Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻz kuchini yoʻqotayotgan umummajburiy idoraviy hujjatlarning oʻrniga yangi normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni tayyorlash boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2018-yil 16-iyuldagi 538-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari B.V. Gulyamov zimmasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yoqilgʻi-energetika sohasi va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-mart,
226-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-martdagi 226-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Gaz xoʻjaligida xavfsizlik
qoidalari
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu qoidalar aholi punktlarida joylashgan gaz taʼminoti tizimida, sanoat korxonalarining, qishloq xoʻjaligi korxonalarining va kommunal-maishiy soha tashkilotlarining (keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb ataladi) gaz quvurlariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablarini belgilaydi.
2. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
avariya — inshootlar va (yoki) xavfli ishlab chiqarish obyektlarida qoʻllaniladigan texnik qurilmalarning buzilishi, nazorat qilib boʻlmaydigan portlash va (yoki) xavfli moddalarning chiqishi;
blokirovkalovchi qurilma — tashqi taʼsir natijasida xavfsizlik talablari buzilgan holatlarda yoki texnologik rejim buzilgan vaqtlarda gazni yoki texnologik qurilmani ishga tushirish imkonini bermaydigan uskuna;
gazdan xavfli ishlar — gazlangan muhitda yoki gaz chiqish ehtimoli mavjud gaz quvurlarida, sigʻimlarda va agregatlarda bajariladigan va buning oqibatida insonlar zaharlanishi, gaz alangalanishi va portlash sodir boʻlishi mumkin boʻlgan ishlar;
gaz — yoqilgʻi sifatida foydalanish uchun konlardan qazib olinadigan tabiiy gaz, neft gazi, gaz va neftni qayta ishlovchi sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan gazlar;
gaz quvurlari — muhiti gaz boʻlgan quvur oʻtkazgichlar;
gazni tartibga solish punkti (GTP) va gazni tartibga solish qurilmasi (GTQ) — gaz taqsimlash tarmoqlaridagi gaz bosimini pasaytirish va uni belgilangan darajada saqlab turish uchun moʻljallangan texnologik qurilma;
gaz xizmati — tashkilotlarda gazdan xavfsiz foydalanishni taʼminlash uchun gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlari egalari tomonidan tashkil etilgan tarkibiy boʻlinma;
gaz xoʻjaligi — tashkilot hududidagi gazlashtirilgan yordamchi ishlab chiqarish va maʼmuriy-maishiy binolarning gaz jihozlari, gaz quvurlari, suyultirilgan uglevodorod gazi qurilmalari, gaz quvurlaridagi inshootlar, elektr kimyoviy yemirilishdan himoyalash vositalari, GTP va GTQlar;
gaz taʼminoti tashkiloti — texnik meʼyorlar va yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilgan holda tabiiy gaz va suyultirilgan gazni qabul qilish, taqsimlash va isteʼmolchilarga yetkazib berishni taʼminlovchi tashkilot;
gaz xoʻjaligi texnik qurilmalari — gazdan yoqilgʻi sifatida foydalaniladigan ishlab chiqarish pechlari, qozonlari, gaz generatorlari, suyultirilgan uglevodorod gazi qurilmalari va boshqalar;
gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlari — tashkilot hududida joylashgan gazlashtirilgan yordamchi ishlab chiqarish va maʼmuriy-maishiy binolarning gaz jihozlari, gaz quvurlari, suyultirilgan uglevodorod gazi qurilmalari, gaz quvurlaridagi inshootlar, elektr kimyoviy yemirilishdan himoyalash vositalari, GTP va GTQlar;
gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlarining egalari — tasarrufida gaz xoʻjaligi tizimi obyektlari boʻlgan tashkilotlar;
gazning xavfli konsentratsiyasi — gazni eng pastki alangalanish chegarasining 20 foizidan oshadigan havo tarkibidagi konsentratsiyasi (gazning hajmli ulushi);
gaz taʼminoti tizimi — gaz taqsimlash stansiyasidan isteʼmolchilarga yetib boradigan gaz quvurlari, suyultirilgan uglevodorod gazi qurilmalari, gaz quvurlaridagi inshootlar va elektr kimyoviy yemirilishdan himoyalash vositalari, sanoat korxonalarining gaz jihozlari, GTP va GTQlar;
insident — xavfli ishlab chiqarish obyektlarida ishlatiladigan texnik uskunalarning shikastlanishi yoki toʻxtashi, texnologik jarayon rejimidan chetga chiqishi, qonunchilik hujjatlarida boʻlgan, shuningdek, sanoat xavfsizligi sohasidagi meʼyoriy texnik hujjatlardagi talablarning buzilishi;
ixtisoslashtirilgan tashkilotlar — asosiy faoliyat turi gaz taʼminoti tizimlarini loyihalash, qurish (montaj qilish), taʼmirlash, qayta qurish, ishga tushirish-sozlash, foydalanish va putur yetkazmaydigan nazorat qilish bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni amalga oshiruvchi tashkilotlar;
kommunal-maishiy soha tashkilotlari — ovqat tayyorlash, isitish yoki issiq suv taʼminoti maqsadida yoqilgʻi sifatida tabiiy gazdan foydalanuvchi, 1 ta gaz uskunasining yillik gaz sarfi 100000 kub metrdan yuqori boʻlgan tashkilotlar yoxud hajmi 150 litrdan ortiq boʻlgan suyultirilgan uglevodorod gazidan foydalanuvchi tashkilotlar;
maishiy gaz balloni — suyultirilgan uglevodorod gazini saqlash, tashish va undan foydalanish uchun moʻljallangan yopqich moslamali payvandlangan poʻlat ballon, ortiqcha bosimi 1,6 megapaskal (bir kvadrat santimetrda 16 kilogramm)dan yuqori boʻlmagan sigʻim;
maishiy gaz asboblari — gazdan yoqilgʻi sifatida va ijtimoiy ehtiyojlar uchun foydalaniladigan gaz plitalari, suv isitish qozonlari va pechlar;
pech va dudburonlarni qurish va koʻrikdan oʻtkazish xizmati (keyingi oʻrinlarda Dudburonlar xizmati deb ataladi) — tegishli dalolatnoma tuzgan holda pechlarni qurish, montaj qilish va taʼmirlash, shuningdek, dudburonlar, shamollatish kanallarini koʻrikdan oʻtkazish, tozalash va nosozliklarni bartaraf etish ishlari bilan shugʻullanuvchi ixtisoslashgan tashkilot;
sanoat korxonalari — yoqilgʻi sifatida tabiiy gazdan foydalanuvchi, 1 ta gaz uskunasining yillik gaz sarfi 100000 kub metrdan yuqori boʻlgan ishlab chiqarish xarakteriga ega va ega boʻlmagan yoxud yiliga 150 litrdan ortiq suyultirilgan uglevodorod gazidan foydalanuvchi isteʼmolchilar;
signalizatsiya — nazorat qilinadigan parametrlarning yuqori va quyi oʻlchamlarga yetish holatlarida ovoz yoki yorugʻlik yordami bilan xabar berilishini taʼminlaydigan uskuna;
suyultirilgan uglevodorod gazi (SUG) — tabiiy gaz, neft va gaz kondensatini qazib olishda va qayta ishlashda olinadigan, asosiy komponentlari propan va butan boʻlgan gaz;
texnik xizmat koʻrsatish — mahsulot (texnik qurilma)dan maqsadli foydalanish, saqlash va yetkazib berishda uning ish quvvati yoki sozligini saqlab turish boʻyicha bajariladigan operatsiyalar kompleksi yoki yakka operatsiya;
tashqi gaz quvuri — kiruvchi gaz quvuridan oldin oʻrnatilgan oʻchiruvchi moslamagacha boʻlgan yer osti va yer ustidan yoki binoning kirish joyidagi gʻilofgacha boʻlgan yer ostidan oʻtkazilgan gaz quvuri;
taʼmirlash — gaz quvurlari va unda oʻrnatilgan inshootlarning sozligi yoki ish quvvatini tiklash hamda uning resurslarini yoki asosiy qismlarini tiklash boʻyicha bajariladigan operatsiyalar kompleksi;
qishloq xoʻjaligi korxonalari — issiqxona, konserva yoki qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlab chiqaruvchi yoqilgʻi sifatida tabiiy gazdan foydalanuvchi, 1 ta gaz uskunasining yillik gaz sarfi 100000 kub metrdan yuqori boʻlgan ishlab chiqarish xarakteriga ega va ega boʻlmagan yoxud yiliga 150 litrdan ortiq suyultirilgan uglevodorod gazidan foydalanuvchi isteʼmolchilar.
3. Mazkur Qoidalar yoqilgʻi sifatida foydalaniladigan bosimi 1,2 mega-paskaldan yuqori boʻlmagan tabiiy gaz va bosimi 1,6 megapaskaldan yuqori boʻlmagan SUG bilan taʼminlash tizimlarini loyihalash, qurish va ulardan foydalanishda qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
Qoidalar quyidagilarga tatbiq qilinadi:
aholi punktlarida joylashgan gaz taʼminoti tizimiga;
sanoat korxonalarning, qishloq xoʻjaligi korxonalarining va kommunal-maishiy soha tashkilotlarining gaz quvurlari hamda ulardagi qurilma va jihozlarga.
4. Qoidalar:
turar joylar va ulardagi ichki gaz quvurlari va gaz jihozlariga;
gazni xomashyo sifatida ishlatuvchi kimyo, neft-kimyo, neft va gazni qazib chiqarish hamda neft va gazni qayta ishlash sanoat korxonalarining texnologik gaz quvurlari va gaz jihozlariga;
qora metallurgiya mahsulotlari ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalarining gaz xoʻjaliklariga;
gaz bilan ishlayotgan tajriba va eksperimental agregatlar va qurilmalarga;
avtomobil va temir yoʻl transporti, daryo, dengiz va havo kemalarining gaz jihozlari, shuningdek, gazdan foydalanadigan koʻchma qurilmalariga;
gaz-havo aralashmalarining portlash kuchidan foydalanuvchi yoki himoya gazlari olishga moʻljallangan qurilmalarga tatbiq etilmaydi.
5. Muhandis-texnik xodimlar uchun bilimlarni sinovdan oʻtkazish 3 yilda bir marta, ishchi-xodimlar uchun esa bir yilda kamida bir marta amalga oshiriladi.
6. Poʻlat va polietilen gaz quvurlarini payvand qilish ishlarini bajarish texnik oʻquv kurslarida oʻqitilgan va attestatsiyadan oʻtkazilgan payvandchilarga ruxsat etiladi.
7. Gaz jihozlari, texnik qurilmalar, gaz quvurlaridan foydalanish va sozlash, qurish, avtomatik himoya va signalizatsiya tizimlari, elektr kimyoviy himoya qilish vositalari, shuningdek, gazda ishlovchi qurilma va asboblardan foydalanish bilan band boʻlgan ishchilar mustaqil ishga qoʻyilishidan oldin tajribali ishchilar rahbarligida kamida oʻn kunlik ish amaliyotidan oʻtadilar.
2-bob. Loyihalash va qurish
8. Gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlarini loyihalash ishlari qonunchilikda belgilangan tartibda litsenziyaga ega boʻlgan, ixtisoslashtirilgan loyihalash tashkilotlari tomonidan bajariladi.
9. Shaharlar, aholi yashash punktlari va gaz isteʼmolchilarining gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlarini loyihalashtirishda gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan gaz bilan uzluksiz va xavfsiz taʼminlashni, shuningdek, sanoat korxonalarining gaz xoʻjaligi tizimlarini tezkorlik bilan oʻchirish imkoniyatini taʼminlashi shart.
10. Gaz taʼminoti tizimlarini qurish va oʻrnatishga oid loyiha hujjatlari shaharsozlik normalari va qoidalari, shuningdek, amaldagi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga mos boʻlishi lozim.
Gaz xoʻjaligidagi tabiiy gazdan yoqilgʻi sifatida foydalanuvchi texnik qurilmalarni loyihalashda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlarga ega boʻlgan gaz signalizatorlari tomdagi va operatorsiz qozonxonalarga oʻrnatilishi shart.
Gaz xoʻjaligidagi suyultirilgan uglevodorod gazidan yoqilgʻi sifatida foydalanuvchi texnik qurilmalarni loyihalashda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlarga ega boʻlgan gaz signalizatorlari quyidagi obyektlarda oʻrnatilishi mumkin:
hajmi 150 litrdan ortiq boʻlgan ballonli qurilmalar guruhiga;
avtonom tizimli gaz taʼminotiga;
suyultirilgan uglevodorod gazidan foydalanuvchi qozonxona va boshqa qurilmalarga.
Gaz signalizatorlari quyidagicha oʻrnatiladi:
tabiiy gazdan yoqilgʻi sifatida foydalanuvchi texnik qurilmalar oʻrnatilgan xonaning yuqori qismiga (xona shiftidan 30 santimetrdan ortiq pastda boʻlmasligi lozim);
suyultirilgan uglevodorod gazidan yoqilgʻi sifatida foydalanuvchi texnik qurilmalar oʻrnatilgan xonaning past qismiga (xona polidan 30 santimetrdan yuqori boʻlmasligi lozim).
