Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish tadqiqotlari markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 30-oktabrdagi PF-5564-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi;
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 30-oktabrdagi PF-5564-son Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Tarmoq bozorlari va eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish tadqiqotlari markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
respublikada ishlab chiqariladigan va import qilinadigan mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) nomenklaturasi va turlari toʻgʻrisida xoʻjalik yurituvchi subyektlarga axborot berish uchun muntazam yangilanib boriladigan elektron-axborot portalini yaratish;
ichki ishlab chiqarish quvvatlari, tovarlarga boʻlgan talab va taklifning hajmlari, shuningdek ishlab chiqariladigan va isteʼmol qilinadigan mahsulotga ichki bozorda narxlarning oʻzgarishi haqidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish;
tovar bozorlaridagi narxlar, talab va takliflarning oʻzgarishi dinamikasini tahlil va monitoring qilish haqida shu asosda tegishli takliflar tayyorlash;
tarmoq bozorlari konyunkturasini respublika va hududlar kesimida kompleks oʻrganish, ularning muvozanatli rivojlanishi toʻgʻrisida takliflar tayyorlash.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish tadqiqotlari markazi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish tadqiqotlari markazining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziriga zarur boʻlganda, boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan soni doirasida Markaz tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Markaz direktori Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot pa sanoat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Markaz direktori maqomi, mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport xizmatlari sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining departamenti boshligʻiga tenglashtiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining budjetdan tashqari Markazni axborot bilan taʼminlash va moddiy ragʻbatlantirishni tashkil etish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda budjetdan tashqari Jamgʻarma deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Vazirlik va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning buyurtmalari boʻyicha shartnoma asosida tovarlar va xizmatlar bozorini tadqiq etish borasida bajarilgan ishlar uchun olingan mablagʻlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar budjetdan tashqari Jamgʻarmani shakllantirish manbalari etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda budjetdan tashqari Markazni axborot bilan taʼminlash va moddiy ragʻbatlantirishni tashkil etish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Kuyidagilar Markazni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablagʻlari;
budjetdan tashqari Jamgʻarmaning toʻlov asosida bajarilgan ishlar uchun olingan mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi tugatilayotgan Tovar bozorlari konyunkturasinn oʻrganish hamda investitsiya loyihalari va dasturlarini ekspertiza qilish respublika markazining asosiy vositalari, mulki va boshqa aktivlari, arxiv hamda boshqa hujjatlari Markazga berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Markazning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq uni joriy taʼminlash, shu jumladan xodimlar mehnatiga haq toʻlash, tashkiliy texnika, aloqa vositalari bilan jihozlash, ikkita yengil avtomobil xarid qilish va ularni saqlash uchun mablagʻ ajratsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Tovar bozorlari konyunkturasini oʻrganish hamda investitsiya loyihalari va dasturlarini ekspertiza qilish respublika markazining tugatilishi munosabati bilan ayni vaqtgacha hisoblangan ish haqi boʻyicha xarajatlarni qoplasin.
9. Markaz direktori Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishgan holda, ikki oy muddatda Markazni tovar bozorlarini tahlil qilish, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va tahlil qilish koʻnikmalariga ega boʻlgan yuqori malakali va tajribali mutaxassislar bilan taʼminlasin.
10. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining Toshkent shahri. Islom Karimov koʻchasi, 45 “a” uy manzilida joylashgan binosiga begʻaraz foydalanish hamda kommunal va ekspluatatsiya xarajatlarini qoplamaslik huquqi bilan joylashtirilsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri J.A. Koʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri B.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 1-mart,
183-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-martdagi 183-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish tadqiqotlari markazining
USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Ustav Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish tadqiqotlari markazining (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari, faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
2. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Markaz faoliyatiga umumiy rahbarlikni va uning nazoratini amalga oshiradi, Markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlaydi hamda xodimlarining malakasini oshirishni tashkil etadi.
3. Markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, oʻzining alohida mulkiga, mustaqil balansiga, banklarda hisob-kitob va valyuta hisobraqamlariga, oʻzining nomi yozilgan dumaloq muhrga, firma blankalariga hamda shtampga ega boʻladi.
4. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Ustavga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi qarorlariga amal qiladi.
5. Markaz oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining topshiriqlari va buyurtmalari, vazirliklar, idoralar hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning buyurtmanomalari asosida amalga oshiradi.
