Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining
QarorI
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 31-oktabrdagi 1416-sonli “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 20-moddalariga, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4 va 17-moddalariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi namunaviy nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalariga mazkur namunaviy nizom asosida Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash tavsiya etilsin.
2. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining koʻkrak nishoni tavsifi va namunasi 2 va 2a-ilovalarga muvofiq;
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining guvohnomasi tavsifi va namunasi 3 va 3a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatning transportda tekin yurish tartibi va shartlari, transport tashkilotlari bilan bu borada hisob-kitob qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 2-apreldagi 78-son qarori bilan tasdiqlangan Xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashi deputatining yoʻlovchilar transportida bepul yurishi hamda transport tashkilotlari bilan shu bilan bogʻliq hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi va shartlari toʻgʻrisida Nizom asosida amalga oshiriladi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻgʻorgʻi Kengesi deputatlari koʻkrak nishoni va guvohnomasi toʻgʻrisidagi nizomni, ularning tavsifi va namunalarini tasdiqlash tavsiya etilsin.
5. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining oʻrinbosari M. Istamov zimmasiga yuklansin.
Rais M. ABDUSALOMOV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-yanvar,
1019-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020-yil 6-yanvardagi 1019-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
Mazkur Namunaviy nizom Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatiga (bundan buyon matnda deputat deb yuritiladi) guvohnoma va koʻkrak nishon berish, undan foydalanish va yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda yangisini berish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining guvohnomasi deputatning vakolati va shaxsini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
2. Deputatning koʻkrak nishoni deputatlik maqomiga ega boʻlgan mansabdor shaxs sifatida ajratib turuvchi belgi hisoblanadi.
Koʻkrak nishoni koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
3. Deputatga guvohnoma va koʻkrak nishoni viloyat, tuman va shahar saylov komissiyasi tomonidan (tegishli saylov komissiyasi deputatlar uchun alohida yuritilgan maxsus qayd daftarida) roʻyxatga olinganidan keyin tegishli saylov komissiyasi raisi yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan topshiriladi.
II bob. Deputatning guvohnomasi
4. Deputatning guvohnomasi tegishli viloyat, tuman va shahar saylov komissiyasining raisi tomonidan imzolanadi.
5. Xalq deputatlari viloyat kengashi deputatiga guvohnoma tegishli viloyat saylov komissiyasi tomonidan 01 raqamidan 60 raqamigacha u saylangan saylov okrugi tartib raqami boʻyicha beriladi.
Xalq deputatlari tuman va shahar kengashi deputatiga guvohnoma tegishli tuman va shahar saylov komissiyasi tomonidan 01 raqamidan 30 raqamigacha u saylangan saylov okrugi tartib raqami boʻyicha beriladi.
6. Boʻshab qolgan oʻrinlarga viloyat, tuman va shahar Kengashi deputati etib saylangan deputatga guvohnoma navbatdagi tartib raqamidan boshlab beriladi.
III bob. Guvohnoma yoki koʻkrak nishonni yangisini olish tartibi
7. Deputatning yaroqsiz holga kelgan guvohnomasi oʻrniga aynan shu raqam bilan yangi guvohnoma beriladi.
Deputatning yaroqsiz holga kelgan koʻkrak nishoni yangisi bilan almashtiriladi.
Deputatning yoʻqolgan guvohnomasi oʻrniga yangi (dublikat) guvohnoma navbatdagi tartib raqami bilan beriladi.
8. Guvohnomasi yoki koʻkrak nishoni yoʻqotilgan yoxud yaroqsiz holga kelgani haqida deputat viloyat, tuman va shahar Kengashi orqali, tegishli saylov komissiyasiga darhol ariza bilan murojaat qilishi lozim. Arizaga guvohnoma yoki koʻkrak nishonining yoʻqotilgan yoxud yaroqsiz holga kelganligi sabablari koʻrsatilishi va tegishli hujjatlar ilova qilinishi lozim.
Deputat guvohnomasini va (yoki) koʻkrak nishonini yoʻqotgan taqdirda unga ushbu Nizomda belgilangan tartibda guvohnoma va (yoki) koʻkrak nishoni yoʻqolgani haqida ariza bergan kundan boshlab bir oy ichida yangi guvohnoma va (yoki) koʻkrak nishoni beriladi.
