Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
farmoyishi
Vazirlar Mahkamasining “Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2017-yil 1-dekabrdagi 959-son qaroriga muvofiq hamda “Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida sement zavodi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 1-fevraldagi 81-son qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. “Huaxin Cement Jizzakh” MChJ XK va “Frontier Technology Corporation” kompaniyasi (AQSh) oʻrtasida 2019-yil 12-dekabrda tuzilgan HXC-JZK-2019-016-COH shartnomaga asosan “Frontier Technology Corporation” tomonidan “Huaxin Cement Jizzakh” MChJ XKga materiallarning oqim analizatorida qoʻllaniladigan, TIF TN kodi 2844 40 200 0 boʻlgan va tarkibida Kaliforniy (izotop Cf-252) sunʼiy radioaktiv kimyoviy elementi mavjud ikkita ionlashtiruvchi nurlanish manbaining yetkazib berilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, eksportni qoʻllab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kotibiyati mazkur farmoyishning 1-bandiga asosan “Huaxin Cement Jizzakh” MChJ XKga maxsus tovarlarni import qilish uchun belgilangan tartibda litsenziya bersin.
3. Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M.B. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 8-may,
237-F-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2020-y., 09/20/237-F/0554-son)