Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining
qarori
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali talabalari tomonidan amaliyot va kasbiy stajirovkani oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 15-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3175]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-fevraldagi PQ-4166-son “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi qaror qiladi:
1. Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali talabalari tomonidan amaliyot va kasbiy stajirovkani oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Adliya vaziri R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2019-yil 22-iyul,
5-son
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2019-yil 22-iyul,
58QQ-son
Milliy gvardiya qoʻmondoni B. TAShMATOV
Toshkent sh.,
2019-yil 22-iyul,
17-son
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiyasining 2019-yil 22-iyuldagi 5, 58QQ, 17-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali talabalari tomonidan amaliyot va kasbiy stajirovkani oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-fevraldagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4166-son qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyundagi “Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialiga oʻqishga qabul qilish tartibi va oʻquv jarayonini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 490-son qaroriga muvofiq Toshkent davlat yuridik universitetning Ixtisoslashtirilgan filiali (keyingi oʻrinlarda — Filial) talabalarining amaliyot va kasbiy stajirovka oʻtash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Amaliyot va kasbiy stajirovka oʻtashning asosiy maqsadi talabalar tomonidan egallangan nazariy bilimlarni chuqurlashtirish va mustahkamlash, kasbiy mahorat hamda amaliy ish koʻnikmalarini shakllantirish, taʼlim oluvchilarning aholi va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash va oʻzaro hamkorlik qilish koʻnikmalarini takomillashtirishdan iborat.
2. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
amaliyot — 1-kurs talabalari tomonidan olingan nazariy bilimlarni chuqurlashtirish va mustahkamlash, kasbiy faoliyat haqida boshlangʻich maʼlumotlarni olish hamda soha mutaxassisligi boʻyicha amaliy koʻnikma va mahorat hosil qilish maqsadida tashkil etiladigan oʻquv jarayonining bir qismi;
kasbiy stajirovka (keyingi oʻrinlarda — stajirovka) — 2-kurs talabalari tomonidan olingan nazariy bilimlarni mustahkamlash, ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya boʻlinmalari faoliyati bilan yaqindan tanishish, kasbiy mahoratni yanada rivojlantirish, nazorat hujjatlarini yozish koʻnikmalarini shakllantirish, xalq bilan muloqot madaniyatini oshirish va oʻzaro hamkorlik qilish koʻnikmalarini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan oʻquv jarayonining bir qismi;
qabul qiluvchi tashkilot — talabalar tomonidan amaliyot oʻtalayotgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organi, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organ, advokatlik tuzilmasi, xoʻjalik boshqaruvi organi, moliya-bank va boshqa muassasalarning yuridik xizmati;
qabul qiluvchi maxsus tashkilot — talabalar tomonidan stajirovka oʻtalayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyasi;
Filialdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbari — oʻquv yuklamasiga amaliyot (stajirovka) rahbarligi kiritilgan Filial professor-oʻqituvchisi;
qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbari — talabalarni amaliy koʻnikmalarga oʻrgatish va Filialdagi amaliyot (stajirovka) rahbari bilan birgalikda egallangan bilimlarni baholash masʼuliyati yuklangan qabul qiluvchi tashkilot xodimi.
3. Amaliyot (stajirovka) uzluksiz hamda nazariy bilimlar navbatlanish yoʻli orqali amalga oshirilishi mumkin.
Amaliyot (stajirovka)ni oʻtash Filial tomonidan oʻquv rejalariga muvofiq ishlab chiqilgan va tasdiqlangan amaliyot (stajirovka)ni oʻtash dasturi asosida amalga oshiriladi.
4. Amaliyot qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotning amaliy faoliyati haqida tasavvurga ega boʻlish hamda birlamchi kasbiy mahorat va koʻnikmalarini egallash, ish hujjatlarini oʻrganishni nazarda tutadi.
5. Stajirovka qabul qiluvchi (maxsus) tashkilot faoliyatining asosiy yoʻnalishlari bilan yaqindan tanishtirish, soha mutaxassisligi boʻyicha kasbiy mahorat hamda amaliy ish koʻnikmalarini oʻrganish, aholi bilan uzviy bogʻliq holda ishlay olish koʻnikmalarini shakllantirish, ommaviy axborot vositalari bilan ishlash va oʻzaro hamkorlik qilish koʻnikmalarini takomillashtirishni nazarda tutadi.
Stajirovka oʻquv rejasiga asosan, qoida tariqasida, talabalarning asosiy yashash joylari boʻyicha Toshkent shahar yoki Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari tomonidan tanlangan ichki ishlar organlarida yohud Milliy gvardiya tomonidan belgilangan Milliy gvardiya boʻlinmalarida tashkil qilinadi.