11. Loyiha hujjatlari, berilgan texnik shartlarga mos ravishda ishlab chiqilganligi gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan tekshirilib, kelishilgan boʻlishi lozim.
12. Gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlarini loyihalash, qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiya qilish, tugatish va foydalanish Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 8-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
13. Gaz taʼminoti tizimlarini qurishda payvandlash, izolyatsiyalash va boshqa qurilish-montaj ishlari shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
14. Gaz jihozlari, uskunalari, asboblari va ularning qismlari, shu jumladan, chet eldan keltiriladiganlari, texnik reglamentlar yoki texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga mos kelishi va tasdiqlovchi tegishli hujjatlarga ega boʻlishi zarur.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlarida montaj, taʼmirlash va ishga tushirish-sozlash ishlarini bajarish uchun quyidagi faoliyat turlari boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasidan (keyingi oʻrinlarda — Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi) ruxsatnoma olinishi lozim:
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-maydagi 289-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 09/25/289/0406-son)
a) gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlarining gaz quvurlari boʻyicha:
yuqori, oʻrta va past bosimli yer usti poʻlat gaz quvurlarini montaj qilish, taʼmirlash va ishga tushirish-sozlash faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma bir yil muddatga beriladi;
oʻrta va past bosimli yer usti poʻlat gaz quvurlarini montaj qilish, taʼmirlash va ishga tushirish-sozlash faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma bir yil muddatga beriladi;
yuqori, oʻrta va past bosimli yer osti poʻlat gaz quvurlarini montaj qilish, taʼmirlash va ishga tushirish-sozlash faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma bir yil muddatga beriladi;
yuqori, oʻrta va past bosimli polietilen gaz quvurlarini montaj qilish, taʼmirlash va ishga tushirish-sozlash faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma bir yil muddatga beriladi;
b) gaz isteʼmol qiluvchi gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlari boʻyicha:
gaz isteʼmol qiluvchi gaz xoʻjaligi obyektlarida ishga tushirish-sozlash faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma bir yil muddatga beriladi;
gaz isteʼmol qiluvchi gaz xoʻjaligi obyektlarini ishga tushirish-sozlash ishlarini amalga oshirish uchun ruxsatnoma ikki oygacha muddatga beriladi;
v) gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlarining texnik qurilmalari boʻyicha:
suyultirilgan uglevodorod gaz saqlanadigan bosim ostida ishlaydigan sigʻimlar hamda hajmi 150 litrdan yuqori boʻlgan ballonlar guruhini montaj qilish faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma bir yil muddatga beriladi;
suyultirilgan uglevodorod gaz saqlanadigan bosim ostida ishlaydigan sigʻimlar hamda hajmi 150 litrdan yuqori boʻlgan ballonlar guruhini ishga tushirishdan oldin ulardan foydalanishga bir martalik ruxsatnoma beriladi.
Yuqorida qayd etilgan bir qancha faoliyat turlariga umumlashtirilgan bitta ruxsatnoma berilishi ham mumkin. Bunda uning amal qilish muddati har bir faoliyat turi uchun alohida belgilanadi.
16. Gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlarining qurilish-montaj ishlari loyihaga asosan amalga oshirilishi lozim.
17. Gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlarini qabul qilish komissiyasiga shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq tegishli tashkilotlar vakillari kiritiladi.
18. Buyurtmachi qabul komissiyasini ishlash sanasi va joyi haqida ishni boshlashdan kamida 5 kun oldin ogohlantirishi lozim.
19. Foydalanishga qabul qilayotgan komissiyaga qurilish sifatini qoʻshimcha tekshirish uchun yer osti gaz quvurining istalgan boʻlagini ochib koʻrish hamda qoʻshimcha xulosalar uchun qayta sinov oʻtkazish huquqi beriladi.
20. Qabul qilish komissiyasiga ijro-texnik hujjatlar taqdim etiladi.
21. Qurib bitkazilgan obyektlar shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq qabul qilinishi zarur.
22. Gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlarining texnik qurilmalarini ishga tushirish-sozlash ishlari ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalari talablari boʻyicha bajarilishi kerak.
3-bob. Gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlaridan foydalanish
23. Ishga tushirish-sozlash ishlari bajarilmasdan gaz isteʼmol qiluvchi tashkilotlar gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlaridan foydalanishi mumkin emas.
24. Gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlarga quyidagi vazifalar yuklanadi:
mazkur Qoidalar talablariga rioya qilish, gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlarining soz holatda saqlanishini taʼminlash, shu jumladan texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash uchun kompleks chora-tadbirlarni bajarish hamda uch bosqichli nazorat tizimini olib borish;
ijobiy tibbiy xulosaga va malakasi yetarli boʻlgan xodimlarga ega boʻlish;
xodimlarni oʻz vaqtida tayyorlash, qayta tayyorlash va bilimlarini tekshirishni tashkil etish;
individual himoya vositalari bilan taʼminlash;
gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlarida ishlarni xavfsiz olib borish uslubi va tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlarga ega boʻlish;
sanoat xavfsizligi talablari boʻyicha ishlab chiqarish nazoratini oʻrnatish va tashkil etish;
nazorat tizimi va oʻlchov asboblarining boʻlishi va ishlashini taʼminlash;
avval qurilgan gaz xoʻjaligi tizimi obyektlariga mazkur Qoidalarning 10-bandiga muvofiq gaz signalizatorlari oʻrnatish va ularning ishlashini taʼminlash;
mazkur Qoidalarga muvofiq gaz jihozlari, uskunalari, inshootlari va gaz quvurlarining texnik holatini diagnostika qilish va texnik koʻrikdan oʻtkazishni taʼminlash;
gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlarida sodir boʻlgan avariyalar, insident yoki baxtsiz hodisalar toʻgʻrisida mutasaddi organlarga belgilangan tartibda xabar berish;
avariya, insident yoki baxtsiz hodisalarning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, mutasaddi organlarga ularning kelib chiqish sabablarini tekshirishda yordam koʻrsatish va ularni hisobga olish choralarini koʻrish.
Gaz xoʻjaligida ishlatiladigan oʻlchov asboblari Oʻzbekiston Respublikasi oʻlchov asboblari Davlat reyestriga kiritilishi, belgilangan tartibda tekshirilishi va tekshirish oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlishi kerak.
25. Gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning huquqlari:
gaz bilan taʼminlovchi tashkilotlar, shuningdek, shartnoma asosida texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlarini bajaruvchi tashkilotlar bilan aloqa qilish;
gaz taʼminoti tashkiloti bilan shartnomada koʻrsatilgan miqdorda belgilangan texnik meʼyorlar va yongʻin xavfsizligi talablariga rioya etgan holda tabiiy gaz va suyultirilgan gazni tomonlar oʻzaro kelishgan tartibga muvofiq uzluksiz yetkazib berilishini talab qilish;
shartnoma boʻyicha gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlarini montaj qiluvchi, ishga tushirish-sozlash ishlarini bajaruvchi va taʼmirlovchi tashkilotlar ruxsatnomasi nusxasiga ega boʻlish;
gaz taʼminoti loyihalarini koʻrib chiqishda va gazlashtirilgan obyektlarni foydalanishga qabul qilib oluvchi komissiyalar ishida qatnashish.
26. Gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlariga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlarini tashkil etish va bajarish tartibi mazkur Qoidalar hamda jihoz va agregatlarning texnik hujjatlari boʻyicha belgilanadi.
Gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlariga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlari boʻyicha reja-jadval gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlariga ega tashkilotning rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Gaz jihoziga texnik xizmat koʻrsatish ishlari shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Gaz jihoziga texnik xizmat koʻrsatish ishlari shartnoma asosida tashkilotlar rahbarlari bilan kelishilgan holda tasdiqlangan jadvallarga asosan bajariladi.
27. Gaz bilan kesish, payvandlash va gaz alangasi bilan ishlov berishning boshqa turlariga oid ishlar, shuningdek, boshqa manbalardan ochiq olovni qoʻllash ishlari mazkur Qoidalar talablariga asosan bajariladi.
28. Gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlaridan texnik foydalanish bilan shugʻullanuvchi shaxslar uchun lavozim, ishlab chiqarish, xavfsiz ishlash uslublari va yongʻin xavfsizligiga oid yoʻriqnomalar ishlab chiqilishi kerak.
Yoʻriqnomalar gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlarining xususiyatlari, jihozni ishlab chiqargan zavod talablarini va ishlab chiqarishning aniq shartlarini hisobga olgan holda ishlab chiqiladi.
29. Lavozim yoʻriqnomasida rahbarlar va mutaxassislarning huquq va vazifalari aniq belgilanadi.
30. Ishlab chiqarish yoʻriqnomasi turli jarayonlarni bajarishning texnologik ketma-ketligi, bajariladigan ishlar sifatini tekshirish uslublari va hajmlarini oʻz ichiga oladi.
Gaz jihozlariga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlashdagi ishlab chiqarish yoʻriqnomalariga berkitish armaturasi va nazorat-oʻlchov asboblari oʻrnatilgan joylar koʻrsatilgan sxemalar ilova qilinadi.
Obyektlarda qayta qurish va texnik qayta jihozlash ishlarini amalga oshirish hamda texnologik jarayonni oʻzgartirish uchun jihozlar ishga tushirilgunga qadar ishlab chiqarish yoʻriqnomasi va texnologik sxema qayta koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi. Ushbu obyektlardan foydalanishga aloqador barcha ishchi-xodimlar amalga oshirilgan oʻzgarishlar tatbiq etilgunga qadar navbatdan tashqari yoʻriqnomadan oʻtkaziladi.
31. Yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlari haqidagi yoʻriqnomalar yongʻin xavfsizligi qoidalari talablariga muvofiq ishlab chiqilishi kerak.
32. Tashkilotlar oʻzlari foydalanayotgan gaz quvurlari va gazlashtirilgan obyektlar qurilishiga oid loyiha va ijro hujjatlarini oʻzida saqlashni taʼminlaydi.
Koʻrsatilgan hujjatlar faqat gaz xoʻjaligi tashkilotlariga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlarini bajarish holatlaridagina foydalanishga berilishi mumkin.
33. Har qaysi texnik qurilma va gaz quvuri uchun foydalanish pasporti tuzilib, unda asosiy texnik tavsiflar, shuningdek, amalga oshirilgan taʼmirlash ishlari boʻyicha maʼlumotlar koʻrsatiladi.
34. Har bir tashkilotda rahbar buyrugʻi bilan mazkur Qoidalar boʻyicha bilimi sinovdan oʻtkazilgan, rahbarlar yoki texnik maʼlumotga ega boʻlgan mutaxassislardan gaz xoʻjaligidan xavfsiz foydalanish boʻyicha javobgar shaxs tayinlanadi.
Bir necha sex (boʻlinma)larida gaz ishlatiladigan tashkilotlarda gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlaridan xavfsiz foydalanishga masʼul shaxsdan tashqari rahbar buyrugʻiga asosan tashkilotlarning alohida sexlari (boʻlinmalari)ga gaz xoʻjaligiga javobgar shaxslar tayinlanadi.
35. Gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlaridan oʻz kuchlari bilan foydalanadigan tashkilotlarda gaz xizmati tashkil etilishi mumkin. Gaz xizmatining vazifalari, tuzilmasi va uning soni tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi va uning tegishli buyrugʻi bilan tayinlanadi.
36. Tashkilotlarning gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlaridan xavfsiz foydalanishga masʼul shaxsning vazifalari lavozim yoʻriqnomasida belgilab qoʻyiladi. Yoʻriqnomada:
gaz taʼminoti rejimining xavfsizligini taʼminlash;
gaz taʼminoti loyihalarini koʻrib chiqishda va gazlashtirilgan obyektlarni foydalanishga qabul qilib oluvchi komissiyalar ishida qatnashish;
sodir boʻlishi mumkin boʻlgan avariyalarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish rejalari va yoʻriqnomalarini tuzish;
tashkilotlarning gaz xoʻjaligiga oid qoidalar, meʼyorlar va yoʻriqnomalar boʻyicha bilimlarni tekshiruvchi komissiyalar ishida ishtirok etish;
mutaxassislar va ishchilarni mustaqil ishlashga qoʻyishda ularning mazkur Qoidalar boʻyicha joriy etilgan tartiblarga amal qilishini tekshirish;
gaz quvurlari va jihozlaridan xavfsiz foydalanish va ularni taʼmirlashni muntazam nazorat qilib borish;
foydalanish va taʼmirlash vaqtida texnik hujjatlar toʻgʻri yuritilayotganini tekshirish;
sex (boʻlinma)larning gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlaridan xavfsiz foyda-lanishga javobgar shaxslariga yordam berish va ularning faoliyatini nazorat qilish;
eskirgan jihozlarni almashtirish va takomillashtirish boʻyicha reja-tadbirlar va dasturlarni ishlab chiqish;
mutaxassislar va ishchilar bilan avariyaga qarshi mashgʻulotlar oʻtkazishni tashkil etish;
Oldingi tahrirga qarang.
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi xodimlari tomonidan oʻtkaziladigan koʻrik va tekshiruvlarda ishtirok etish nazarda tutilgan boʻlishi kerak.
