Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xorijiy davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarga xizmat koʻrsatishni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 23-yanvardagi 26-sonli “Oʻzbekiston Respublikasidagi xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan oʻtgan tashkilotlarga xizmat koʻrsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishda uning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-apreldagi PF-5400-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, xorijiy davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarning (keyingi oʻrinlarda diplomatik vakolatxonalar deb ataladi) respublikamizda boʻlish va faoliyat yuritish sharoitlarini yanada yaxshilash, ularning xodimlari hayoti va faoliyati uchun munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishda uning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-apreldagi PF-5400-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik servis xizmati negizida diplomatik vakolatxonalarga xizmat koʻrsatish boʻyicha yagona buyurtmachi sifatida Diplomatik korpusga xizmat koʻrsatish byurosi (keyingi oʻrinlarda Byuro deb ataladi) tashkil etilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining “Koʻchmas mulk bilan ishlash direksiyasi” va “Ambassador” davlat unitar korxonalari Byuroga qoʻshish yoʻli bilan qayta tashkil etilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Byuro:
davlat unitar korxonasi shaklidagi yuridik shaxs;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining “Diplomatik servis xizmati”, “Koʻchmas mulk bilan ishlash direksiyasi” va “Ambassador” davlat unitar korxonalarining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
3. Quyidagilar Byuroning asosiy vazifalari etib belgilansin:
diplomatik vakolatxonalarning Oʻzbekiston Respublikasida faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularga kompleks servis xizmatlari koʻrsatish, diplomatik vakolatxonalarning tegishli ravishda faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga doir masalalarni hal etish va chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarda nazarda tutilgan diplomatik vakolatxonalarga xizmat koʻrsatish va ularni joylashtirish tadbirlarini amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida diplomatik vakolatxonalar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari uchun moʻljallangan obyektlar va uy-joylarni qurish hamda rekonstruksiya qilish;
diplomatik vakolatxonalar va ularning xodimlarini joylashtirish uchun ajratilgan bino hamda xonalarni ijaraga berish, koʻchmas mulkning ijara va oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishda koʻmaklashish (vositachilik qilish), shuningdek, ushbu bino va xonalardan foydalanishni taʼminlash;
Byuro vazifalariga taalluqli masalalarda Oʻzbekiston Respublikasining davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida diplomatik vakolatxonalarning manfaatlarini ifoda etish, shuningdek, diplomatik vakolatxonalarda ishlaydigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining mehnat huquqlarini himoya qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuklangan vazifalarni bajarishda, shu jumladan mamlakatga turistlar oqimini koʻpaytirish, protokol tadbirlarni oʻtkazish, xorijiy delegatsiyalarni kutib olish-kuzatish, xorijiy davlatlarga xizmat safariga boradigan xodimlarga aviachiptalar xarid qilish, avtotransport xizmatlarini koʻrsatishda koʻmaklashish;
diplomatik vakolatxonalar xodimlarining boʻsh vaqti va dam olishini tashkil etish, turizm, jismoniy tarbiya va sport sohasida xizmatlar koʻrsatish.
4. Quyidagilar Byuro orqali amalga oshirilishi belgilansin:
diplomatik vakolatxonalar, xalqaro hukumatlararo va nohukumat tashkilotlar, xorijiy davlatlarning hukumat va nohukumat tashkilotlari, ularning vakolatxona va filiallari, muxbirlari, muxbirlik punktlari (byuro, ofislari), savdo vakolatxonalari, xorijiy banklar va boshqa tijorat tashkilotlari vakolatxonalari, shuningdek, doimiy muassasalarning avtotransport vositalarini roʻyxatga olish (qayta roʻyxatga olish), roʻyxatdan chiqarish, texnik koʻrikdan oʻtkazish, haydovchilik guvohnomalarining ekvivalentlarini berish (almashtirish) va roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini berish;
bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish, diplomatik vakolatxonalar nomiga keladigan yuklarni deklaratsiyalash, bojxonada ishlov berish;
diplomatik vakolatxonalarning radioelektron aloqa vositalari va radiouzatuvchi qurilmalarni sotib olish, oʻrnatish, olib kirish va ulardan foydalanish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish;
diplomatik vakolatxonalar mehmonlarini roʻyxatga olish, ularning kirish vizalarini rasmiylashtirish va ularga viza berilishida koʻmaklashish, diplomatik vakolatxonalarda ishlaydigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish hujjatlarini rasmiylashtirish;
diplomatik vakolatxonalarga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ishga joylashtirishni rasmiylashtirishda, ularning mehnat staji hisobini yuritishda, ishga qabul qilish yoki boʻshatish toʻgʻrisida tegishli buyruqlarni chiqarishda koʻmaklashish.
