushbu aviakorxonani tayinlagan uning fuqarolariga tegishli ekanligini isbotlovchi dalillarga ega boʻlmagan har qanday holda tayinlangan aviakorxona tomonidan ushbu huquqlardan foydalanishda zarur deb hisoblangan bu kabi shartlarning bajarilishini talab etish huquqiga ega boʻladi.
5. Mazkur tarzda tayinlangan va vakolatni olgan aviakorxona mazkur Bitimning 13-moddasiga muvofiq oʻrnatilgan tarifni ushbu qatnovlarga nisbatan joriy etish sharti bilan istalgan paytda kelishilgan qatnovlardan foydalanishni boshlashi mumkin.
4-modda. Ruxsatnomadan foydalanishni bekor qilish yoki toʻxtatib qoʻyish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonaga berilgan ekspluatatsiya ruxsatnomalarni bekor qilish yoki mazkur Bitimning 3-moddasida koʻrsatilgan huquqlardan foydalanishni toʻxtatib qoʻyish yoxud bunday huquqlardan foydalanish uchun zarur boʻlgan muayyan shartlarni bajarishni talab qilish huquqiga ega, basharti:
a) mazkur aviakorxonaga ustun darajada egalik qilish yoki uning ustidan haqiqiy nazorat oʻrnatish aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning fuqarolariga qarashli ekanligiga ishonch hosil qilmagan har qanday holda, yoxud
b) mazkur aviakorxona ushbu huquqlarni bergan Ahdlashuvchi Tomon davlatining milliy qonunchiligiga rioya etmasa yoki rioya etishni rad etgan taqdirda, yoxud
s) ushbu aviakorxona mazkur Bitimda belgilangan shartlar asosida faoliyat yuritishga rioya etmagan taqdirda.
2. Agar mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan ruxsatnomani bekor qilish, toʻxtatib qoʻyish yoki muayyan shartlarni bajarishni talab qilish Ahdlashuvchi Tomonlarning milliy qonun hujjatlari talablari hamda mazkur Bitim qoidalari buzilishining oldini olish uchun zarur boʻlmasa, bunday huquqdan faqatgina boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyati bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan soʻng foydalaniladi.
5-modda. Kelishilgan qatnovlardan foydalanishni tartibga solish prinsiplari
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalariga ular kelishilgan qatnovlardan foydalanishda bir xil imkoniyatlardan foydalanishlari, shuningdek, kelishilgan qatnovlardan foydalanish chogʻida tegishli qatnovlariga isbotsiz ziyon yetkazmasligi va oʻzaro manfaatlarni eʼtiborga olishlari uchun adolatli va teng huquqli shart-sharoitlar yaratib beriladi. Bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi havo kemalari tomonidan aeroport hamda boshqa aviatsiya vositalaridan foydalanishi uchun joriy etilgan aeroport yigʻimlari bu kabi xalqaro aviaqatnovlarda band boʻlgan boshqa xorijiy tashuvchilardan olinadigan xuddi shunday yigʻimlardan oshmasligi kerak.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari tomonidan taqdim qilinayotgan xizmatlar qayd etilgan yoʻnalishdagi jamoat transporti talablariga toʻgʻri kelishi lozim hamda har bir aviakorxonaning birinchi darajali vazifasi havo kemasining oqilona yuklanishida Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining hududlari oʻrtasida tashilayotgan yoʻlovchilar, yuk va pochtani tashish talabiga javob beruvchi tashuv hajmlarini taʼminlash boʻlishi lozim. Havo kemasi bortiga olingan hamda aviakorxonani tayinlamagan davlatlar hududlarida tasdiqlangan yoʻnalishlar boʻyicha joylarda tushirilgan yoʻlovchilar, yuk va pochta tashuvini amalga oshirish rivojlanishning umumiy prinsiplariga muvofiq boʻlishi lozim va shular asosida bu hajmlar quyidagi talablarga bogʻliq:
a) aviakorxonalarni tayinlagan Ahdlashuvchi Tomon davlat hududiga / hududidan tashuvlarga nisbatan talablar;
b) mahalliy va mintaqaviy qatnovlarni hisobga olgan holda, aviakompaniya kesib oʻtadigan hududning tashuvlarga nisbatan talablari; va
s) aviakorxonaning ekspluatatsiya qilish talablari.
