O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5590-son Farmoniga muvofiq:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) va uning hududiy organlarining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
aholiga, shu jumladan, davlat tomonidan kafolatlangan hajmlarda to‘liq va o‘z vaqtida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlashda Vazirlikning organlari va tashkilotlari roli va mas’uliyatini oshirishga yo‘naltirilgan fuqarolarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektorning rivojlanishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobatni shakllantirish;
demografik o‘zgarishlar va sog‘liqni saqlashni rivojlantirish istiqbollarini prognozlash, aholining salomatligi va kasallanishi holatini kompleks tahlil qilish;
jamoat sog‘lig‘ini saqlash ustuvorligini ta’minlash, aholini sog‘lom turmush tarzini yuritishga undash, eng avvalo, o‘z sog‘lig‘i va atrofidagilarning sog‘lig‘i uchun mas’uliyat tuyg‘usini tarbiyalashda aholining tibbiy madaniyati va savodxonligini oshirish;
millatning genofondini yaxshilash maqsadida sog‘lom avlod tug‘ilishi va tarbiyalanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, oilada tibbiy madaniyatni, umrning sifati va uzoq davom etishini oshirish, aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilish va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish;
bevosita birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tashkilotlarida qishloq aholisiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam hajmlarini, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘lamini kengaytirish, jumladan aholi o‘rtasida eng ko‘p tarqalgan kasalliklarni erta aniqlaydigan, ularning asoratlari oldini oladigan tizimga to‘liq o‘tish, shuningdek, asosiy, tez-tez uchraydigan kasalliklar turlari bo‘yicha tuman bo‘g‘ini darajasida ixtisoslashtirilgan xizmatlar tizimini barpo etishda amaliy yordam berishni tashkil etish;
tibbiy yordamni xizmat ko‘rsatilayotgan aholiga yaqinlashtirish, axborot texnologiyalarini, teletibbiyotni, davolashning klinik protokollarini keng joriy etish hamda yetakchi xorijiy va mahalliy mutaxassislarning tajribasini hududiy tibbiyot tashkilotlarining tibbiyot xodimlariga berish hisobiga aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi, tez, kechiktirib bo‘lmaydigan va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamning qulayligi va tezkorligi darajasini oshirish, shuningdek, ixtisoslashgan tibbiyot markazlari tomonidan hududlarda ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini yaxshilash;
dori vositalari muomalasini davlat tomonidan tartibga solish chora-tadbirlarini amalga oshirish, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llashga ruxsat berilgan asbob-uskunalarni standartlashtirish va sertifikatlashtirish;
tibbiy ta’lim muassasalari, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim va sog‘liqni saqlash mutaxassislarining malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash ustidan uslubiy rahbarlikni ta’minlash orqali tibbiy kadrlar tayyorlash sohasida davlat siyosatini amalga oshirish va normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
mahalliy tajribani va eng yaxshi jahon yutuqlarini uyg‘unlashtirish asosida tibbiyot fanini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va prognozlashtirish, ilmiy tibbiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, fan, texnika yutuqlarini va ilg‘or tajribani sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy etish, tibbiy ta’lim va kadrlar malakasini oshirish tizimini rivojlantirish;
sog‘liqni saqlash tizimida yagona tashkiliy-metodik rahbarlik qilishni va ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati nazorat qilinishini ta’minlaydigan zamonaviy, xorijiy amaliyotda sinab ko‘rilgan sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish usullarini joriy etish, shuningdek, tibbiyotni raqamlashtirish orqali sohadagi ortiqcha qog‘ozbozlikni keskin kamaytirish va korrupsiyaga oid holatlarning oldini olish;
budjet mablag‘larini noqonuniy sarflash va talon-taroj qilish holatlarining oldini olish, ogohlantirish va aniqlash.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-fevraldagi PF-78-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.02.2022-y., 06/22/78/0163-son)
2. Sog‘liqni saqlashda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirishni ta’minlash maqsadida belgilansinki:
a) O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri quyidagilarga shaxsan mas’uldir:
fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash sohasida rivojlanish davlat dasturlarini amalga oshirish, kasalliklarni profilaktika, diagnostika qilish va davolash bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni, standartlarni va normativlarni, shuningdek, boshqa tadbirlarni ishlab chiqish va tatbiq etish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va aholining tibbiy madaniyatini oshirish;
tibbiy tashkilotlar menejmenti ko‘nikmasiga va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan, har tomonlama rivojlangan mutaxassislarni jalb qilishga qaratilgan boshqaruv kadrlarini tayyorlash, tanlab olish va joy-joyiga qo‘yishning mutlaqo yangi tizimini yaratish;
Vazirlik va hududiy sog‘liqni saqlash boshqaruv organlarining ishini samarali tashkil etish, tibbiyot tashkilotlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning ta’sirchan tizimini yaratish, ularning faoliyati ochiqligini va aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri manzilli muloqot o‘rnatishini ta’minlash, fuqarolarning tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatidan qanoatlanganligini monitoring qilish va baholash tizimini tatbiq etish;
tibbiy ta’lim va tibbiyot fanini rivojlantirish, innovatsiya va “elektron sog‘liqni saqlash” tizimini tatbiq etish, majburiy tibbiy sug‘urta dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish, tibbiy turizm va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish;
aholi va tibbiyot tashkilotlari ehtiyojlarini to‘liq qoplash maqsadida ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxatini shakllantirish va o‘z vaqtida yangilash;
b) hududiy sog‘liqni saqlash boshqaruv organlari rahbarlari quyidagilarga shaxsan mas’uldir:
Oldingi tahrirga qarang.
