O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 30-noyabrdagi PQ-4040-son qaroriga muvofiq, shuningdek, suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflarni shakllantirish va belgilashda iste’molchilar uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar tannarxini to‘liq qoplash nazarda tutiladi, shuningdek, suv ta’minoti va kanalizatsiya tashkilotlarini rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish xarajatlari hisobga olinadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi:
2019-yil 1-iyulgacha bo‘lgan muddatda barcha guruhdagi iste’molchilarning sovuq va issiq suv priborlari bilan jihozlanishi hamda ushbu priborlarning tekshirilish holatini xatlovdan o‘tkazsin;
2019-yil 1-avgustgacha bo‘lgan muddatda “O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda yakka tartibdagi va ko‘p kvartirali uy-joy fondida sovuq hamda issiq suv priborlarining o‘rnatilishini moliyalashtirish manbalari va to‘liq yakunlashning aniq muddatlari nazarda tutilgan Sovuq va issiq suvni hisobga olish priborlarini o‘rnatish dasturini ishlab chiqsin hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2019-yil 1-iyulgacha bo‘lgan muddatda aholining ichimlik suvni iste’mol qilish normativlarini qayta ko‘rib chiqsin hamda tasdiqlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri M.X. Saliyev va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining raisi N.Sh. Sharipov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 13-aprel,
309-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-apreldagi 309-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom suv ta’minoti va kanalizatsiya tashkilotlari — Tabiiy monopoliyalar subyektlari davlat reyestriga kiritilgan tabiiy monopoliyalar subyektlari tomonidan ko‘rsatiladigan suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) (keyingi o‘rinlarda tariflar deb ataladi) shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
suv ta’minoti va kanalizatsiya tashkiloti (keyingi o‘rinlarda tashkilot deb ataladi) — suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan tashkilot;
narxlarni tartibga solish organi — O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va uning topshirig‘iga asosan — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya bosh boshqarmalari;
rentabellik — zarur foyda miqdorini (davr xarajatlari, moliyaviy faoliyat bo‘yicha xarajatlar va sof foyda summasi) ko‘rsatiladigan suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari hajmiga to‘g‘ri keladigan ishlab chiqarish xarajatlari summasiga bo‘lish orqali hisoblab chiqariladigan tashkilotlar faoliyati foydasining nisbiy ko‘rsatkichi;
tartibga solish koeffitsiyenti (kamaytiruvchi yoki oshiruvchi) — narx (tarif) darajasini aniqlash uchun belgilanadigan nisbiy miqdor;
tarif smetasi — daromadlar va xarajatlar, ishlab chiqariladigan tovarlar hajmlari ko‘rsatkichlari hamda xo‘jalik subyektining faoliyatini aks ettiruvchi va tartibga solish koeffitsiyentini belgilashda asos sifatida qabul qilinadigan boshqa iqtisodiy ko‘rsatkichlar;
investitsiyalar va xizmatlar ko‘rsatish rejasi — O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi (keyingi o‘rinlarda “Uyjoykommunxizmat” vazirligi deb ataladi) bilan kelishilgan shakl bo‘yicha tashkilot tomonidan ishlab chiqiladigan va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar, infratuzilmaga va faoliyatning boshqa turlariga kiritilgan hamda maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun zarur bo‘lgan investitsiyalar haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, amal qilish davridagi operatsion xarajatlar smetasini o‘z ichiga olgan reja.
Investitsiyalar va xizmatlar ko‘rsatish rejasi tegishli hokimliklar bilan kelishilgan holda uch yilga ishlab chiqiladi va suv ta’minoti hamda kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflarni tasdiqlash bo‘yicha buyurtmanomaning asosiy tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi;
daromadning talab qilinadigan darajasi — suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflarni qo‘llash davridagi daromadlarning barcha operatsiya xarajatlari, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish, kengaytirish xarajatlari, tashkilotning moliyaviy faoliyati bo‘yicha xarajatlarni qoplash, shuningdek, sof foyda olish uchun zarur bo‘lgan jamlangan summasi.