6-modda. Qonun va qoidalar
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning xalqaro qatnovlarni amalga oshirayotgan havo kemalari oʻz davlat hududiga uchib kelishi va u erdan uchib ketishi, oʻzining davlat hududi doirasida bunday havo kemalaridan foydalanish va ularning navigatsiyasini tartibga soluvchi davlat milliy qonunchiligi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalariga nisbatan ham qoʻllaniladi hamda ushbu havo kemasi tomonidan birinchi Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududiga uchib kelganda, uchib ketganda yoki u erda boʻlganida amal qilinadi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlatining hududiga yoʻlovchilar, ekipaj aʼzolari, yukning kirib kelishi, u erda boʻlishi hamda u erdan joʻnatilishini tartibga soluvchi davlat milliy qonunchiligi, xususan, kirish, bojxona rasmiylashtiruvi, immigratsiya, pasport, bojxona hamda karantinga oid qoidalar boshqa Ahdlashuvchi Tomondan tayinlangan aviakorxonaga tegishli havo kemalaridagi yoʻlovchilar, ekipaj aʼzolari, yuk va pochtaga nisbatan birinchi Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududiga kelishi, ketishi yoki u erda boʻlishi chogʻida qoʻllaniladi.
3. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari oʻz havo kemalari orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududiga kirishi, u erda boʻlishi yoki u erdan chiqib ketishi chogʻida oʻsha Ahdlashuvchi Tomonning hududiga hayvonlar va oʻsimliklarni olib kirish yoki u erdan olib ketishga doir qonunlarga rioya qiladi.
7-modda. Toʻgʻri tranzit
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining davlat hududidan toʻgʻri tranzit orqali oʻtuvchi hamda aeroportning ushbu maqsad uchun belgilangan hududini tark etmagan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi yoʻlovchilari, yoʻlovchilar yuki va yuklariga nisbatan soddalashtirilgan nazorat qoʻllaniladi. Ahdlashuvchi Tomonlarning davlat hududlari orqali oʻtuvchi toʻgʻri tranzitdagi yoʻlovchilar yuki va yuklar bojxona bojlari, soliq va boshqa yigʻimlardan ozod etiladi. Toʻgʻri tranzit orqali oʻtuvchi yoʻlovchilar yuki va yuklarga tegishli bojxona jarayonlari Ahdlashuvchi Tomonlarning davlat milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
8-modda. Bojxona bojlari, soliq va yigʻimlardan ozod qilish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi tomonidan kelishilgan qatnovda ekspluatatsiya qilinadigan havo kemalari, shuningdek ularning bortidagi joriy jihozlari, yoqilgʻi-moylash zaxirasi hamda bunday havo kemasi zaxiralari (oziq-ovqat, ichimlik mahsulotlarini oʻz ichiga olgan holda) boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga kirgandan soʻng bojxona bojlari, soliqlar va yigʻimlardan bu jihozlar va zaxiralar ularni havo kemasi bortida qayta olib chiqib ketgunga qadar qolishi sharti bilan ozod etiladi.
2. Quyidagilar ham bojxona bojlari, soliqlar va yigʻimlardan ozod qilinadi, koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlar bundan mustasno:
a) bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida shu Ahdlashuvchi Tomon maʼmuriyati tomonidan belgilangan miqdor doirasida va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan ekspluatatsiya qilinadigan havo kemasining bortiga olingan va unda foydalanish uchun moʻljallangan havo kemasi zaxiralari;
b) bir Ahdlashuvchi Tomon davlat hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan ekspluatatsiya qilinadigan havo kemasiga texnik xizmat koʻrsatish yoki uni taʼmirlash uchun olib kirilgan ehtiyot qismlari, shuningdek dvigatellar;
s) bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan xalqaro qatnovlarda ekspluatatsiya qilinadigan havo kemasi bortiga olingan va unda ishlatish uchun moʻljallangan yoqilgʻi va moylash materiallari, hatto mazkur zaxiralar havo kemasi bortiga olingan Ahdlashuvchi Tomon hududi boʻylab parvoz qismida ishlatilgan taqdirda ham.