(36-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-maydagi 289-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 09/25/289/0406-son)
37. Tashkilotning gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlaridan xavfsiz foydalanilishiga javobgar shaxsga quyidagi huquqlar beriladi:
gaz bilan taʼminlovchi tashkilotlar, shuningdek, shartnoma asosida texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlarini bajaruvchi tashkilotlar bilan aloqa bogʻlash;
qoidalar, meʼyorlar va yoʻriqnomalar boʻyicha bilimi sinovdan oʻtkazilmagan yoki qoniqarsiz deb topilgan shaxslarga gaz jihozlariga texnik xizmat koʻrsatish va gazdan xavfli ishlarni bajarishga ruxsat bermaslik;
mazkur Qoidalar talablarini buzayotgan shaxslarga intizomiy chora koʻrish haqida tashkilot rahbariga takliflar kiritish;
mazkur Qoidalar talablariga javob bermaydigan gaz qurilmalaridan foydalanishga ruxsat bermaslik;
mazkur Qoidalar talablariga javob bermaydigan gaz quvurlari va jihozlari ishini toʻxtatib qoʻyish;
sex (boʻlinma)larda gaz xoʻjaligi tizimlaridan xavfsiz foydalanishga masʼul shaxslar, gaz xizmati mutaxassislari va ishchilarini tanlashda ishtirok etish.
38. Aholi punktlarida joylashgan sanoat korxonalari, qishloq xoʻjaligi korxonalari va kommunal-maishiy soha tashkilotlarining gaz jihozlari va gaz quvurlariga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlari shartnoma asosida, gaz taʼminoti tashkiloti yoki ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan bajariladi.
39. Sanoat korxonalarining gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlaridan foydala-nish gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlarining egasi hisoblangan tashkilotlar yoxud shartnoma boʻyicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
40. Yertoʻla va texnik pol ostilarini doimiy shamollatish va gazlanganligini gaz taʼminoti tashkilotlari tomonidan tekshirish uchun imkoniyat yaratish va yer osti muhandislik kommunikatsiyalarining kirish joy (nuqta)laridagi germetikligini taʼminlashga bino egalari javob beradi.
41. Tashqi gaz quvurlari va inshootlariga xizmat koʻrsatish va taʼmirlashni tashkil etish ushbu Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq olib boriladi.
Sanoat korxonalari gaz taʼminoti va ichki gaz quvurlari hamda gaz jihozlariga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ushbu Qoidalarning 2-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Nazorat-oʻlchov asboblari, avtomatlashtirish va signalizatsiya tizimlariga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ushbu Qoidalarning 3-ilovasiga muvofiq bajariladi.
Gazni tartibga solish punkti va gazni tartibga solish qurilmasiga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash ushbu Qoidalarning 4-ilovasiga muvofiq olib boriladi.
Yemirilishdan elektr kimyoviy usulda himoyalash qurilmalariga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ushbu Qoidalarning 5-ilovasiga muvofiq taʼminlanadi.
Avariya vaziyatlarining oldini olish va bartaraf etish ishlari ushbu Qoidalarning 6-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
4-bob. Avariyalar va baxtsiz hodisalarni tekshirish tartibi
42. Agar aholi punktlarida joylashgan gaz taʼminoti tizimida, sanoat korxonalarining gaz quvurlari, ulardagi qurilma va jihozlarda avariyalar va baxtsiz hodisalar sodir boʻlgan taqdirda tegishli komissiya tomonidan ularni tekshirish ishlari olib boriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
43. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi vakili va baxtsiz hodisani tekshirish komissiyasi aʼzolari yetib kelgunlariga qadar tashkilot maʼmuriyati va avariya dispetcherlik xizmati, baxtsiz hodisa yoki avariya roʻy bergan vaziyat holatini, agar bu holat insonlarning salomatligi va hayotiga xavf solmasa hamda tashkilotning uzluksiz ish tartibi buzilishiga olib kelmasa, saqlab turishni taʼminlashlari kerak.
(43-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-maydagi 289-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 09/25/289/0406-son)
5-bob. Mazkur Qoidalar talablariga rioya qilinishi
Oldingi tahrirga qarang.
44. Mazkur Qoidalar talablari bajarilishi yuzasidan davlat nazorati Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Davlat yongin xavfsizligi xizmati, “Oʻzenergoinspeksiya”, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, shuningdek, boshqa vakolatli davlat organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
(44-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-sentabrdagi 603-sonli qarori tahririda)
6-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
45. Ushbu Qoidalarning talablari buzilishiga yoʻl qoʻygan (nosozlikka yoki odamlar bilan baxtsiz hodisa yuz berishiga olib kelganligi-kelmaganligidan qatʼiy nazar) gaz quvurlari va gaz jihozlaridan foydalanuvchi tashkilotlar, loyihalash, qurilish-montaj, sozlash tashkilotlarining rahbarlari, muhandis-texnik va ishchi xodimlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(45-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalariga
1-ILOVA
1-ILOVA
Tashqi gaz quvurlari va inshootlariga xizmat koʻrsatish va taʼmirlashni tashkil etish
1. Gaz quvurlari orqali uzatiladigan tabiiy gaz texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq berilishi kerak.
2. Gaz taʼminoti tashkilotlari tomonidan tashqi gaz quvurlari va inshootlar hidning intensivligini aniqlash uslubiga muvofiq tekshiriladi.
Nazorat punktlari va gazdan namuna olish muddatlari gaz taʼminoti tizimi hamda gaz sarfiga koʻra belgilanadi. Tekshiruvlar natijalari maxsus jurnalda qayd etiladi.
3. Shahar va aholi yashaydigan joylardagi gaz tarmoqlarida bosim yiliga kamida ikki marotaba (qishda va yozda) gaz sarfi eng koʻp boʻlgan soatlarda va turli nuqtalarda gaz xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan tekshiriladi.
Gaz taqsimlash stansiyalarining chiqishdagi gaz bosimi miqdori gaz taʼminoti tashkilotlari tomonidan loyihada belgilangan nominal darajada ushlab turiladi.
Tarmoqlardagi bosimni oʻlchash nuqta (punkt)larini gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlarining egalari yoki ular tomonidan tashkil etilgan tarkibiy boʻlinmalar belgilaydi.
4. Gaz quvurlaridagi namlik va kondensat borligini tekshirish hamda ularni chiqarib tashlash ishlari, gaz quvurlarida kondensat toʻsiqlari paydo boʻlish ehtimolidan oldinroq gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.
Tekshirish muddatlarini gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlarining egalari belgilaydi.
5. Gaz quvurlariga oʻrnatilgan berkitish armaturasi va kompensatorlarga har yili gaz xoʻjaligi tizimi obyektlari egasi tomonidan texnik xizmat koʻrsatiladi va zarur holatlarda taʼmirlanadi. Zulfinlar, joʻmraklar, kompensatorlar almashtirilganligi, shuningdek, mukammal taʼmirlashda bajarilgan ishlar haqidagi maʼlumotlar gaz quvurining pasportiga, texnik xizmat koʻrsatish haqida esa jurnalga yozib boriladi.
6. Ishlatilayotgan gaz quvurlari gaz xoʻjaligi tizimlari obyektlarining egasi tomonidan muntazam kuzatib boriladi, texnik holati tekshiriladi, joriy hamda mukammal taʼmirlanadi.
7. Tashqi gaz quvurlari va inshootlarining texnik holatini nazorat qilish belgilangan muddatlarda koʻrikdan oʻtkazish orqali olib boriladi.
8. Yer usti gaz quvurlarini tekshirish vaqtida gaz sizib chiqishi, tirgovuchlardan chetga surilganligi, tebranish borligi, egilganligi, gaz quvurining ruxsat etilmagan darajada egilishi, choʻkishi, tayanchlarning egilishi va shikastlanishi, himoya flanetslarining ulanishi, yopish moslamalarining holati, elektr oʻtkazgichlari tushib ketishidan himoyalash vositalari, gaz quvurlarining mahkam oʻrnatilganligi va boʻyalganligi koʻrib chiqiladi. Yer usti gaz quvurlarini koʻzdan kechirish uchun koʻrikdan oʻtkazish gaz taʼminoti tashkiloti ishchisi tomonidan har oyda bir marotaba amalga oshiriladi.
Aniqlangan nosozliklar bartaraf etilishi, gaz quvurlari boʻyoqlarining shikastlangan joylari qayta boʻyalishi kerak. Balandlikda joylashgan gaz quvurlarini taʼmirlashda koʻchma narvonlardan foydalanish taqiqlanadi.
9. Gaz taʼminoti tashkiloti ishchisi yer ostidagi gaz quvurlarini koʻzdan kechirish uchun koʻrikdan oʻtkazish vaqtida quyidagilarni bajarishi kerak:
gazni aniqlash maxsus asboblar yordamida yoki hidi hamda tashqi belgilarga qarab gaz sizib chiqayotganligi holatini aniqlash;
barcha quduqlar va nazorat naychalari, shuningdek, boshqa yer osti kommunikatsiyalarining quduq hamda kameralari, binolarning yertoʻlalari, shaxtalar, kollektorlar, yer osti oʻtish yoʻllari, gaz quvurining ikkala tomonida 15 metrgacha oraliqda joylashgan boʻlsa, gazni aniqlash maxsus asboblar yordamida nazorat qilinishi;
gaz inshootlarining devorlardagi koʻrsatkichlari va nishonlarining butunligi hamda ahvoli tekshirilishi;
gaz quduqlarining qopqoqlari qor, muz va ifloslanishlardan tozalanishi;
gaz quvuri trassasi oʻtgan joyda tuproq oʻpirilishi, erigan qor va yomgʻir suvlari bilan yuvilishining oldini olishni aniqlash maqsadida uning ahvoli koʻzdan kechirilishi;
gaz quvurining ikki tomonidan 15 metrgacha masofada olib borilayotgan qurilish ishlari nazorat qilinishi va gaz quvurlarining butunligini taʼminlashi va zararlanishdan saqlanishi.
10. Gaz quvurini tekshirayotgan ishchilar gaz quvuri trassasida gaz sizib chiqayotgani aniqlanganda bu haqda zudlik bilan avariya-dispetcherlik xizmati va obyektlarning egasi boʻlgan gaz taʼminoti tashkiloti rahbarlarini xabardor qiladi. Gaz quvuridan 50 metr radiusda joylashgan gaz toʻplanishi mumkin boʻlgan yertoʻlalar, binolarning birinchi qavatlari, quduqlar, kameralar va boshqa inshootlarni shamollatish va qoʻshimcha ravishda maxsus gazni aniqlovchi asboblar bilan tekshirish choralarini koʻradi.
Avariya brigadasi yetib kelgunga qadar bino ichidagi odamlarni tashqariga chiqarishi hamda ularni chekish, ochiq olov va elektr asboblaridan foydalanish mumkin emasligi haqida ogohlantiradi.
11. Yer ostidagi gaz quvurlarini tekshirish muddati gaz taʼminoti tashkiloti bosh muhandisi tomonidan belgilanib, tekshirish gaz quvurlarining texnik holati, ulardan qachondan beri foydalanilayotgani, yemirilish xavfi va elektr kimyoviy himoyalovchi vositalarning ishlash samaradorligi, gaz bosimi, yertoʻlalarning gazlanishi, gazanalizatorlarning mavjudligi, tuproqning holati, togʻ siljish va seysmik holatlar, joyning tafsiloti va undagi qurilmalarning joylashish zichligi, shuningdek, yil fasliga koʻra amalga oshiriladi.
12. Yer ostidagi gaz quvurlari trassalarini kamida ikki nafar kishidan iborat brigada koʻrikdan oʻtkazishi kerak. Aholi punktlarining qurilmalar boʻlmagan qismida, shuningdek, yoʻllarning transport yurmaydigan, gaz quvurlaridan 15 metr oraligʻida, quduqlar va boshqa yer osti kommunikatsiyalari boʻlmagan qismidagi gaz quvurlari trassalarini bir nafar ishchi koʻrikdan oʻtkazishi mumkin.
13. Yer ostidagi gaz quvurlarini tekshiruvchiga yoʻnalish xaritalari maxsus jurnalga imzo qoʻydirish orqali beriladi. Unda gaz quvurlari yoʻnalishlari sxemalari, gaz inshootlarining oʻrnatilgan joyi, binolar yertoʻlalari va gaz boʻlishi mumkinligi tekshiriladigan kommunikatsiyalarning quduqlari turgan joylar koʻrsatiladi. Gaz tarmoqlaridagi oʻzgarishlar boʻyicha yoʻnalish xaritalariga yil davomida tegishli oʻzgartirishlar kiritib boriladi. Birinchi marta tekshiruvga chiqayotgan ishchilar gaz quvurlari trassasi bilan toʻliq tanishtiriladi.
14. Yer osti gaz quvurini koʻrikdan oʻtkazish natijalari maxsus jurnalda qayd etiladi. Nosozliklar borligi aniqlangan taqdirda yoki oʻzboshimchalik bilan gaz quvurlarining himoya zonasida ishlar olib borilganda ishchi tomonidan oʻz rahbariga xabar beriladi hamda bildirishnoma taqdim etiladi.
15. Tashkilot hududidan oʻtuvchi yer osti gaz quvuri trassasi boʻylab har ikkala tomonidan 2 metr kenglikda joy ajratilgan boʻlishi va toʻsiqlar boʻlmasligi kerak. Ushbu hududda bino va inshootlar qurilishining normativ hujjatlar qoidalariga asosan bajarilishi talab etiladi.