5. Xorijiy davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarga binolar (binolar qismi), xonalar va yer uchastkalarini taqdim etish (sotish) tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Byuroga quyidagi huquqlar berilsin:
Byuroning operativ boshqaruvida boʻlgan boʻsh binolar (binolar qismlari) va xonalarni xorijiy tijorat tashkilotlari vakolatxonalariga, yuridik va jismoniy, shu jumladan chet ellik shaxslarga ijaraga berish, shuningdek, ularni ijaraga berishdan tushadigan ijara toʻlovlarini mustaqil tasarruf etish;
xorijiy tijorat tashkilotlari vakolatxona va filiallariga, yuridik va jismoniy, shu jumladan chet ellik shaxslarga oʻz xizmatlarini (ishlarini) koʻrsatish;
Byuro faoliyatidan olingan daromadlardan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan soliqlar va yigʻimlar toʻlanganidan soʻng oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun foydalanish.
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-maydagi 255-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.05.2022-y., 09/22/255/0412-son)
7. Byuro diplomatik vakolatxonalarni Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq paritet (bepul) asosda joylashtirish uchun taqdim etilgan koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha mol-mulk va yer soligʻini toʻlashdan ozod etilsin.
8. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha yangi ochiladigan diplomatik vakolatxonalarni joylashtirish uchun qoʻshimcha zarur binolar va xizmat xonalari ajratilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi Byuroning buyurtmanomalari boʻyicha diplomatik vakolatxonalar xodimlarining farzandlarini maktabgacha taʼlim muassasalariga rasmiylashtirishda zarur yordam koʻrsatsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Toshkent viloyati hokimligining Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida joylashgan sobiq “Kosmos” bolalar oromgohini Toshkent viloyati hokimligiga begʻaraz asosda berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
11. “Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti” MCHJga diplomatik vakolatxonalar nomiga keliadigan diplomatik pochtani (yukni) olish/joʻnatish vazifasi yuklansin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Byuroning Ustavi va tashkiliy tuzilmasini oʻn kun muddatda tasdiqlasin.
13. Byuro Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Labzak koʻchasi 1a-uy manzilida operativ boshqaruv huquqi bilan joylashtirilsin.
14. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasidagi diplomatik va ularga tenglashtirilgan boshqa chet el vakolatxonalarning faoliyat koʻrsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1993-yil 25-maydagi 247-son qarori;
Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasidagi diplomatik va ularga tenglashtirilgan boshqa chet el vakolatxonalarining faoliyat koʻrsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1993-yil 25-maydagi 247-son qaroriga qoʻshimchalar kiritish haqida” 1994-yil 7-fevraldagi 56-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.X. Kamilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 2-iyul,
550-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-iyuldagi 550-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Xorijiy davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarga binolar (binolar qismi), xonalar va yer uchastkalarini taqdim etish (sotish) tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Xorijiy davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarga (keyingi oʻrinlarda diplomatik vakolatxonalar deb ataladi) binolar (binolar qismi), xonalar va yer uchastkalarini taqdim etish (sotish) tartibini belgilaydi.
2. Diplomatik vakolatxonalarni joylashtirish, ularning rahbarlari va chet ellik xodimlari yashashi uchun ajratiladigan binolar (binolar qismi), xonalar va ularga tutash yer uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining “Diplomatik korpusga xizmat koʻrsatish byurosi” (keyingi oʻrinlarda Byuro deb ataladi) davlat unitar korxonasi tomonidan hisobga olinadi.
Diplomatik vakolatxonalar va ularning chet ellik xodimlarini joylashtirish uchun ajratilgan binolar (binolar qismi) va xonalarni ijaraga berish huquqi Byuroga tegishlidir.