Koʻrsatilgan xizmatlar, saqlash va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq olinadi.
3. Mazkur moddaning 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan materiallar va buyumlar bojxona organlarining talablari boʻyicha bojxona tekshiruvidan oʻtkazilishi mumkin.
4. Bir Ahdlashuvchi Tomonning havo kemasi bortidagi odatiy bort jihozlari, shuningdek, ehtiyot qismlar va zaxiralar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida faqatgina mazkur Ahdlashuvchi Tomon bojxona organlarining roziligi bilan tushirilishi mumkin. Bunday holatda, ular bojxona qonunchiligiga muvofiq qayta olib chiqilguniga qadar yoki boshqacha tarzda yoʻq qilinguniga qadar yuqorida qayd etilgan organlarning nazorati ostida boʻladi.
5. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan oʻz faoliyati ehtiyojlari uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat hududiga olib kirilgan yoki olib kiriladigan yoqilgʻi, moylash ashyolari, ehtiyot qismlar, joriy jihozlari, havo kemasi zaxiralari, oziq-ovqat, ichimlik va tamaki mahsulotlari, reklama materiallari, avtotransport, buyurtma qilish va aloqa uchun elektron jihozlar va ularning ehtiyot qismlari, vakolatxona faoliyati uchun mebel va jihozlar, tashuv hujjatlari va blankalari boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududiga olib kirishda, undan olib chiqishda va u erda boʻlishi mobaynida bojxona bojlari, soliq va yigʻimlardan ozod qilinadi.
9-modda. Sertifikat va litsenziyalarni tan olish
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon tarafidan berilgan yoki haqiqiy deb tan olingan va amal qilish muddati oʻtmagan uchishga yaroqlilik sertifikatlari, ekspluatant sertifikatlari va litsenziyalari kelishilgan qatnovlarni amalga oshirish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan haqiqiy deb tan olinadi, basharti bunday sertifikat va litsenziyalar berilishi yoki haqiqiy deb tan olinishi uchun asos boʻlgan talablar Konvensiyaga muvofiq belgilangan minimal standartlarga teng yoki ulardan yuqoriroq boʻlsa.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz fuqarolariga uning hududidan uchib oʻtish maqsadida boshqa har qanday davlat tomonidan berilgan ekspluatant sertifikatlari va litsenziyalarining haqiqiyligini tan olishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
10-modda. Parvozlar jadvalini tasdiqlash
Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari parvozlar boshlanishidan kamida oʻttiz (30) kun oldin foydalaniladigan havo kemasi turi haqidagi maʼlumotni koʻrsatgan holda, moʻljallangan jadvalni tasdiqlash uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlariga taqdim etishi lozim. Bu kelgusidagi oʻzgarishlarga ham tegishli hisoblanadi. Alohida hollarda mazkur muddat yuqorida qayd etilgan maʼmuriyatlar roziligi bilan qisqartirilishi mumkin.