tibbiyot tashkilotlarining hududiy tarmoqlari faoliyatini samarali tashkil etish, birlamchi tibbiy-sanitariya, ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordamning sifati va ommabopligi, idoraviy bo‘ysunuvidagi hududda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash;
(2-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-fevraldagi PF-78-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.02.2022-y., 06/22/78/0163-son)
sog‘liqni saqlash sohasida rivojlanish hududiy dasturlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, tibbiyot tashkilotlarini va aholini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan uzluksiz ta’minlash, tibbiy va maxsus texnikaning samarali ishlashi va o‘z vaqtida yangilanishi;
tibbiy yordamni bosqichma-bosqich va izchillik prinsipi asosida ularning oqimlarini oqilona va asosli marshrutlash yo‘li bilan bemorlarni turli darajadagi (turdagi) tibbiyot tashkilotlariga yo‘naltirishning xolis tizimini tashkil etish;
sog‘liqni saqlash sohasida fuqarolar huquqiga rioya qilish nazoratini ta’minlash, tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlariga sifat menejmenti tizimini tatbiq etish;
sog‘liqni saqlash muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha zarur tadbirlarni amalga oshirish;
v) tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlari quyidagilarga shaxsan mas’uldir:
oila salomatligi, onalik va bolalikni muhofaza qilish, kasalliklar profilaktikasi, dispanserizatsiya, patronaj va uyma-uy yurish bo‘yicha tadbirlarni samarali amalga oshirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va fuqarolarning o‘z sog‘lig‘iga mas’ulligini oshirish;
tibbiy xizmat izchilligini va birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining tuman (shahar) ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlari bilan yaqindan o‘zaro aloqasini ta’minlash;
davlat tomonidan kafolatlangan hajmlarda aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, pullik tibbiy xizmatni amalga oshirish, sog‘liqni saqlash xarajatlarini moliyalashtirish uchun o‘z manbalarini shakllantirish;
sog‘liqni saqlash va fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish sohasida tadbirlarning manzilliligi va natijadorligini oshirish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va jamoat tashkilotlari bilan faol hamkorlik qilish;
tasarrufidagi tashkilotlardagi bino va inshootlar, uskunalar, tibbiy texnika va boshqa moddiy qiymatliklarni saqlash va ulardan samarali foydalanish.
3. Vazirlikning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) Xususiylashtirish va pullik xizmatlarni tashkil qilish markazini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining xususiylashtirish va pullik xizmatlarni tashkil qilish bo‘limlarini;
“O‘zmedinfo” elektron sog‘liqni saqlashni rivojlantirish markazini tugatish;
Oldingi tahrirga qarang.
b) Vazirlik tuzilmasida Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalarini hamda “IT-Med” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish.
(3-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-fevraldagi PQ-5000-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.02.2021-y., 07/21/5000/0139-son)
4. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-dekabrdagi PQ-415-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/415/0988-son)
b) quyidagilar mazkur qarorning 3-bandiga muvofiq tugatilayotgan tashkilotlarning huquqiy vorislari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi — Xususiylashtirish va pullik xizmatlarni tashkil qilish markazi hamda “O‘zmedinfo” elektron sog‘liqni saqlashni rivojlantirish markazi huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining tegishlicha xususiylashtirish va pullik xizmatlarni tashkil qilish bo‘limlari huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha.
5. Vazirlik ikki oy muddatda yangi tashkil etilayotgan bo‘linmalarni nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalarga ega, topshirilgan vazifalarni professional darajada ta’minlaydigan yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirsin.
6. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
a) Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish boshqarmasining asosiy vazifalari etib:
vazirlik va uning hududiy organlari tarkibiy bo‘linmalari bilan birgalikda sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida infratuzilma loyihalarini tashkil etish va amalga oshirish;
tibbiyot tashkilotlarining mol-mulkini, shu jumladan yer uchastkalarini muomalaga kiritish bo‘yicha takliflarni tayyorlash, davlat-xususiy sheriklik asosida investitsiyalarni jalb etish;
(6-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-oktabrdagi PQ-4847-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.10.2020-y., 07/20/4847/1347-son)
Oldingi tahrirga qarang.
b) “IT-Med” mas’uliyati cheklangan jamiyatining asosiy vazifalari etib:
(6-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-fevraldagi PQ-5000-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.02.2021-y., 07/21/5000/0139-son)
axborot tizimlari, resurslar va sog‘liqni saqlash milliy ma’lumotlar bazalarini yaratish, rivojlantirish va kuzatib borish bo‘yicha yagona siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish;
korporativ tarmoqlarni yaratish, rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, Vazirlikning axborot xavfsizligini ta’minlash;
Vazirlikning axborot xavfsizligi tahdidlarini o‘z vaqtida aniqlash va unga qarshi kurashish, axborot xavfsizligi talablariga rioya qilinishini nazorat qilish va monitoringini olib borish, axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarini muhofaza qilish bo‘yicha texnik infratuzilmani tatbiq etish va rivojlantirish;
“elektron sog‘liqni saqlash” normativ va normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqish, integratsiyalashgan axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish va kuzatib borish;
tibbiyot tashkilotlarida axborot tizimlari, ilg‘or axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarini ishlab chiqish va kuzatib borishga ko‘maklashish;
vazirlikning axborot tizimlari, resurs va ma’lumotlar bazasini rivojlantirish, ularning boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyasini ta’minlash;
vazirlik xodimlarining axborot tizimlari, resurslar va ma’lumotlar bazasidan foydalanish, axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida malakasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-oktabrdagi PQ-4847-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.10.2020-y., 07/20/4847/1347-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-oktabrdagi PQ-4847-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.10.2020-y., 07/20/4847/1347-son)
9. Vazirlikning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari bo‘yicha jahon amaliyotida qo‘llaniladigan vositalardan foydalangan holda sog‘liqni saqlash hisoblarining milliy tizimini tatbiq etish bo‘yicha taklifiga rozilik berilsin.
Vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi bilan birgalikda 2019-yil 1-oktabrga qadar muddatda sog‘liqni saqlash hisoblarining milliy tizimini institutlashtirish va tibbiy xizmat ko‘rsatishda foydalanilgan xizmatlar va xarajatlar haqidagi ma’lumotlarni idoralararo to‘plash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi Sog‘liqni saqlash vazirligi buyurtmasiga asosan 2019-yil davomida “Salomatlik-3” loyihasi mablag‘lari hisobidan uy-joy xo‘jaligi doirasida aholining tibbiy xarajatlari bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (A.A. Abduxakimov) uch oy muddatda tibbiy yordam va tibbiy-ijtimoiy xizmat sifatini nazorat qilishni kuchaytirish, sog‘liqni saqlash tizimida, shu jumladan alohida davlat organini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqqan holda kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha takliflar kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
11. O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining roziligisiz davlat sog‘liqni saqlash muassasalarining yer uchastkalari va ko‘chmas mulklari begonalashtirilishi taqiqlansin, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlarida belgilangan boshqa tartiblar bundan mustasno.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PF-42-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son)
12. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Vazirlikning Toshkent shahar, A. Navoiy ko‘chasi, 12-uyda joylashgan binosini rekonstruksiya qilishni O‘zbekiston Respublikasining 2019-yildagi rivojlantirish Davlat dasturiga kiritsin.
Toshkent shahar hokimligi Vazirlik xodimlarini uning binosi rekonstruksiya qilinishi davrida vaqtincha joylashtirish uchun bino ajratilishi bo‘yicha choralar ko‘rsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-iyundagi “Sog‘liqni saqlash organlarining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3052-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
14. Vazirlik Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M. Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.A. Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 7-dekabr,
PQ-4055-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-oktabrdagi PQ-4847-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.10.2020-y., 07/20/4847/1347-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-oktabrdagi PQ-4847-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.10.2020-y., 07/20/4847/1347-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-oktabrdagi PQ-4847-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.10.2020-y., 07/20/4847/1347-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-oktabrdagi PQ-4847-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.10.2020-y., 07/20/4847/1347-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-oktabrdagi PQ-4847-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.10.2020-y., 07/20/4847/1347-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.12.2018-y., 07/18/4055/2286-son; 06.02.2019-y., 07/19/4159/2577-son, 09.09.2019-y., 06/19/5814/3714-son; 01.01.2020-y., 07/20/4554/0014-son, 03.10.2020-y., 07/20/4847/1347-son; 23.02.2021-y., 07/21/5000/0139-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son; 24.02.2022-y., 06/22/78/0163-son; 29.12.2023-y., 07/23/415/0988-son)