O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksportga ko‘maklashish va uni rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 20-dekabrdagi PQ-4069-son va “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2019-yil 28-yanvardagi PQ-4135-son qarorlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligining asosiy vazifalari etib belgilansin:
eksportni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash sohasida davlat siyosati amalga oshirilishida ishtirok etish, eksport salohiyatini rivojlantirish davlat dasturlari amalga oshirilishiga ko‘maklashish;
eksport qiluvchilarni, shu jumladan, chet elda, marketing, narx belgilash, transport logistikasi, sertifikatlash, standartlashtirish va sifat nazorati, soliq va bojxona ma’muriyatchiligi, chet el bozorlariga “yagona darcha” prinsipi orqali kirish masalalari bo‘yicha axborot va maslahat bilan qo‘llab-quvvatlash;
xorijiy xaridorni izlashga ko‘maklashish va eksport kontrakti tuzish, shu jumladan, uni tayyorlash bosqichigacha muzokaralar jarayoniga ko‘maklashish;
milliy mahsulotlarni xorijga eksport qilish bo‘yicha vazirliklar, respublika idoralari, viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimliklari bilan o‘zaro hamkorlikni ta’minlash hamda eksport qiluvchilarga eksportni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari, mavjud imtiyozlar va preferensiyalar, vakolatli davlat hokimiyati organlarining vazifalari va funksiyalari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishish imkonini yaratish;
elektron tashqi savdo platformasini yuritish, mahalliy eksport qiluvchilar, ishlab chiqariladigan mahsulotlar va xizmatlar haqidagi ma’lumotlar bazasini yuritish, ishlab chiqarish va eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga yetakchi xalqaro elektron savdo maydonlariga kirishda ko‘maklashish;
mahalliy ishlab chiqaruvchilarning sifatli mahsulotlarni ishonchli yetkazib beruvchi ekanligini tasdiqlash uchun o‘zbek brendlari va mahsulotlarini xorijda targ‘ib qilish bo‘yicha “Made in Uzbekistan” dasturini amalga oshirish, shu jumladan, “Made in Uzbekistan” milliy ko‘rgazmasini, tarmoq va mintaqaviy ko‘rgazmalarni va tovarlar yarmarkalarini har yili o‘tkazish, shuningdek, xalqaro ko‘rgazmalar va taqdimotlarda ishtirok etish orqali amalga oshirish;
eksport qiluvchi tashkilotlar uchun o‘quv seminarlari va treninglar hamda xorijiy mamlakatlardagi tadbirkorlik subyektlari uchun tashqi savdo faoliyati masalalari bo‘yicha biznes-forumlar tashkil etish va o‘tkazish;
Oldingi tahrirga qarang.
eksport qiluvchi tashkilotlarga ham respublikada, ham xorijda standartlashtirish va sertifikatlashtirishning xalqaro tizimlarini joriy etishga, xorijiy vakolatli organlarda milliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) ro‘yxatdan o‘tkazishga, respublika tashkilotlarining xalqaro ko‘rgazmalar-yarmarkalarda hamda xalqaro tender va tanlovlarda ishtirok etishiga, an’anaviy milliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) potensial sotish bozorlariga kiritishda taqdimotlar va reklama kompaniyalari o‘tkazilishiga hamda mahsulotlar namunalarini tanishtirish maqsadida xorijiy mamlakatlarga yuborishda moliyaviy ko‘maklashish;
(1-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-martdagi 167-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.03.2021-y., 09/21/167/0255-son)
Oldingi tahrirga qarang.
eksport qiluvchilarning garov sifatida sug‘urta xizmatlaridan foydalanganda sug‘urta mukofotini to‘lash, savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, shu bilan birga, reklama kampaniyalarini tashkil qilish bilan bog‘liq chet eldagi xarajatlarini, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilarning qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolarini yangi texnologiyalarga o‘rgatish, agrotexnik tadbirlar monitoringi va marketing tadqiqotlarini o‘tkazish hamda vakolatli organlarning mahsulotlarni eksport qilish uchun zarur bo‘lgan ruxsatnoma va sertifikatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan yoki qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa manbalardan Agentlikka ajratiladigan subsidiyalar hisobidan kompensatsiya qilish;
(1-bandning o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-yanvardagi 18-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.01.2025-y., 09/25/18/0055-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tijorat banklariga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyaviy resurslar ajratish hamda xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va moliya kompaniyalaridan eksportoldi moliyalashtirish uchun mablag‘lar jalb etish ishlarini tashkillashtirish;
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-yanvardagi 6-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.01.2021-y., 09/21/6/0004-son)
Oldingi tahrirga qarang.