6. Markazning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish tadqiqotlari markazi, qisqartirilgan nomi — TBEYICHTM;
b) ingliz tilida:
toʻliq — The centre for studies of industrial markets and export-oriented production under the Ministry of Economy and Industry of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — CSIMEP;
v) rus tilida:
toʻliq — Sentr issledovaniy otraslevix rinkov i eksportooriyentirovannogo proizvodstva pri Ministerstve ekonomiki i promishlennosti Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — SIOREP;
7. Markaz (pochta manzili) Toshkent shahri, Islom Karimov koʻchasi, 45a uy manzilida joylashgan.
2-bob. Markazning vazifalari va funksiyalari
8. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
respublikada ishlab chiqariladigan va import qilinadigan mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) nomenklaturasi va turlari toʻgʻrisida xoʻjalik yurituvchi subyektlarga axborot berish uchun muntazam yangilanib boriladigan elektron-axborot portalini yaratish;
ichki ishlab chiqarish quvvatlari, tovarlarga boʻlgan talab va taklifning hajmlari, shuningdek, ishlab chiqariladigan va isteʼmol qilinadigan mahsulotga ichki bozorda narxlarning oʻzgarishi haqidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish;
tovar bozorlaridagi narxlar, talab va takliflarning oʻzgarishi dinamikasini tahlil va monitoring qilish hamda shu asosda tegishli takliflar tayyorlash;
tarmoq bozorlari konyunkturasini respublika va hududlar kesimida kompleks oʻrganish, ularning muvozanatli rivojlanishi toʻgʻrisida takliflar tayyorlash.
9. Markaz unga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) respublikada ishlab chiqariladigan va import qilinadigan mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) nomenklaturasi va turlari toʻgʻrisida xoʻjalik yurituvchi subyektlarga axborot berish uchun muntazam yangilanib boriladigan elektron-axborot portalini yaratish sohasida:
bozorlarni oʻrganish natijalari sharhlari va axborot-uslubiy maʼlumotlar bazasining yuritilishini taʼminlaydi;
bozordagi tendensiyalarning oʻzgarishi yuzasidan monitoring oʻtkazadi va bozorlarni rivojlantirish borasidagi muammolar va xavflarni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar tayyorlaydi;
respublika va hududlar boʻyicha tovarlarning strategik muhim turlari boʻyicha bozor konyunkturasi sharhini tayyorlaydi;
isteʼmol bozorini talab yuqori boʻlgan tovarlar bilan toʻldirish boʻyicha tavsiyalar tayyorlaydi;
b) ichki ishlab chiqarish quvvatlari, tovarlarga boʻlgan talab va taklifning hajmlari, shuningdek, ishlab chiqariladigan va isteʼmol qilinadigan mahsulotga ichki bozorda narxlarning oʻzgarishi haqidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish sohasida:
asosiy tovarlar guruhlari boʻyicha tovar bozorlari, shu jumladan isteʼmol bozorlarining holati toʻgʻrisida har oylik tahliliy maʼlumotnomalar va har choraklik konyunktura sharhlarini tayyorlaydi;
respublikada ishlab chiqariladigan va xorijdan import qilinadigan mahsulotlarning (tovarlar va xizmatlar) nomenklaturasi va turlari toʻgʻrisida xoʻjalik yurituvchi subyektlarni xabardor qilish maqsadida Markazning elektron-axborot portalini yangilab boradi;
ichki ishlab chiqarish quvvatlari mavjudligi, tovarlarga boʻlgan talab va taklif hajmlari haqida maʼlumotlar bazasi yuritilishini taʼminlaydi;
tovar bozorlaridagi narxlar dinamikasi, talab va taklifning oʻzgarishlarini tahlil va monitoring qiladi;
tarmoq bozorlarini tartibga solishda yangi innovatsiya mexanizmlarini joriy etish boʻyicha takliflar tayyorlashda ishtirok etadi;
v) tovar bozorlaridagi narxlar, talab va takliflarning oʻzgarishi dinamikasini tahlil va monitoring qilish hamda shu asosida tegishli takliflar tayyorlash sohasida:
respublika va hududlar boʻyicha tarmoq bozorlari konyunkturasini kompleks oʻrganadi hamda shu asosda ularni muvozanatli rivojlantirish toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi;
ayrim bozorlarning rivojlanish koʻrsatkichlarini tahlil va prognoz qiladi;
bozorlarda import tovarlarga boʻlgan talab va taklifni oʻrganadi, import oʻrnini bosish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
respublika hududida oʻzlashtirilishi taklif etilayotgan ayrim mahsulot turlarini ishlab chiqish boʻyicha investitsiya loyihalarini asoslarini tayyorlaydi va ishlab chiqadi;
g) tarmoq bozorlari konyunkturasini respublika va hududlar kesimida kompleks oʻrganish, ularning muvozanatli rivojlanishi toʻgʻrisida takliflar tayyorlash sohasida:
omillarning tovar bozorlari oʻzgaruvchanligiga taʼsirini baholaydi, ularning raqobat ustunliklarini aniqlaydi;
tovar bozorlarini rivojlantirishda narx oʻzgaruvchanligi omillarini, tavakkalchiliklarni oʻrganadi va aniqlaydi;
bozordagi vaziyatni belgilab beradigan sababli-oqibatli bogʻliqliklar va omillarni aniqlaydi;
bozor holati hisobga olingan holda, import qilinadigan tovarlar uchun asoslangan soliq stavkalari va bojxona toʻlovlarini (bojlar, aksizlar va QQS) belgilash boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
d) sanoat tarmoqlarining, shu jumladan eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarishlarning ishlab chiqarish salohiyatini tahlil qilish va oʻrganish sohasida;
sanoat tarmoqlarining ishlab chiqarish salohiyatini, shu jumladan eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarishlarni tahlil qiladi va oʻrganadi;
sanoat tarmoqlari, shu jumladan eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarishlar salohiyatini kengaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorga chiqish imkoniyatlarini koʻrib chiqish yuzasidan tarmoq bozorlarining asosiy miqdoriy koʻrsatkichlarini baholaydi.