3. Suv ta’minoti va kanalizatsiya tashkilotlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, viloyatlar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalari va Toshkent shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi (keyingi o‘rinlarda hududiy bo‘linmalar deb ataladi) bilan birgalikda suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari tariflarini qayta ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun narxlarni tartibga solish organlariga ushbu Nizom bilan belgilanadigan tartibda murojaat qiladi.
4. Suv ta’minoti va kanalizatsiya tashkilotlari suv ta’minoti hamda kanalizatsiya xizmatlarini ko‘rsatishda ishlab chiqarish va realizatsiya qilish uchun tariflarni asoslashda qabul qilinadigan xarajatlarni aniqlashda Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga amal qiladi.
5. Tashkilot deklaratsiya qilingan (tasdiqlangan, belgilangan) tariflarni mustaqil pasaytirish huquqiga ega, bunda:
monopol past narxlarni belgilash maqsadida tariflarni pasaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
tariflar barcha iste’molchilar uchun bir vaqtning o‘zida pasaytiriladi va keyinchalik narxlarni tartibga solish organiga bu haqda xabar beriladi.
6. Suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibi ushbu Nizomga 1-ilovaga* muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
2-bob. Suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflarni shakllantirish
7. Suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflar tashkilot tomonidan talab qilingan darajadagi daromadga erishish vazifasiga muvofiq shakllantiriladi.
8. Tariflar alohida yuridik shaxs hisoblangan yoki ajralib chiqqan tashkilot sifatida faoliyat ko‘rsatadigan tashkilotlar uchun alohida belgilanadi.
9. O‘rtacha tariflar tashkilotning ushbu Nizom 3-bobida ko‘rsatilgan xarajatlar tarkibiy qismlarini o‘z ichiga oladigan daromadining talab qilinadigan darajasini suvni realizatsiya qilish bo‘yicha kutiladigan hajmga bo‘lish orqali hisob-kitob qilinadi.
10. Har bir turdagi iste’molchilardan pul mablag‘lari tushumining kutiladigan umumiy summasi tashkilotning ushbu Nizomga muvofiq belgilanadigan daromadining talab qilinadigan darajasiga erishish uchun yetarli bo‘lish sharti bilan ularning har biriga turli tariflar belgilanishi mumkin.
11. Har bir turdagi iste’molchilar uchun tariflar tegishli turdagi iste’molchiga yetkazib berilgan kub metr suv miqdoriga mos ravishda hisob-kitob qilinadi. Shu tariqa, yetkazib berilgan dastlabki kub metr suv uchun to‘lov iste’mol qilingan so‘nggi kub metr suvga to‘langan to‘lov kabi hisoblanadi. Keyinchalik hisobga olish priborlari yordamida iste’mol hajmlari to‘g‘risida qo‘shimcha axborot to‘planishiga qarab, tashkilotlar va “Uyjoykommunxizmat” vazirligi o‘sib boruvchi tarifikatsiyani ishlab chiqib, taklif etishi mumkin. Bunda past tariflar eng kam hajm doirasidagi iste’mol, yuqori tariflar esa katta hajmdagi iste’mol uchun belgilanadi.
3-bob. Suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflarni hisob-kitob qilish
12. Suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflar xarajatlarni, shu jumladan tashkilotlarning “Uyjoykommunxizmat” vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan investitsiyalar va xizmatlar ko‘rsatish rejalariga muvofiq suv ta’minoti hamda kanalizatsiya tizimlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish xarajatlarini to‘liq qoplash prinsiplariga asosan belgilanadi va ushbu rejalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
rejalashtirish davrida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar;
suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish yoki kengaytirish uchun investitsiyalarga bo‘lgan ehtiyojlar, shuningdek, kelishilgan moliyalashtirish manbalari (o‘z mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari va (yoki) tijorat banklarining qarz mablag‘lari hisobidan);
o‘tgan yillardagi xarajatlar asosida hisoblangan yillik davriy xarajatlar smetasi;
daromadning yillik talab qilinadigan darajasini hisoblash;
suvni realizatsiya qilishdan kutiladigan hajmni hisoblash;
suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun o‘rtacha tarifni hisoblash;
turli iste’molchilar uchun suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari bo‘yicha taklif etiladigan tariflar.