elektrotexnika tarmog‘i tashkilotlariga moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, tanlovlar (tenderlar) doirasida avans to‘lovlarini amalga oshirish (qaytarish), xorijiy valyutadagi shartnoma shartlarini bajarish va yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha kafolat muddatlarini ta’minlash yuzasidan mahalliy tijorat banklaridan kafolatlar olishda garov ta’minoti sifatida kafolat summasining 50 foizigacha, biroq 3 million AQSh dollaridan oshmagan miqdorda kafilliklar berish;
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-oktabrdagi 631-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.10.2021-y., 09/21/631/0950-son)
Oldingi tahrirga qarang.
bo‘yalgan mato hamda aralash va bo‘yalgan gazlama mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalari doirasida xarid qilingan uskunalar qiymatining bir qismini qoplash uchun To‘qimachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya ajratish;
(1-bandning o‘n uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-yanvardagi 18-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.01.2025-y., 09/25/18/0055-son)
Oldingi tahrirga qarang.
muvofiqlikni baholash organlarini xalqaro ILAC/IAF tashkilotlari a’zosi hisoblangan akkreditatsiya idorasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab berish.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-oktabrdagi 605-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.10.2022-y., 09/22/605/0932-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga kafilliklar berish tadbirlarini moliyalashtirish uchun 2022-yildan boshlab har yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan 10 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ ajratilishi yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-oktabrdagi 631-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.10.2021-y., 09/21/631/0950-son)
3. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari E.M. G‘aniyev hamda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 6-may,
373-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-maydagi 373-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligining (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) maqomi, funksiyalari, vazifalari, huquqlari, javobgarligi, faoliyatini tashkil etish tartibini, shuningdek, uning rahbarlarining funksional vazifalari va javobgarligini belgilaydi.
2. Agentlik o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, investitsiyalar va tashqi savdo vazirining buyruqlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
Agentlik o‘zining vazifalari va funksiyalarini amalga oshirish doirasida eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
3. Agentlik davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga va bank hisob raqamlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi hisob raqamlariga, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga hamda Agentlik nomi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan blankalarga ega.
4. Agentlikning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi;
qisqartirilgan nomi — Eksportni rag‘batlantirish agentligi;
b) ingliz tilida:
to‘liq nomi — Export Promotion Agency under the Ministry of Investments and Foreign Trade of the Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Export Promotion Agency;
v) rus tilida:
to‘liq nomi — Agentstvo prodvijeniya eksporta pri Ministerstve investitsiy i vneshney torgovli Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Agentstvo prodvijeniya eksporta.