3-bob. Markazning huquqlari va majburiyatlari
10. Markaz oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
tovar bozorlari koʻrsatkichlari, respublikada ishlab chiqarilayotgan va import qilinadigan mahsulot (tovarlar va xizmatlar) nomenklaturasi va turlari toʻgʻrisidagi zarur axborotni toʻplash va unga qayta ishlash, shuningdek, Markaz veb-saytida joylashtirish;
tarmoq bozorlari koʻrsatkichlarini tadqiq etish va monitoring qilish boʻyicha uslubiy materiallar ishlab chiqish;
ayrim tovar bozorlari boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;
ayrim tovar bozorlari boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish hamda zarur maʼlumotlarni toʻplash va umumlashtirish;
tashkilotlar va aholi oʻrtasida intervyu oluvchilar hamda javob beruvchilarni shartnoma asosida jalb qilgan holda, soʻrovnoma va boshqa ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish;
ayrim tarmoq bozorlarini muvozanatli rivojlantirish, shuningdek, sanoat tarmoqlarining ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish boʻyicha prognoz-tahliliy materiallar, konyunktura sharhlari va takliflar tayyorlash;
belgilangan muddatlarda import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga qaratilgan investitsiya loyihalarini ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Markaz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha tayyorlaydigan iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarini rivojlantirish boʻyicha prognoz-tahliliy materiallar, kompleks va maqsadli dasturlar ishlab chiqishda ishtirok etish;
Markaz faoliyatiga taalluqli masalalar boʻyicha respublika va xorijiy mamlakatlarning ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlik qilish;
grantlar, shu jumladan xalqaro tashkilotlar hisobidan moliyalashtiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish;
toʻlov asosida tuzilgan shartnomalarga muvofiq vazirliklar va xoʻjalik subyektlarining buyurtmalari boʻyicha markaz faoliyatidan kelib chiqadigan marketing va konyunktura tadqiqotlari xizmatlarini koʻrsatish;
Markazga yuklangan vazifalardan kelib chiqadigan maslahat, axborot va boshqa xizmatlarni koʻrsatish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida markaz faoliyatini yaxshilashga yordam beradigan filiallar tashkil etish;
Markazga yuklangan vazifalarini bajarish doirasida uning faoliyati uchun zarur boʻlgan texnik vositalar, uskunalar, nou-xau va boshqa mahsulotlarni sotib olish;
mahalliy va xorijiy tashkilotlar bilan marketing va konyunktura tadqiqotlarini amalga oshirish boʻyicha shartnomalar tuzish;
Markaz mutaxassislarini tayyorlash va ularning malakasini, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda oshirish;
tovar bozorlarini oʻrganish va investitsiya loyihalarini ishlab chiqish masalalari boʻyicha konferensiyalar, oʻquv seminarlari, simpoziumlar va davra suhbatlarini oʻtkazish;
Markaz faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha noshirlik faoliyatini amalga oshirish va ommaviy axborot vositalarida tovarlar bozorlarining konyunktura sharhlari haqida tahliliy materiallarni tarqatish.
Markaz qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
11. Markaz:
tarmoq bozorlari boʻyicha konyunktura sharhlari va tahliliy materiallar oʻz vaqtida tayyorlanishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi uchun va boshqa tashkilotlarning buyurtmasiga koʻra bajariladigan tahliliy ishlanmalarning yuqori sifat darajasini va ilmiy asoslanganligini taʼminlashi shart.
4-bob. Markaz faoliyatini tashkil etish
12. Markazga Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
Markaz direktori barcha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida, shuningdek xorijiy mamlakatlarda Markazni ifoda etadi.