Diplomatik vakolatxonalarni joylashtirish, ularning rahbarlari va chet ellik xodimlari yashashi uchun ajratiladigan binolar (binolar qismi), xonalar va ularga tutash yer uchastkalari, qoida tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasining poytaxti — Toshkent shahri hududidan ajratiladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli Farmoniga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 06/21/6243/0540-son — 2021-yil 1-avgustdan kuchga kiradi)
3. Binolar, xonalar va yer uchastkalarini ijaraga va oʻzgaga berish boʻyicha bitimlarni rasmiylashtirish, shuningdek, ularga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonunchilikda, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida va ushbu Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
2-bob. Binolar (binolar qismi) va xonalarni ijaraga berish tartibi
4. Diplomatik vakolatxonalar diplomatik vakolatxonalarni joylashtirish, ularning rahbarlari va xodimlari yashashi uchun binolar (binolar qismi) va xonalarni mustaqil ravishda tanlash yoki zarur binolarni tanlashda koʻmaklashish uchun Byuroga ulardan foydalanish maqsadi, maydoni, xonalari soni, joylashgan joyi va boshqa shartlarni koʻrsatgan holda murojaat qilish huquqiga ega.
5. Diplomatik vakolatxonadan binolar (binolar qismi) va xonalarni ijaraga berish toʻgʻrisida murojaat kelib tushganda, Byuro oʻz operativ boshqaruvida boʻlgan boʻsh binolar (binolar qismi) va xonalarni koʻrib chiqishni taklif etadi.
6. Kelishuvga erishilgan taqdirda, Byuro diplomatik vakolatxona bilan binolar (binolar qismi) va xonalar ijarasi boʻyicha ikki tomonlama shartnomani rasmiylashtiradi.
7. Ijara shartnomasi Byuro bilan diplomatik vakolatxona oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy hujjat hisoblanadi va unda jumladan, quyidagilar nazarda tutilishi kerak:
ijaraga beriladigan bino (binoning qismi) va xonaning tarkibi, maydoni va texnik tavsifi;
ijara toʻlovi, shuningdek, kommunal toʻlovlar miqdori;
bino (binoning qismi) va xonani taʼmirlash va joriy saqlash boʻyicha tomonlar majburiyatlarining taqsimlanishi;
ijara muddati, ijara toʻlovi va boshqa tegishli toʻlovlarni toʻlash muddatlari;
diplomatik vakolatxona tomonidan kommunal xizmatlar va bino (binoning qismi), xonalar va tutash hududlarni joriy saqlash boʻyicha toʻlovlarni toʻlash shartlari;
ijaraga olingan bino (binoning qismi) va xonalarga yetkazilgan zarar uchun ijarachining javobgarligi;
tomonlarning shartnoma shartlarini bajarmaganligi uchun sanksiyalar.
8. Byuro ijara toʻlovi stavkalari miqdorini mustaqil ravishda, biroq davlat koʻchmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara toʻlovining eng kam stavkalaridan kelib chiqqan holda hisoblangan summadan kam boʻlmagan miqdorda belgilaydi.
9. Xalqaro shartnomalarga asosan ijara toʻlovi boʻyicha xarajatlar quyidagi shartlar boʻyicha qoplanadi:
toʻlovlarni oʻzaro hisoblash;
ikki tomonlama bepul (paritet asosida) asosda.
10. Bino (binoning qismi) va xonalar tuzilgan ijara shartnomasi boʻyicha tomonlarning vakolatli vakillari ishtirokida ikki tomonlama dalolatnomani tuzish orqali topshiriladi va qabul qilinadi hamda unda quyidagilar koʻrsatiladi:
dalolatnoma tuzilgan joy va sana;
ishtirokchilarga tomonlar manfaatlarini ifoda etish huquqini beruvchi hujjatlarning nomi va rekvizitlari;
bino (binoning qismi) va xonalarni topshirish-qabul qilishda asos boʻladigan ijara shartnomasining raqami va imzolangan sanasi;
taqdim etiladigan bino (binoning qismi) va xonalarning texnik holati;
aniqlangan nosozliklarni bartaraf qilish muddatlari va tartibi;
tomonlarning muhrlari bilan tasdiqlangan vakillar imzolari.
