Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yangiyoʻl tumani kichik sanoat zonasi hududini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Davlat mulki boʻlgan va ustav fondida davlat ulushi mavjud boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarining obyektlaridan samarali foydalanish, investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yangi raqobatbardosh ishlab chiqarishlarni yanada qoʻllab-quvvatlash, ularni muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasi tashkil etilgan alohida hududlarda joylashtirishni taʼminlash va shu asosda ishlab chiqarish sohasida yangi ish oʻrinlari yaratish, aholining bandlik va farovonlik darajasini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 10-avgustdagi PQ-3194-son qaroriga asosan Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida 17 ta kichik sanoat zonalari tashkil etilganligi;
Vazirlar Mahkamasining “Toshkent viloyatida kichik sanoat zonalarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 8-avgustdagi 634-son qaroriga asosan Toshkent viloyatidagi 6 ta kichik sanoat zonalarining hududi kengaytirilganligi;
Toshkent viloyatidagi kichik sanoat zonalarida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan 100 mln AQSh dollari miqdorida kredit liniyalari ochilganligi;
Toshkent viloyatidagi kichik sanoat zonalariga umumiy qiymati 1,2 trln soʻm boʻlgan 170 ta investitsiya loyihalari joylashtirilganligi, shundan 55 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilishi natijasida 144,2 mlrd soʻm investitsiyalar oʻzlashtirilib, 841 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etilganligi, 115 ta investitsiya loyihalari doirasida 1,2 trln soʻm investitsiyalar jalb qilinishi natijasida 4 595 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etilishi hamda investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining 1,1 mln dollar mablagʻlari oʻzlashtirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Toshkent viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining eʼtibori Toshkent viloyatidagi kichik sanoat zonalarini muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan taʼminlash va investitsiya loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha tashkil etilgan ishlarning yetarli emasligiga qaratilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligining Toshkent viloyati Yangiyoʻl shahrida joylashgan davlat mulki obyektlari va ustav fondida davlat ulushi mavjud boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarining foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalarini (keyingi oʻrinlarda obyektlar deb ataladi) ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha Yangiyoʻl tumani kichik sanoat zonasi tarkibiga kiritish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
4. Toshkent viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi xoʻjalik jamiyatlari bilan birgalikda obyektlarning chegaralarini aniqlashtirgan holda Yangiyoʻl shahar hokimligiga belgilangan muddatlarda topshirilishini taʼminlasin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
obyektlar Yangiyoʻl shahar hokimligiga ularning balansida saqlovchilarning budjet va budjetdan tashqari jamgʻarmalar oldidagi qarzdorligini beriladigan aktivlarning qoldiq (balans) qiymati summasiga kamaytirish, qarzdorlik mavjud boʻlmagan hollarda — ularning keyingi soliq toʻlovlari boʻyicha hisob-kitob qilish evaziga beriladi;
obyektlarda tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish va ularning faoliyati tashkil qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 10-avgustdagi PQ-3194-son qarori talablari asosida amalga oshiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi ilovada keltirilgan xoʻjalik jamiyatlarining budjet va budjetdan tashqari jamgʻarmalar oldidagi qarzdorliklari berilayotgan obyektlarning qoldiq (balans) qiymati miqdoriga kamaytirilishini, qarzdorligi boʻlmagan hollarda — ularning keyingi soliq toʻlovlari boʻyicha hisob-kitob qilinishini taʼminlasin.
7. Toshkent viloyati erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda belgilangan tartibda:
a) Toshkent viloyati iqtisodiyotining ehtiyojlari, shuningdek, mavjud mineral-xomashyo, qishloq xoʻjaligi resurslarini va infratuzilmani inobatga olgan holda Toshkent viloyatidagi kichik sanoat zonalari hududida import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlarini ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish boʻyicha aniq takliflar — “yoʻl xaritalari”ni ikki oy muddatda ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini;
b) Toshkent viloyatidagi kichik sanoat zonalari hududida:
oʻzlashtirish uchun taklif qilinayotgan import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tadbirkorlik subyektlariga yetkazilishini;
loyihalarni amalga oshirish uchun tadbirkorlik subyektlarini jalb etish, ular bilan tizimli ishlar olib borish, shuningdek, Toshkent viloyatidagi kichik sanoat zonalari hududida ishlab chiqarishlarni joylashtirish boʻyicha investitsiya buyurtmanomalari sifatli va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini;
ishlab chiqarishlarni tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalarining biznes-rejalarini ishlab chiqishda tadbirkorlik subyektlariga koʻmaklashishni taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E.M. Ganiyev, Toshkent viloyati hokimi v.b. R.Q. Xolmatov va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vaziri B.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 2-sentabr,
724-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-sentabrdagi 724-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumani kichik sanoat zonasi tarkibiga kiritiladigan obyektlar
ROʻYXATI
|
T/r |
Obyekt nomi |
Bino-inshoot maydoni, kv.m.* |
Yer maydoni, ga* |
Joylashgan yeri |
Balansda saqlovchi |
Idoraviy mansubligi |
Topshirish muddati |
|
1. |
“Biokimyo” AJning foydalanilmayotgan bino-inshootlari va yer maydoni |
34 991,8 |
8,0 |
Yangiyoʻl shahri, Kimyogar koʻchasi 1-uy |
“Biokimyo” AJ |
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi |
01.01.2020-yilga qadar |
|
2. |
“Yangiyoʻl yogʻ-moy” AJ hududini optimallashtirishdan boʻshaydigan yer maydoni va binolar |
4 585,0 |
5,0 |
Yangiyoʻl shahri, Samarqand koʻchasi 352-uy |
“Yangiyoʻl yogʻ-moy” AJ |
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi |
01.01.2020-yilga qadar |
|
3. |
“Yangi sifat” MChJ bino-inshootlari va yer maydoni |
15 860,6 |
9,7 |
Yangiyoʻl shahri, Baxt MFY, Samarqand koʻchasi, 34-uy |
“Yangi sifat” MChJ |
“Oʻzbekneftgaz” AJ |
01.10.2019-yilga qadar |
* Yer maydonlariga Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Toshkent viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan aniqlik kiritiladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.09.2019-y., 09/19/724/3684-son)