Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida suv taʼminoti hamda kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish va qurish (2 bosqich)” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Toshkent viloyatining Yangiyoʻl va Chinoz tumanlarida aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarni sifatli ichimlik suv bilan taʼminlashni yanada yaxshilash, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
2019-yil 4-mayda Oʻzbekiston Respublikasi va Osiyo taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda OTB deb ataladi) oʻrtasida “Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida suv taʼminoti hamda kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish va qurish (2 bosqich)” loyihasini (keyingi oʻrinlarda loyiha deb ataladi) amalga oshirish uchun qiymati 105,3 million AQSh dollari miqdorida qarz bitimi imzolandi;
loyihani amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasining ulushi soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etish koʻrinishida 19,4 million AQSh dollari ekvivalentini tashkil etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
loyihani amalga oshirish muddati 8 yil (2019 — 2026 yy.) etib belgilangan.
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-avgustdagi 517-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.08.2024-y., 09/24/517/0632-son)
2. Quyidagilar:
“Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida suv taʼminoti hamda kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish va qurish (2 bosqich)” loyihasini texnik-iqtisodiy asoslashning asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1-ilovaga* muvofiq;
“Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida suv taʼminoti hamda kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish va qurish (2 bosqich)” loyihasi boʻyicha OTB qarz mablagʻlarini qaytarish va foizlarni toʻlash prognoz jadvali 2-ilovaga* muvofiq;
“Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida suv taʼminoti hamda kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish va qurish (2 bosqich)” loyihasi doirasida OTB qarz mablagʻlari boʻyicha xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash yuzasidan ulushlar taqsimotining prognozi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
“Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ deb ataladi), Toshkent viloyati hokimligi va “Toshkent viloyati suv taʼminoti” MChJ loyihaning amalga oshirilishi va OTB qarz mablagʻlaridan maqsadli hamda samarali foydalanish uchun masʼul ijro etuvchi organlar hisoblanadi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi 786-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son)
loyihani amalga oshirish davrida OTB qarzi boʻyicha foizlar OTB qarz mablagʻlari hisobidan toʻlanadi;
OTB qarz mablagʻlarini qaytarish va loyihani amalga oshirish yakunlangandan soʻng foizlarni toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar 2024-yildan boshlab, Toshkent viloyati “Suvoqava” DUK mablagʻlari va yetishmagan qismi boʻyicha Toshkent viloyatining mahalliy budjeti hisobidan ushbu qarorga 3-ilovaga muvofiq prognozga asosan amalga oshiriladi.
4. Quyidagilarga:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, Toshkent viloyati hokimligi va “Toshkent viloyati suv taʼminoti” MChJ oʻrtasida OTB qarz mablagʻlarini qayta kreditlash bitimini (keyingi oʻrinlarda qayta kreditlash toʻgʻrisida bitim deb ataladi) imzolash;
“Oʻzsuvtaʼminot” AJ boshqaruv raisi va “Toshkent viloyati suv taʼminoti” MChJ direktoriga OTB bilan loyiha bitimini va qayta kreditlash bitimini imzolash;
(4-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi 786-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son)
Toshkent viloyati hokimiga qayta kreditlash bitimini imzolash vakolati berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilangan tartibda qarz bitimi hamda qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha yuridik xulosa bersin.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ boshqaruv raisi va Toshkent viloyati hokimiga:
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi 786-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son)
tasdiqlangan texnik-iqtisodiy asoslash parametrlariga muvofiq loyihaning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlaydigan tashkiliy-texnik tadbirlar oʻtkazilishi;
OTB qarz mablagʻlaridan maqsadli foydalanish va qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq OTB qarz mablagʻlarini qaytarish va qarz boʻyicha foizlarni toʻlash uchun zarur boʻlgan mablagʻlar Toshkent viloyati “Suvoqava” DUKda oʻz vaqtida jamlanib borilishini taʼminlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
7. Toshkent viloyati hokimligi:
suv inshootlari va tarmoqlarini qurish uchun zarur boʻlgan yer uchastkalari belgilangan tartibda ajratilishini taʼminlasin;
2024-yildan boshlab, Toshkent viloyati mahalliy budjeti parametrlarida OTB qarz mablagʻlari boʻyicha foizlarni toʻlash va asosiy qarzni qaytarish uchun Toshkent viloyati “Suvoqava” DUKning ushbu maqsadlarga yoʻnaltiriladigan oʻz mablagʻlariga qoʻshimcha ravishda mablagʻlarni nazarda tutsin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. “Oʻzsuvtaʼminot” AJga loyihani muvofiqlashtirish va boshqarish vazifasi yuklansin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi 786-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi 2020-yil va keyingi yillar uchun moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturlariga loyihaning belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov, Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E.M. Ganiyev va Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri M.X. Saliyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 20-iyun,
516-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.06.2019-y., 09/19/516/3318-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son; 20.08.2024-y., 09/24/517/0632-son)