Topshirish-qabul qilish dalolatnomasi ikki nusxada, har ikki tomon uchun bir nusxadan tuziladi.
11. Diplomatik vakolatxonalar binolar (binolar qismi) va xonalarni mustaqil tanlashda uni ijaraga olishi toʻgʻrisida Byuroni oldindan xabardor qiladi va ushbu bino haqidagi batafsil axborotni (foydalanish maqsadi, maydoni, joylashgan joyi, mulkdor toʻgʻrisida maʼlumotlar, tuziladigan bitim shartlari va boshqalar haqida) taqdim etadi.
Qoʻshimcha bino (binoning qismi) va xonalarni ijaraga olish zarurati yuzaga kelganda, diplomatik vakolatxona buning uchun tegishli asos taqdim etadi.
12. Byuro diplomatik vakolatxona tomonidan bino (binoning qismi) va xonalar toʻgʻrisida taqdim etilgan axborotni xavfsizlik (shu jumladan yongʻin xavfsizligi) talablariga javob berishi, texnik va sanitariya shartlariga muvofiqligi, diplomatik vakolatxona vazifalarining tegishli ravishda bajarilishini taʼminlash uchun obyektning holati va yaroqliligini baholash boʻyicha oʻrganadi. Byuro oʻrganish yakunlari boʻyicha diplomatik vakolatxonaga tegishli tavsiyalarini yuboradi.
Byuro diplomatik vakolatxona koʻrsatilgan bino (binoning qismi) va xonalarda joylashishi maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosani Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga koʻrib chiqish va kelishish uchun taqdim etadi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy yoki yuridik shaxslarining mulki boʻlgan binolar (binolar qismi), xonalar va ularga tutash yer uchastkalari diplomatik vakolatxonani joylashtirish, ularning rahbarlari va xodimlari yashashi uchun Byuro orqali uch tomonlama ijara shartnomalarini rasmiylashtirish yoʻli bilan mulkdor tomonidan taqdim etiladi.
14. Diplomatik vakolatxonalar, ularning rahbarlari va xodimlari taqdim etilgan binolar (binolar qismi), xonalar va ularga tutash yer uchastkalaridan tuzilgan shartnomalar shartlariga muvofiq, faqat moʻljallangan maqsad boʻyicha foydalanadi va ularning tegishli holatda saqlanishini taʼminlaydi.
15. Diplomatik vakolatxonalar va binolar (binolar qismi) va xonalarning mulkdorlari ijara shartnomasi shartlarining har qanday oʻzgartirilishi, muddati uzaytirilishi yoki amal qilishining bekor qilinishi toʻgʻrisida Byuroni oldindan xabardor qilishlari shart.
16. Byuro oʻz operativ boshqaruvida boʻlgan boʻsh binolar (binolar qismi) va xonalarni xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalariga, yuridik va jismoniy, jumladan, xorijiy shaxslarga ikki tomonlama shartnoma tuzish yoʻli bilan ijaraga berish, shuningdek, ularni ijaraga berishdan tushadigan ijara toʻlovlarini Byuroga yuklangan vazifalarga muvofiq mustaqil tasarruf etish huquqiga ega.
3-bob. Binolar (binolar qismi), xonalar va yer uchastkalarini diplomatik vakolatxonalarga mulk qilib sotish tartibi
17. Diplomatik vakolatxonalar qonunchilikda belgilangan tartibda vakolatxonalar binosi, shu jumladan vakolatxona rahbarining qarorgohi sifatida foydalaniladigan binolar yoki ularning qismini vakolatxonalar joylashgan yer uchastkalari bilan birgalikda, shuningdek, diplomatik vakolatxonalar binolarini qurish uchun yer uchastkalarini mulk qilib sotib olish huquqiga ega.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
18. Diplomatik vakolatxonalar davlat mulki boʻlgan binolar (binolar qismi), xonalar va yer uchastkalarini sotib olish uchun Byuroga ulardan foydalanish maqsadi, maydoni, joylashgan joyi va boshqa shartlarini koʻrsatgan holda murojaat qiladi.