11-modda. Aviatsiya xavfsizligi
1. Ahdlashuvchi Tomonlar fuqaro aviatsiyasi xavfsizligini qonunga xilof aralashuv shakllaridan himoya qilish boʻyicha bir-birlari oldidagi majburiyatlari mazkur Bitimning ajralmas qismi ekanligini tasdiqlaydilar. Ahdlashuvchi Tomonlar, xususan, 1963-yil 14-sentabrda Tokioda imzolangan Havo kemasi bortida sodir etiladigan jinoyatchilik va boshqa baʼzi harakatlar toʻgʻrisida Konvensiya, 1970-yil 16-dekabrda Gaagada imzolangan Havo kemasini noqonuniy egallab olishga qarshi kurashish toʻgʻrisida Konvensiya, 1971-yil 23-sentabrda Monrealda imzolangan Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga qarshi noqonuniy harakatlarga qarshi kurashish toʻgʻrisida Konvensiya hamda unga qoʻshimcha sifatida 1988-yil 24-fevralda Monrealda imzolangan Xalqaro fuqaro aviatsiyasiga xizmat koʻrsatayotgan aeroportlarda noqonuniy kuch ishlatish harakatlariga qarshi kurashish toʻgʻrisida Bayonnoma, 1991-yil 1-martda Monrealda imzolangan Plastik bombalarni topish maqsadida markirovka qilish toʻgʻrisida Konvensiya hamda ushbu sohadagi ikkala Ahdlashuvchi Tomon uchun kuchga kirgan koʻp tomonlama bitimlar qoidalariga muvofiq ish olib boradilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar soʻrov asosida havo kemasini noqonuniy egallab olish hamda havo kemasiga, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga, aeroportlar va aeronavigatsiya vositalariga qarshi boshqa noqonuniy harakatlar, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga har qanday boshqa tahdidlarning oldini olishda bir-birlariga barcha zaruriy koʻmaklarni koʻrsatadilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro munosabatlarida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti tomonidan oʻrnatilgan va 1944-yilning 7-dekabrida imzolash uchun ochiq deb eʼlon qilingan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyaga ilova sifatida belgilangan aviatsiya xavfsizligi qoidalariga muvofiq ish olib boradilar. Ular asosiy faoliyat joyi yoki doimiy turar joyi oʻz davlatlari hududlarida joylashgan havo kemalarining ekspluatantlaridan va Xalqaro fuqaro aviatsiyasiga xizmat koʻrsatayotgan aeroportlarning ekspluatantlaridan bunday aviatsiya xavfsizligining talablariga va qoidalariga muvofiq ish koʻrishlarini talab qiladilar. Mazkur moddadagi aviatsiya xavfsizligi qoidalariga murojaat qilingan har qanday holat tegishli Ahdlashuvchi Tomon xabar bergan har qanday tafovutni oʻz ichiga oladi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon mazkur qoidalarga tegishli boʻlgan barcha tafovutlar toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni avvaldan xabardor etishi lozim.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri bunday havo kemasi ekspluatantlaridan boshqa Ahdlashuvchi Tomon mazkur Bitimning 4-moddasi qoidalariga muvofiq ushbu Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududiga kirish, chiqish va mazkur hududda boʻlish davrida talab qiladigan ushbu moddaning 3-bandida qayd etilgan aviatsiya xavfsizligi qoidalariga rioya etishni talab qilishi mumkin. Har bir Ahdlashuvchi Tomon havo kemalarini himoya qilish va yoʻlovchilarni, ekipaj aʼzolarini, qoʻl yuki, bagaj, yuk, havo kemasi zaxiralari va pochtani parvozga xizmat koʻrsatish vaqtida tekshirish uchun oʻz davlatining hududida samarali chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlaydi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning, basharti, aniq tahdid mavjud boʻlsa, oqilona meʼyorda xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan maxsus chora-tadbirlar koʻrishga doir iltimoslarini ham hayrixohlik bilan koʻrib chiqadi.
5. Agar fuqaro havo kemasini noqonuniy qoʻlga kiritish yoxud bunday havo kemasiga, uning yoʻlovchilariga va ekipaj aʼzolariga, aeroportlarga yoki aeronavigatsiya vositalariga qarshi qaratilgan boshqa noqonuniy harakatlar sodir boʻlsa yoki sodir boʻlish tahdidi mavjud boʻlsa, Ahdlashuvchi Tomonlar bunday hodisa yoki tahdidni zudlik bilan va xavfsiz tarzda oldini olish maqsadida boshqa tegishli choralar koʻrish orqali bir-birlariga yordam beradilar.
6. Basharti Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonning mazkur moddadagi aviatsiya xavfsizligi qoidalariga rioya qilmayotganligi toʻgʻrisida yetarli asosga ega boʻlsa, ushbu Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlaridan kechiktirib boʻlmaydigan maslahatlashuvlar oʻtkazilishini talab qilishlari mumkin. Bunday murojaatdan soʻng oʻn besh (15) kun ichida qoniqarli kelishuvga erishilmaslik, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviakorxonasi yoki aviakorxonalariga berilgan ekspluatatsiya yoki texnik ruxsatnomalarni toʻxtatib qoʻyish, bekor qilish, cheklash yoki ulardan foydalanishda qoʻshimcha shartlar kiritish boʻyicha qaror uchun asos boʻladi. Kechiktirib boʻlmaydigan holatlarda, ushbu Ahdlashuvchi Tomon 15 kunlik muddat oʻtmasdan oldin vaqtinchalik choralarni koʻrishi mumkin.