Topib olingan guvohnoma (deputat va senatorning guvohnomasi) ichki ishlar organlariga yoki tegishli saylov komissiyasiga topshirilishi lozim.
9. Yaroqsiz holga kelgan, topib olingan yoki vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan deputatning guvohnomalari tegishli saylov komissiyasiga qaytarilganidan soʻng foydalanib boʻlmaydigan holga keltiriladi (kesish yoʻli bilan) hamda belgilangan tartibda yoʻq qilinadi va bu haqda tuzilgan dalolatnoma tegishli viloya, tuman va shahar hokimligining idoraviy arxivda saqlanadi.
IV bob. Yakunlovchi qoidalar
10. Deputat guvohnoma va koʻkrak nishonidan oʻz vakolatlari muddati mobaynida foydalanadi.
Deputat oʻz vakolatlarini amalga oshirayotganda guvohnomasini koʻrsatib, tegishli viloyat, tuman va shahar hududida joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga moneliksiz kirish huquqidan, shuningdek ularning rahbarlari hamda boshqa mansabdor shaxslari tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanadi.
Deputat guvohnoma va koʻkrak nishonini avaylab asrashi shart.
11. Deputatning koʻkrak nishonini va (yoki) guvohnomasini olib qoʻyish, shuningdek koʻkrak nishonini va (yoki) guvohnomani boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
12. Deputatning vakolatlari muddati tugaganidan keyin guvohnoma va koʻkrak nishoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanadi hamda deputatlik vakolatini oʻtagan shaxsda esdalik sifatida qoladi.
13. Deputatning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda guvohnoma va koʻkrak nishoni viloyat, tuman va shahar hokimliklari orqali oʻn kundan kechiktirmay tegishli saylov komissiyasiga qaytarilishi shart.
14. Deputat viloyat, tuman va shahar Kengashining vakolatlari muddatiga saylangan davrda vafot etgan taqdirda guvohnoma va koʻkrak nishoni uning oila aʼzolarida xotira tariqasida qoladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020-yil 6-yanvardagi 1019-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputati koʻkrak nishonining
T A V S I F I
1. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputati (bundan buyon matnda deputat deb yuritiladi) koʻkrak nishoni Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻining hilpirab turgan tasviri koʻrinishida boʻladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari deputatlarining koʻkrak nishoni Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat bayrogʻining hilpirab turgan tasviri koʻrinishida boʻladi.
2. Deputat koʻkrak nishonining asosi mis qotishmadan tayyorlanadi. Koʻkrak nishonning old tomoni sirlangan moviy, oq va yashil rangdagi tasma chiziqlar hamda qizil rangdagi hoshiya chiziq bilan qoplangan. Oq tasma chiziq moviy va yashil tasma chiziqlardan sirlangan qizil rangdagi hoshiya bilan ajralib turadi. Koʻkrak nishondagi tasvirlar, yozuv, nishon qirralari hamda orqa tomoni zarhal qilib ishlangan.
3. Koʻkrak nishon old tomonining yuqori chap burchagida moviy fonda yarim oy va undan oʻngroqda uch qatorda oʻn ikkita besh qirrali yulduz tasvirlangan. Yarim oy vertikal holatda joylashtirilgan, yulduzlar esa undan oʻngroqda, uch qatorda quyidagi tartibda joylashtirilgan: yuqori qatorda uchta, oʻrta qatorda toʻrtta va quyi qatorda beshta yulduz.
4. Deputat koʻkrak nishonining oq tasma chizigʻi ustida lotin yozuvida “VILOYAT (TUMAN, SHAHAR)” soʻzlari, yashil tasma chizigʻi ustida lotin yozuvida ikki satrda “KENGASHI DEPUTATI” soʻzlari bitiladi.
5. Nishon toʻgʻnogʻich bilan taqiladi.
6. Koʻkrak nishonning kattaligi 24x35 millimetr.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020-yil 6-yanvardagi 1019-son qaroriga
2-a ILOVA
2-a ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputati koʻkrak nishonining
N A M U N A S I
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020-yil 6-yanvardagi 1019-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputati guvohnomasining
T A V S I F I
1. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining (bundan buyon matnda deputat deb yuritiladi) guvohnomasi 90x60 millimetr oʻlchamdagi qattiq charm muqovali kitobcha koʻrinishiga ega boʻladi.
