O‘zbekiston Respublikasining qonuni
Noshirlik faoliyati to‘g‘risida
Mazkur Qonun O‘zbekistan Respublikasining 2021-yil 26-noyabrdagi O‘RQ-731-sonli “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1-modda. Noshirlik faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik
O‘zbekiston Respublikasida noshirlik faoliyati sohasidagi munosabatlar ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida noshirlik faoliyati sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonunchiligi bilan ham tartibga solinadi.
Basharti O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida O‘zbekiston Respublikasining noshirlik faoliyati to‘g‘risidagi qonunchiligidagidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(1-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
2-modda. Noshirlik faoliyatining erkinligi
Noshirlar o‘z faoliyatlarida, shu jumladan noshirlik yo‘nalishini, mavzularini, ixtisoslashuvini, chiqariladigan mahsulot nusxasini belgilashda, muallifni tanlashda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda qonunchiligi doirasida mustaqildir.
(2-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Noshir va buyurtmachi o‘rtasidagi munosabatlar shartnoma asosida tartibga solinadi.
3-modda. Senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi
Nashrga tayyorlangan qo‘lyozmalar va materiallarni senzuradan o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
4-modda. Noshirlik faoliyati erkinligini suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘yilmasligi
Matbaa mahsulotida konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etish, davlat ahamiyatiga molik sirlarni oshkor qilish, urush, zo‘ravonlik va behayolikni targ‘ib qilish, diniy va milliy nifoq solish, inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, tuhmat qilish man etiladi.
Noshirlik faoliyatida monopoliyaga, shuningdek noshirlik faoliyati erkinligidan qonunchilik talablariga zid keladigan maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
(4-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
5-modda. Noshirlik faoliyati monitoringi va nazorati
Nashriyotlarning (noshirlarning) noshirlik faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etishlari monitoringi, shuningdek litsenziya talablari va shartlariga rioya etishlari ustidan nazorat vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(5-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
6-modda. Noshirlik faoliyatini litsenziyalash
Yuridik va jismoniy shaxslar noshirlik faoliyatini litsenziya olganidan keyin amalga oshirishga haqli.
Noshirlik faoliyatini litsenziyalash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(6-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7-modda. Litsenziyalar berishda davlat bojlarining imtiyozli miqdorlari
Bolalar adabiyoti, o‘quv adabiyoti, normativ ma’lumotnomalar, fan va texnikaga oid adabiyotni nashrga tayyorlash va ularni nashr etish uchun litsenziya berganlik uchun davlat bojlarining imtiyozli miqdorlari belgilanishi mumkin.
(7-modda O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi O‘RQ-352-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2013-y., 18-son, 233-modda)
8-modda. Muassis
Yuridik va jismoniy shaxslar nashriyotlar va matbaa korxonalarining muassislari (hammuassislari) bo‘lishi mumkin.
Muassis (hammuassis) noshirning ixtisoslashuvini belgilaydi va uning ustavini tasdiqlaydi.
9-modda. Noshir
Noshir:
nashriyotga, matbaa korxonasiga, shuningdek matbaa mahsulotlarini tarqatuvchi boshqa korxonalarga muassis (hammuassis) bo‘lish;
mavzular bo‘yicha matbaa mahsulotlari chop etish rejasini mustaqil ravishda tuzish va tasdiqlash;
Vatanimiz mualliflarining asarlaridan chet ellarda va chet ellik mualliflarning asarlaridan O‘zbekiston Respublikasida foydalanish, ularni chop etish va tarqatish to‘g‘risida chet el yuridik va jismoniy shaxslari bilan shartnomalar tuzish va bu ishda vositachilik qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
matbaa mahsuloti tayyorlash hamda nashr etish uchun buyurtmalar olish, o‘z mahsulotini realizatsiya qilish;
(9-moddaning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
qonunchilikka muvofiq o‘zga faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega.
(9-moddaning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
10-modda. Matbaa mahsulotlarini tarqatish tartibi
Matbaa mahsulotlarini tarqatish muassis, noshir, matbaachi va muallifning kelishuviga muvofiq yoki shartnoma asoslarida o‘zga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Matbaa mahsulotini tarqatish shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Matbaa mahsuloti noshir yoki uning vakolati bilan ish ko‘ruvchi shaxs ruxsat berganidan keyingina tarqatuvga chiqariladi.
11-modda. Nashrga doir ma’lumotlar
Matbaa mahsulotining nashrga doir ma’lumotlari qonunchilik bilan belgilanadi.
(11-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
12-modda. Mualliflik nashrlari
Yuridik va jismoniy shaxslar o‘z qo‘lyozmalari va boshqa materiallarni qonunchilikda belgilangan talablarga zid kelmaydigan hollarda o‘z mablag‘lari hisobidan chop etish va tarqatishga haqlidir.
(12-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
13-modda. Imtiyozli nashrlar
Bolalar adabiyoti, o‘quv adabiyoti, fan va texnikaga oid adabiyot, normativ ma’lumotlar, qomusiy qo‘llanma va eksport uchun mo‘ljallangan matbaa mahsulotlari, shuningdek ko‘zi ojizlar va nogironlar uchun mo‘ljallangan nashrlar imtiyozli asosda chop etilishi, qog‘oz va boshqa resurslar, shu jumladan matbaa quvvati bilan ta’minlanishi mumkin.
14-modda. Matbaa mahsulotini olib chiqish va olib kirish
Matbaa mahsulotini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish, xuddi shuningdek O‘zbekiston Respublikasiga chet el matbaa mahsulotini olib kirish va tarqatish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(14-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
15-modda. Noshirlik faoliyatini tugatish
Noshirlik faoliyati litsenziya belgilangan tartibda bekor qilinganda yoki uning amal qilishi tugatilganda, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda tugatiladi.
(15-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
16-modda. Noshirlik faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik
Noshirlik faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlikda aybdor bo‘lgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(16-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 30-avgust,
274-I-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 137-modda; 2003-y., 1-son, 8-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 18-son, 233-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)