12-modda. Parvozlar xavfsizligi
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon istalgan vaqtda aeronavigatsiya vositalari, ekipaj aʼzolari, havo kemasi va havo kemasini ekspluatatsiya qilish bilan bogʻliq sohalarda boshqa Ahdlashuvchi Tomon qabul qilgan parvozlar xavfsizligi boʻyicha standartlarga tegishli boʻlgan masalalar yuzasidan maslahatshuvlar oʻtkazish toʻgʻrisida murojaat qilishi mumkin. Bunday maslahatlashuvlar murojaat olingan kundan eʼtiboran oʻttiz (30) kun mobaynida oʻtkaziladi.
2. Agar bunday maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan soʻng bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa bir Ahdlashuvchi Tomonning 1-bandda koʻrsatilgan sohalarda Xalqaro fuqaro aviatsiya toʻgʻrisidagi Konvensiyaga muvofiq belgilangan Standartlarga (Dos 7300) mos keladigan parvozlar xavfsizligi standartlarini samarali taʼminlamayotganligi va yuritmayotganligini aniqlasa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon bunday kamchiliklar va Xalqaro fuqaro aviatsiya tashkiloti standartlariga muvofiq chora-tadbirlarni koʻrishi lozimligi toʻgʻrisida xabardor etilishi shart. Bundan soʻng boshqa Ahdlashuvchi Tomon kelishilgan vaqt davomida tegishli tuzatish choralarini koʻradi.
3. Konvensiyaning 16-moddasiga muvofiq, bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tarafidan yoki uning nomidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududidan yoki uning davlati hududiga parvozni amalga oshirayotgan havo kemasi, boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida boʻlgan vaqtida parvozni sababsiz kechiktirishga yoʻl qoʻymaslik sharti bilan, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli vakillari tekshiruvidan oʻtkazilishi mumkin. Konvensiyaning 33-moddasida nazarda tutilgan majburiyatlardan qatʼi nazar, ushbu tekshiruvning maqsadi tegishli havo kemasining hujjatlari va ekipaj aʼzolari guvohnomalarining haqiqiyligi, shuningdek havo kemasi moslamalari va holati oʻsha vaqtda Konvensiyaga muvofiq belgilangan standartlarga mosligini tekshirish hisoblanadi.
4. Agar aviakorxona parvozlari xavfsizligini taʼminlash uchun kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrilishi lozim boʻlsa, har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi yoki aviakorxonalariga berilgan parvozlarni amalga oshirish ruxsatnomasini vaqtincha toʻxtatishi yoki oʻzgartirish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
5. Mazkur moddaning 4-bandiga muvofiq Ahdlashuvchi Tomonlardan biri qoʻllayotgan har qanday choralar ularga sabab boʻlgan asoslar bartaraf qilinishi bilan tugatiladi.
6. Mazkur moddaning 2-bandiga muvofiq, bir Ahdlashuvchi Tomon Xalqaro fuqaro aviatsiya tashkiloti standartlariga rioya etmaslikni davom ettirayotganligi aniqlansa, kelishilgan vaqt muddati oʻtib ketganidan soʻng bu haqda Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti Bosh kotibi xabardor etilishi lozim. Shuningdek, Bosh kotibga mazkur holatni qoniqarli hal qilish toʻgʻrisida maslahat berilishi lozim.
13-modda. Tariflar
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari tarafidan undirilayotgan tariflar barcha tegishli omillarni, shu jumladan, ekspluatatsiya xarajatlari, oqilona foyda va boshqa aviakorxonalarning tariflarini inobatga olgan holda, asosli darajada belgilanadi.
2. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan tariflar butun yoʻnalish yoki uning bir qismidan parvozlarni amalga oshiradigan boshqa aviakorxonalarning tariflarini inobatga olgan holda har ikki Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari tomonidan kelishib olinishi lozim.
3. Shu tarzda kelishib olingan tariflar ularning joriy qilinishi moʻljallangan sanadan kamida qirq besh (45) kun oldin har ikki Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlariga tasdiqlash uchun taqdim etiladi. Ayrim hollarda bu muddat yuqorida aytib oʻtilgan maʼmuriyatlar oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq qisqartirilishi mumkin.