13. Investitsiyalar va xizmatlar ko‘rsatish rejasining amal qilish davridagi o‘rtacha tariflar tashkilotning “xarajatlar plyus” uslubi bo‘yicha aniqlanadigan daromadining talab qilinadigan darajasini suvni realizatsiya qilishdan kutiladigan yillik hajmga bo‘lish orqali hisob-kitob qilinadi.
“Xarajatlar plyus” uslubining maqsadi — xizmat ko‘rsatish uchun doimiy (yillik) xarajatlar, infratuzilmani kapital ta’mirlash va modernizatsiya qilish xarajatlari, yangi infratuzilma barpo etish yoki xizmatlarni kengaytirishga yirik miqdorda kapital sarflash qiymatini qoplash uchun uzoq muddatli istiqbolda yetarli darajadagi daromadni shakllantirishdan iborat.
14. Daromadning talab qilinadigan darajasining “xarajatlar plyus” uslubi bo‘yicha hisob-kitobi quyidagilarni o‘z ichiga oladigan operatsion xarajatlar (investitsiyalar va xizmatlar ko‘rsatishning tasdiqlangan rejasiga muvofiq) hisobga olingan holda amalga oshiriladi:
yillik barcha ishlab chiqarish xarajatlari (masalan, materiallar, ish haqi, elektr energiyasi, amortizatsiya ajratmalari);
davr xarajatlari (masalan, sotish xarajatlari, boshqaruv xarajatlari, boshqa operatsion xarajatlar va zararlar);
modernizatsiya va rekonstruksiya qilish uchun tashkilotning yillik daromadi hisobidan to‘lanadigan xarajatlar;
moliyaviy faoliyatni amalga oshirish xarajatlari (foizli xarajatlar);
tashkilotning foyda olishi.
Natijada hosil bo‘lgan summa rejalashtirish davrida tashkilot kelishilgan qarzlar bo‘yicha asosiy qarz summasini o‘zining pulli xarajatlarini inobatga olgan holda, investitsiyalar va xizmatlar ko‘rsatish rejasi amal qiladigan muddatda qoplashi uchun yetarli bo‘lishi zarur.
15. Tarif ko‘rsatiladigan xizmatlarga to‘g‘ri keladigan xarajatlar va sof foyda ko‘rsatkichlari bazasida hisob-kitob qilinadi va quyidagilar:
normalanadigan xarajatlar bo‘yicha — normativ-texnik hujjatlarni (retseptura, xomashyo va materiallar, issiqlik va elektr energiyasi, mehnat sarflash normalarini va boshqalar) hamda tegishli vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangan standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlarni (DS, TS, TSH, TB va shu kabilarni) hisobga olgan holda;
normalanmaydigan xarajatlar bo‘yicha — hisobot ko‘rsatkichlarining tahlili asosida va narxlarning prognoz bo‘yicha o‘zgarishini hisobga olgan holda shakllantiriladi.
Xomashyo, materiallar, yoqilg‘i, energiya va boshqa resurslarning texnik va texnologik normalari tegishli vakolatli organlar tomonidan ushbu resurslarning eng kam va eng ko‘p sarflash diapazonlarida tasdiqlangan taqdirda, narxni (tarifni) hisob-kitob qilish maqsadida narxlarni tartibga soluvchi organ ularning o‘rtacha ko‘rsatkichidan normalarning ushbu diapazoni doirasida foydalanadi.
16. Suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun xarajatlar alohida hisob-kitob qilinadi va bunda bilvosita moddiy xarajatlar, ishlab chiqarish xususiyatidagi qo‘shimcha xarajatlar, mehnat uchun bilvosita xarajatlar, davr xarajatlari va moliyaviy faoliyat xarajatlari ishlab chiqarish xodimlarining ish haqiga mutanosib ravishda ushbu turdagi xizmatlar bo‘yicha taqsimlanadi.
17. Xarajatlar tariflar amal qilish davrining har bir yili uchun xarajatlarning inflyatsiya oqibatida kutiladigan oshishi hisobga olinmagan holda hisob-kitob qilinadi.