16. Hududidan gaz quvuri tranzit usulida oʻtkazilgan tashkilot maʼmuriyati gaz taʼminoti tashkiloti ishchilariga uni koʻzdan kechirish va taʼmirlash ishlarini olib borish hamda avariya holatlarining oldini olish va bartaraf etish uchun imkoniyat yaratib beradi.
17. Gaz quvuridan 50 metr radiusda oʻtkazilgan yonma-yon yer osti kommunikatsiyalarining egalari ularda gaz yigʻilganligini tekshirish uchun quduqlar va kameralarning qopqoqlarini oʻz vaqtida qor, muz va iflosliklardan tozalab turilishini taʼminlaydi.
18. Foydalanishda boʻlgan yer osti gaz quvurlari ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni jalb etgan holda putur yetkazmaydigan nazorat usuli bilan texnik tekshiruvdan oʻtkazib boriladi.
19. Yigirma besh yilgacha foydalanilgan yer ostidagi poʻlat gaz quvurlari 5 yilda kamida bir marta, yigirma besh yildan ortiq foydalanilganlari esa — 3 yilda kamida bir marta texnik tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Mukammal taʼmirlash yoki almashtirish rejasiga kiritilgan poʻlat gaz quvurlari yiliga kamida bir marta tekshiruvdan oʻtkazilishi kerak.
20. Yer osti poʻlat gaz quvurlarini navbatdan tashqari maqsadli tekshiruvdan oʻtkazish ishlari payvand choklarining zichligi buzilganda yoki uzilganda, yemirilishdan himoyalovchi qoplamasi shikastlanganda — elektrdan himoyalovchi qurilmalari yil davomida:
daydi toklarning xavfli taʼsir etish zonalarida — bir oydan ortiq vaqt mobaynida ishlamaganda;
boshqa holatlarda, agar gaz quvurlari boshqa moslamalar bilan himoyalanmagan boʻlsa — 6 oydan koʻp vaqt mobaynida ishlamaganda oʻtkaziladi.
21. Yer osti poʻlat gaz quvurlarini texnik tekshirish vaqtida uning germetikligi, payvand choklarining sifati, yemirilish xavfi borligi, quvurlarning himoyalovchi qoplamasi hamda metallning holati tekshiriladi.
22. Quvur metalli holati gaz quvuridan foydalanish jarayonida himoyalash qobigʻini taʼmirlash yoki gaz sizib chiqishini bartaraf etish uchun qaziladigan barcha shurflarda aniqlanadi.
23. Yer osti poʻlat gaz quvurlari metall himoya qobigʻi holatini aniqlash maqsadida faqat himoyalash qoplamasi shikastlangan, shuningdek, asboblardan foydalanish putur yetkazmaydigan nazorat usuli bilan texnik tekshiruvni oʻtkazish qiyin boʻlgan holatlarda (quvurlar tepasida kamida 1,5 metr uzunlikda nazorat shurflari qazilib) tekshirish ishlari amalga oshiriladi.
Putur yetkazmaydigan nazorat usuli bilan texnik tekshiruv oʻtkaziladigan joylarda nazorat shurflari qaziladigan shurflar va ularning sonini gaz taʼminoti tashkiloti bosh muhandisi aniqlaydi. Hech qanday asbobsiz oddiy koʻz bilan tekshirish uchun yemirilish (zanglash) xavfi yuqori boʻlgan joylar, gaz quvurlari boshqa yer osti kommunikatsiyalari bilan kesishgan joylar, kondensat toʻplagichlar va gidrozatvorlar tanlanadi.
24. Yer osti gaz quvurlari germetikligini va gaz sizib chiqayotgan joylarini aniqlash ishlari quduqlarni burgʻulash va maxsus asboblar yordamida namunalar olish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
25. Taqsimlovchi gaz quvurida quduqlarni burgʻulash ishlari gaz quvuri ulangan joylarda olib boriladi. Ulanish nuqtalarining joylashuvi koʻrsatilgan sxemalar boʻlmagan holatlarda kirish gaz quvurlarida quduqlarning oʻrni har ikki metr oraligʻida tanlanadi. Qishda burgʻulash chuqurligi tuproqning muzlash chuqurligidan kam boʻlmasligi, yilning boshqa fasllarida esa — quvurlar yotqizilgan chuqurlikka mos boʻlishi kerak. Quduqlar gaz quvuri devoridan kamida 0,5 metr narida qaziladi.
Gaz sizib chiqishini aniqlash uchun maxsus asboblardan foydalanilganda quduqlarni kamroq chuqurlikka va gaz quvurining oʻqi boʻylab qazishga ruxsat etiladi, bunda yer osti gaz quvurining ustidan qazilgan quduqqacha boʻlgan masofa 40 santimetrdan kam boʻlmasligi lozim.
26. Burgʻulangan quduqlarda gaz borligini aniqlash uchun maxsus asboblardan foydalaniladi. Quduqlarda gaz borligini aniqlash uchun ochiq olovdan foydalanish taqiqlanadi.
27. Gaz quvurlarining germetikligini qurilish meʼyoriy qoidalariga muvofiq siqilgan havo bilan tekshirishga ruxsat etiladi.
28. Polietilen gaz quvurlaridan foydalanuvchi tashkilot ularning zichligini yuqori darajada sezgir gaz aniqlovchi asboblar yordamida (imoratlar qurilgan joydagi qismi — yiliga kamida bir marta va asosan bahorda, imoratlar qurilmagan joydagi qismi esa — besh yilda kamida bir marta) texnik tekshiruvdan oʻtkazishi kerak.
29. Texnik tekshiruv natijalari asosida dalolatnoma tuzilib, unda aniqlangan kamchiliklarni hamda texnik holatni inobatga olgan holda gaz quvurini bundan keyin foydalanish mumkinligi, uni taʼmirlash yoki almashtirish zarurligi va muddatlari haqida xulosa beriladi. Texnik tekshiruv haqidagi dalolatnomani ushbu ishlarni bajargan tashkilot rahbari tasdiqlaydi.
30. Suv ostidan oʻtadigan gaz quvurlarini tekshiruvdan oʻtkazish ularning joylashgan oʻrni va himoya qobigʻi shikastlanganligini aniqlashdan iborat boʻladi. Bu ishlar kamida besh yilda bir marta amalga oshiriladi.
31. Gaz quvurlaridagi gaz sizib chiqishi avariya tartibida bartaraf etiladi. Binolar yertoʻlalari, bino poli osti, kollektorlar, yer osti oʻtish yoʻllari va galereyalarda xavfli miqdorda gaz toʻplanganligi aniqlanganda gaz taʼminoti zudlik bilan toʻxtatiladi. Nosozliklar bartaraf etilgunga qadar ulardan foydalanish taqiqlanadi.
32. Har kuni nazorat qilish sharti bilan tashqi gaz quvurlarida gaz sizib chiqish holatlarini vaqtinchalik (oʻn besh kungacha) toʻxtatish uchun xavfsizlik qoidalariga rioya etgan holda bandaj, yogʻoch ponasi, loyli bint yoki xomut oʻrnatishga ruxsat etiladi.
33. Uchma-uch ulangan gaz quvurlari shikastlanishi (uzilishi, yorilishi)ning uzunligi 200 millimetrdan kam boʻlmagan gʻaltakcha payvandlash yoki mufta oʻrnatish yoʻli bilan taʼmirlanadi.
Uchma-uch ulangan gaz quvurlarining boshqa nuqsonlari (shlakli ulanish, chala payvandlangan va ruxsat etilgan meʼyordan ortiqcha gʻovaklik) hamda quvur devori qalinligidan 30 foizdan yuqori boʻlgan chuqurchalar muftalar oʻrnatish yoʻli bilan kuchlantiriladi.
Gaz quvurlari va ularning armaturlarini taʼmirlash, yangi qurilgan gaz quvurlarini ishlab turgan gaz tarmoqlariga ulash ishlari bilan bogʻliq boʻlgan quvurlarni rejali oʻchirish hamda qayta gaz berish vaqti haqida isteʼmolchilarni kamida bir sutka oldin ogohlantiradi.
34. Yer osti poʻlat gaz quvurlariga ega tashkilot oʻz vaqtida ushbu quvurlar himoya qoplamasini taʼmirlaydi va keyingi yemirilishlarning oldini olish choralarini koʻradi. Daydi toklar taʼsir qiladigan joylarda yoki odamlar toʻplanishi mumkin boʻlgan binolar yaqinida joylashgan gaz quvurlari himoya qoplamasining nuqsonlari birinchi navbatda bartaraf etiladi.
35. Yer osti poʻlat gaz quvurlarini ulash va taʼmirlash davrida payvandlash, izolyatsiya qilish va ularning sifatini nazorat qilish ishlari qurilish meʼyoriy qoidalari talablariga muvofiq bajariladi.
36. Polietilen gaz quvurlari germetikligini taʼminlamayotgan shikastlangan qismlari, ajralmaydigan birikmali uzellari va ulanish detallari kesib tashlanadi va yangilanadi.
37. Yer osti gaz quvuridan 15 metr masofada qurilish, shu jumladan yer qazish ishlari faqat gaz taʼminoti tashkiloti bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan yer osti gaz quvurlarining joylashish sxemasi bogʻlamlari bilan ilova qilinadi.
Yer qazish ishlarini amalga oshiruvchi tashkilot gaz taʼminoti tashkilotiga kelishish uchun ishlarni bajarish loyihasini taqdim etadi.
Agar gaz quvurlarining himoya zonasida qurilish ishlarining tegishli yozma ruxsatsiz olib borilayotganligi aniqlansa, foydalanuvchi tashkilot ishlarni toʻxtatish choralarini koʻradi.
38. Yer ostidagi gaz quvurlari trassasi yaqinida zarbali mexanizmlar va yer qazish texnikasini ishga tushirishdan oldin qoʻlda shurflar qazish yoʻli bilan quvurning qayerda joylashganligi aniqlab olinadi.
Yerni yumshatuvchi zarbali mexanizmlarni yer osti gaz quvuridan kamida 3 metr, vertikal oʻqidan sezilarli darajada ogʻishi mumkin boʻlgan mexanizm (shar, pona-baba va boshqa)lar esa kamida 5 metr masofada ishlatilishi mumkin.
Gaz quvurlarini mexanizmlar bilan kavlab ochishga quvurlarni joylashgan joyi va chuqurligi asboblar bilan aniqlangandan keyin ruxsat beriladi. Bunda gaz quvurining ustidagi tuproqning 200-300 millimetr qalinlikdagi oxirgi qatlamini qoʻlda belkuraklar yordamida, himoya qoplamasini saqlash choralariga rioya qilgan holda olib tashlanadi.
39. Yer ostidagi poʻlat gaz quvurlari mexanik ravishda shikastlanib, asosiy holatiga nisbatan siljib qolgan boʻlsa, gaz sizib chiqishini bartaraf etish ishlarini bajarish bilan bir vaqtda, gorizontal va vertikal boʻyicha shikastlangan joyining ikkala tomonidagi bittadan ulanish joylari ochilib, radiografik usulda tekshirilishi kerak. Gaz quvurining shikastlanishi natijasida choklari uzilganligi va yorilganligi aniqlansa, quvurning keyingi ulanish joyi qoʻshimcha kavlab ochiladi va radiografik usulda tekshiriladi.
Qurilish meʼyoriy qoidalarida ruxsat etilmagan choklar chala payvandlanganligi, gʻovaklar koʻpligi va yoʻl qoʻyilmaydigan boshqa nuqsonlar borligi aniqlanganda, payvand choklarining sifati navbatdan tashqari tekshiruvdan oʻtkaziladi.
40. Ishlayotgan yer osti poʻlat gaz quvuri yaqinida binolar, kanallar, kollektorlar va tonnellar qurilgan hamda gaz quvurlari ana shu muhandislik inshootlari bilan kesishgan holatlarda qurilish tashkilotlari tomonidan loyihada koʻrsatilgan talablar amalga oshiriladi.
41. Temir yoʻl va avtomobil yoʻllari bilan kesishish joylarida gaz quvurlari oldingi tekshiruv hamda taʼmirlash sanasidan qatʼiy nazar, yoʻl asosini kengaytirish va mukammal taʼmirlash paytida qayta tekshiriladi va zarur boʻlsa, taʼmirlanadi yoki almashtiriladi.
Gaz xoʻjaligidan foydalanuvchi tashkilotlar yoʻllarning taʼmirlanishi yoki kengaytirilishi toʻgʻrisida yerni kavlash ishlari boshlanishidan oldin xabardor qilinishi lozim.
Gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalariga
2-ILOVA
2-ILOVA
Sanoat korxonalari va qishloq xoʻjaligi korxonalari gaz taʼminoti, ichki gaz quvurlari va gaz jihozlariga xizmat koʻrsatish va taʼmirlashni tashkil etish
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Gaz sizib chiqayotgan gaz jihozlaridan foydalanganda xavfsizlik avtomatikasi hamda oʻzboshimchalik bilan oʻrnatilgan jihozlar gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan isteʼmolchini ogohlantirmasdan gaz taʼminotidan uzib qoʻyiladi.