4. Agar tayinlangan aviakorxonalar mazkur tariflar borasida ushbu moddaning 2-bandi qoidalariga muvofiq kelishuvga erisha olmasalar, bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyati mazkur moddaning 3-bandiga muvofiq unga tasdiqlash uchun taqdim etilgan tariflar borasida oʻzining noroziligi toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatiga xabar beradi. Bu holda har ikki Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmuriyatlari oʻzaro kelishuv yoʻli bilan tarifni belgilashga harakat qiladilar.
5. Agar aviatsiya maʼmuriyatlari mazkur moddaning 2-bandiga muvofiq ularga taqdim etilgan biron-bir tarifni tasdiqlash borasida yoki mazkur moddaning 3-bandiga muvofiq biron-bir tarifni belgilash boʻyicha kelishuvga erisha olmasalar, ushbu kelishmovchilik mazkur Bitimning 18-moddasidagi shartlarga muvofiq hal etilishi lozim.
14-modda. Maʼlumot almashinuvi
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining tayinlangan aviakorxonasidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlariga kelishilgan qatnovlarda amalga oshirilayotgan tashuvlar toʻgʻrisida yuklash va tushirish manzillarini koʻrsatgan holda statistik maʼlumotlarni berishni talab qiladi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining tayinlangan aviakorxonasidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlariga imkoniyat darajasida ertaroq tariflar, parvozlar jadvalining nusxalarini, unga kiritilgan har qanday oʻzgartirishni oʻz ichiga olgan holda hamda kelishilgan qatnovlardan foydalanishga tegishli barcha boshqa zarur maʼlumotlarni, har bir belgilangan yoʻnalishlarda taklif etiladigan havo kemasi turi hamda hajmi haqida maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan holda hamda mazkur Bitimning talablariga toʻgʻri amal qilinishi uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlari tomonidan soʻralishi mumkin boʻlgan istalgan boshqa maʼlumotning berilishini talab qiladi.
15-modda. Daromadlarni oʻtkazish va toʻgʻridan toʻgʻri sotuv
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasiga oʻzining davlati hududida toʻgʻridan toʻgʻri yoki aviakorxonaning xohishiga koʻra agentlar orqali havo transporti xizmatini koʻrsatish bilan shugʻullanish huquqini beradi. Har bir tayinlangan aviakorxona bu kabi xizmatlarni koʻrsatish huquqiga ega hamda har qanday shaxs bunday xizmatlarni boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida amal qilayotgan valyuta ayirboshlashni tartibga soluvchi milliy qonunchiligiga muvofiq ushbu mamlakat valyutasida yoki boshqa mamlakatlarning erkin almashtiriladigan valyutasida erkin sotib olish huquqiga ega boʻladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning har bir tayinlangan aviakorxonasi boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat hududida olgan daromadlarining harajatlardan ortgan qiymatini oʻtkazish huquqiga ega boʻladi. Bunday oʻtkazish hududida ushbu pul oʻtkazish amalga oshirilayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlatining milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
16-modda. Aviakorxona vakolatxonasi hamda xodimlar
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasiga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida kelishilgan parvozlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan oʻz vakolatxonasi yoki vakolatxonalarini ochish hamda vakillari va xodimlarini tayinlash huquqi beriladi. Ushbu vakillar va xodimlar har ikki Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli idoralaridan tasdiqdan oʻtkazish bilan tayinlanishlari lozim. Ular boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat hududida amalda boʻlgan milliy qonunchilikka rioya qilishlari lozim.
17-modda. Maslahatlashuvlar
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmuriyatlari mazkur Bitim qoidalari va ilova qilingan jadvallarni qoʻllash va ularga lozim darajada rioya qilishni taʼminlash maqsadida vaqti-vaqti bilan yaqin hamkorlik ruhida maslahatlashuvlar oʻtkazadilar hamda ularga oʻzgartirishlar kiritish zarur boʻlganda bir-birlari bilan maslahatlashadilar.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon yozma ravishda maslahatlashuvlar oʻtkazishni soʻrashi mumkin, basharti har ikki Ahdlashuvchi Tomon muddatni uzaytirishga kelishib olmasalar, maslahatlashuvlar soʻrov olingan sanadan boshlab oltmish (60) kun ichida boshlanishi lozim.