13. Direktor:
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri bilan kelishgan holda, Markaz direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan bitta oʻrinbosarga ega boʻladi;
maqomi, mehnatga haq toʻlash va tibbiy xizmat koʻrsatish sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi departamentining boshligʻiga tenglashtiriladi;
oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziriga boʻysunadi va unga hisobot beradi.
14. Markaz xodimlari maqomi, mehnatga haq toʻlash va tibbiy xizmat koʻrsatish sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi xodimlariga tenglashtiriladi.
5-bob. Markaz direktorining asosiy funksional majburiyatlari
15. Markaz direktori:
Markaz faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
Markaz xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi;
Markaz boʻlimlari boshliqlarining hisobotini eshitadi;
qonun hujjatlariga muvofiq Markaz xodimlariga ajratilgan mablagʻlar doirasida qoʻshimcha pul, mukofot va boshqa pullarni toʻlash tartibi va shartlarini belgilaydi;
Markazga yuklangan vazifalar uchun shaxsan javob beradi;
Markaz faoliyatiga taalluqli masalalar boʻyicha tezkor majlislar oʻtkazadi;
Markaz xodimlarini intizomiy jazoga tortish va ragʻbatlantirish masalalarini hal qiladi;
oʻz oʻrinbosari va Markazning boshqa mansabdor shaxslarining vakolatlarini belgilaydi, ular oʻrtasida majburiyatlarni taqsimlaydi, Markazning alohida uchastkalariga rahbarlik qilishi borasidagi oʻz oʻrinbosari va boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarlik darajasini belgilaydi;
Markaz tomonidan ilmiy-uslubiy ishlarni amalga oshirishning tegishli darajasini taʼminlaydi;
mahalliy va xorijiy tashkilotlarda Markazni ifoda etadi;
belgilangan tartibda Markaz mulkini va mablagʻlarini tasarruf etadi;
yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan xorijiy shaxslar bilan shartnomalar tuzadi;
Markaz faoliyatining vazifalari va yoʻnalishlariga mos keladigan tadqiqotlarning mavzuli rejalarini ishlab chiqadi;
Markaz faoliyatini taʼminlash uchun boshqa masalalarni belgilangan tartibda hal etadi;
qonun hujjatlari va ushbu Nizomga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
6-bob. Markaz xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish
16. Markaz budjetdan tashqari Markazni axborot bilan taʼminlash va moddiy ragʻbatlantirishni tashkil etish jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda budjetdan tashqari Jamgʻarma deb ataladi) ega boʻladi va uning mablagʻlaridan:
Markaz xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish (sanatoriy-kurort va tibbiy xizmat koʻrsatish, mukofotlar toʻlash. ustama pullar belgilash, moddiy yordam va boshqalar);
Markaz faoliyatini moddiy-texnik taʼminlash;
Markaz xodimlarini oʻqitish, ularning malakasini oshirish va stajirovkasini oʻtkazish, shu jumladan xorijiy mamlakatlarga tashriflarini tashkil etish, xorijiy mamlakatlarda oʻtkaziladigan konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish;
Markaz faoliyatini yaxshilashga qaratilgan boshqa tadbirlar uchun foydalaniladi.
7-bob. Markazning Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga hisobot berishi
17.Direktor Markaz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziriga muntazam hisobot beradi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Markaz faoliyatini unga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi yuzasidan doimiy monitoring qilib boradi.
8-bob. Markaz mulki va moliyaviy mablagʻlari
19. Markaz mulkini quyidagilar tashkil etadi: asosiy fondlar (uskunalar, transport vositalari va boshqalar), aylanma vositalar, shuningdek, moliyaviy resurslar va barcha moliyalashtirish manbalari hisobiga sotib olinadigan boshqa moddiy boyliklar. Markaz mulkining qiymati uning mustaqil balansida aks ettiriladi.
20. Markaz oʻziga biriktirilgan mulkka egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etish huquqini belgilangan tartibda amalga oshiradi.
21. Barcha tadqiqot materiallari, shuningdek, tuzilgan shartnomalarga muvofiq Markaz buyurtmasiga binoan boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilgan tadqiqotlar Markaz faoliyatining intellektual mulki obyektlari hisoblanadi.
22. Xoʻjalik, ilmiy-texnik faoliyatdan tushgan daromadlar, shuningdek, xayriya, homiylik mablagʻlari va begʻaraz tushumlar hisobiga sotib olingan mulk va vositalar Markaz mulki hisoblanadi.
23. Markazning budjetdan tashqari Jamgʻarmasiga pul mablagʻlarini kiritish hajmi va tartibi budjetdan tashqari Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilanadi.
9-bob. Yakunlovchi qoida
24. Markaz qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-martdagi 183-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish tadqiqotlari markazining
TUZILMASI
Jami — 38 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 35 nafar.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.03.2019-y., 09/19/183/2693-son)