2. Gaz quvurlari oʻtkazilgan hamda gaz jihozlari va armaturalari oʻrnatilgan xonalarga xizmat koʻrsatuvchi xodimlar kirishi uchun imkoniyat yaratilishi kerak. Ulardan omborxona, ustaxona va boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
Gaz quvurlariga yuk osish va ulardan tayanch konstruksiyalar hamda yerga ulagichlar sifatida foydalanish taqiqlanadi.
3. Himoya va nazorat asboblarini ulamasdan gaz jihozlarini ishlatish taqiqlanadi.
4. Ishlayotgan gaz jihozlarini doimiy nazoratsiz qoldirishga ruxsat etilmaydi.
5. Mavsumiy ishlaydigan gaz jihozlari isitish mavsumi yakunlangandan soʻng gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan tarmoqdan tamgʻalash yoʻli bilan uzib qoʻyiladi. Nosoz va mavsumiy ishlaydigan gaz jihozlarining gaz quvuridan uzib qoʻyilganligi toʻgʻrisida dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
6. Gaz jihozlarini boʻlaklarga ajratib taʼmirlashda hamda xona va binolarni toʻliq taʼmirlashda gaz quvurlari va jihozlari gaz taʼminoti tizimlaridan tiqinlar oʻrnatish orqali uzib qoʻyiladi.
2-bob. Sanoat obyektlariga qoʻyiladigan talablar.
2.1. Tabiiy gazga qoʻyiladigan talablar
7. Sanoat korxonalarining va qishloq xoʻjaligi korxonalarining gaz jihozlari oldiga gazdan xavfsiz foydalanish boʻyicha yoʻriqnoma ilib qoʻyiladi.
8. Sanoat korxonalarining va qishloq xoʻjaligi korxonalarining gaz jihozlari va gaz quvurlariga har yili bir marta texnik va uch marta profilaktik xizmat koʻrsatiladi.
Pechlarni qurish, montaj qilish va taʼmirlash, shuningdek dudburonlar, shamollatish kanallarini koʻrikdan oʻtkazish, tozalash va nosozliklarni bartaraf etish ishlarini bajarish uchun obyektning egasi tomonidan Dudburonlar xizmati jalb qilinadi.
9. Quyidagi holatlarda gaz jihozlaridan doimiy xizmat koʻrsatuvchi xodimlarsiz foydalanishga ruxsat etiladi:
gaz jihozlari xavfsizlik himoyasi va avtomatik tizim bilan jihozlanganda;
binoda gaz chiqishini aniqlaydigan asboblar mavjud boʻlib, ularning maʼlumoti doimiy navbatchi boʻladigan xonaga ulanganda;
gaz jihozlarini avariyaviy toʻxtatishga bogʻliq ishlarni bajaradigan, dispetcherga tezkor boʻysunadigan navbatchi xodimlar boʻlganda.
10. Himoya tizimi ishga tushirilganda quyidagi holatlarda gaz berilishi avtomatik tarzda toʻxtatiladi:
yondirgichlar oldida gaz bosimining koʻtarilishi yoki pasayishida;
dudburondagi havo soʻrishining pasayishida;
majburiy havo berish bilan jihozlangan qozon yondirgichlari oldida havo bosimi pasayganda;
qozon ishlab turganda yondirgichlar olovi oʻchib qolganda;
himoya tizimlarida nosozlik yuzaga kelganda;
oʻlchov vositalarida, avtomatik va oraliq boshqaruv qurilmalarida elektr toki berilishi toʻxtatilganda yoki uning kuchlanishi yoʻqolganda;
gazlanish sezilganda, gaz jihozlari va quvurlarda gaz sizib chiqishi holatlari aniqlanganda;
yondirgichlar oldidagi berkituvchi armaturalarni zichligi yoʻqolganda va saqlovchi qurilmalar ishdan chiqqanda.
Bundan tashqari, sanoat obyektlarida xizmat koʻrsatuvchi xodimlar tomonidan gaz berilishi quyidagi holatlarda zudlik bilan oʻchirilishi kerak:
gaz yoʻllaridagi portlash klapanlari oʻrnatilgan joylar zichligi buzilganda;
gaz ishlatuvchi qurilmalarning yondirgichlarida nosozliklar paydo boʻlganda;
nazorat-oʻlchov asboblari, avtomatik ishlaydigan va signalizatsiya vositalari nosoz holatga kelganda;
oʻtxona boʻshligʻida portlash yuz berganda, gaz portlaganda yoki gaz yoʻllaridagi yonuvchi qatlamlar yonganda;
berkitish armaturalarini masofadan boshqarish, himoya tizimlari hamda jihoz yoki ishchi xodimlarga xavf tugʻdiradigan yongʻin sodir boʻlganda;
gaz jihozlarida rejali ogohlantiruv taʼmirlash ishlari oʻtkazilayotganda.
11. Gaz jihozini (toʻxtatilgandan soʻng mazkur ilovaning 10-bandi talablariga muvofiq) ishga tushirish tartibi ishlab chiqarish yoʻriqnomasida belgilab qoʻyiladi. Bunda gazning berilishi nosozliklar bartaraf etilgandan keyin amalga oshiriladi.
12. Gaz jihozlarini taʼmirlashdan oldin ularning oʻtxonalari yoki gaz yoʻllarini taʼmirlash va koʻzdan kechirish, shuningdek, mavsumiy ishlaydigan qurilma gaz jihozlari, oʻt oldirish yondirgichlari, gaz quvurlari, gaz tarmogʻidan berkitish armaturalaridan keyin tiqin oʻrnatish va sanoat obyektining masʼul xodimlari tomonidan tamgʻalash yoʻli bilan oʻchirish lozim.
13. Sanoat korxonasi va qishloq xoʻjaligi korxonasi maʼmuriyatidan mavsumiy ishlatiladigan qurilmalar, jumladan isitish qozonlarini ishga tushirishdan oldin quyidagilar talab etiladi:
Gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalari talablariga muvofiq xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning bilimlarini tekshirish;
gaz jihozlari va avtomatik nazorat tizimlarini koʻrikdan oʻtkazish va joriy taʼmirlash;
gaz yoʻllarini tozalash va shamollatish tizimlari sozligini tekshirish.
Koʻrsatilgan ishlar bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlgandagina gaz berishga ruxsat etiladi.
14. Qozon va pech agregatlari ishga tushirilishidan oldin ularning oʻtxonalari va gaz yoʻllari shamollatiladi. Shamollatish vaqti ishlab chiqaruvchi zavod yoʻriqnomasida belgilanadi. Shamollatishning tugaganligi gazni aniqlovchi maxsus asboblar yordamida tekshiriladi.
Gaz quvuridagi yondirgichdan oldingi berkitish armaturasini yondirish qurilmasi ishga tushirilgach yoki unga yonayotgan oʻt oldirgich qurilmasi yaqinlashtirilgandan soʻng ochish mumkin.
15. Agar yondirgichni oʻt oldirish yoki uni sozlash jarayonida alanga uzilib, ichiga oʻtib ketsa yoxud oʻchib qolsa, yondirgich va oʻt oldirgich qurilmasiga gaz berilishi zudlik bilan toʻxtatiladi.
Xavfsizlik quvurlari va gaz yondirgich moslamalari orqali qozon gaz quvurlarini puflash taqiqlanadi.
Pech va agregatlarga yetkazib beriladigan quvurlarga uzatilayotgan gaz tajriba yoki hisoblash yoʻli bilan aniqlangan vaqt davomida va ishlab chiqaruvchi zavod yoʻriqnomasida koʻrsatilganidek, tizimdagi barcha havo zichlab chiqarilgunga qadar haydaladi. Gaz haydashning tugaganligi qozon gaz quvurlari ichida kislorod borligini tahlil qilish yoʻli bilan aniqlanadi. Bino (imorat, xona) hajmiga nisbatan kislorod bir foizdan koʻp boʻlsa yondirgichlarni yoqish taqiqlanadi.
16. Taʼmirlanadigan qozon, pech va boshqa agregatlarning tutun yoʻllari umumiy yoʻnalishdan shiberlar yoki toʻsiqlar yordamida ajratib qoʻyiladi.
17. Barcha qurilmalar oʻchirilgandan soʻng yetkazib beruvchi va xavfsizlikni taʼminlovchi gaz quvurlaridagi berkitish armaturalari doim ochiq holatda boʻlishi lozim.
18. Sex yoki qozonxonada portlash va yongʻin yuz berganda gaz quvurining kirish qismidagi oʻchirish qurilmalari darhol berkitilishi kerak.
2.2. Suyultirilgan uglevodorod gazi (SUG)ga qoʻyiladigan talablar
19. Gaz ballonli qurilmalarning germetikligini gazning ishchi bosimi ostida aniqlovchi asbob bilan yoki sovun koʻpigidan foydalanib tekshirishga ruxsat etiladi. Barcha maishiy gaz ballonlari besh yilda bir marta texnik tekshiruvdan oʻtkaziladi.
20. Gaz bilan toʻldirilgan ballonlar loyiha boʻyicha maxsus ajratilgan joylarda saqlanadi.
21. SUG bilan toʻldirilgan ballonlar saqlanadigan omborlarning pollari tekis, sirpanmaydigan va turli jismlar zarbidan uchqun chiqarmaydigan materiallardan tayyorlanadi.
22. Omborxonada toʻldirilgan va boʻsh ballonlar alohida saqlanishi kerak. Ularning oʻrni “Toʻldirilgan ballonlar” va “Boʻsh ballonlar” degan yozuvlar bilan belgilab qoʻyiladi.
23. SUG bilan toʻldirilgan ballonlarni yengil alangalanuvchi moddalar va yonish jarayonini kuchaytiradigan texnik gazlar (kislorod) bilan birgalikda saqlashga ruxsat berilmaydi.
24. SUG bilan toʻldirilgan ballonlar saqlanadigan omborlar (yoki ochiq maydonlar) atrofidagi 20 metr masofa hududida turli yonuvchan materiallarni saqlash hamda ochiq olov bilan bogʻliq boʻlgan temirchilik, payvandlash, kavsharlash va shu kabi boshqa ishlarni bajarish taqiqlanadi.
25. SUG bilan toʻldirilgan ballonlar saqlanadigan omborxonaning eshigida begona shaxslarning kirishi, chekishi va ochiq olovdan foydalanishni taqiqlovchi ogohlantirish belgilari oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
26. SUG bilan toʻldirilgan ballonlar saqlash uchun moʻljallangan omborning koʻrinadigan joyida toʻldirilgan va boʻsh ballonlar bilan ishlash hamda ularni xavfsiz saqlash qoidalari ilib qoʻyilgan boʻlishi kerak.
27. SUG bilan toʻldirilgan ballonlarni loyihasiz qurilgan bostirmalar ostida saqlash taqiqlanadi.
28. SUG bilan toʻldirilgan ballonlar saqlanadigan omborlarda yongʻin xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnoma va plakatlar ilib qoʻyilishi zarur.
29. SUG bilan toʻldirilgan ballonlar vertikal holatda turgʻizilib, qalpoqlari burab qoʻyilgan holda saqlanishi hamda ventillarining yon tomonidagi shtutserlarida tiqin boʻlishi kerak. Ballonlarni qulash va shikastlanishidan himoyalash maqsadida ular maxsus uya (oʻrin)larga oʻrnatiladi yoki toʻsiq bilan ajratiladi.
30. Boshmoqlari boʻlmagan ballonlar gorizontal holatda yogʻoch ramalar yoki stellajlarda saqlanishi mumkin. Boshmoqli ballonlarni ochiq maydonlarda saqlashda ularni gorizontal qatorlari orasidagi arqon, yogʻoch yoki rezinadan tayyorlangan prokladkasi boʻlgan shtabellarga oʻrnatishga ruxsat beriladi.
Ballonlarni shtabellarga oʻrnatishda ularning balandligi 1,5 metrdan oshmasligi kerak. Ballonlardagi ventillar bir tomonga qaratilgan boʻlishi lozim.
31. SUG bilan toʻldirilgan ballonlar saqlanadigan omborlar yashindan himoya qilingan zonada joylashgan boʻlishi zarur.
32. Suyultirilgan gaz toʻldirilgan ballonlarni saqlash omborlarida quyidagi yongʻinni oʻchirish birlamchi vositalari boʻlishi kerak:
a) xona ichida (har 50 kvadrat metrga):
5 litr hajmdagi kukunli oʻt oʻchirgichlar — 2 ta;
0,5 kub metr hajmli qum solingan quti — 1 ta;
belkurak — 1 ta;
2×2 metrli kigiz yoki asbest mato — 1 ta;
b) ombor hududi toʻsiqlari chegaralarida (yongʻinga qarshi punkt — shitda):
5 litr hajmdagi kukunli oʻt oʻchirgichlar — 2 ta;
temir ilgak — 2 ta;
lom — 1 ta;
qizil rangga boʻyalgan chelak — 2 ta;
yongʻin boltasi — 1 ta;
sigʻimi 200 litr boʻlgan suv toʻldirilgan bochka — 2 ta.
5 litr hajmdagi kukunli oʻt oʻchirgichlar boʻlmagan holatlarda ularni uglekislotali oʻt oʻchirgichlarga almashtirish mumkin.