5. Agentlik joylashgan joy (pochta manzili): Toshkent shahri, Taras Shevchenko ko‘chasi, 34-uy.
2-bob. Agentlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
eksportni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash sohasida davlat siyosati amalga oshirilishida ishtirok etish, eksport salohiyatini rivojlantirish davlat dasturlari amalga oshirilishiga ko‘maklashish;
eksport qiluvchilarni, shu jumladan, chet elda, marketing, narx belgilash, transport logistikasi, sertifikatlash, standartlashtirish va sifat nazorati, soliq va bojxona ma’muriyatchiligi, chet el bozorlariga “yagona darcha” prinsipi orqali kirish masalalari bo‘yicha axborot va maslahat bilan qo‘llab-quvvatlash;
xorijiy xaridorni izlashga ko‘maklashish va eksport kontrakti tuzish, shu jumladan, uni tayyorlash bosqichigacha muzokaralar jarayoniga ko‘maklashish;
milliy mahsulotlarni xorijga eksport qilish bo‘yicha vazirliklar, respublika idoralari, viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimliklari bilan o‘zaro hamkorlikni ta’minlash hamda eksport qiluvchilarga eksportni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari, mavjud imtiyozlar va preferensiyalar, vakolatli davlat hokimiyati organlarining vazifalari va funksiyalari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishish imkonini yaratish;
elektron tashqi savdo platformasini yuritish, mahalliy eksport qiluvchilar, ishlab chiqariladigan mahsulotlar va xizmatlar haqidagi ma’lumotlar bazasini yuritish, ishlab chiqarish va eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga yetakchi xalqaro elektron savdo maydonlariga kirishda ko‘maklashish;
mahalliy ishlab chiqaruvchilarning sifatli mahsulotlarni ishonchli yetkazib beruvchi ekanligini tasdiqlash uchun o‘zbek brendlari va mahsulotlarini xorijda targ‘ib qilish bo‘yicha “Made in Uzbekistan” dasturini amalga oshirish, shu jumladan, “Made in Uzbekistan” milliy ko‘rgazmasini, tarmoq va mintaqaviy ko‘rgazmalarni va tovarlar yarmarkalarini har yili o‘tkazish, shuningdek, xalqaro ko‘rgazmalar va taqdimotlarda ishtirok etish orqali amalga oshirish;
eksport qiluvchi tashkilotlar uchun o‘quv seminarlari va treninglar hamda xorijiy mamlakatlardagi tadbirkorlik subyektlari uchun tashqi savdo faoliyati masalalari bo‘yicha biznes-forumlar tashkil etish va o‘tkazish;
Oldingi tahrirga qarang.
eksport qiluvchi tashkilotlarga ham respublikada, ham xorijda standartlashtirish va sertifikatlashtirishning xalqaro tizimlarini joriy etishga, xorijiy vakolatli organlarda milliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) ro‘yxatdan o‘tkazishga, respublika tashkilotlarining xalqaro ko‘rgazmalar-yarmarkalarda hamda xalqaro tender va tanlovlarda ishtirok etishiga, an’anaviy milliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) potensial sotish bozorlariga kiritishda taqdimotlar va reklama kompaniyalari o‘tkazilishiga hamda mahsulotlar namunalarini tanishtirish maqsadida xorijiy mamlakatlarga yuborishda moliyaviy ko‘maklashish;
(6-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-martdagi 167-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.03.2021-y., 09/21/167/0255-son)
Oldingi tahrirga qarang.
eksport qiluvchilarning garov sifatida sug‘urta xizmatlaridan foydalanganda sug‘urta mukofotini to‘lash, savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, shu bilan birga, reklama kampaniyalarini tashkil qilish bilan bog‘liq chet eldagi xarajatlari, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilarning qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolarini yangi texnologiyalarga o‘rgatish, agrotexnik tadbirlar monitoringi va marketing tadqiqotlarini o‘tkazish hamda vakolatli organlarning mahsulotlarni eksport qilish uchun zarur bo‘lgan ruxsatnoma va sertifikatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan yoki qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa manbalardan Agentlikka ajratiladigan subsidiyalar hisobidan kompensatsiya qilish;
(6-bandning o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-yanvardagi 18-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.01.2025-y., 09/25/18/0055-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tijorat banklariga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyaviy resurslar ajratish hamda xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va moliya kompaniyalaridan eksportoldi moliyalashtirish uchun mablag‘lar jalb etish ishlarini tashkillashtirish;
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-yanvardagi 6-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.01.2021-y., 09/21/6/0004-son)
Oldingi tahrirga qarang.
elektrotexnika tarmog‘i tashkilotlariga moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, tanlovlar (tenderlar) doirasida avans to‘lovlarini amalga oshirish (qaytarish), xorijiy valyutadagi shartnoma shartlarini bajarish va yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha kafolat muddatlarini ta’minlash yuzasidan mahalliy tijorat banklaridan kafolatlar olishda garov ta’minoti sifatida kafolat summasining 50 foizigacha, biroq 3 million AQSh dollaridan oshmagan miqdorda kafilliklar berish;
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-oktabrdagi 631-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.10.2021-y., 09/21/631/0950-son)
Oldingi tahrirga qarang.
bo‘yalgan mato hamda aralash va bo‘yalgan gazlama mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalari doirasida xarid qilingan uskunalar qiymatining bir qismini qoplash uchun To‘qimachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya ajratish;
(6-bandning o‘n uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-yanvardagi 18-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.01.2025-y., 09/25/18/0055-son)
Oldingi tahrirga qarang.