18-modda. Nizolarni hal etish
1. Mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq har qanday nizo vujudga kelgan taqdirda, Ahdlashuvchi Tomonlar, birinchi navbatda, uni bevosita muzokara oʻtkazish yoʻli bilan hal etishga intiladilar.
2. Basharti Ahdlashuvchi Tomonlar nizoni muzokara yoʻli bilan hal etishga erishmasalar, ular mazkur nizoni hal etishni koʻrib chiqish uchun maʼlum bir shaxs yoki tashkilotga berishi mumkin; agar ular bu yoʻl bilan ham kelisha olmasalar, ushbu nizo hal etish uchun bir Ahdlashuvchi Tomonning soʻroviga koʻra Ahdlashuvchi Tomonlar bittadan tayinlagan arbitrlar hamda tayinlangan mazkur ikki arbitr tomonidan tayinlangan uchinchi arbitrdan iborat uch nafar arbitr tarkibidagi tribunalga berilishi mumkin. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomondan diplomatik kanallar orqali arbitraj oʻtkazilishi boʻyicha soʻrovnoma kelib tushgan sanadan boshlab oltmish (60) kun ichida arbitrni tayinlashi lozim, uchinchi arbitr esa keyingi oltmish (60) kun ichida tayinlanadi. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri arbitrni koʻrsatilgan muddat ichida tayinlay olmasa yoki uchinchi arbitr nomzodi koʻrsatilgan muddat ichida tasdiqlanmasa, u holda Ahdlashuvchi Tomonlardan biri Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti kengashi Prezidentidan zaruratga qarab arbitr yoki arbitrlarni tayinlashni soʻrashi mumkin. Bunday holatda uchinchi arbitr uchinchi davlat fuqarosi boʻlishi va tribunal prezidenti sifatida faoliyat olib borishi lozim.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur moddaning 2-bandiga muvofiq qabul qilingan qarorga amal qilish majburiyatini oladilar.
19-modda. Koʻp tomonlama Konvensiya
Ikkala Ahdlashuvchi Tomon ishtirokida havo transporti toʻgʻrisida koʻp tomonlama konvensiya yoki bitim tuzilsa, mazkur Bitim bunday konvensiya yoki bitimning qoidalariga mos keltirish uchun oʻzgartiriladi.
20-modda. Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotida roʻyxatdan oʻtish
Mazkur Bitim, shu jumladan, unga har qanday oʻzgartirishlar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
21-modda. Oʻzgartirishlar
1. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri mazkur Bitimning biror qoidalarini, jumladan, Bitimning qismini tashkil etuvchi yoʻnalishlar jadvalini oʻzgartirish lozim deb hisoblasa, u mazkur Bitimning 17-moddasiga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomondan maslahatlashuvlar oʻtkazishni soʻrashi mumkin. Bu kabi maslahatlashuvlar maʼlumotlar almashinuvi yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin.
2. Agar oʻzgartirishlar Bitimning yoʻnalishlar jadvalidan boshqa qoidalariga kiritilsa, bu oʻzgartirishlar har bir Ahdlashuvchi Tomon tarafidan oʻz huquqiy protseduralariga muvofiq tasdiqlanadi va diplomatik kanallar orqali notalar almashinuvi yoʻli bilan tasdiqlangandan soʻng kuchga kiradi.
3. Agar oʻzgartirishlar faqat Yoʻnalishlar jadvaliga kiritilsa, bu oʻzgartirishlar har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasida kelishib olinishi lozim.
