O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida sement zavodi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Ichki va tashqi bozorlarda barqaror talabi bo‘lgan zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni ko‘paytirish, mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, eksport salohiyatini yanada kengaytirishni ta’minlash hamda Jizzax viloyatida yangi ish o‘rinlari tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2018-2019-yillarda investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 19-iyuldagi PQ-3874-son qaroriga muvofiq “Nuaxin Cement” Co LTD (XXP) kompaniyasi (keyingi o‘rinlarda investor deb ataladi) tomonidan umumiy qiymati 150,0 mln AQSh dollarilik bir yilda 1,2 mln tonna portlandsement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan sement zavodi (keyingi o‘rinlarda investitsiya loyihasi deb ataladi) qurilishi nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida “Nuaxin Cement” Co LTD (XXP) kompaniyasi tomonidan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida “Nuaxin Cement Jizzakh” xorijiy korxona tashkil etilgan.
2. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi:
bir oy muddatda investor bilan investitsiya shartnomasi belgilangan tartibda tuzilishini ta’minlasin, unda investorning huquq va majburiyatlarini, investitsiyalar hajmini, tashkil etiladigan ish o‘rinlarining rejalashtiriladigan sonini, investorga beriladigan imtiyozlar va preferensiyalarpi hamda ilovaga* muvofiq dastlabki texnik-iqtisodiy parametrlarni hisobga olgan holda boshqa investitsiya majburiyatlarini va ijtimoiy majburiyatlarni nazarda tutsin;
Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
investitsiya shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlar investor tomonidan bajarilishi yuzasidan nazoratni ta’minlasin.
3. Jizzax viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida sement zavodi qurilishi uchun Jizzax viloyatining Zafarobod tumani hududida 81 ga qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer uchastkasi ajratilishini ta’minlasin.
4. “Nuaxin Cement Jizzakh” MChJ XKga investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida qurilish-montaj ishlarini 2019-yil 1-iyulgacha muddatda loyiha-smeta hujjatlarini bir vaqtning o‘zida ishlab chiqish bilan amalga oshirishga istisno tariqasida ruxsat berilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, Uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “O‘ztransgaz” AJ qurilayotgan sement zavodi tashqi muhandislik va transport kommunikatsiyalariga ulanishida “Nuaxin Cement Jizzakh” MChJ XKga zarur yordam bersin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi istisno tariqasida “Nuaxin Cement Jizzakh” MChJ XKga noruda foydali qazilmalar mavjud bo‘lgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga, shu jumladan, Forish konida glina qazish va Jizzax viloyatida joylashgan Sharqiy Uchqo‘rg‘on konida ohaktosh qazish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar asosida litsenziyalar berilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini ta’minlasin va investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida qurilish-montaj ishlari bajarilishi sifati ustidan zarur davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi investitsiya loyihasi davlat ekologiya ekspertizasidan o‘tkazilishini va uni amalga oshirishda tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan zarur nazoratni belgilangan tartibda ta’minlasin.
9. “Nuaxin Cement Jizzakh” MChJ XK investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
a) ishlab chiqarish boshlangandan keyin 2021-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini, yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘ini to‘lashdan;
b) 2020-yil 1-oktabrgacha bo‘lgan muddatda:
“Nuaxin Cement Jizzakh” MChJ XK va uning subpudrat tashkilotlari tomonidan, shu jumladan, “vaqtincha olib kirish” bojxona rejimida belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha chetdan olib kelinadigan asbob-uskunalar, xomashyo va materiallar, mashina va mexanizmlar, maxsus transport vositalari, ehtiyot qismlar va butlovchi uzellar, priborlar va instrumentlar, texnik va loyiha hujjatlari bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno);
O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan bajariladigan ishlar (xizmatlar) bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan;
ko‘rsatiladigan xizmatlar, chetdan olib kelinadigan tovarlar, materiallar, asbob-uskunalar, mashina va mexanizmlar, butlovchi buyumlar va uzellar, texnologik jihozlar, transport vositalari priborlari, ehtiyot qismlar, instrumentlar, yoqilg‘i-moylash materiallari O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organlarida litsenziyalanishi va sertifikatlanishida yig‘imlar, davlat bojlari va to‘lovlar to‘lashdan;
respublikada tegishli akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalari mavjud bo‘lmagan taqdirda import qilinadigan materiallar, asbob-uskunalar, mashina va mexanizmlar, butlovchi buyumlar va uzellar, texnologik jihozlar, priborlar, ehtiyot qismlar, instrumentlar — majburiy sertifikatlash tartibotidan ozod qilinsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Nuaxin Cement Jizzakh” MChJ XKning buyurtmanomalari bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga ko‘p martalik kirish vizalari konsullik yig‘imlari va boshqa yig‘imlar undirilmasdan, zarurat bo‘lganda esa — Islom Karimov nomidagi Toshkent shahar xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
11. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Nuaxin Cement Jizzakh” MChJ XKning buyurtmanomalari bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga ko‘p martalik kirish vizalari davlat boji undirilmasdan berilishini va uzaytirilishini, shuningdek, ular vaqtincha yashash joyi bo‘yicha vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishini va muddatini uzaytirilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
12. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Nuaxin Cement Jizzakh” MChJ XKning buyurtmanomalari bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislar (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasida mavjud bo‘lmagan) O‘zbekiston Respublikasiga jalb etilishiga ruxsatnomalar berilishini (uzaytirilishini), shuningdek, ushbu xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berilishini (uzaytirilishini) ta’minlasin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.M. G‘aniyev va Jizzax viloyatining hokimi E.A. Saliyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 1-fevral,
81-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 02.02.2019-y., 09/19/81/2562/-son; 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)