2. Viloyat Kengashi deputati guvohnomasining muqovasi toʻq qizil rangli, tuman Kengashi deputati guvohnomasining muqovasi toʻq koʻk rangli, shahar Kengashi deputati guvohnomasining muqovasi toʻq yashil rangda boʻladi.
3. Guvohnomaning old tomon chap qismining yuqorisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbiga oʻxshash metaldan tayyorlangan tasvir oʻrnatilgan boʻlib, pastda oʻngroqda esa ikki satrda “XALQ DEPUTATLARI VILOYAT (TUMAN, SHAHAR) KENGASHI DEPUTATI” degan matn joylashtiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari deputatlari guvohnomasining old tomon chap qismining yuqorisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat gerbiga oʻxshash metaldan tayyorlangan tasvir oʻrnatilgan boʻlib, pastda oʻngroqda esa ikki satrda “XALIQ DEPUTATLARI RAYON (QALA) KEҢESLERI DEPUTATI” degan matn joylashtiriladi.
4. Guvohnoma ichki soʻl tomonining chapdan yuqori qismiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining (Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari deputatlari guvohnomasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat gerbi) tasviri tushirilgan, pastroqda esa ikki satrda — xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovi boʻlgan yil va deputat vakolati tugaydigan yilni koʻrsatuvchi raqamlar joylashtiriladi.
5. Guvohnoma soʻl tomonining oʻngdagi yuqori qismiga bir satrda “OʼZBEKISTON RESPUBLIKASI” soʻzlari (Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari deputatlari guvohnomasida “QORAQALPOGʼISTON RESPUBLIKASI”), pastroqda “GUVOHNOMA” soʻzi yozilgan boʻlib, undan oʻngroqda guvohnomaning tartib raqami qoʻyiladi. Ushbu matndan pastroqda alohida satrda deputatning familiyasi, ismi va otasining ismi, shuningdek uch satrda tegishli xalq deputatlari Kengashining nomi va “deputatidir” degan matn joylashtiriladi.
Guvohnoma ichki soʻl tomonidagi yozuvlar lotin harflarida bitilgan.
6. Guvohnoma ichki oʻng tomonining chap qismida deputatning 30x40 millimetr kattalikdagi rangli fotosurati joylashtiriladi. Fotosurat oʻng tomonining pastki burchagiga tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasining gerbli muhri bosiladi.
Guvohnoma oʻng tomonining yuqori qismida bir satrda “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI” soʻzlari (Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari deputatlari guvohnomasida “QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASI” degan soʻzlar qoraqalpoq tilida), pastroqda bir satrda “GUVOHNOMA” soʻzi yozilgan boʻlib, undan oʻngroqda guvohnomaning tartib raqami qoʻyiladi.
Ushbu matndan pastroqda alohida satrda deputatning familiyasi, ismi va otasining ismi, shuningdek uch satrda: tegishli Xalq deputatlari kengashining nomi va “deputatidir” degan matn joylashtiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari deputatlari guvohnomasining ichki oʻng tomonidagi barcha yozuvlari qoraqalpoq tilida yoziladi.
7. Deputatning fotosurati tagiga: “Viloyat (tuman, shahar) saylov komissiyasi raisi” degan matn yoziladi, tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi raisining imzosi, ismi va otasining ismi bosh harfi va familiyasi qoʻyiladi.
Guvohnomaning ichki oʻng tomonidagi matnlar kirill harflarida yoziladi.
8. Guvohnomaning ichki tomonlari och sariq rangdagi oq silliq qogʻozdan tayyorlangan. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri rangli koʻrinishda bosiladi. Guvohnomadagi matnlar va raqamlar qora rangda beriladi. Guvohnoma tartib raqami deputat saylangan saylov okrugi tartib raqamiga muvofiq boʻlishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020-yil 6-yanvardagi 1019-son qaroriga
3-a ILOVA
3-a ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputati guvohnomasining
N A M U N A S I