18. Suv ta’minoti xizmatlari uchun talab qilinadigan o‘rtacha tarif davrning dastlabki yilida quyidagi tarzda hisob-kitob qilinadi:
O‘T = (Dd1 + Dd2 + Dd3 + h.k.z.) / (Hs1 + Hs2 + Hs3 va h.k.z)
bunda:
O‘T — suv ta’minoti xizmatlari uchun talab etiladigan o‘rtacha tarif;
Dd — daromadning talab qilinadigan darajasi (yillar bo‘yicha);
Hs — realizatsiya qilinadigan suv hajmi (yillar bo‘yicha).
19. Kanalizatsiya xizmatlari uchun talab qilinadigan o‘rtacha tarif davrning dastlabki yilida quyidagi tarzda hisob-kitob qilinadi:
O‘T = (Dd1 + Dd2 + Dd3 + va h.k.z) / (Hs1 + Hs2 + Hs2 va h.k.z)
bunda:
O‘T — kanalizatsiya xizmatlari uchun talab qilinadigan o‘rtacha tarif;
Dd — daromadning talab qilinadigan daraja (yillar bo‘yicha);
Hs — suv chiqarish hajmi (yillar bo‘yicha).
20. Yillik operatsion xarajatlar avvalgi xarajatlar, shuningdek, bunday xarajatlarda taklif etiladigan va asoslangan o‘zgartirishlar asosida hisob-kitob qilinadi.
21. Rivojlantirish va modernizatsiya qilish uchun xarajatlar tashkilotning sof foydasi tarkibiga qo‘shimcha ravishda kiritiladi.
22. Moliyaviy faoliyat bo‘yicha xarajatlar qisqa va uzoq muddatli moliyalashtirish uchun barcha yillik xarajatlarni (ya’ni, foiz ko‘rinishidagi xarajatlar) o‘z ichiga oladi. Moliyaviy faoliyat xarajatlari kreditlar yoki obligatsiyalar bo‘yicha asosiy qarzni qoplash xarajatlarini o‘z ichiga olmaydi. Moliyaviy faoliyat xarajatlari faqat uzoq muddatli tegishli qarzlar investitsiyalar va xizmatlar ko‘rsatish rejasi doirasida tasdiqlangan holatda, daromadning talab qilinadigan darajasi hisob-kitobiga kiritilishi mumkin.
23. Agar oldingi hisobot davrida tashkilot texnologik jarayonlarni takomillashtirish va resurs tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hisobidan yoqilg‘i-energetika resurslarini tejashga erishsa, tariflarni navbatdagi qayta ko‘rib chiqishda yoqilg‘i-energetika resurslari, xomashyo va materiallar uchun xarajatlar resurs tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish natijasida qo‘llaniladigan qayta ko‘rib chiqilgan xarajatlar normalari hisobga olingan holda qabul qilinadi.
24. Resurs tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hisobidan tejab qolingan mablag‘lar sof foyda tarkibida hisobga olinadi va 50 foizi infratuzilmani rivojlantirish, modernizatsiya qilish, energiya va resurs tejaydigan texnologiyalar hamda uskunalarni joriy qilishga yo‘naltiriladi. Qolgan 50 foizi esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Issiqlik ta’minoti va suv ta’minoti korxonalari xodimlarining mehnatini moddiy rag‘batlantirish mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2007-yil 19-iyundagi PQ-655-son qaroriga muvofiq tashkilot xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
25. Bunda investitsiyalar va xizmatlar ko‘rsatish rejasiga asosan tashkilotni rivojlantirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan mablag‘lar, shuningdek, energetika resurslarini tejashdan olingan mablag‘larni sof foyda tarkibida hisobga olish hisobidan tashkilotlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning yangi bosqichi to‘g‘risida” 2001-yil 17-apreldagi PF-2832-son Farmoniga muvofiq belgilangan rentabellik cheklangan miqdorining 10 foizdan oshishi monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzish hisoblanmaydi va oshgan summaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanilmaydi.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
26. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 147-moddasida nazarda tutilgan xarajatlar suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tasdiqlanadigan tariflarni shakllantirishdagi xarajatlarda hisobga olinmaydi. Bunda aholiga ko‘rsatiladigan suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari “nol” stavka bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘iga tortiladi.
4-bob. Suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflarni deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash
27. “Uyjoykommunxizmat” vazirligi suv ta’minoti va suv chiqarishni nazorat qiluvchi organ hisoblanadi va davlat boshqaruvining turli darajalarida siyosatni bir xillashtirish hamda sektor faoliyatini umumiy muvofiqlashtirish uchun mas’uldir.
28. Suv ta’minoti va kanalizatsiya tashkilotlari suv ta’minoti hamda kanalizatsiya xizmatlarini ko‘rsatishdan tashqari investitsiyalar va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha ko‘p yillik rejalar tayyorlanishi uchun ham mas’uldir. Investitsiyalar va xizmatlar ko‘rsatish rejalari mahalliy davlat hokimiyatining tegishli organlari bilan kelishilgan holda tayyorlanadi. Investitsiyalar va xizmatlar ko‘rsatish rejalarida suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilanadi, bunday maqsadlarga erishish uchun zarur bo‘lgan kapital qo‘yilmalar va operatsion xarajatlar, shuningdek, barcha davriy xarajatlar aniqlanadi. Rejalar daromadning talab qilinadigan darajasi va o‘rtacha tariflarni hisob-kitob qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
29. Tashkilotlar investitsiyalar va xizmatlar ko‘rsatish rejalarini hamda tariflarni tasdiqlash buyurtmanomalarini avvalgi investitsiyalar va xizmatlar ko‘rsatish rejasini amalga oshirish natijalarini inobatga olgan holda, joriy rejani amalga oshirish davri tugaguniga qadar tayyorlaydi.
30. Tashkilotlar investitsiyalar va xizmatlar ko‘rsatish rejalarini “Uyjoykommunxizmat” vazirligiga tegishli hujjatlarni tayyorlash maqsadida ko‘rib chiqish uchun yuboradi.
31. Tashkilotlar tegishli hokimliklar bilan kelishgan holda, investitsiyalar va xizmatlar ko‘rsatish rejalarini ishlab chiqish davomida tariflar bo‘yicha takliflar yuzasidan iste’molchilar bilan maslahatlar o‘tkazadi.
32. Suv ta’minoti va kanalizatsiya tashkilotlari tariflarni deklaratsiya qilish (tasdiqlash) uchun hududiy bo‘linmalar bilan birgalikda narxlarni tartibga solish organlariga quyidagi hujjatlar ilova qilingan ariza bilan murojaat qiladi:
a) deklaratsiya qilinadigan (tasdiqlanadigan) tarifning ushbu Nizomga 2-ilovaga* muvofiq shakl bo‘yicha hisob-kitobi;
b) moliyaviy hisobotlar nusxasi;
v) mehnat bo‘yicha statistika hisobotining nusxasi;
g) daromadlar va xarajatlar to‘g‘risida tashkilot bo‘yicha xarajatlar va har bir xizmat bo‘yicha alohida xarajatlar moddalari aks ettirilgan va quyidagilar ilova qilingan yig‘ma ma’lumotlar:
ushbu Nizomga 3-ilovaga* muvofiq shakl bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqarish moddiy xarajatlarining mazmuni (xomashyo va materiallar, yoqilg‘i, elektr energiyasidan foydalanish bo‘yicha tasdiqlangan normalar ko‘rsatilgan holda);
ushbu Nizomga 4* yoki 4a-ilovalarga* muvofiq shakl bo‘yicha ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo‘lgan mehnatga haq to‘lash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar va ijtimoiy sug‘urtalash uchun ishlab chiqarishga taalluqli ajratmalarning mazmuni (mehnat xarajatlarining tasdiqlangan normalari ko‘rsatilgan holda);
ushbu Nizomga 5-ilovaga* muvofiq shakl bo‘yicha asosiy mablag‘lar va nomoddiy aktivlar bo‘yicha ammortizatsiya ajratmalari summasining hisob-kitobi (dastlabki va qoldiq qiymat, asosiy mablag‘lardan va nomoddiy aktivlardan foydalanish muddatlari, foydalanishga topshirish muddatlari ko‘rsatilgan holda);
