Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Chirchiq shahrining 2035-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan bosh rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida
Chirchiq shahrini kompleks rivojlantirish va qurishni rejalashtirish sifati va darajasini oshirish, shaharning meʼmoriy-rejalashtirish qiyofasini hamda infratuzilmasini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent viloyati hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilgan 2035-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan Chirchiq shahri bosh rejasi 1 va 2-ilovalarga* muvofiq asosiy yechimlari va texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari bilan birgalikda tasdiqlansin.
* 1-2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Toshkent viloyati va Chirchiq shahri hokimliklari tasdiqlangan shahar bosh rejasiga muvofiq:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qisqa, oʻrta va uzoq muddatli istiqbollarga moʻljallangan qurilish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish istiqbollarini rejalashtirishni hisobga olgan holda 2035-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan Chirchiq shahrini kompleks qurish Dasturi loyihasini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar;
b) manfaatdor vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari bilan birgalikda quyidagilarni taʼminlasinlar:
shahar yerlaridan maqsadsiz foydalanishga va noqonuniy qurilishlarni amalga oshirishga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatish yoʻli bilan ulardan samarali foydalanish;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari va magistral koʻchalar, yoʻl oʻtkazgichlar va avtobekatlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlashni hisobga olgan holda yoʻl-transport infratuzilmasi tizimini takomillashtirish;
energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yoʻli bilan suv taʼminoti, kanalizatsiya, irrigatsiya, elektr taʼminoti, gaz taʼminoti, issiqlik taʼminoti va telekommunikatsiyalar obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish yoʻli bilan muhandislik-kommunikatsiya tuzilmasini modernizatsiya qilish;
hududning shaharsozlik qiyofasini shakllantiruvchi mavjud maydonlar, obodonlashtirilgan xiyobonlar va bogʻlarni rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish yoʻli bilan arxitektura-rejalashtirishni yaxshilash ishlarini tashkil etish hamda arxitektura ansambllari yaratish;
uy-joy, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport, madaniyat, sanʼat va dam olishga obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash hisobiga infratuzilmani rivojlantirish;
ilmiy gidrogeologik tadqiqotlar asosida sizot suvlar sathini pasaytirish boʻyicha shahar hududini muhandislik jihatidan tayyorlash tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
shaharning atrof-muhitini muhofaza qilish tizimini ishlab chiqish;
Chirchiq daryosi oʻzanini obodonlashtirish tadbirlarini amalga oshirish;
aholining fuqarolik muhofazasi boʻyicha muhandislik-texnik tadbirlarni ishlab chiqish;
birinchi navbatda quriladigan massivlarning batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish;
uy-joy qurilishlarini va boshqa obyektlarini ekologiya jihatidan noqulay hududdan boshqa joyga koʻchirish tadbirlarini amalga oshirish;
oʻz funksiyalari boʻyicha ushbu hududda joylashishga muvofiq boʻlmagan obyektlarni rekonstruksiya qilinadigan shahar markazidan bosqichma-bosqich koʻchirish;
tasdiqlangan bosh rejaga muvofiq shaharning qurilish bazasini rivojlantirish tadbirlarini amalga oshirish.
3. Toshkent viloyati hokimligi Chirchiq shahrining tasdiqlangan bosh rejasi asosida Chirchiq shahri chizigʻi loyihasini 2019-yil 1-iyulgacha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda taqdim etsin.
4. Toshkent viloyati va Chirchiq shahri hokimliklari, manfaatdor vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari, loyiha-qidiruv tashkilotlari rahbarlari zimmasiga 2035-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan Chirchiq shahri bosh rejasini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, shaharsozlik jihatidan taʼminlovchi obyektlarni kompleks va oqilona joylashtirish, shuningdek, ushbu maqsadlarga yoʻnaltirilayotgan moliyaviy mablagʻlardan maqsadli foydalanish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi har yili yarim yilliklar yakunlari boʻyicha oʻz majlislarida 2035-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan Chirchiq shahri bosh rejasining amalga oshirilishini koʻrib chiqsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, Toshkent viloyati hokimi Gʻ.I. Ibragimov va Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri A.X. Toʻxtayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 31-yanvar,
70-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.02.2019-y., 09/19/70/2553-son)