6. Amaliyot (stajirovka) oʻquv rejasida nazarda tutilgan muddatlarda oʻtkaziladi. Amaliyot (stajirovka)ni oʻtash dasturida amaliyot (stajirovka)ning oʻtash muddati va joyi belgilanadi.
Talabalarni amaliyot (stajirovka)ni oʻtashdan ozod qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
7. Amaliyot (stajirovka) oʻtash yakunlangach, talaba tomonidan amaliyot (stajirovka) davrida bajarilgan ishlar boʻyicha hisobot tayyorlanadi hamda Tayyorlash kurslari dekanatiga topshiriladi.
Amaliyot (stajirovka) oʻtash toʻgʻrisidagi hisobotda bajarilgan ish, oʻrganilgan huquqni qoʻllash amaliyoti, shuningdek olingan bilim va koʻnikmalar aks ettiriladi. Hisobot talaba tomonidan imzolanadi hamda qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbari imzosi bilan tasdiqlanadi.
8. Amaliyot (stajirovka) oʻtashning normal kunlik davomiyligi 6 (olti) soatni tashkil etadi.
9. Qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbari hisobotga talabaning ijobiy va salbiy fazilatlarini, uning oʻzlashtiruvchanlik qobiliyati va boshqa maʼlumotlarni yorituvchi yozuvlarni kiritish huquqiga ega.
10. Qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotlar talabani amaliyot (stajirovka)ni oʻtash dasturida koʻzda tutilmagan vazifalarni bajarishga jalb qilishi, shuningdek Filialni habardor qilmagan holda amaliyot (stajirovka) joyini oʻzgartirishi man qilinadi.
2-bob. Amaliyot (stajirovka)ni oʻtashning bosqichlari
11. Amaliyot (stajirovka) uch bosqichga boʻlinadi:
tayyorlov;
asosiy;
amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihon.
12. Tayyorlov bosqichida oʻquv rejasiga asosan amaliyot (stajirovka)ni oʻtashning birinchi kunida Filialdan va qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbarlari tomonidan yigʻilish oʻtkaziladi. Yigʻilishda talabalar ushbu Nizom qoidalari bilan hamda amaliyot (stajirovka)ni oʻtash dasturi bilan tanishadilar, uning maqsad va vazifalariga taalluqli koʻrsatmalar, ularni bajarish boʻyicha qoʻllanmalarni oladilar, amaliyot (stajirovka) oʻtash hamda amaliyot (stajirovka) oʻtash toʻgʻrisida hisobot tuzish tartibi haqida xabardor qilinadi.
Amaliyot (stajirovka)ni oʻtashning boshida talabalar qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotning tuzilishi, faoliyat yoʻnalishlari, oʻziga xosligi bilan tanishadilar hamda Filialdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbari va qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbari bilan birgalikda amaliyot (stajirovka)ni oʻtash dasturini bajarish reja-jadvalini tuzadilar.
13. Amaliyot (stajirovka)ni oʻtashning asosiy bosqichida talaba bevosita qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotda amaliyot (stajirovka)ni oʻtash dasturini bajarish reja-jadvalida koʻrsatib oʻtilgan ishni bajaradi.
14. Amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihon amaliyot (stajirovka)ning yakuniy bosqichi hisoblanib, unda talabalar tomonidan amaliyot (stajirovka) oʻtash jarayonida bajarilgan ishlarning natijalari tahlil qilinadi va baholanadi. Amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihon Filial vakillari orasidan tuzilgan komissiya tomonidan yozma ravishda oʻtkaziladi.
Qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotning vakili amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihonda Filialdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbari bilan birgalikda qatnashishi mumkin.
15. Talabalarning amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihoni quyidagi baholash mezonlariga asosan amalga oshiriladi:
nazariy va amaliy bilimlari darajasini aniqlash;
berilgan savollarni toʻgʻri tahlil qila olish;
talaba tomonidan amaliyot va stajirovka davomida toʻplangan materiallarning tuzilishi, darajasi va sifati hamda amaliyot (stajirovka) davomida oʻrganilgan masalalarning keng yoritib berilishi.