22-modda. Bitim amal qilishining tugatilishi
Har bir Ahdlashuvchi Tomon istalgan vaqtda boshqa Ahdlashuvchi Tomonni mazkur Bitimning amal qilishini tugatish qarori toʻgʻrisida xabardor qilishi mumkin. Ushbu xabarnoma bir vaqtning oʻzida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotiga ham yuborilishi lozim. Bunday hollarda Bitimning amal qilishi, basharti bu muddat tugashidan oldin kelishuvga koʻra xabarnoma qaytarib olinmasa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon xabarnomani qabul qilgan sanadan boshlab oʻn ikki (12) oydan soʻng bekor qilinadi. Boshqa Ahdlashuvchi Tomonning qabul qilganligi tasdiqlanmasa, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti xabarnomani olgan sanadan boshlab oʻn toʻrt (14) kun oʻtgach, xabarnoma qabul qilingan deb hisoblanadi.
23-modda. Bitimning kuchga kirishi
Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlarini mazkur Bitimni qoʻllash uchun zarur bulgan huquqiy talablarga muvofiqligi toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilgan sanadan boshlab kuchga kiradi. Kuchga kirish sanasi oxirgi xabarnoma olingan sana hisoblanadi.
Buning tasdigʻi sifatida, oʻz hukumatlari tomonidan lozim darajada vakolat berilgan quyida imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.
Maskat shahrida 2009-yil 5-oktabrda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar teng autentikdir. Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
ILOVA
YOʻNALIShLAR JADVALI
A. I-boʻlim.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tayinlangan aviakorxonaga quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha har ikki tomonga muntazam havo qatnovlarini amalga oshirish huquqi beriladi:
|
Joʻnash manzillari |
Oraliq manzillar |
Kelish manzillari |
Tashqaridagi manzillar |
|
Oʻzbekistondagi istalgan manzillar |
Istalgan manzillar |
Oʻmondagi istalgan manzillar |
Istalgan manzillar |
2. Oʻmon Sultonligi Hukumati tomonidan tayinlangan aviakorxonaga quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha har ikki tomonga muntazam havo qatnovlarini amalga oshirish huquqi beriladi:
|
Joʻnash manzillari |
Oraliq manzillar |
Kelish manzillari |
Tashqaridagi manzillar |
|
Oʻmondagi istalgan manzillar |
Istalgan manzillar |
Oʻzbekistondagi istalgan manzillar |
Istalgan manzillar |
V. II-boʻlim.
Har bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasi (lari) tomonidan uchinchi mamlakatlar hududlaridagi oraliq va tashqari manzillar oʻrtasida beshinchi havo ozodligi huquqi boʻyicha amalga oshiriladigan parvozlar Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasida kelishilishi lozim.
S. Sh-boʻlim.
Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi (lari) har qanday yoki barcha parvozlarni amalga oshirish chogʻida havo qatnovi shu Ahdlashuvchi Tomon hududida boshlanishi yoki tugashi sharti bilan oraliq yoki tashqaridagi manzillarni tushirib qoldirishilari mumkin.
D. IV-boʻlim.
Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududinig manzillarga parvozlarni bir qatnovda alohida yoki uni bogʻlash huquqiga ega boʻlgan holda mahalliy qatnovlarda tijoriy huquqlarsiz, bunda oʻz shaxsiy tashuvlari mustasno, amalga oshirish huquqiga ega boʻladilar (notijoriy maqsadlarda toʻxtash).
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Oʻmon Sultonligi Hukumati oʻrtasida havo qatnovi toʻgʻrisida Bitimga
BAYoNNOMA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Oʻmon Sultonligi Hukumati oʻrtasida havo qatnovi toʻgʻrisida Bitimni (HQB — bundan keyingi matnda “Bitim”) imzolash chogʻida quyida imzo chekuvchilar Bitimni ajralmas qismi boʻlib hisoblanadigan quyidagi qoida ustida kelishib oldilar:
Bitimning asosiy matnini inobatga olgan holda, har ikki Tomon Bitimni inglizcha matnini imzoladilar. Har ikki Tomon ushbu Bitimni oʻzbek va arab tillariga uch (3) oy davr mobaynida tarjima qilishga va bu matnlar diplomatik kanallar orqali imzolanishiga va almashinishiga kelishib oldilar.
Buning tasdigʻi sifatida, oʻz hukumatlari tomonidan lozim darajada vakolat berilgan quyida imzo chekuvchilar ushbu Bitimni imzoladilar.
Maskat shahrida, 2009-yil 5-oktabrda, ikki asl nusxada, ingliz tilida tuzildi.
(imzolar)