Ombor hududida joylashtiriladigan yongʻinga qarshi qalqonlarning soni va ularning joylashtirilishi yongʻin xavfsizligi qoida va meʼyorlariga asosan belgilanadi.
Gidrantlar mavjud holatlarda suv toʻldirilgan bochka talab etilmaydi.
33. Metallarga gaz alangasida ishlov berish uchun qoʻllaniladigan gaz bilan kesish postlari muqim boʻlishi lozim. SUGda ishlaganda ular koʻchma boʻlishi mumkin.
34. Bevosita gaz bilan kesish posti yonida faqat bitta suyultirilgan uglevodorod gaz ballonini oʻrnatishga ruxsat etiladi.
35. Muqim gaz bilan kesish postlari gaz isteʼmol qilinadigan joylardagi devor, ustun va boshqa konstruksiyalarga quyidagi minimal masofalarga rioya etib oʻrnatilishi mumkin:
a) izolyatsiyalangan sim va elektr kabellarigacha — 1 metr;
b) ochiq simlargacha — 2 metr.
SUGning gaz bilan kesish postlarini ochiq yertoʻla, quduq va boshqa chuqurliklargacha 10 metrdan yaqin masofaga oʻrnatish taqiqlanadi. SUGning gaz bilan kesish postigacha 25 metrdan kam masofada joylashgan yertoʻla va oʻralarda xabarlovchisi boʻlgan avtomatik gaz analizatorlari oʻrnatilishi, ular SUGning miqdori alangalanish quyi konsentratsiya chegarasining 20 foizidan kam boʻlganda ishlab ketishi kerak. Quduqlar ikkita qopqoq bilan jihozlanishi hamda gaz bilan kesish postlari mexanik shikastlanishlardan muhofazalangan boʻlishi lozim.
36. Muqim gaz bilan kesish postlari shamollatish uchun teshiklari boʻlgan metall shkafga joylashtiriladi. Kislorod va yonuvchan gaz uchun gaz bilan kesish postlari orasidagi masofa kamida 5 metr boʻlishi zarur. Ish paytida javon eshikchalari ochiq boʻlishi hamda gaz bilan kesish postidan foydalanuvchi ishchi boʻlmaganda shkaf qulflangan boʻlishi lozim.
Gaz bilan kesish postlari javonlarining boʻyogʻi va ulardagi ogohlantiruvchi yozuvlar belgilangan talablarga mos boʻlishi kerak.
37. Atsetilen gaz ballonlaridan yoki atsetilen generatori va uning oʻrnida ishlatiladigan agregatlardan chiqayotgan gazlarning muqim gaz bilan kesish postlari tegishli berkitish armaturasi va yopiq turdagi suyuqlik ochib-yopqichi yoki quruq ochib-yopqich bilan jihozlanadi. Suyuqlik ochib-yopqichlari qish faslida muzlamaydigan suyuqlik bilan toʻldiriladi.
Tabiiy gaz va SUG uchun saqlash ochib-yopqichlari oʻrniga teskari klapan oʻrnatishga ruxsat beriladi.
Suyultirilgan yoki quruq turdagi saqlash ochib-yopqichlari, shuningdek teskari klapanlar loyiha boʻyicha yasalishi va gazning qabul qilingan bosimi va sarfiga tegishli ravishda ishlatilishi lozim.
38. Gaz alanga uskunasi oldidagi yonuvchan gazlarning bosimi gaz va uskuna turiga koʻra oʻrnatiladi.
Atsetilen oʻrnida ishlatiladigan birinchi darajali gazlar uchun bosimning quyi chegarasi yondirgich yoki keskich tavsifida koʻrsatilgan (3,0 kilopaskal)dan past boʻlmasligi kerak.
39. Gaz bilan kesish postlariga tabiiy yoki SUG berishda quvurlardagi gaz bosimi 0,15 megapaskaldan koʻp boʻlmasligi kerak. Bosim 0,15 megapaskaldan koʻp boʻlsa, suyuqlik yoki quruq zatvor yoxud teskari klapan oldiga gazni rostlash uskunasi (reduktor) oʻrnatilishi lozim.
40. Gaz bilan kesish postini gaz bilan taʼminlaydigan ballonda bosimni pasaytirish uchun reduktor oʻrnatiladi.
41. Bitta suyuqlik yoki quruq zatvorga yoxud teskari klapanga faqat bitta keskichni ulash mumkin. Agar operator gaz bilan kesish postida bitta mashinaga xizmat koʻrsatsa, mashinaga oʻrnatiladigan yondirgich yoki keskichlar soni faqat zatvor yoki klapanning oʻtkazish quvvati bilan cheklanadi.
42. Binodan tashqaridagi gaz ballonlari yopiladigan ikki eshikli metall shkaflarda yoki gaz ballonlarining tepa qismini berkitadigan yopiluvchan gʻiloflarda oʻrnatiladi va binoning tashqi devoriga mahkamlanadi. Shkaflarda ballonlarni oʻrnatish uchun uyalar va devorining orqa qismida bosim rostlagichini mahkamlash uchun tugun oʻrnatiladi. Shkaf va gʻiloflarda shamollatish uchun maxsus teshiklar yasaladi.
Shkaflar ichida va gʻiloflarda turgan gaz ballonlari birinchi qavat eshik va oynalaridan 0,5 metrdan kam boʻlmagan masofada, binoning pastki qismi va yertoʻla qavatlarining eshik va oynalaridan hamda quduq va kavlangan chuqurlardan kamida 3 metr masofada oʻrnatiladi.
Gaz ballonlari uchun shkaflar va gʻilof ostidagi gaz ballonlari choʻkish ehtimoli boʻlmagan, yonmaydigan asoslarga oʻrnatilgan boʻlishi va bino poydevoriga yoki devorlariga mahkamlanishi talab etiladi.
43. Gaz ballonli qurilmalarning gaz ballonlari gaz taʼminoti tashkiloti ishchilari tomonidan oʻrnatiladi va almashtiriladi.
Loyiha hujjatlarisiz oʻrnatilgan va texnik koʻrikdan oʻtmagan maishiy gaz ballonlaridan foydalanish qatʼiyan taqiqlanadi.
44. Isteʼmolchilarga ballonlar maxsus jihozlangan avtomashinalar yoki talab boʻyicha jihozlangan oddiy bortli yuk mashinalarida yetkazib beriladi.
45. SUG bilan toʻldirilgan ballonlarni jihozlangan oddiy yuk avtomashina-lari bortida ham vertikal ham gorizontal holatda tashish mumkin.
46. Ballonlarni gorizontal holatda tashishda ularni oʻchirish moslamalarini mashina ichiga qaratilgan holatda joylashtirib, oʻz oʻlchamiga teng boʻlgan kataklarga joylashtiriladi.
47. Ballonlar kataklarga ajratilgan yoki ularning qulashi yoxud bir-biriga urilishini istisno etuvchi maxsus kuzovli avtomashinalarda tashiladi. Shuningdek, maxsus moslamalarga ega boʻlgan oddiy kuzovli yuk avtomashinalarida ham yuqorida koʻrsatilgan shartlarga rioya qilgan holda tashishga ruxsat beriladi. Maxsus moslamalar sifatida katakli yogʻochli brusoklar va rezina yoki arqonli halqalardan foydalaniladi.
48. SUG toʻldirilgan ballonlarni tashuvchi maxsus va oddiy avtomashinalar kuzovining konstruksiyasi yoʻllarda harakatlanish vaqtida ballonlarning tushib ketishidan himoyalangan boʻlishi talab etiladi.
49. Ballonlarni yuklash va tushirish ishlarini bajaruvchilar maxsus kiyim-bosh va qoʻlqoplarda xavfsizlik qoidalariga rioya etgan holda ishlashlari zarur.
50. Ballonlarni avtomashinalardan qopqoqlarini pastga qaratgan holda tushirish, shuningdek, ularni irgʻitish qatʼiyan taqiqlanadi.
51. Sigʻimi 12 litrdan ortiq boʻlgan ballonlarni amaldagi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq himoya qopqoqlari burab yopib qoʻyilgan holda tashiladi.
52. Ballonlarni tashish yoki ularni isteʼmolchiga oʻrnatish vaqtida nosozlik aniqlangan holatlarda ulardan foydalanish taqiqlanadi, ballonlar gaz taʼminoti tashkiloti yoki gaz toʻldirish stansiyasi (punkti)ga qaytariladi.
53. Ballonlarni tashish vaqtida gaz sizib chiqishi aniqlanganda nosoz ballonni zudlik bilan avtomashinadan tushirib olib, uni gazdan (imkon qadar ochiq maydonlarda, yertoʻlasi boʻlgan binolardan uzoqroqda va boshqa xavfsiz joylarda) boʻshatiladi va gaz taʼminoti tashkiloti yoki gaz toʻldirish stansiyasi (punkti)ga qaytariladi.
54. Ballonlarni yuklash va tushirish, tashish va saqlashda tik holatdan qulab ketishi, shikastlanishi va ifloslanishining oldini olish choralari koʻrilishi lozim.
55. Toʻldirilgan ballonlarni avtomashinaga yuklash hamda boʻsh ballonlarni tushirish vaqtida avtomashina dvigateli oʻchirilgan boʻlishi zarur.
56. SUG bilan toʻldirilgan ballonlarni oʻtkir hidli va portlovchi moddalar, shuningdek yonish jarayonini kuchaytiradigan texnik gazlar (kislorod) va radioaktiv moddalar bilan birgalikda tashish taqiqlanadi.
57. Toʻldirilgan va boʻsh ballonlar ortilgan avtomashinani nazoratsiz qoldirish mumkin emas.
58. SUG bilan toʻldirilgan ballonlar tashiladigan avtomashina kuzovida odamlar boʻlishi qatʼiyan taqiqlanadi.
59. SUG tashuvchi har bir avtomashinada:
dvigatelidan chiqarilgan soʻndirgich (glushitel) mashinaning oldi tomoniga oʻtkazilgan boʻlishi;
soʻndirgichda uchqunni oʻchiruvchi setkasi boʻlishi shart;
SUG bilan toʻldirilgan ballonlarni yongʻinni oʻchirish uchun birlamchi vositalar (5 litr hajmdagi uglekislotali oʻt oʻchirgich) bilan taʼminlanmagan va yerga ulanadigan simi (zazemleniye) boʻlmagan barcha turdagi yuk mashinalarida tashish taqiqlanadi;
avtomashina haydovchisi maxsus oʻquv kurslarida oʻqigan, attestatsiyadan oʻtgan va SUG ballonlarini tashish huquqini beruvchi guvohnomaga ega boʻlishi zarur.
60. SUG toʻldirilgan avtonom gaz taʼminoti tizimlarida oʻrnatilgan bosim ostida ishlaydigan sigʻimlarni loyihalash, qurish va ulardan foydalanish Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni talablari asosida amalga oshiriladi.
Gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalariga
3-ILOVA
3-ILOVA
Nazorat-oʻlchov asboblari, avtomatlashtirish va signalizatsiya tizimlariga xizmat koʻrsatish va taʼmirlashni tashkil etish
1. Gaz quvurlari va agregatlariga oʻrnatilgan, avtomatik boshqaruv, signalizatsiya asboblari va nazorat vositalari hamda portlashdan saqlangan elektr uskunalarini doimiy ravishda texnik nazorat qilish, ularga xizmat koʻrsatish, joriy va mukammal taʼmirlash ishlari tashkilotlar (ularning egalari) tomonidan amalga oshiriladi.
2. Impuls gaz tarmoqlari va berkitish armaturasining germetikligini tekshirish ishlari gaz jihozlarini koʻrikdan oʻtkazish va texnik xizmat koʻrsatish vaqtida bajariladi.
3. Oʻlchov vositalari, avtomatik boshqaruv va signalizatsiya tizimlariga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlarining hajmi va muddatlari ishlab chiqaruvchi zavodlarning foydalanish yoʻriqnomasida belgilanadi.
4. Nazorat-oʻlchov asboblarining sozligi va toʻgʻri koʻrsatayotganligini aniqlash amaldagi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq bajariladi.
Nazorat-oʻlchov asboblarining toʻgʻri va soz ishlayotganligini tekshirib turish uchun prujinali manometr ostiga uch yoʻnalishli joʻmrak oʻrnatiladi.
5. Oʻlchov vositalari quyidagi muddatlarda majburiy davriy davlat qiyoslov tekshiruvidan oʻtkaziladi:
koʻrsatuvchi, masofadan boshqariladigan manometrlar — yiliga kamida bir marta;
SUG ballonlarini nazorat tariqasida tortib koʻrish uchun foydalaniladigan ogʻirlikni oʻlchash asboblari — yiliga kamida bir marta;
koʻchmas va koʻchma gazanalizatorlar — yiliga kamida ikki marta;
etalon qadoq toshlar — yiliga kamida bir marta.
Yuqorida keltirilgan nazorat-oʻlchov asboblari mukammal taʼmirlangandan keyin ham davlat qiyoslash tekshiruvidan oʻtkazilishi lozim.
6. Tamgʻasi boʻlmagan, tekshirish muddati oʻtib ketgan, shikastlangan yoki oʻchirilganda shkalaning koʻrsatkichi “nolga” qaytmagan oʻlchash vositalaridan foydalanish mumkin emas.