muvofiqlikni baholash organlarini xalqaro ILAC/IAF tashkilotlari a’zosi hisoblangan akkreditatsiya idorasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab berish.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-oktabrdagi 605-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.10.2022-y., 09/22/605/0932-son)
7. Agentlik yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) eksportni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash sohasida davlat siyosati amalga oshirilishida ishtirok etish, eksport salohiyatini rivojlantirish davlat dasturlari amalga oshirilishiga ko‘maklashish sohasida:
ichki eksport infratuzilmasini takomillashtirish va eksport faoliyatini liberallashtirish, shuningdek, mahsulotlarni eksport qilishdagi to‘siqlar va g‘ovlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni o‘rganadi, tahlil qiladi va ishlab chiqadi;
eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishga, shu jumladan, meva va sabzavotlarni tayyorlash, qayta ishlash va saqlashga ilmiy yondashuv joriy etilishiga ko‘maklashadi;
respublikaning eksport qiluvchi tashkilotlari mahsulotlariga tashqi sotish bozorlaridagi to‘siqlar va cheklovlarni aniqlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi savdo vakolatxonalari va elchixonalari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi hamda kamsituvchi, tarif va notarif to‘siqlarga samarali munosabat bildirishda ishtirok etadi;
b) eksport qiluvchilarni, shu jumladan, chet elda, marketing, narx belgilash, transport logistikasi, sertifikatlash, standartlashtirish va sifat nazorati, soliq va bojxona ma’muriyatchiligi, chet el bozorlariga “yagona darcha” prinsipi orqali kirish masalalari bo‘yicha axborot va maslahat bilan qo‘llab-quvvatlash sohasida:
jahon bozorida mahsulotlarga talab va hajmlarni tahlil qilish, taqqoslash va aniqlash bo‘yicha axborot taqdim etadi, shuningdek, sotish bozorlari (xablar) mahsulotlar bilan to‘ldirilganligini o‘rganadi;
tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarini yetkazib berish, transportda tashishning eng samarali usullarini joriy etish va xaridorlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;
xalqaro sertifikatlar, standartlar va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar olinishida ko‘maklashadi;
shu jumladan, chet elda soliq va bojxona ma’muriyatchiligi bo‘yicha axborot taqdim etadi;
v) xorijiy xaridorni izlashga ko‘maklashish va eksport kontrakti tuzish, shu jumladan, uni tayyorlash bosqichigacha muzokaralar jarayoniga ko‘maklashish sohasida:
Internet tarmog‘ida izlash, muzokaralar va yozishmalarga kirishish, elchixonalar va savdo vakolatxonalari bilan o‘zaro hamkorlik, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasiga taklifnomalarni, shu jumladan, viza bilan qo‘llab-quvvatlashni rasmiylashtirish va xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi dasturlarini tayyorlash yo‘li bilan xaridorlarni jalb etadi;
xorijiy sheriklar bilan muzokaralar o‘tkazishda, eksport kontraktini tuzish, shu jumladan, eksport kontraktlari va bitimlari loyihalarini tayyorlash bosqichiga qadar mahsulotni yetkazib berish shartlarini muhokama qilishda tadbirkorlik subyektlariga ko‘maklashadi;
g) milliy mahsulotlarni xorijga eksport qilish bo‘yicha vazirliklar, respublika idoralari, viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimliklari bilan o‘zaro hamkorlikni ta’minlash hamda eksport qiluvchilarga eksportni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari, mavjud imtiyozlar va preferensiyalar, vakolatli davlat hokimiyati organlarining vazifalari va funksiyalari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishish imkonini yaratish sohasida:
eksport qiluvchilarni eksportni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari, vakolatli davlat hokimiyati organlarining vazifavlari va funksiyalari to‘g‘risida xabardor qilish yo‘li bilan chet elda milliy eksport mahsulotlarining kirishi bo‘yicha respublika vazirliklari va idoralari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimliklari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
tadbirkorlik subyektlarini amaldagi soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalari, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarning imtiyozlari va preferensiyalari bilan tanishtiradi;