ushbu Nizomga 6-ilovaga* muvofiq shakl bo‘yicha ishlab chiqarish maqsadlari uchun qo‘shimcha xarajatlar, materiallarga va mehnatga bilvosita xarajatlarning mazmuni;
kapital va joriy ta’mirlash xarajatlari, shuningdek, tashkilotni rivojlantirish va modernizatsiya qilish xarajatlarining mazmuni;
ushbu Nizomga 7-ilovaga* muvofiq shakl bo‘yicha davr xarajatlari, moliyaviy faoliyat bo‘yicha xarajatlar va sof foydaning mazmuni (shu jumladan, asosiy qarz va foizlarni qoplash yuzasidan tasdiqlangan jadvallar taqdim etilgan holda, jalb etilgan kreditlarga xizmat ko‘rsatish uchun zarur mablag‘lar);
ushbu Nizomga 8-ilovaga* muvofiq shakl bo‘yicha faoliyatning asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
d) ushbu Nizomga 9-ilovaga* muvofiq shakl bo‘yicha natura shaklida ifodalangan ko‘rsatiladigan xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (ishlab chiqarish (yetkazib berish) hajmlari pasayganda pasayish sabablarining yozma asoslarini taqdim etish zarur);
e) rivojlanish davlat dasturlarini (mavjud bo‘lsa) amalga oshirish uchun mablag‘larga bo‘lgan ehtiyoj hisob-kitoblari ko‘rsatilgan holda ushbu dasturlarning asosiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi axborot;
j) o‘tgan hisobot davri uchun rivojlanish davlat dasturlarining amalga oshirilishi (yoki amalga oshirilayotgan) natijasida ko‘rsatiladigan xizmatlarning material, energiya va mehnat talab qilish darajasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi axborot;
Oldingi tahrirga qarang.
z) davlat dotatsiyalariga bo‘lgan ehtiyoj yoki qonunchilikda (zarurat bo‘lganda) nazarda tutilgan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa chora-tadbirlari to‘g‘risidagi axborot.
(32-bandning “z” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Ushbu bandda nazarda tutilgan hujjatlar bilan birgalikda barcha hisob-kitob materiallarining elektron shakllari ham taqdim etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tariflarni deklaratsiya qilish (tasdiqlash) uchun boshqa vakolatli organlardagi zarur hujjatlar va axborotni axborot hamkorligi orqali, shu jumladan elektron ko‘rinishda belgilangan tartibda mustaqil oladi, ushbu bandda nazarda tutilgan hujjatlar va axborot bundan mustasno.
33. “Uyjoykommunxizmat” vazirligi tariflar hisob-kitoblarni tahlil qilib, zarur tuzatishlarni tegishli tashkilotlar bilan muhokama qiladi va ularning yakunlari bo‘yicha tariflarni kelishish uchun buyurtmanomalarni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuboradi.
34. “Uyjoykommunxizmat” vazirligi tashkilotning rejalashtirish va tariflarni shakllantirish bo‘yicha kompleks jarayonini qo‘llab-quvvatlash va nazorat qilish uchun javob beradi hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, tariflarni tasdiqlash buyurtmanomalarini kelishish jarayonini muvofiqlashtiradi. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tariflarni yakuniy kelishishni amalga oshiradi.
35. Tashkilotlar tegishli hokimliklar bilan kelishgan holda, tasdiqlangan tariflar iste’molchilarga yetkazilishini ta’minlaydi.
36. Tariflar deklaratsiyasida (tasdig‘ida) narxlarni tartibga solish organi tomonidan ushbu Nizomga 10-ilovaga* muvofiq shakl bo‘yicha ko‘rsatilgan sana tashkilot xizmatlari uchun deklaratsiya qilingan (tasdiqlangan) yangi tarifni joriy etish sanasi hisoblanadi.