7. Koʻrsatuvchi manometrlarning siferblati yoki korpusida ishchi bosimiga mos keluvchi shkalaning koʻrsatkichi boʻyoq bilan koʻrsatib qoʻyiladi.
8. Xavfsizlik avtomatik qurilmalari va signalizatsiya vositalarining oʻrnatilgan ishlab ketish koʻrsatkichlari sozlash tashkilotining texnik hisobotida koʻrsatilgan parametrlarga mos boʻlishi (gaz analizatorlari xonada gazning xavfli konsentratsiya miqdori yuzaga kelganda ishlab ketishi) kerak.
9. Himoya, blokirovka va signalizatsiya qurilmalarining ishlab ketishi, ishlab chiqaruvchi zavodlarning yoʻriqnomalarida nazarda tutilgan muddatlarda, lekin oyiga kamida bir marta tekshiriladi va bu haqda ixtiyoriy koʻrinishdagi jurnalga qayd etiladi.
10. Gazlanganlikni nazorat qiluvchi gaz signalizatorlarining belgilangan parametrlarga mosligini tekshiruvi nazorat gaz aralashmasi yordamida bajariladi. Gazosignalizator yaroqliligini xonani gazlashtirish orqali tekshirish taqiqlanadi.
11. Loyihada koʻzda tutilgan blokirovka va signalizatsiya, nazorat-oʻlchov asboblarini oʻchirib qoʻygan holda gaz jihozlaridan foydalanish taqiqlanadi.
12. Taʼmirlash yoki tekshirish uchun olingan asboblar oʻrniga zudlik bilan aynan shunga oʻxshash, shu jumladan ishlatish sharoiti ham oʻxshash boʻlgan asboblar bilan almashtiriladi.
13. Zarur holatlarda va istisno tariqasida (blokirovka, signalizatsiya yoki nazorat-oʻlchov asboblari ishlamaganda) tashkilot rahbarining yozma ruxsati bilan qisqa muddatda ayrim qurilma va agregatlarning himoyasini uzib qoʻygan holda ishlatishga ruxsat etiladi. Bunda ishlarni xavfsiz va bexatar olib borish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻriladi.
14. Gazlanganlikni aniqlovchi uzluksiz ishlaydigan gazosignalizatorlarni almashtirishdan oldin ishlab chiqarish xonalari havosidagi gaz miqdori ish smenasining har oʻttiz daqiqasida koʻchma asboblar bilan nazorat qilib boriladi.
15. Oʻlchov vositalariga, avtomatik va telemexanik uskunalarga texnik xizmat koʻrsatish va rejali taʼmirlash ishlari ulardan foydalanuvchi tashkilotlarning ixtisoslashgan xizmatlari tomonidan yoki belgilangan tartibda ruxsatnomaga ega boʻlgan tashkilotlar bilan shartnoma asosida bajariladi.
16. Havo gazlangan sharoitda avtomatlashtirish, avariyadan himoyalash va signalizatsiya tizimlarini sozlash hamda taʼmirlash ishlarini bajarish taqiqlanadi.
17. Elektr jihozlari ularni ishlab chiqaruvchi zavodlarning yoʻriqnomalari talablariga muvofiq ravishda ishlatiladi.
Gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalariga
4-ILOVA
4-ILOVA
Gazni tartibga solish punkti (GTP) va gazni tartibga solish qurilmasi (GTQ)ga xizmat koʻrsatish va taʼmirlashni tashkil etish
1. GTP va GTQning ish tartibi loyiha va meʼyoriy hujjatlarga muvofiq belgilanadi.
2. Shahar va shaharchalardagi GTP jihozlarini sozlash parametrlari gaz taʼminoti tashkilotining rahbari tomonidan belgilanadi. Bunda maishiy isteʼmolchilar uchun:
tartibga solishdan keyingi eng yuqori ishchi bosim 0,003 megapaskaldan oshmasligi;
saqlash-chiqarish klapanlari (jumladan bosim tartiblagichlariga oʻrnatilganlari ham) tartiblagichdan keyingi bosim maksimal ishchi bosimdan 15 foizdan koʻp boʻlmagan qiymatga oshsa, gazni chiqarib yuborishni taʼminlashi;
saqlash-berkitish klapanlari ishlab ketishining yuqori bosim chegarasi maksimal ishchi bosimdan 25 foizdan ortiq boʻlmasligi kerak.
Saqlash klapanlari ishidagi kamchiliklar, shuningdek, gaz sizib chiqishi avariya tartibida bartaraf etiladi.
3. Sanoat korxonalarining va qishloq xoʻjaligi korxonalarining GTP va GTQ jihozlarini sozlash parametrlari loyihada koʻrsatiladi va ishga tushirish-sozlash ishlari amalga oshirilishida aniqlanadi.
Ishchi bosimning pasayishi yoki oshishiga sabab boʻlgan tartiblagichlar va saqlash klapanlarining ishidagi nosozliklar hamda gaz sizib chiqishi avariya tartibida bartaraf etiladi.
4. Gaz berilishi toʻxtab qolganda saqlash-berkitish klapanining ishlab ketish sabablari aniqlanib, ular bartaraf etilgandan soʻng bosim tartiblagichi ishga tushiriladi.
5. Jihozlar va armaturalarni taʼmirlash vaqtida aylanma (baypas) quvur orqali gaz berishga ruxsat etiladi.
Jihozlar va armaturalarni taʼmirlash ishlari kamida ikki nafar kishidan iborat ishchilar brigadasi tomonidan bajariladi. Bunda ishlovchilardan biri brigada rahbari boʻlishi zarur.
Sanoat korxonalari va qishloq xoʻjaligi korxonalari aylanma quvuridagi va saqlash-chiqarish klapani oldidagi berkituvchi qurilmalar gaz xoʻjaligidan foydalanuvchi tashkilotning vakili hamda gaz taʼminoti tashkiloti xodimi ishtirokida tamgʻalanadi.
6. Jihozlar va oʻlchov vositalari joylashgan xonaning harorati ularni ishlab chiqargan zavodning pasporti (yoʻriqnomasi)da koʻrsatilganidan past boʻlmasligi lozim.
Ogohlantiruvchi “Yongʻinga xavfli” degan yozuv, agar GTP bino ichida joylashgan boʻlsa — binoning tashqarisida, GTP shkafli boʻlsa — uning eshiklariga yoki GTQning toʻsigʻiga qoʻyiladi.
7. Jihozlarni qismlarga ajratish paytida sozlash quvuridagi oʻchirish uskunalari yopilgan holatda boʻlishi lozim. Oʻchirib qoʻyilgan qism chegarasida oʻchirish uskunalaridan keyin eng yuqori gaz bosimiga mos keluvchi tiqinlar oʻrnatiladi.
8. Kafolatlangan muddatda foydalaniladigan sozlagichlarga texnik xizmat koʻrsatish va joriy taʼmirlash ishlab chiqaruvchi zavod pasporti (yoʻriqnomasi) boʻyicha bajariladi.
Kafolatlangan muddat tugagandan soʻng bunday sozlagichlar tekshiruv va servis xizmatidan oʻtkaziladi.
9. GTPning elektr jihozlarini taʼmirlash hamda kuygan elektr lampalarini almashtirish ishlari kuchlanish uzib qoʻyilgandan keyin bajariladi. Tabiiy yorugʻlik yetarli boʻlmaganda portlashdan himoyalangan koʻchma yoritkichlardan foydalanishga ruxsat etiladi.
10. Sanoat korxonalariga va qishloq xoʻjaligi korxonalariga qarashli GTPlar davriy texnik taftishdan oʻtkazilmagan yoki saqlash-chiqarish va saqlash-berkitish klapanlari nosoz, taʼmirtalab boʻlgan holatlarda ulardan foydalanishga ruxsat etilmaydi.
11. GTP xonalari yongʻin oʻchirish birlamchi vositalari bilan taʼminlanadi.
GTPning asosiy xonasi uchun yongʻinni oʻchirishning birlamchi vositalari roʻyxati
|
Vosita |
Miqdori |
Xonaning yuzasi (kvadrat metr) |
|
Uglekislotali yoki kukunli oʻt oʻchirgich |
2 ta |
hamma xonalar |
|
OU-2 |
1 ta |
50 |
|
OU-5 |
1 ta |
100 |
|
OP-10A |
1 ta |
— |
|
Qumli quti |
0,5 kub metr |
hamma xonalar |
|
Belkurak |
1 ta |
hamma xonalar |
|
Asbest mato yoki namat |
2×2 metr |
hamma xonalar |
Eslatma: Oʻt oʻchirgichlar GTP xonasi ichidagi eshik yonida joylashtiriladi.
Uglekislotali oʻt oʻchirgichlar oʻrniga kukunli oʻt oʻchirgichlardan foydalanish mumkin.
12. GTP xonasida moyli va boshqa yonuvchan materiallarni saqlash taqiqlanadi.
13. GTPlar joylashgan imoratlar yoki binolarga taqab qurilgan inshootlar ishlab chiqarish uchun belgilangan A toifa talablariga javob berishi lozim. Ular bir qavatli boʻlib, olovga chidamlilik toifasi I va II, ogʻirligi 1 kvadrat metr maydonga 120 kilogramm boʻlgan yengil qoplamali konstruksiya va poli ogʻir yonadigan, zarb berganda uchqun chiqarmaydigan materiallardan tayyorlangan boʻladi. Xonalarning eshiklari tashqariga ochiladi.
Taqab qurilgan xonalarda joylashgan GTP binodan yonmaydigan, gaz oʻtkazmaydigan yaxlit devor bilan ajratiladi va alohida chiqish eshigiga ega boʻladi.
14. GTP, GTQ egasi boʻlgan tashkilotlar tomonidan har bir GTP va GTQning ulardagi jihozlar, nazorat-oʻlchov asboblari va xonalarning asosiy xususiyatlari koʻrsatilgan pasportlari tayyorlanadi.
Bundan tashqari, GTPlarda ularga xizmat koʻrsatuvchi xodimlar tomonidan tekshirish natijalari yozib qoʻyiladigan maxsus jurnal boʻladi.
15. GTP bino ichida joylashgan boʻlsa, xonaning eshigida “Begona shaxslarning kirishi taqiqlanadi” degan yozuv boʻlishi talab etiladi.
16. GTQ oʻrnatilgan xona keng boʻlishi, undagi jihozlar oldiga erkin kirish imkoniyati boʻlishi va har xil taʼmirlash ishlarini bajarish uchun boʻsh maydon boʻlishi lozim.
17. GTP xonasi tabiiy hamda portlashdan himoyalangan sunʼiy yoritgichlar bilan jihozlanadi.
18. GTP xonasi uch karrali tabiiy havo almashinuvi orqali shamollatiladi. Toza havo teshikli panjara orqali kirishi, havoning chiqishi esa darcha yoki tom yopqichida oʻrnatilgan sozlanuvchi deflektor orqali amalga oshiriladi.
19. GTP binosi qoʻshni obyektlarning yashinga qarshi himoya zonasiga kirmagan holatlarda GTP xonasining yashinga qarshi himoyasi oʻrnatiladi. Agar GTP binosi boshqa obyektlarning yashinga qarshi himoyasi zonasida joylashgan boʻlsa, unda faqat yerga ulangan himoyalovchi sim konturlari qilinadi.
Gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalariga
5-ILOVA
5-ILOVA
Yemirilishdan elektr kimyoviy usulda himoyalash qurilmalariga xizmat koʻrsatish va taʼmirlashni tashkil etish
1. Yer osti poʻlat gaz quvurlari (keyingi oʻrinlarda gaz quvurlari deb ataladi) va SUG sigʻimlaridan foydalanishda yemirilishdan himoyalashga qoʻyiladigan talablariga rioya qilish talab etiladi.
Gaz quvurlarini elektr kimyoviy himoya (keyingi oʻrinlarda EKH deb ataladi) qilish vositalaridan foydalanish va gaz quvurlarida potensiallarni davriy nazorat qilish ixtisoslashtirilgan tashkilotlar, xizmatlar (guruhlar) va laboratoriyalar tomonidan olib boriladi.
2. Gaz quvurlaridagi elektr potensiallarini oʻlchash ishlari himoya vositalari ishlaydigan joylarda — kamida olti oyda bir marta, shuningdek, elektrlashtirilgan transport vositalarining elektr taʼminoti tizimidagi ish rejimini oʻzgarishi natijasida har gal yemirilish sharoitlarining oʻzgarishi, gaz quvurlari, daydi toklar manbalari tarmoqlari va boshqa yer osti metall inshootlari rivojlanishi bilan amalga oshiriladi.
3. Gaz quduqlaridagi gaz quvurlari potensiallari faqat foydalanuvchi tashkilotning vakili ishtirokida xavfsizlik talablariga amal qilingan holda oʻlchanadi.
4. EKH qurilmalaridan foydalanuvchi tashkilot himoya qurilmalarining buzilishi yoki ishdan chiqishining oldini olishga qaratilgan texnik xizmat koʻrsatish hamda taʼmirlash tizimini ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
Himoyalash qurilmalari ishidagi buzilishlar tezlik bilan bartaraf etiladi.