d) elektron tashqi savdo platformasini yuritish, mahalliy eksport qiluvchilar, ishlab chiqariladigan mahsulotlar va xizmatlar haqidagi ma’lumotlar bazasini yuritish, ishlab chiqarish va eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga yetakchi xalqaro elektron savdo maydonlariga kirishda ko‘maklashish sohasida;
mahalliy eksport qiluvchilar, ishlab chiqariladigan mahsulotlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini yuritgan holda tegishli elektron tashqi savdo maydonchasini ta’minlaydi;
ishlab chiqarish va eksport faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlariga elektron savdoning yetakchi xalqaro maydonlariga kirish, shu jumladan, tijorat takliflarini tayyorlash va ularni yetakchi elektron savdo maydonchalarida joylashtirish bo‘yicha ko‘maklashadi;
e) mahalliy ishlab chiqaruvchilarning sifatli mahsulotlarni ishonchli yetkazib beruvchi ekanligini tasdiqlash uchun o‘zbek brendlari va mahsulotlarini xorijda targ‘ib qilish bo‘yicha “Made in Uzbekistan” dasturini amalga oshirish, shu jumladan, “Made in Uzbekistan” milliy ko‘rgazmasini, tarmoq va mintaqaviy ko‘rgazmalarni va tovarlar yarmarkalarini har yili o‘tkazish, shuningdek, xalqaro ko‘rgazmalar va taqdimotlarda ishtirok etish orqali amalga oshirish sohasida;
shu jumladan, import qiluvchilarni, xorijiy mehmonlar va mutaxassislarni jalb etish, shuningdek, xorijiy va mahalliy ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida mavzuli seminarlar, sessiyalar, konferensiyalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish yo‘li bilan “Made in Uzbekistan” milliy ko‘rgazmasini har yili tashkil etadi va o‘tkazadi;
eksport qiluvchi tashkilotlarning ishlab chiqariladigan mahsulotlar namunalari va tarqatma axborot materiallari bilan ishtirok etishi uchun xalqaro ko‘rgazmalar va yarmarkalarida O‘zbekiston pavilionini tashkil etadi;
tijorat takliflarini va mahsulotlar namunalarini taqdim etgan holda xalqaro ko‘rgazmalar va taqdimotlarda mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlar nomidan ishtirok etadi;
j) eksport qiluvchi tashkilotlar uchun o‘quv seminarlari va treninglar hamda xorijiy mamlakatlardagi tadbirkorlik subyektlari uchun tashqi savdo faoliyati masalalari bo‘yicha biznes-forumlar tashkil etish va o‘tkazish sohasida:
savdo vakolatxonalari va yetakchi xorijiy o‘quv markazlari bilan hamkorlikda eksport qiluvchi tashkilotlar uchun xorijiy ta’lim seminarlarini va treninglarni o‘tkazadi;
tajribali xorijiy mutaxassislar va ekspertlarni jalb etgan holda eksport qiluvchilar uchun ilg‘or ta’lim dasturlari asosida ta’lim seminarlari va treninglarni tashkil etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
z) eksport qiluvchi tashkilotlarga ham respublikada, ham xorijda standartlashtirish va sertifikatlashtirishning xalqaro tizimlarini joriy etishga, xorijiy vakolatli organlarda milliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) ro‘yxatdan o‘tkazishga, respublika tashkilotlarining xalqaro ko‘rgazmalar-yarmarkalarda hamda xalqaro tender va tanlovlarda ishtirok etishiga, an’anaviy milliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) potensial sotish bozorlariga kiritishda taqdimotlar va reklama kompaniyalari o‘tkazilishiga hamda mahsulotlar namunalarini tanishtirish maqsadida xorijiy mamlakatlarga yuborishda moliyaviy ko‘maklashish sohasida;
ham respublikada, ham chet elda standartlashtirish va sertifikatlashning xalqaro tizimlarini joriy etish bo‘yicha eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy ko‘maklashadi, xorijiy vakolatli organlarda milliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) ushbu yo‘nalishlarda xarajatlarning tegishli qismini qoplash yo‘li bilan ro‘yxatdan o‘tkazadi;
ko‘rgazma stendlarini tashkil etishda va xalqaro ko‘rgazmalar-yarmarkalarda ishtirok etishda, taqdimotlar va reklama kampaniyalarini o‘tkazishda, shu jumladan, an’anaviy milliy mahsulotlar va brendlar (tovar belgilari)ning potensial sotish bozorlariga kirishda eksport qiluvchilarni hamda mahsulotlar namunalarini tanishtirish maqsadida xorijiy mamlakatlarga yuborishda moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi;
(7-bandning “z” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-martdagi 167-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.03.2021-y., 09/21/167/0255-son)
Oldingi tahrirga qarang.