3-bob. Amaliyot (stajirovka)ni oʻtashda talabaga qoʻyiladigan talablar
16. Talaba:
amaliyot (stajirovka) boʻyicha uslubiy va koʻrsatma materiallar bilan tanishishi va Filialdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbarining tegishli koʻrsatmalarini olishi;
amaliyot (stajirovka)ni tashkil etish va oʻtashni nazorat qilish boʻyicha tadbirlarda ishtirok etishi;
amaliyot (stajirovka)ni oʻtash dasturida nazarda tutilgan barcha topshiriqlarni belgilangan muddatlarda, toʻliq hajmda va sifatli bajarishi;
Filialdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbarining talabi bilan koʻrib chiqish uchun amaliyot (stajirovka) oʻtash toʻgʻrisidagi hisobotini oʻz vaqtida taqdim qilishi;
keyingi oʻquv va amaliy faoliyatda foydalana olishi mumkin boʻlgan materiallar toʻplamini yuritishi;
ichki mehnat tartib qoidalari va qabul qiluvchi (maxsus) tashkilot xodimlari faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarga rioya qilishi shart.
17. Amaliyot (stajirovka) tugaganidan keyin talaba amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihonni oʻtkazish kunida Filialdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbariga oʻtalgan amaliyot (stajirovka) toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
18. Talaba amaliyot (stajirovka)ni oʻtagandan soʻng Filialda amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihon topshirishga majbur.
19. Talaba amaliyot (stajirovka) oʻtash jarayonida Filialdan biriktirilgan yoki qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbarining faoliyatidan norozi boʻlib, asosli sabablar mavjud boʻlganda bu haqda Filialning Tayyorlash kurslari dekaniga murojaat qilishi mumkin.
4-bob. Amaliyot (stajirovka)ni tashkillashtirishning shartlari
20. Amaliyot (stajirovka)ni barcha bosqichlarda tashkil etish talabalar tomonidan kasbiy faoliyatni egallashda uzluksizlik va izchillikni taʼminlashga yoʻnaltirilishi lozim.
21. Professor-oʻqituvchilarning amaliyot (stajirovka)dagi oʻquv yuklamasi oʻquv rejada koʻrsatilgan oʻquv pedagogik soatlar (haftalar)dan va amaliyot (stajirovka)ni oʻtash turidan kelib chiqib aniqlanadi.
22. Amaliyot (stajirovka)ni tashkil etish uchun oldindan Filial direktori tomonidan amaliyot yoki stajirovka muddati va uni oʻtash joyi, moddiy taʼminot, Filialdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbarlarini turar joy bilan taʼminlash, masʼul shaxslar va joʻnatilayotgan talabalarning, Filialdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbarlarining tarkibiy roʻyxati boʻyicha belgilangan buyruq qabul qilinadi.
23. Talabalarni amaliyot (stajirovka) oʻtashga tayyorlash va joy-joyiga taqsimlanishini taʼminlash hamda natijasini muvofiqlashtirish Filialning Tayyorlash kurslari dekanati tomonidan amalga oshiriladi.
24. Filialdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbari:
amaliyot (stajirovka)ga ketayotgan talabalarga amaliyot (stajirovka) oʻtash boʻyicha zarur yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatadi;
talabalarning amaliyot (stajirovka) oʻtash joyiga yetib kelishini nazorat qiladi;
qabul qiluvchi (maxsus) tashkilot rahbari hamda biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbari bilan aloqalar oʻrnatadi;
talabalarga amaliyot (stajirovka)ni oʻtash dasturini bajarish boʻyicha uslubiy yordam koʻrsatadi;
amaliyot (stajirovka)ning butun davri uchun talabalarga individual reja tuzadi, qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbari bilan birgalikda ishning hajmi va tarkibini belgilaydi;
amaliyot (stajirovka)ni oʻtash joylariga talabalarni taqsimlashda ishtirok etadi;
amaliyot (stajirovka) muddatlariga va uning tarkibiga rioya qilinishi, shuningdek amaliyot (stajirovka)ni oʻtash dasturi bajarilishining talabalarni amaliyot (stajirovka) oʻtash joylariga borish yoʻli bilan nazorat qiladi;
amaliyot (stajirovka) oʻtayotgan talabaning asosli eʼtirozi yuzasidan qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotdan biriktirilgan rahbarni oʻzgartirishni soʻrab Filial rahbariyatiga bildirgi kiritadi;
amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihonda ishtirok etadi.
25. Qabul qiluvchi (maxsus) tashkilot rahbari:
Filial bilan amaliyot (stajirovka)ni tashkil etish va oʻtkazish haqida shartnoma tuzadi;
qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotda amaliyot (stajirovka)ni tashkil etish toʻgʻrisida buyruqlar chiqaradi;
malakali va tajribali mutaxassislar orasidan qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotda amaliyot (stajirovka) oʻtash uchun masʼul shaxslarni tayinlaydi, shuningdek amaliyot (stajirovka)ni oʻtash dasturida belgilangan tadbirlarni bajarishlari ustidan nazoratni amalga oshiradi;
amaliyot (stajirovka)ni oʻtash dasturiga muvofiq amaliyot (stajirovka) oʻtash uchun sharoitlar yaratadi;
Filial tomonidan qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbarini oʻzgartirishni soʻrab qilingan murojaatni oʻrganib chiqib, tegishli qarorlar qabul qiladi.
26. Qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbari:
talabalarga texnika xavfsizligi boʻyicha, yongʻin xavfsizligi boʻyicha, shuningdek qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotning ichki tartib qoidalari va faoliyatini tartibga soluvchi boshqa lokal hujjatlari hamda ish rejimining xususiyatlari boʻyicha yoʻl-yoʻriq beradi;
qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotning belgilangan obyektlari boʻyicha talabalarni taqsimlaydi, uning tuzilishi, faoliyat yoʻnalishlari va oʻziga xos xususiyatlari bilan tanishtiradi;
talabalarga amaliyot (stajirovka)ni oʻtash dasturiga taalluqli materiallardan foydalanish imkoniyatini yaratadi;
talabalar tomonidan amaliyot (stajirovka)ni oʻtash dasturining bajarilishi uchun zarur sharoitlar yaratadi;
talabalarga tizim faoliyati va boshqa masalalar boʻyicha maslahatlar beradi;
bajarilayotgan ish ustidan doimiy nazoratni amalga oshiradi;
talaba ish kunining belgilangan davomiyligiga rioya etilishini taʼminlaydi;
talaba ish vaqtidan samarali foydalanishini taʼminlaydi;
amaliyot va stajirovka oʻtash toʻgʻrisida hisobotni tasdiqlaydi;
Filialdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbarini talaba tomonidan amaliyot (stajirovka)ni oʻtash dasturi bajarilmayotganligi hamda mehnat intizomining buzilish holatlari haqida xabardor qiladi;
Filialdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbari bilan doimiy aloqani ushlab turadi.
Qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbari talabaga amaliyot (stajirovka)ni oʻtash dasturi bilan bogʻliq boʻlmagan vazifalarni bajarish topshirigʻini berishi taqiqlanadi.
27. Amaliyot (stajirovka)ning oʻtash joyini belgilash Filial bilan qabul qiluvchi (maxsus) tashkilot oʻrtasidagi shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Filial va qabul qiluvchi (maxsus) tashkilot amaliyot (stajirovka)ni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha shartnomada shartnoma predmetini, taraflarning huquq va majburiyatlarini, amaliyot (stajirovka)ni tashkil etish tartibini, shartnomaning amal qilish muddatini, shartnomani bekor qilish asoslarini, shuningdek taraflarning javobgarligini kelishib oladi.
28. Amaliyot (stajirovka) boshlanishi vaqtidan boshlab talabalarga qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotda belgilangan tartibda tanishtirilishi shart boʻlgan mehnatni muhofaza qilish qoidalari va ichki mehnat tartibi qoidalari hamda qabul qiluvchi (maxsus) tashkilotda amalda boʻlgan boshqa hujjatlar tatbiq qilinadi.
29. Amaliyot (stajirovka) boʻyicha qoʻyilayotgan baho taʼlim boʻyicha baholarga tenglashtiriladi va talabalar umumiy oʻzlashtirishining yakunlarini chiqarishda inobatga olinadi.
30. Amaliyot (stajirovka) yakunlari boʻyicha qoniqarsiz baho olinishi talabani akademik qarzdor sifatida tegishli oʻquv kursida qoldirish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Uzrli sabablarsiz amaliyot (stajirovka)ga kelmaslik oʻquv intizomini buzish sifatida talabani belgilangan tartibda Filial talabalari safidan chetlashtirilishiga asos boʻlib xizmat qiladi.
5-bob. Moddiy taʼminot
31. Amaliyot va stajirovkani oʻtash davrida talabalarda stipendiya olish huquqi saqlanib qoladi.
32. Filialdan biriktirilgan amaliyot (stajirovka) rahbarlarining Filial joylashgan joydan amaliyot (stajirovka)ni oʻtash joyigacha borish bilan bogʻliq boʻlgan xizmat safarlari xarajatlari, shu jumladan yashash va sutkalik xarajatlar, oʻrnatilgan tartibda Filialning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
6-bob. Yakuniy qoida
33. Mazkur Nizom Toshkent davlat yuridik universiteti bilan kelishildi.
Adliya vaziri oʻrinbosari — Toshkent davlat yuridik universiteti rektori E. KANYaZOV
2019-yil 19-iyul
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2019-y., 10/19/3175/3561-son)