5. Elektr qurilmalariga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash muddatlarini ularni ishlab chiqaruvchi zavod belgilaydi. Bunda telemexanik nazorat vositalari bilan jihozlanmagan EKH qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish ishlari:
drenajli qurilmalarda — oyiga kamida toʻrt marta;
katodli qurilmalarda — oyiga ikki marta;
protektor qurilmalarda — olti oyda bir marta olib boriladi.
6. EKH qurilmalarining sozligi va ishga yaroqliligi yiliga kamida ikki marta, shuningdek, amaldagi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda nazarda tutilgan holatlarda tekshiriladi.
7. Foydalanilayotgan gaz quvurlarini himoyalash ishlarini bajaruvchi tashkilotda gaz quvurlarining xarita-chizmalari, bu xaritalarda EKH qurilmalari, nazorat-oʻlchov punktlari, tuproqning yemirish xususiyatlari va daydi toklar manbalari haqidagi umumlashtirilgan maʼlumotlar hamda gaz quvurlari yemirilish holati va himoya ishi samaradorligining har yillik tahlili mavjud boʻladi.
8. Yemirilish jihatidan xavfli zonalar aniqlanganda gaz taʼminoti tashkiloti ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini belgilaydi. Mazkur ishlarni bajarish muddatlari gaz quvurlarini himoyalash ishlarini olib boruvchi tashkilot tomonidan foydalanish sharoiti inobatga olingan holda aniqlanadi. Agar yemirilish jihatidan xavfli boʻlgan zonalarni bartaraf etish ishlari belgilangan muddatlarda bajarilmasa, gaz quvurlari ishlatilayotgan gaz tarmogʻidan uzib qoʻyiladi.
Gaz taʼminoti tashkilotlari yemirilish jihatidan xavfli zonalarni bartaraf etish uchun gaz quvurlaridan xavfsiz foydalanishni taʼminlovchi qoʻshimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
9. Gaz quvurlarining yemirilishdan shikastlanish sabablarini ulardan foydalanuvchi tashkilotlar (tarmoq egalari) aniqlaydi. Quvurlarning yemirilishi natijasida teshilishi har bir holatda ulardan foydalanuvchi tashkilotlarda tuzilgan komissiya tomonidan tekshiriladi.
10. EKH qurilmalaridan foydalanganda ularning sozligi va ishga yaroqliligi tekshirilib, davriy texnik koʻrikdan oʻtkaziladi.
11. EKH qurilmalarining sozligi va ishga yaroqliligi har olti oyda kamida bir marotaba tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Shuningdek, qurilmalarning ishlash parametrlari har gal oʻzgarganda (anod yerlanishi oqim qarshiliklarini oʻzgarishida va h.k.), yondosh inshootlarda EKH vositalari oʻrnatish bilan bogʻliq boʻlgan yemirilish sharoitlari oʻzgargan holatlarda, himoya taʼsiri zonasida quvurlar tizimi konfiguratsiyasi oʻzgarganda va yangi yer osti inshootlari oʻrnatilganda tekshiriladi.
12. Gaz quvurlarining EKH samaradorligi himoyalanayotgan tarmoqlarning tayanch nuqtalarida (EKH qurilmasi oʻrnatilgan nuqtada va uni tashkil etgan himoya chegarasida) potensiallarni oʻlchash orqali aniqlanadi.
Oʻlchashga qulay boʻlish maqsadida gaz quvurlarining binoga kirishi va boshqa elementlari hamda ulanish uchun nazorat-oʻlchov punktlaridan foydalanish mumkin.
13. Avval himoya talab qilmagan gaz quvurlari uchastkalarida daydi toklarning xavfli taʼsir qilishini aniqlash uchun elektr potensiallarni oʻlchash ishlari barcha nuqtalarda ikki yilda bir marotaba, shuningdek, yemirilish sharoitlari har gal oʻzgarganda amalga oshiriladi.
14. Himoyalovchi flanetsli ulanishning sozligi oʻn ikki oyda kamida bir marotaba tekshiriladi.
15. Yer osti va yer usti gaz quvurlari bir-biri bilan elektrdan himoyalovchi uskunali flanetslar orqali ulanadi.
Gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalariga
6-ILOVA
6-ILOVA
Avariya vaziyatlarining oldini olish va bartaraf etish ishlarini tashkil etish
1. Aholi punktlaridagi gaz taʼminoti tashkilotlarida avariyalarning oldini olish va bartaraf etish uchun dam olish va bayram kunlarini inobatga olgan holda kechayu-kunduz ishlaydigan, avariya dispetcherlik xizmatlari (keyingi oʻrinlarda ADX deb yuritiladi), ularning filiallari va postlari tashkil etiladi. ADX va ularning filiallari shtatlari, moddiy-texnik taʼminoti, shuningdek, texnik va operativ-foydalanish hujjatlari gaz taʼminoti tashkilotlari tomonidan belgilanadi va yuqori turuvchi tashkilotlar tomonidan tasdiqlanadi.
2. Tarkibida ADX mavjud boʻlmagan foydalanish boʻlimlari, ularga tegishli yordam koʻrsatish uchun mavjud ADXga yoki ularning eng yaqin joylashgan filialiga (gaz taʼminoti tashkiloti rahbarining buyrugʻi bilan) biriktiriladi.
Ushbu boʻlimlarda avariyaviy ishlar gaz xoʻjaligi tashkilotlari ADXning rahbarligi, nazorati va yordamida boʻlim xodimlari tomonidan bajariladi.
3. Gaz taʼminoti tizimlaridan foydalanadigan tashkilotlar, avariya ishlarini oʻzlarining gaz xizmati kuchlari va vositalari bilan amalga oshiradilar.
Oʻzlarining gaz xizmati mavjud boʻlgan tashkilotlarning avariya chaqiruvlariga koʻra gaz taʼminoti tashkilotlarining ADXlari avariyalarning oldini olishda va ularning oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etadi hamda ularga amaliy va uslubiy yordam koʻrsatadi.
4. Avariya holatlarining oldini olish va bartaraf etish brigadalarining faoliyati ularning tegishli rejasida hamda har bir tashkilot tomonidan mahalliy sharoitni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan, turli tashkilotlarning tegishli xizmatlari bilan birgalikda ishlash rejasida belgilanadi.
Rejalarni ishlab chiqish, oʻz vaqtida ularga qoʻshimcha va oʻzgartishlarni kiritish, ularni qayta koʻrib chiqish va tasdiqlash (uch yilda kamida bir marta) uchun javobgarlik gaz taʼminoti tashkilotining rahbari zimmasiga yuklanadi.
5. Har bir tashkilotda avariya brigadalari bilan quyidagi muddatlarda amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilib, ishchi-xodimlarning tezkor xatti-harakatlariga baho beriladi:
avariyalarning oldini olish va bartaraf etish rejasi boʻyicha har bir brigada uchun rejadagi mavzuga oid — har olti oyda kamida bir marta;
turli tashkilotlarning tegishli xizmatlari bilan birgalikda ishlash rejalari boʻyicha — yiliga kamida bir marta.
Mashgʻulotlar haqiqiy sharoitga mumkin qadar yaqinlashtirilgan holda oʻtkaziladi va gaz taʼminoti tashkilotining maxsus jurnalida qayd qilinadi.
6. ADXga tushgan barcha talabnomalar maxsus jurnalda qayd qilib boriladi. Jurnalda talabnoma kelgan vaqt, qisqa mazmuni, murojaat qiluvchining manzili, familiyasi, ismi, sharifi, avariya brigadasi chiqib ketgan va manzilga yetib borgan vaqt hamda shikastlanishlar turi va bajarilgan ishlar koʻrsatiladi.
Talabnomalarning oʻz vaqtida bajarilishi va ishlar hajmi gaz taʼminoti tashkilotining rahbari tomonidan muntazam ravishda nazorat qilib boriladi.
7. Gaz mavjudligi haqida talabnoma olgan dispetcher, talabnoma beruvchiga zarur xavfsizlik choralarini koʻrish haqida tushuntirish beradi.
8. Avariyalar haqidagi talabnomalarni bajarish ishlarini tashkil qilishga ADX brigadasi avariya yuz bergan joyga 40 daqiqadan koʻp boʻlmagan vaqtda yetib borishi zarur. Portlash, yongʻin, xonalarning gazlanganligi haqidagi xabarnomalar boʻyicha ADX brigadasi avariya joyiga 5 daqiqa ichida chiqib ketishi lozim.
9. Tashqi gaz quvurlarida yuz bergan avariyalarning oldini olish va ularni bartaraf etish uchun maxsus avtomashinada chiqib ketayotgan avariya brigadasida yoʻnalish xaritalari va zaruriy ijro-texnik hujjatlar (gaz quvurining planlari, joylashgan oʻrni, oʻlchami, payvand choklar sxemalari) boʻlishi talab etiladi.
10. Avariya avtomashinalari quyidagilar bilan jihozlanadi:
yer osti va yer usti gaz quvurlari, ulardagi jihozlarning chizmalari — 1 toʻplam;
asboblar uchun quti — 1 ta;
uglekislotali oʻt oʻchirgichlar — 2 ta;
kukunli oʻt oʻchirgichlar — 2 ta;
gaz sizib chiqishini aniqlovchi asbob — 1 ta;
uzunligi 4 metrgacha boʻlgan yigʻma narvon — 1 ta;
yoʻl belgilari toʻplami — 1 komplekt;
individual himoya vositalari toʻplami — 2 ta;
asbest namat — 5-6 kvadrat metr;
tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur dori-darmonlar bilan taʼminlangan quticha — 1 ta;
shlang uzunligi 10 va 20 metrli protivogazlar — 2 ta;
chelaklar — 3 ta;
har xil oʻlchamlardagi boltlar va gaykalar — 20 ta;
har xil qalinlikdagi paronitlar — 4 ta;
uchli belkuraklar — 3 ta;
ketmonlar — 2 ta;
lomlar — 2 ta;
qora metalli kuvalda — 1 ta;
quvurlar qopqogʻini ochish uchun ilgaklar — 2 ta;
har xil oʻlchamlardagi gaz kalitlari — 2 toʻplam;
grafitli suruvchi moy — 0,5 kilogramm;
duradgorlik katta boltasi — 1 ta;
har xil oʻlchamdagi chilangarlik zubilalari — 4 ta;
gayka kalitlari toʻplami — 2 ta;
tashqi va ichki kalitlar toʻplami — 2 ta;
qora metalli bolgʻa — 2 ta;
qoʻl bilan burgʻulash qurilmasi toʻplami — 2 ta;
suyuqlik manometrlari — 2 ta;
prujinali manometrlar — 2 ta;
xoʻjalik sovuni — 2 ta;
supurgi — 1 ta;
kaskalar — 5 ta;
har xil egovlar toʻplami — 1 ta;
2 kvadrat metrdan kam boʻlmagan qopli mato — 2 ta;
arra — 2 ta;
metall kesadigan pichoq — 1 ta;
2 kvadrat metrdan kam boʻlmagan rezinali prokladkalar — 2 ta;
har xil oʻlchamlardagi konusli taxta tiqinlar — 6 ta;
har xil oʻlchamlardagi metall tiqinlar — 10 ta;
diametri 10 millimetr boʻlgan salnikli zichlagichlar — 5 metr;
diametri 50 millimetrdan 700 millimetrgacha boʻlgan metall bandajlar — har biri 1 toʻplamdan;
15 millimetrdan 50 millimetrgacha boʻlgan sgonlar toʻplami — har biri 5 tadan;
har xil diametrdagi tirsaklar — 5 ta;
choʻntak fonarlari — 5 ta;
arqon — 20 metr.
11. Avariya brigadasining avariya yuz bergan joyga oʻz vaqtida yetib borishiga hamda avariyalarning oldini olish va ularni bartaraf etish rejasiga muvofiq ishlarning bajarilishi uchun ADX rahbari javob beradi.
Avariya mashinalaridan boshqa maqsadlarda foydalanish va ADX xodimlarini lavozim yoʻriqnomasidan boshqa ishga jalb qilish taqiqlanadi.
12. Yertoʻlalar, tunnellar, kollektorlar, yoʻlak (podyezd)lar, binoning birinchi qavatidagi xonalarda tabiiy gazning hajmiy miqdori 1 foizdan yoki SUGning miqdori 0,4 foizdan ortiqligi aniqlanganda gaz quvurlari taʼminot tizimidan zudlik bilan uzib qoʻyiladi va xavfli joydan odamlarni evakuatsiya qilish choralari koʻriladi.
13. Shikastlangan gaz quvuriga (gaz sizib chiqishini vaqtincha toʻxtatib turish uchun) bu joyni muntazam nazorat qilib turish sharti bilan bandaj yoki xomut oʻrnatishga ruxsat etiladi.
Bandaj va xomutlar oʻrnatilgan yer osti gaz quvurlarini koʻmish taqiqlanadi.
Ichki gaz quvurlarida bandaj yoki xomutning turish muddati bir smenadan (8 soatdan) oshmasligi kerak.
14. ADX portlash, yongʻin va zaharlanishlar sodir boʻlishi ehtimolining oldini olish boʻyicha barcha zaruriy chora-tadbirlar koʻrilgandan keyin avariyalar yoki avariya holatlarini bartaraf etish ishlarini gazdan foydalanish xizmatlariga topshirishi mumkin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.03.2019-y., 09/19/226/2781-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 05.05.2025-y., 09/25/289/0406-son)