i) O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan yoki qonunchiliqda nazarda tutilgan boshqa manbalardan Agentlikka ajratiladigan subsidiyalar hisobidan qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rsatish sohasida:
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band “i” kichik bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-yanvardagi 18-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.01.2025-y., 09/25/18/0055-son)
eksport qiluvchilarga ular garov sifatida sug‘urta xizmatlaridan foydalanganda sug‘urta mukofotini qoplash uchun kompensatsiyalar taqdim etadi;
meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilarning qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolarini meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarishning yangi texnologiyalariga o‘rgatish, qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolarining yerlarida agrotexnik tadbirlar monitoringini o‘tkazish, qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolari tomonidan ishlab chiqariladigan meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarda sotishga qaratilgan marketing tadqiqotlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun kompensatsiyalar taqdim etadi;
vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur bo‘lgan ruxsatnoma va sertifikatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar taqdim etadi;
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi 437-sonli qaroriga asosan “i” kichik band bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.07.2020-y., 09/20/437/1065-son)
Oldingi tahrirga qarang.
mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarning savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, shu bilan birga, reklama kampaniyalarini tashkil qilish bilan bog‘liq chet eldagi xarajatlarining 50 foizini qoplab beradi;
(7-bandning “i” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-martdagi 167-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.03.2021-y., 09/21/167/0255-son)
Oldingi tahrirga qarang.
muvofiqlikni baholash organlarini xalqaro ILAC/IAF tashkilotlari a’zosi hisoblangan akkreditatsiya idorasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab beradi;
(7-bandning “i” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-oktabrdagi 605-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.10.2022-y., 09/22/605/0932-son)
Oldingi tahrirga qarang.
k) tijorat banklariga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyaviy resurslar ajratish hamda xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va moliya kompaniyalaridan eksportoldi moliyalashtirish uchun mablag‘lar jalb etish ishlarini tashkillashtirish sohasida:
tijorat banklariga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun moliyaviy resurslar ajratadi;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va moliya kompaniyalaridan eksportoldi moliyalashtirish uchun mablag‘lar jalb etish ishlarini tashkil etadi;
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-yanvardagi 6-sonli qaroriga asosan “k” kichik band bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.01.2021-y., 09/21/6/0004-son)
Oldingi tahrirga qarang.
l) elektrotexnika tarmog‘i tashkilotlariga moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, tanlovlar (tenderlar) doirasida avans to‘lovlarini amalga oshirish (qaytarish), xorijiy valyutadagi shartnoma shartlarini bajarish va yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha kafolat muddatlarini ta’minlash yuzasidan mahalliy tijorat banklaridan kafolatlar olishda garov ta’minoti sifatida kafolat summasining 50 foizigacha, biroq 3 million AQSh dollaridan oshmagan miqdorda kafilliklar taqdim etadi;
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-oktabrdagi 631-sonli qaroriga asosan “l” kichik band bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.10.2021-y., 09/21/631/0950-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
m) bo‘yalgan mato hamda aralash va bo‘yalgan gazlama mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalari doirasida xarid qilingan uskunalar qiymatining bir qismini qoplash uchun To‘qimachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya ajratadi.