Diplomatik vakolatxonalar qoʻshimcha va (yoki) mavjudlarining oʻrniga binolar (binolar qismi), xonalar va yer uchastkalarini sotib olish toʻgʻrisida murojaat qilsa, Byuroga ushbu binolar va yer uchastkalarining batafsil tavsifini (foydalanish maqsadi, maydoni, joylashgan joyi) taqdim etadi.
19. Byuro davlat mulki boʻlgan binolar (binolar qismi), xonalar va yer uchastkalarini mulk qilib sotish toʻgʻrisidagi masalani mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va Oʻzbekiston Respublikasining manfaatdor vazirlik hamda idoralari bilan birgalikda quyidagi mezonlardan kelib chiqqan holda koʻrib chiqadi:
(19-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Oʻzbekiston tomonining binolar (binolar qismi), xonalar va yer uchastkalarini sotib olish ehtiyojlari hisobga olingan holda, ularni mulk qilib sotish masalalarida Oʻzbekiston Respublikasi va murojaat qilgan diplomatik vakolatxona davlati oʻrtasidagi oʻzaro kelishuv prinsiplariga rioya etish;
murojaat qilgan diplomatik vakolatxona davlatida Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining faoliyat yuritishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar darajasi.
20. Diplomatik vakolatxonalar taqdim etishni soʻragan davlat mulki boʻlgan binolar (binolar qismi), xonalar va yer uchastkalarining mulk qilib sotilishiga toʻsqinlik qiluvchi asoslar mavjud boʻlganda, Byuro Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishgan holda boshqa muqobil binolar (binolar qismi), xonalar va yer uchastkalarini tavsiya qilishi mumkin.
21. Diplomatik vakolatxonalarga davlat mulki boʻlgan binolar (binolar qismi), xonalar va yer uchastkalarini mulk qilib sotish maqsadga muvofiq deb topilganda, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Byuroning xulosasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga diplomatik vakolatxonaga binolar (binolar qismi), xonalar va yer uchastkalarini mulk qilib sotish toʻgʻrisida taklif kiritadi.
22. Agar diplomatik vakolatxonaning taklifi ushbu Nizomning 19-bandida koʻrsatilgan mezonlarga mos kelmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi murojaat qilgan diplomatik vakolatxona davlati bilan ikki tomonlama munosabatlarning erishilgan darajasini hisobga olib, diplomatik vakolatxona tomonidan egallab turgan binolar (binolar qismi), xonalar va yer uchastkalarini boʻshatish sharti bilan, davlat mulki boʻlgan binolar (binolar qismi), xonalar va yer uchastkalarini mulk sifatida taqdim etish toʻgʻrisida diplomatik vakolatxonaning murojaatini qanoatlantirish haqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish huquqiga ega.
23. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari binolar (binolar qismi), xonalar va yer uchastkalarini diplomatik vakolatxonalarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida mulk sifatida sotadi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
24. Diplomatik vakolatxonalarga binolar (binolar qismi), xonalar va yer uchastkalari murojaat qilgan diplomatik vakolatxona davlati bilan xalqaro shartnoma tuzish orqali oʻzaro kelishuv (paritet) asosida mulk sifatida taqdim etiladi.
25. Diplomatik vakolatxonalar binolar (binolar qismi), xonalar va ularga tutash yer uchastkalarini Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy va yuridik shaxslaridan sotib olgan taqdirda, mazkur binolar (binolar qismi), xonalar va yer uchastkalarining mulkdori toʻgʻrisida ulardan foydalanish maqsadi, maydoni, joylashgan joyi va boshqa shartlar koʻrsatilgan maʼlumotni oʻz ichiga olgan xabarnomani Byuroga oʻz vaqtida yuboradi.
26. Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy va yuridik shaxslariga tegishli binolar (binolar qismi), xonalar va yer uchastkalarini diplomatik vakolatxonalarga mulk sifatida sotish toʻgʻrisidagi bitimlar notariuslar tomonidan Byuro bilan kelishilgandan soʻng rasmiylashtiriladi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 1-apreldagi 195-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2020-y., 09/20/195/0391-son)
4-bob. Yakunlovchi qoida
27. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2019-y., 09/19/550/3372-son; 01.04.2020-y., 09/20/195/0391-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 06/21/6243/0540-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son, 13.05.2022-y., 09/22/255/0412-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)