Bunda narxlarni tartibga solish organining tariflarni deklaratsiya qilish (tasdiqlash) to‘g‘risidagi qarori tashkilotlar tomonidan ommaviy axborot vositalarida ular kuchga kirishidan 15 kun avval majburiy tartibda e’lon qilinadi.
37. Tariflarni deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va deklaratsiya qilinadigan (tasdiqlanadigan) tarif hisob-kitobi (ushbu Nizomga 2-ilova*) yoki tarif smetasining (ushbu Nizomga 11-ilovaga* muvofiq) bitta asl nusxasi tariflar deklaratsiya qilingan (tasdiqlangan) sanadan boshlab uch kun muddatda tashkilotga, ikkinchi nusxasi O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va uning hududiy organlariga yuboriladi, uchinchi nusxasi narxlarni tartibga solish organida qoladi.
1 — 11-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Deklaratsiya qilingan (tasdiqlangan) narx darajasi saqlab qolingan taqdirda, deklaratsiya qilinayotgan (tasdiqlanayotgan) tarifni hisob-kitob qilish tarkibidagi sarflarning (xarajatlarning) bitta satri summasi sarflarning (xarajatlarning) boshqa turi satri summasi o‘zgarishi hisobiga o‘zgarganda, tashkilot tuzatish kiritilgan hisob-kitobni (ushbu Nizomga 2-ilova*) taqdim etgan holda, narxlarni tartibga solish organini ushbu o‘zgarish to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilishi shart.
38. Tariflar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va “Uyjoykommunxizmat” vazirligi bilan kelishilgan holda, tariflarni tasdiqlash uchun yangi yoki qayta ko‘rib chiqilgan buyurtmanomalarni yubormasdan inflyatsiya indeksi hisobga olinib, har yili avtomatik ravishda tuzatiladi.
39. Tashkilotlarning xarajatlari haddan ortiq oshib ketgan hollarda, tasdiqlangan tariflarni qayta ko‘rib chiqish uchun oraliq buyurtmanomalarni yuborishi mumkin.
40. Tashkilotlar choraklik moliyaviy-operatsion hisobotlarni, shuningdek, tegishli yilda tashkilotning moliyaviy hamda operatsion ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi axborotni (investitsiyalar va xizmatlar ko‘rsatish rejasida ko‘rsatilgan maqsadli ko‘rsatkichlar bilan taqqoslagan holda) o‘z ichiga olgan moliyaviy natijalar haqida yillik hisobotlar hamda investitsiyalar va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha kelishilgan rejalar bo‘yicha hisobotlarni tayyorlaydi va “Uyjoykommunxizmat” vazirligiga ko‘rib chiqish uchun yuboradi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
41. Tashkilotlar “Uyjoykommunxizmat” vazirligi va mahalliy davlat hokimiyatining tegishli organlari (hokimliklar) bilan birgalikda qayta ko‘rib chiqilgan tariflar joriy etilgandan so‘ng hisobga olish priborlari bilan qamrab olinmagan iste’molchilarning to‘lovlarini hisoblash maqsadida suv iste’moli normalarini qayta ko‘rib chiqadi.
42. Tashkilotlar “Uyjoykommunxizmat” vazirligi va tegishli hokimliklar bilan birgalikda ishlab chiqarish obyektlari va iste’molchilarni kelishilgan muddatlarda hisobga olish priborlari bilan 100 foiz qamrab olinishini ta’minlaydigan hisobga olish priborlarini joriy qilish dasturining ishlab chiqilishi va joriy etilishini ta’minlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(43-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-apreldagi 259-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2020-y., 09/20/259/0507-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(44-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-apreldagi 259-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2020-y., 09/20/259/0507-son)
45. Davlat monopoliyaga qarish kurashish organlari tartibga solinadigan tariflar to‘g‘ri shakllantirilishi va qo‘llanishi uchun davlat nazoratini amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat monopoliyaga qarshi kurashish organi ushbu Nizom talablariga qonunchilikda belgilangan tartibda rioya etilishini tekshiradi va o‘rganadi (tahlil qiladi).
(45-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
46. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(46-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.04.2019-y., 09/19/309/2947-son; 27.04.2020-y., 09/20/259/0507-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)