(7-bandning “m” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-yanvardagi 18-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.01.2025-y., 09/25/18/0055-son)
3-bob. Agentlikning huquqlari va javobgarligi
8. Agentlik yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga egadir:
mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport mahsulotlari xorijiy bozorlarga kirishi masalalari bo‘yicha statistik ma’lumotlar, takliflar, xulosalar va boshqa zarur materiallarni belgilangan tartibda olish, shuningdek, Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha yozishmalar olib borish;
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri bilan kelishgan holda o‘xshash xorijiy agentliklar va tashkilotlar bilan texnik va iqtisodiy axborotni ayirboshlash, vazirliklar, idoralar va tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlaridan zarur axborotni belgilangan tartibda so‘rash;
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida mahalliy, xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, aloqalar va munosabatlar o‘rnatish;
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyatiga Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq takliflarni belgilangan tartibda kiritish;
o‘zaro hamkorlik qilish, ishlarni bajarishga va xizmatlar ko‘rsatishga muzokaralar olib borish va shartnomalar tuzish;
Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirishga mahalliy va O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri bilan kelishgan holda xorijiy ekspertlarni belgilangan tartibda jalb etish;
qonun hujjatlariga muvofiq eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlashni tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlari muassislari (ishtirokchilari) tarkibiga kirish;
budjetdan tashqari mablag‘larni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirish;
Agentlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lish mumkin.
9. Agentlik unga yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishi uchun javob beradi.
4-bob. Agentlik rahbarlarining asosiy funksional vazifalari
10. Quyidagilar Agentlik direktorining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;
Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonun hujjatlari bilan Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Agentlik faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks dasturlar va tadbirlar ijrosini chuqur va tanqidiy tahlil qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining, uning o‘rinbosarlari va maslahatchilarining, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining topshiriqlarini ijro etish;
faoliyatning ayrim uchastkalariga rahbarlik qilish uchun Agentlik mansabdor shaxslarining vakolatlarini aniqlash va ularning shaxsiy javobgarligi darajasini belgilash;
Agentlik faoliyati rejalashtirilishini tashkil etish, Agentlik va uning mansabdor shaxslarining har choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ular bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va monitoringini olib borish, Agentlik faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Agentlik xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish;
Agentlikda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, Agentlikning kadrlar zaxirasini shakllantirish;
Agentlik xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil etish;
ishni tashkil etishning zamonaviy shakllari Agentlik faoliyatiga joriy etilishini ta’minlash;
Agentlik rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida bo‘lish samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy mas’uliyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga to‘liq muvofiq tashkil etish va amalga oshirish, xizmat safarlarining asosliligini, samaradorligi va natijadorligini ta’minlash, xizmat safari sarf-xarajatlari uchun ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanish;
Agentlik xodimlari tomonidan Agentlik xodimlarining Odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishini ta’minlash;
Agentlik tizimida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining talablariga muvofiq korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yo‘li bilan ularni aniqlash, tahlil qilish, ularning sabablari va shartlarini bartaraf etish;
Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini ijro etish, elektron hujjatlar aylanishi tizimini keng joriy etish va undan samarali foydalanish, yuridik va jismoniy shaxslarning tushayotgan murojaatlari bo‘yicha ma’lumotlar bazasini shakllantirish bo‘yicha ishlarni nazorat qilish va muvofiqlashtirish, ularni ko‘rib chiqish natijalari hisobga olinishi va kuzatib borilishini ta’minlash;
Agentlik xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqarish va ko‘rsatmalar berish;
Agentlik xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etish, shu jumladan, ularning egallab turgan lavozimda bundan buyon bo‘lishining maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqish, ularning shaxsiy javobgarligi chora-tadbirlarini amalga oshirish;
Agentlikning tuzilmasini va shtatdagi xodimlari sonini o‘zgartirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziriga takliflar kiritish;
qonuniylik va mehnat intizomining yo‘l qo‘yilgan buzilishlari holatlari bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida xizmat surishtiruvlari o‘tkazilishini tayinlash;
Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Agentlik mol-mulkini boshqarish.
11. Quyidagilar Agentlik direktorining o‘rinbosari va tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
Agentlik tarkibiy bo‘linmalari xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilinishini ta’minlash;
mutasaddilik qilinadigan tarkibiy bo‘linmalar faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish, ushbu bo‘linmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyatining hujjatlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlash;
ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, topshiriqlar o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishi uchun tarkibiy bo‘linmalar xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish;
Agentlik qarorlari, direktorning buyruqlari va topshiriqlari o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini ta’minlash;
tarkibiy bo‘linmalarning har choraklik ish rejalari ishlab chiqilishini ta’minlash, ularni tasdiqlash uchun kiritish, ularda ko‘rsatilgan vazifalar va tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
tarkibiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalar bajarilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
tarkibiy bo‘linmalar faoliyati masalalari bo‘yicha qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va ularni ko‘rib chiqish uchun Agentlik rahbariyatiga kiritish hamda keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyatiga kiritish;
Agentlik tarkibiy bo‘linmalarida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishda direktorga takliflarni taqdim etish, ularning kasbiy mahoratini, o‘z ishini bilishini, amaliy tajribasini, ishbilarmonlik va ma’naviy-axloqiy sifatlarining yuqari darajasini ta’minlash, ularning kasbiy malakasini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish, tarkibiy bo‘linmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;
Agentlik tarkibiy bo‘linmalari xodimlari va rahbarlari faoliyati samaradorligi va natijadorligini tanqidiy tahlil qilish, yig‘ilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarni eshitish, yakunlar bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish;
Agentlik xodimlarining Odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilish;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Agentlikning tarkibiy bo‘linmalarida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish chora-tadbirlarini ko‘rish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish yo‘li bilan korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarni aniqlash, tahlil qilish, ular sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish;
davlat sirlariga va maxfiy axborotga taalluqli axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish.
5-bob. Agentlik faoliyatini tashkil etish
12. Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining taqdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor boshchilik qiladi.
Direktorning O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan bir nafar o‘rinbosari bo‘ladi.
13. Direktor ish tashkil etilishini ta’minlaydi va Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, shuningdek, Agentlik faoliyatining sifati va pirovard natijalari uchun javob beradi va O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri bilan kelishgan holda Agentlikni xalqaro munosabatlarda ifodalaydi;
Agentlik direktori bo‘lmaganida uning vakolatlarini direktor o‘rinbosari amalga oshiradi.
14. Agentlikning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri bilan kelishgan holda Agentlik direktori tomonidan tashkil etiladi.
Xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalar faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibga binoan muvofiqlashtiriladi va boshqariladi.
6-bob. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ishchi indikatorlari
15. Agentlik faoliyati, uning samaradorligi va natijadorligi yuzasidan muntazam baholanishi kerak.
16. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri tomonidan tasdiqlanadigan Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ishchi indikatorlari asosida amalga oshiriladi.
17. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan:
Agentlik rahbarlari va xodimlariga nisbatan rag‘batlantirish (mukofotlash) yoki tegishli intizomiy javobgarlik choralarini ko‘rish;
aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va Agentlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari ko‘riladi.
18. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash tartibi va metodikasi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
7-bob. Agentlikni moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash, uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish
19. Quyidagilar Agentlik faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, xalqaro va xorijiy hukumat, xalqaro moliyaviy tashkilotlar, moliyaviy institutlar va boshqa donorlarning grantlari va kreditlari (qarzlari);
yuridik va jismoniy shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining xayriya ehsonlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
20. Agentlik xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan qo‘shimcha haqlar va ustamalardan iborat bo‘ladi.
21. Agentlik xodimlarini moddiy rag‘batlantirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
22. Agentlik xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq uzluksiz ish staji (uzoq muddat uzluksiz xizmati uchun) ustamalar to‘lanadi.
23. O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri tomonidan Agentlik xodimlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan qat’i nazar asosiy egallab turgan lavozimi bo‘yicha Agentlikning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga lavozim maoshlariga (tarif stavkalariga) ustamalar va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlar belgilanishi mumkin.
Agentlikning ayrim tashabbuskor va yuqori malakali xodimlariga belgilangan tartibda lavozim maoshiga (tarif stavkasiga) shaxsiy ustamalar belgilanishi mumkin.
8-bob. Yakunlovchi qoida
24. Agentlikni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.05.2019-y., 09/19/373/3093-son; 11.07.2020-y., 09/20/437/1065-son, 09.01.2021-y., 09/21/6/0004-son, 30.03.2021-y., 09/21/167/0255-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.10.2021-y., 09/21/631/0950-son; 30.09.2022-y., 09/22/556/0879-son; 15.10.2022-y., 09/22/605/0932-son; 21.01.2025-y., 09/25/18/0055-son)